2-mavzu. Antik (yunon, rim) adabiyotshunoslik


Download 91.97 Kb.
bet1/3
Sana23.05.2020
Hajmi91.97 Kb.
#109222
  1   2   3
Bog'liq
2мавзу


2-mavzu. ANTIK (YUNON, RIM) ADABIYOTSHUNOSLIK

Reja:

  1. Yunonistonda adabiyotshunoslik:

A) Suqrotgacha bo'lgan davrda estetik qarashlar.

B) Gomer ijodi va uning davridagi adabiy-estetik qarash­lar.

V) Suqrot, uning davri va adabiy-estetik qarashlari.

G) Aflotunning adabiy-estetik qarashlari.

D) Arastu hakim estetikasi: “Poetika”, “Ritorika” asarlari.

2. Qadimgi Rimda adabiyotshunoslik:

A) Vergiliyning adabiy-estetik qarashlari.

B) I-IV asrlarda adabiy-estetik qarashlar.

V) Plotin va yangiaflotunchilik estetikasi.

G) Psevdo-LONGIN va uning “Yuksaklik haqida” asari.
Yunonistonda adabiyotshunoslik

Qadimgi Yunoniston halqining tabiat va jamiyat hodisa­lariga falsafiy va ijtimoiy qarashlarini, shular bilan bog'liq adabiy-nazariy tafakkur taraqqiyoti bosqichlarini atoqli ula­molar bu mintaqada vujudga kelgan ijtimoiy muhit bilan, aristokrat-aslzodalar va demokratlar (xalqparvarlar) o'rtasidagi jiddiy kurashlar bilan bog'laydilar. Miloddan avvalgi VI-V yunonlilarning asrlardagi falsafiy, adabiy-nazariy tafakkur taraqqiyoti tarixan bu xalqlarning milliy ongi, o'zligini, yangi kuch-qudrat ekanligini anglashi jarayonlari bilan ham bog'liqdir. Yunon xalqlari umumiy vatanlari - Ellada uchun, uning hudud­lariga kiruvchi Afina, Abdera, Korinf, Rodos, Delos, Lakedemon, Krit, Milet, Mitilena, Leant, Kipr, Kirena, Elida, Xalkida, Fiva, Efes, Tarent, Sisiliya kabi vataniy zaminlar uchun ma­shaqqatli va qahramonona kurash jarayonida shakllandi. Mana shu ijtimoiy taraqqiyot davomida Ellada zaminida Orfey, Musey, Gomer, Gesiod, yetti donishmand (Fales, Solon, Periandr, Kleobul, Xilon, Biant, Pittak), Geraklit, Demokrit, Gippiy, Demosfen, Diogen, Zenon, Anaksagor, Anaksimandr, Anaksimen, Protagor, Ksenofan, Ksenofont, Suqrot, Aflotun, Arastu, Epikur, Zenon, Lukresiy, Ezop kabi faylasuflar, tabiatshunos va ruhshunos olimlar, Aristofan, Esxil, Sofokl, Evripid, Pindar kabi shoirlar va dramaturglar yetishib chiqdiki, bularning ijodiy merosi o'z ahamiyatini yo'qotganlari yo'q.



Suqrotgacha bo'lgan davrda estetik qarashlar. Antik davr madaniyati adabiy-estetik tafakkuri taraqqiyotini atoqli qadim- shunos olim Aleksey Losev «Ilk mumtoz madaniyat» (rannyaya klas­sika), «O'rta davr yoki yuksak madaniyat» (srednyaya ili vыsokaya klassika) va «Keyingi mumtoz madaniyat davri» (pozdnyaya klassika) deb uchga bo'lib o'rganadi. O'rta davr yetuk mumtoz madaniyatini A.F.Losev sofistlar (Abderalik Protagor, Leantlik Gorgiy, Keoslik Prodik, Elidalik Gippiy, Kritiy v. b.), Suqrot va uning izdoshlari faoliyati bilan bog'laydi1. Sofistlar deb odatda mantiqiy fikrni rivojlantirib, yaxshi va yomon hodisalarning barchasidan kamchilik topuvchi, hayotga keskin tanqidiy nigoh bilan qarovchi donishmandlarni tushunadilar. Sofistlarning istehzoli, o'ta keskin fikrlash usullari, ko'pincha, mantiqsiz xu­losalarga olib kelishi Aristofan, Maks Plavt kabi komediyana­vislar tomonidan masxara qilingan. Sofistlarning ba'zi teran fikrlarini to'g'ri ma'noda emas, kinoya ma'nosida tushunish ma'­quldir. Misol uchun Abderalik Protagor aytadi: «Borliq yoki yo'qlikning me'zoni insondir (to'g'rirog'i, insonlikdir). Bu fikr­ni turlicha talqin qilish mumkin: 1.Inson o'zi bilgan narsalarni bor deydi, o'zi bilmagan narsalarni yo'q, deydi. 2.Inson tirik bo'lganida (uning uchun) barcha mavjudotlar bor, o'lganidan keyin (uning uchun) bu olamda hyech narsa yo'q. 3. Insonsiz olamning mav­judligi mukammal bo'lmaydi. Olamda insonlar bo'lmaganida ja­miyat ham, siyosat, iqtisod, madaniyat ham bo'lmas edi. Mashhur sofist-donishmand Halkidalik Frazimax aytadi: «Adolat eng kuchli zotlar uchun foydalidir». Bu ham sofistlarga xos kinoyali, ziddiyatli fikr. Mazkur fikrda qudratli zotlar o'zi o'rnatgan tartiblarning adolatli bo'lishini emas, o'zlariga foydali tar­tiblar bo'lishini xohlaydilar, degan mazmunni sezamiz. Ikkinchi tarafdan, bu aforizmni yana eng kuchli, qudratli hukmdorgina bar­cha fuqarolar uchun adolat o'rnata oladi, deb ham tushunish mumkin. Ellada vatanida hukm surgan demokratik ijtimoiy tartiblar sharofati bilan donishmandlarning jamoatdagi mavqyei, shon-shuhrati ziyoda bo'ldi. Shu sababli, aslzoda, davlatmand odamlar farzandlarini donishmandlar tarbiyasiga berar edilar. Donish­mand­lar boyvachchalarga saboq bergani uchun juda yaxshi haq olar edilar. Mashhur jamoat arboblarining farzandlariga dars berib topgan boyliklariga donishmandlar yer, suv, yaxshi mulklarni sotib olib, o'z maktablarini ochar, davlat va jamiyatga faol yordam berar edilar. Masalan, Epikur bog'i mashhur edi.

Yetti donishmandlar davri. Mashhur donishmandlarning bi­rinchisi Fales hayoti va qarashlari haqida qadimgi yunon allomasi Diogen Laertiy qiziqarli ma'lumotlar beradi. Fales Kichik Osiyodagi Ioniya viloyatining Milet shahrida tug'ilgan. Qadimiyat donishmandlari va ulamolari Ksenofan, Gerodot, Geraklit va Demokrit ham Falesni astronomiya va geometriya ilmlari asos­chisi, lekin bu ilmlarni u misrlik kohinlardan o'rgangan, deb yozadilar. Qadimgi yunonlilar she'riyatni hozirgi ma'nodagi borliqni badiiy-estetik idrok etish vositasi debgina qolmay, hayotni adolat va haqiqat talablari asosida o'zgartirish, davlat, jamiyat, xalqning keng tabaqalarining manfaatlarini himoya qi­lishning ma'naviy-mafkuraviy qurollari deb bilganlar. Shoir va atoqli davlat arbobi Solonning she'rlarini o'sha vaqtdagi va keyingi davr ilmiy-nazariy tafakkuri bilan shug'ullanuvchi olim­lar ularning badiiy xususiyatlari, obrazlar tizimi, vazn va ohang­dorligini emas, balki, asosan, mazmun jihatini tahlil etish bilan shug'ullanganlar. Diogen Laertiy o'z asarida har bir donishmand va shoirning eng muhim she'rlaridan parchalar keltirib, ular haqida keyingi davrlarda yashagan donishmand­larning fikrlarini va o'z fikrlarini ham aytadi. Uning yozishicha, «Aflotun «Protagor» asarida Falesni yetti donishmandning birinchisi» deb aytadi.

Masal janri va estetik qarashlar. Dunyo masalchilarining otasi deb nom olgan, Xilonning do'sti Ezop Kichik Osiyodagi Frigiyada tug'ilgan (mil. av. VI asr) zanji qul bo'lib, oqil, halol, rostgo'y, soddadil (demak, sofdil) bo'lgani uchun boshqa ayyor qullarga nisbatan xojasidan ko'p jabr-zulm ko'rgan. Oxiri ma'­rifatli, donishmand yunon - Ksanfga uning donoligi, insoniy fazilatlari yoqib qolgan, shu sababli uni qul deb emas, do'sti va yaqin yordamchisi deb bilgan, tanqid va tanbehlariga, kinoya so'zla­riga ham chidagan. Ezopning bir o'zi yetti donishmand bilan bahs­lashgan (shu sababli uning qatoriga kirmagan shekilli).

Ezop masallari tildan-tilga, eldan elga o'tib, mashhur bo'lib ketgan. Bu masallarda hukmron oliy tabaqa vakillarining zolim­ligi, johilligi, ochko'zligi, ba'zan oddiy insonlarning ham tabiatidagi, fe'l-atvori, qilmishlaridan aqlga, adolatga, ezgu­likka zid hatti-harakatlar keskin tanqid qilingan.

Ezop masallarning badiiy-estetik saviyasi juda yuksak, til o'tkirligi, ma'no chuqurligi, ramzlar, tashbehlar, timsollar yor­qin­ligi o'z davrida va keyingi zamonlarda ham ko'pchilikni qoyil qoldirgan. Barcha zamonlarning donishmandlari, adiblari, shoir­lari Ezop tilidan, masallaridan adolatsevarlikni, haqgo'ylikni, eng keskin va muhim ijtimoiy fikrni ixcham, lo'nda, ramziy, majoziy qilib ifodalashni o'rganganlar. Ezop masallari tildan tilga, eldan elga o'tib, mashhur bo'lib ketgan. Ezopning ba'zi masallarida go'zallikni keragidan ziyod maqtovchi shoirlar usti­dan kulib, ularning fikriga qarshi hayot haqiqati, hayotiy quvvat beruvchi, hayotni asrovchi kuchlar, masalan, kiyikning go'zal shoxi emas, balki ozg'in, xunuk bo'lsa ham oyoqlari uni o'limdan qut­qaradi, degan g'oyani ramziy ma'noda ifoda qiladi.

Ezop zamonida go'zallik va nafosatga mavhum bir havas bilan qaramaganlar, har bir muayyan mavjudot yoki aniq manzara haqida uning go'zalligi o'ziga yoqimlimi yohud o'ziga zararli va boshqalar uchun foydalimi, shu haqda aniq fikr yuritganlar. Ezop nomsiz bir masalida kiyik o'zining chiroyli shoxlarini suvdagi aksida ko'rib, quvonib, mag'rurlangani, oyoqlari ingichka, xunuk ekanli­gidan xafa bo'lganini tasvirlaydi. Ammo Ezop masalida go'zallik agar erkin yashashga yordam bermasa, u keraksiz degan g'oyani ilgari suradi. Ezopning bu estetik bahosi hozirgi ba'zi olimlar o'yla­ganidek, go'zallikka hissiy yondashuv emas, balki sog'lom aql bilan, ayni vaqtda hayotparvarlik ruhida yondoshuvidir. Kiyik, ohu hayotidan ayrilmasligi uchun unga go'zal shoxlar emas, balki ba­quvvat oyoqlar muhimroqdir. Boshqa bir masalida Ezop go'zallikka boshqacha estetik baho beradi. Ya'ni, u tabiiy go'zalliklarning boqiyligini maqtab, sun'iy go'zal bo'lib olganlarning aslida xunuk ekanligini fosh etadi.



Gomer ijodi va uning davridagi adabiy-estetik qarash­lar. Gomer dostonlarini yozib olib, kitobat holiga keltirish Yunonistonda er.a. VI asrda va undan avvalroq davlat tomonidan yo'lga qo'yilgan. Er. a. IV asrda donishmand Arastu shogirdi, make­doniyalik Iskandar (Aleksandr)ga “Iliada”ning qimmatbaho ki­chik suvenir nashrini sovg'a qilgan. Arrian va boshqalarning yozi­shicha, Aleksandr qizg'in jang vaqtlarida ham “Iliada”ni o'zi bilan olib yurgan va o'qigan.

“Iliada”dostonida bahodirlik, jasurlik, qahramonlik, shon–shuhrat, adolat va noxaqlik, sevgi va nafrat, or-nomus, go'zallik va xunuklik, ulug'vorlik va tubanlik, urush va tinchlik, vatan mudo­faasi, jismoniy va ruhiy barkamollik, do'st o'limiga qayg'u, g'a­zabdan tug'ilgan mardning nomardligi, shaxs va xalq manfaatlari to'qnashuvi, hayotning shirinligi va o'limning achchiqligi, dag'allik va nafosat, taqdirga tan berish va ilohiy qudratga qarshi isyon, bag'ridaryolik va fe'li torlik, mangulik va foniylik, xullas, insoniyat hayotining deyarli barcha qirralari hayotiy, ishonarli, realistik ham sirli, romantik, kutilmagan voqyea o'zgarishlari – peripetiyalar, mushkulotlar bilan mufassal tasvirini topganki, yuksak badiiyatni va ma'naviy boyliklarni anglashga quvvati yetgan o'quvchi hayratlar olamiga sho'ng'ishi tabiiydir.

Olmon romatizmining yorqin vakili Jan-Pol Rixter “Este­tikaning boshlang'ich maktabi” asarining romantik poeziyaning mohiyatiga bag'ishlangan faslida qahramonliklar davri jahonning turli xalqlarida bo'lsa ham faqat yunonlar she'riyatida mangu yog'du socha boshladi, deb yozgan. U ma'nolari, ranglari va ohanglari cheksiz poeziyani Shiller faqat “ibtidoiy she'riyat (Gomer, Esxil, Sofokl, Evripid v.b.) va “yangi she'riyat” deb ikkiga bo'lib qo'yi­shini tanqid qiladi. Jan-Pol Rixter hatto birgina romantik poeziyaning o'zi Gomer va Sofoklda boshqacha, Petrarka, Ariosto, Shekspir va Servantesda o'zgacha ruhda ekanligini, daholarning she'riyati barcha davrlarda, barcha xalqlarning hayotini gullab-yashnatib turishini, cheksiz go'zalliklari bilan barchani maftun etishini aytadi.

Suqrot, uning davri va adabiy-estetik qarashlari. Ada­biyot va san'at nazariyasiga doir sof ilmiy – falsafiy fikr­larni Suqrot suhbatlarida, Aflotunning «Bazm», «Suqrot apolo­giyasi», «Ion», «Protagor», «Fedon» va boshqa asarlarida uchra­tamiz. Antik davr yunon estetik tafakkurining eng teran tad­qiqotchilaridan biri A.F.Losev «Antik estetika tarixi. Sofist­lar. Suqrot. Aflotun» kitobida Perikl zamonida hukmron bo'lgan falsafada insoniyat hayoti, asosan, fojealardan iboratligi, qudratli taqdir hukmidan hyech bir mavjudot qochib qutila ol­may­di, degan insonning mustaqil aqliy faoliyatini, estetik faoliya­tini, cheksiz hayot go'zalligi, ulug'vorligi, fojeiyligini, quvonch­li, xatto kulgili ekanligini, inson tafakkuri va hayotining chek­siz ko'rinishlari insondan mustaqil yashovchi ma'nolarga, g'oyalar­ga, mohiyatlarga boy ekanligini birinchilar qatorida Suqrot kashf etganligini manbalarni tahlil qilish asosida chuqur tu­shuntirib beradi.

Poeziya va musiqa san'atini geometriya, sonlar nazariyasi qonunlari bilan tushuntirgan buyuk donishmand Pifagor, aksincha, aniq fanlarni ilohiy ruhning oliy ne'mati, deb bilar edi. Pifagor yozganligi aniq bo'lgan asarlar “Tarbiya haqida”, “Davlat haqida”, “Tabiat haqida” kitoblaridir2. Lekin, ba'zi olimlar­ning aniqlashicha, u juda ko'p va turli-tuman mavzularda asarlar yozgan. Shogirdlarining yozishicha, shu sababli Pifagor avvalgi zamonlarda ham goh inson, goh o'simlik, goh hayvon bo'lib yasha­ganligini eslar ekan.

Ulamolar Pifagorni deyarli barcha fanlarning kashfiyotchisi deb ta'riflaydilar. Pontiyali Geraklid fikricha, Pifagor she'­riyat haqida “Yaxlitlik, uyg'unlik” nomli she'riy kitobni, “Muqaddas so'z” nomli bashoratlar kitobini, yana “Ruh haqida” (Aflotun va Arastu ham Ruh haqidagi asarlarida buni eslatgan - M.M.), “Halollik haqida”, yana “Kosli Epixarmning otasi Elo­fal”, “Kroton” (Donishmand) va boshqa asarlarni yozgan3. Pifagor saboqlarining shon-shuhrati shu qadar yuksak ediki, uning shogird­larini ko'rgan odamlar o'zini baxtli his qilar edilar.

Pifagorning izdoshlari orasida Filolay, Empedokl, Aflo­tun, Epixarm, Arxit (Aflotun akademiyasining yetakchilaridan), Krotonli Alkmeon (tibbiyot ilmi daholaridan, Luqmon), Misrda astronomiya va geometriya fanlarini o'rganib, shuhrat qozongan Yevdoks (Aflotunning raqibi) mashhur edi. Keyingi ulamolar qadimgi donishmandlardan har biri bir yoki bir necha ilmlarni chuqur o'rganib, o'z sohasini rivojlantirganlarida, Pifagor bi­rin­chilar qatorida barcha fanlar va sohalarning o'zaro aloqa­dorligini, bir-biri bilan bog'liqligini chuqur o'rganib, barcha fanlar uchun umumiy bo'lgan qonuniyatlarni kashf etgani uchun shuhrati yetti iqlimga tarqalgan.

Pifagorchilarning avvalgi avlodi musiqa va she'riyat san'atida miqdor, sonlar yoki takror va oraliqlarning tartibi, garmoniyasi, mutanosibligi muhim qonuniyat ekanligini kashf etganlar4. Pifagor fikricha, eng oliy go'zallik, eng oliy musiqa, eng oliy uyg'unlik samoviy olam mavjudotlarining ilohiy tar­tibi, abadiy bir maromdagi va bir yo'l (trayektoriya, doira)dagi harakati, barcha yulduzlar, sayyoralar, yoritqichlarning bir-biriga qarshilik qilmay, butun olam garmoniyasini tashkil etishlaridir.

Aflotunning adabiy-estetik qarashlari. Yunonistonda dav­­lat hokimiyatiga demokratiya – xalqparvarlik va respub­li­ka tarafdorlari, xususan, Perikl rahbarlik qilgan davrda (er. a. VI–V asr) jamiyat taraqqiyotini belgilovchi kuchlar – fan, madaniyat, musiqa, she'riyat, dramaturgiya, falsafa, notiqlik, sport sohalari vakillarining ijodi gullab-yashnadi. Bahs-munozaralarda rasmiy mantiq kuchi bilan har qanday raqiblarni yengishga imkon beruvchi sofistika san'ati (Antifont, Gorgiy, Gippiy, Protagor, Frasimax) boshlang'ich vaqtlarda haqiqatni izlashda, go'zallikni baholashda ijobiy xizmat qildi. Sofistikaning ilg'or vakillari narsa-hodisalar ta'rifidagi biryoqlamalikka qarshi chiqib, haqi­qatning boshqa jihatlari ham borligini, mutlaq haqiqat bizda, deb da'vo qiluvchilar yanglishayotganini dalillar bilan ko'rsatib berdilar.

Aflotun esa “Qonunlar” asarida sofistlarning san'at ha­qidagi qarashlarini tanqid qilib, ularning nazariy fikrlari o'ta subyektiv, haqiqatdan uzoq deb hisoblaydi1. “Sofistlar fikricha, tabiat eng oliy san'atkordir, barcha ulug'vor va go'zal mavjudotlar tabiat tomonidan, tasodifan (ya'ni, o'ylab, shakl va hajmlari o'lchab ko'rilmasdan – M.M.) bunyod etilgan. (Inson bunyod etuvchi) san'at esa eng avvalgi va eng buyuk asarni tabiatdan oladilar”. Aflotun sofistlarning tabiatni eng buyuk san'atkor deyishla­rini yoqtirmaydi. Sofistlar fikricha, tabiatdan keyingi, ya'ni insonlar ijod qilgan san'at asarlari tabiat asaridan ko'ra juda muhim va boqiy emas. Musavvirlik, musiqa asarlari o'tkinchi va ko'pincha, ko'ngilxushlik, ermak uchundir, bu san'atlarda haqiqat juda ozdir. Insoniy san'atlardan faqat ba'zilari, tabiatga yaqinlari, tabiatga hamkor san'atlar – shifokorlik (tib ilmi), dehqonchilik, gimnastika (jismoniy tarbiya) jiddiyroq samara, mahsulot beradi. Siyosat esa, tabiatdan uzoq, insonlar o'ylab topgan san'at (hunar) bo'lgani uchun haqiqatdan uzoqdir2. Aflotun qadimiyat mutafakkirlari orasida qonunchilikni eng ko'p qadr­lovchi va maqtovchi, yaxshi qonunlarga rioya qiluvchi bo'lgani uchun sofistlarning yuqoridagi fikrlariga qo'shilmaydi. Aksincha, Aflotun adolatli, yaxshi go'zal ishlarni qonunlashtirish kerak, deb hisoblaydi.

Aflotun “Qonunlar” asarining ko'p o'rinlarida musiqa, jamoaviy xor qo'shiqlari va raqslar kabi san'atda ilohiy amr-farmonlar, ilohlarga madhiyalar bo'lgani uchun qonunchilik yo'li bilan joriy etish va ularning ijrosi fuqarolarga qanday ta'sir etishini jiddiy nazorat qilish zarurligi haqida yozadi: “Do'st­larim, – deydi afinalik o'z hamrohlariga, – bizda qadimiy (ilo­hiy) qonunlarga amal qilingan vaqtlarda xalq hukmronlik qil­madi, lekin har holda xalq o'z ixtiyori bilan qonunlarga bo'ysu­nardi... Xalq haddan ziyod erkin yashay boshlagan zamonlarda ham, avvalo, musiqa san'atiga doir qonunlarga bo'ysunardi. U zamon­larda bizda musiqa san'ati mazmunan va shaklan turli nav'larga bo'linar edi. Qo'shiq aytishning bir turi ma'budlarga madhu sa­nodan iborat bo'lib, gimn (madh)lar deb atalardi, buning teska­risi (sho'xlik, insoniy sevgi haqidagilari), asosan, frenlar edilar. So'ng peanlar va nihoyat difiramblar (mastona maqtovlar) bo'lardi, shu so'nggisi Dionisga bag'ishlangan edi. Yana Kifarada aytiladigan qo'shiqlarni qonunlar deb, aniqrog'i, Kifara qonun­lari deb atalardi. Qo'shiqlarning mana shu turlari qonunda belgi­langan bo'lib, bulardan o'zboshimchalik bilan foydalanish, bir turdagi qo'shiq o'rniga boshqasini aytish ta'qiqlangan edi. Qo'shiq tinglash davlat qonuni bilan belgilangan ediki, tarbiyachilar bu qo'shiqlarni jim o'tirib, oxirigacha eshitar edilar. Bolalarga yoki ularning ota-onalariga va ko'pchilik xalqqa qonun yo'li bilan, ayrim hollarda zo'rlik bilan (musiqaning yaxshi, yomonligi) tushuntirilar edi”3.

Aflotun musiqa va raqslar haqida ko'pchilikning didi va fikriga asoslanish noto'g'ri ekanligini tushuntiradi. Ozchilik­ning badiiy, estetik didi baland va ko'pchilikning badiiy, estetik didi past bo'lishi mumkin.

“Davlat” asarida tarbiyaning ikki turi: musiqiy va jismoniy tarbiya haqida so'z yuritib, jismoniy tarbiya insonning jismini tarbiyalashga, parvarish qilishga qaratilgan bo'lsa, musiqiy (musiqaviy emas, “musicheskoye vospitaniye”ning tarjimasi) tarbiya insonning ruhiyatiga qaratilgan bo'ladi. Musiqiy tarbiyaga xizmat qiluvchi vositalardan biri sifatida san'at asari tilga olinadi. San'atning turlari va ulardan biri adabiyot (poeziya)ning tarbiya jarayonidagi o'rnini tushuntirib, hissiyot, tuyg'ular tarbiyasi uchun badiiy asarning nihoyatda zarurligi ta'kidlanadi. San'at­ning ikki turi: tabiiy va yolg'on o'zaro farqlanadi. Tabiiy san'at turlari aniq fanlar bilan muloqotga kirishuvchi dialektik talqinlar bo'lsa, yolg'on deyilganda, Aflotun to'qib chiqarilgan, ijodkor fantaziyasi bilan yaratilgan she'rlarni nazarda tutadi. Bunday yaratish, badiiy to'qima jarayonida shoir (ijodkor) bir necha ifoda usullaridan foydalanadi. “Poeziyaning bir turida ijodkorlik butunlay taqlid asosiga quriladi, bu sen tilga olganing tragediya va komediyadir, boshqa turda shoir o'zini ifoda qiladi, sen buni difiramblarda ko'rasan, epik yoki boshqa qo'p turlarda esa bu ikki ifoda turi birlashadi...”5 Ko'rinadiki, bu o'rinda adabiy turlar haqida so'z yuritilmoqda. Dramada taqlid (insonga va harakatga) yetakchi xususiyat kasb etadi, lirika esa, shoirning o'zini (“men”ini) ko'rsatishdan iborat, eposda bo'lsa yuqoridagi ikki holat birlashadi. Ayni qarashlarni uning shogirdi Arastu hakim rivojlantirgan va ustozi yo'l qo'ygan chalkashlikni ham tuzatgan. Arastu hakim talqinicha, lirikaning talqini Aflotun kabi keltirilib, eposda taqlidiy ifoda birlamchi ekanini aytadi, dramada esa, yuqoridagi ikki turdagi ifoda usullari birlashadi.

Bu fikrlar nafaqat “Poetika”da, balki Arastuning “Katta axloq kitobi” va “Ritorika” asarida yanada rivojlantirilgan.



Arastu hakim estetikasi. Arastu (er. av. 384-322 yillar) barcha zamonlarning olimlari uchun ustoz sanalgan buyuk yunon faylasuflaridan biri. Uning otasi Nikomax tabiblar naslidan bo'lib, Makedoniya shohi Eminta III saroyida xizmat qilgan. Arastu mil. av. 367 yili Aflotun akademiyasiga o'qishga kirib, yigirma yil o'tgach (Aflotun vafotidan keyin), Afinani tark etadi. 340 yili Makedoniya poytaxti Pellaga Filip II tomonidan taklif etilib, bo'lg'usi imperator Iskandarga murabbiy etib tayinlanadi. 336 yilda Afinaga qaytib, o'zining falsafiy-es­tetik maktabini ochadi. Qadimiyat faylasufi Diogen Laertiyning yozishicha, kataloglarda Arastuning bir necha yuz asarlari qayd etiladi. Ulardan asosiylari: “Evdem”, “Sofist”, “Politik”, “Mneksen”, (“Dialoglar”), “G'oyalar haqida”, “Farovonlik haqida”, “Birinchi analitika”, “Ikkinchi analitika”, “Kategoriyalar”, “Sofistlarga raddiya” (mantiq faniga doir bu asarlar “Orga­non”ga jamlangan); “Fizika”, “Metafizika”, “Evdem axloqi”, “Axloqi kabir”, “Siyosat”, “Poetika”, “Ritorika” va boshqalar... Arastu asarlari, asosan, to'rt sinfga bo'linib, tasnif etiladi: mantiq, fizika (tabiiyot), metafizika (ruhiyat) va etika-axloq fanlariga oid asarlar. “Organon”da Arastuning sakkiz xil asari: “Kategoriyalar” (“Ma'qulot”), “Germenevtika”, “Analitika” (“Al-qiyos”) va “Poetika” (“Nafis san'atlar haqida”) tilga olinadi. Bu asarlarning hammasi Sharq tillariga tarjima qilingan.

Poetika” asari. A.F.Losevning yozishicha, Arastu go'zallik va ajiblik haqidagi fikrlarida aqliy idrok va hissiy idrok uyg'unligiga e'tibor beradi6. Arastuning “Poetika” (“Nafis san'atlar haqida”) kitobida hozirgi zamon tushunchasidagi she'­riyat emas, balki umuminsoniy nafosat, san'at, xususan, so'z san'ati qonun-qoidalari bayon qilinadi. Arastu, umuman, poetik san'at to'g'risida, shuningdek, uning alohida ko'rinishlari (epos, drama, lirika) va ulardan har birining imkoniyatlari, poetik asarning yaratilishi va jamiyat hayotiga ijobiy ta'sir ko'rsatishi hamda insonlar ruhiyatini poklash va ular qalbida asar qahra­monlarining qayg'u-hasratlariga hamdardlik uyg'otish uchun rivoyat (mifos) qanday tanlash zarurligi to'g'risida so'zlaymiz. Bundan tashqari, asarning tarkibi nechta va qanday qismlardan iborat bo'lishi, shu bilan birga, bu mavzuga tegishli bo'lgan hamma boshqa masalalar haqida ilmiy-nazariy fikrlarini bildiradi. Arastu “Poetika”sidagi asosiy g'oya – mimesis (mimesis), ya'ni poeziyada o'xshatish san'ati degan g'oyadir. Tabiiyki, bu yerda hayotni, xarak­terlarni tasvirlash qonuniyatlari haqida so'z boradi. Arastu fikricha, epos va tragediya, shuningdek, komediya va difiramb ijod etish, avletika va kifaristikaning7 katta qismi – bularning hammasi, umuman aytganda, o'xshatish (mimesis) san'atidan o'zga narsa emas; ular o'zaro uch jihatdan: tasvirlashning turli vosi­talari bilan (1); tasvirlash predmeti bilan (2); rang-barang, o'ziga xos usullar bilan (3) farqlanadi.

Atoqli arastushunos, “Poetika”ni yunonchadan ruschaga tar­jima qilgan M.L.Gasparov sharhida taqlid – o'xshatishning bu uch turi: 1) nima yordamida tasvirlanishiga ko'ra; 2) nima tasvirla­nishiga ko'ra; 3) nimani qanday tasvirlashga ko'ra o'zaro farq­lanadi. O'xshatish – taqlid san'ati hayotni turli tasvirlarda aks ettirishi mumkin. Bo'yoqlar va shakllar yordamida o'xshatuvchi, ya'ni rassomlik va haykaltaroshlik san'atida (1), musiqa, qo'shiq va raqs san'atida (2); musiqaviy san'atlarning o'zi uch turli: A. Faqat musiqadan iborat asar. V. Qo'shiq = musiqa + so'zdan iborat asar. S. Raqs = musiqa + ritmik harakatdan iborat asar hamda vaznli so'z yordamida hayotni tasvirlovchi – ya'ni poeziya san'ati. Bu fikrlarning ibtidosi Arastu hakim asarida shunday berilgan: “Umuman aytganda, o'xshatish (mimesis) san'ati... o'zaro uch jihat­dan: (1) tasvirlashning turli vositalari bilan; (2) nima tasvir­lanayotgani bilan; (3) rang-barang o'xshatish usullari bilan farq­lanadi”8.

Poeziya san'ati nima yordamida tasvirlanishiga ko'ra quyidagi turlardan iborat: 1. Bo'yoqlar bilan – rassomlik, musavvirlik. 2. Tosh yoki bronza yoxud ganch bilan – haykaltaroshlik, devoriy naqsh – barelyef, gorelyef v.h. 3. Cholg'u asboblari yordamida – musiqa, qo'shiq, raqs san'atlari. 4. Faqat so'z yordamida: epos, drama, li­rika. Dramaning o'zi, Arastu aytganidek, kimlarni, qanday xarak­ter­larni tasvirlashiga ko'ra: tragediya va komediyaga bo'lingan. Arastu fikricha, tragediya yaxshi, ulug'vor xarakterlarni, komediya – tuban yoki hajviy xarakterlarni tasvirlaydi.

G.E.Lessing fikricha, Arastu “Poetika”sida hayotga taqlid (tasvir), xarakterlar, hamdardlik va qo'rquv orqali poklanish (catarsis) haqidagi nazariy qoidalar eposga ham, tragediyaga ham, komediyaga ham taalluqlidir. Epos, tragediya va komediyada ibratli xarakter, ya'ni hayotda bo'lgan yoki bo'lishi ehtimol bo'lgan xa­rakterlar tasvirlanishi, muhimi, mantiqan izchil tasvirlanishi kerak. Arastu tasvirning turli vositalari haqida bunday deydi: “Ba'zi kishilar mahorat, ba'zilar malaka sababli, yana ba'zilar tug'ma iste'dodlari tufayli bo'yoqlar va shakllar yordamida ko'p narsalarning tasvirini - o'xshashini yaratadilar. Arastu yozadi: “San'atlarning hammasida ham alohida yo ritm, yo so'z va yoxud garmoniya yordamida, yoki shularning hammasi uyg'unligida tas­virlaydilar. Avletika va kifaristika hamda muzika san'atining boshqa xillari faqat garmoniya va ritmdan foydalanadi. Masalan, surnay chalish san'ati. Raqs san'atida esa gohida garmoniyasiz, ritm yordami bilan o'xshatadilar, chunki ular ayni ifodali ritmik harakatlar orqali xarakterlar, ehtiroslar va voqyealarni qayta gavdalantiradilar. Biroq vaznli so'z yordamida, shuningdek, bir necha vaznni aralashtirib, yo ulardan birontasini qo'llash yo'li bilan yuzaga keluvchi, yoxud yalang'och (vaznsiz) so'z vositasida tas­virlovchi san'at (ya'ni nasr) hozirgacha (ta'riflanmay)9 qolayo­tir”. Arastu vaznsiz, faqat so'z bilan voqyea va xarakterlarni tas­virlovchi badiiy nasrning ta'rifini ko'zda tutgan bo'lsa kerak.

Arastuning keyingi fikrlaridan anglashiladiki, epos, tra­gediya va komediya uchun umumiy bo'lgan badiiyat qoidalari (mimesis – hayotga taqlid, o'xshatish, qayg'u, hamdardlik, qo'rquv uyg'otish, voqyealarning kutilmagan o'zgarishi – keskin burilish, peri­pe­tiyalar, xarakterlarning izchiligi v.h.) badiiy nasrga ham taal­luqlidir. Birov trimetr, elegik yoki boshqa shunga monand she'r turlari yordamida tasvirlaydi. Shunday ekan, biz Sofron va Ksenarx mimlariga ham, suqrotona suhbatlarga ham umumiy nom bera olmaymiz10. Faqat “ijod” tushunchasini vazn bilan bog'lovchi kishilargina hayotni qayta gavdalantirish mohiyati tufayli emas, umuman, vazn tufayli (ularning hammasini) shoirlar deb ulug'lab, ba'zi birlarini elegiklar, boshqalarini epiklar deb ataydilar. Mabodo, tibbiyot yoki tabiiyotga oid qandaydir risolani vaznga tushirgan holda nashr etsalar, muallifni odatda shoir deb atay­dilar. Bu o'rinda Gomer va Empedokl bilan vazndagi yaqinlikdan boshqa hyech qanday umumiylik yo'q, shu boisdan har ikkisini shoir deyishdan ko'ra, birinchisini shoir, ikkinchisini tabiatshunos deb atash adolatlidir. Shu bilan barobar, Xeremon “Kentavr”da barcha vaznlarni aralash holda qo'llab, rapsodiyalarni barcha ritmik o'lchovlardan yaratgani singari kimdir hamma vaznlarni qo'shgan holda ishlatib, asar yozib chiqarsa, (uni) ham shoir deb atashga to'g'ri keladi. Bu masala xususida aytilganlar yetarli bo'lar (Mas., keyinroq paydo bo'lgan musiqali drama, opera, kino asarlarida turli tasviriy san'atlar – musiqa, raqs, ashula, dialog, monolog va hokazolar birgalikda qo'llanilishi mumkin. Rapsodlar – xalq baxshilarining doston aytishlarida ham she'riy, nasriy vaznlar, musiqadan foydalaniladi).

Quyiroqda Arastu she'riy vaznda yozilgan tarixga yoki tabiat­shunoslikka doir barcha asarlarni poeziya deyish noto'g'ri ekan­ligini aytadi. Arastu fikricha, Gerodot asari vaznda yozilsa ham, vaznsiz yozilsa ham baribir poeziya emas, balki tarixdir. Sababi – tarix hayot voqyealari va inson qilmishlarini bayon qiladi, poeziya – konkret holatlarda ko'rsatadi. Ammo tabiat yoki falsafaga doir shunday asarlar ham borki, ularni ham ilmiy, ham badiiy asar deyish mumkin. Biroq ba'zi bir san'atlar borki, ular hamma aytilganlardan, ya'ni ritm, ohang va vazndan foydalanadi. Mas., difirambik poeziya, tragediya va komediya shular jumlasidandir. Bular shu bilan farqlanadiki, ularning ba'zilari mazkur vosi­talardan birdaniga, boshqalari esa ayrim qismlaridagina foy­dalanadi, xolos.

Arastu san'at asaridagi tasvir, hodisalarning xilma-xil­ligi haqida bunday deydi: “San'atkorlar muayyan shaxslarni tas­vir­laydilar, ular esa yaxshi yoki yomon bo'lishi mumkin (negaki, shaxslarning qandayligi shu bilan belgilanadi, zero hamma odam­lar xarakterlaridagi illatlar yoki fazilatlar jihatidan farq­lanadilar). Ular bizdan yaxshiroq yoki bizdan yomonroq yoki hatto bizdek bo'ladilar (tasviriy san'atda ham, masalan, Polignot eng yaxshi kishilarni, Pavson – yomonlarni, Dionisiy esa bizga o'xshash kishilarni tasvirlaydi”. Chamasi, yuqorida qayd etilgan tasviriy usullarning har biri ham ana shunday tafovutlarga ega bo'lsa kerak. Demak, xilma-xil predmetlarning tasviri ham har xil bo'­ladi. Chunki shunga o'xshash farqlanuvchi xususiyatlar raqsda ham, avletikada, surnay va kifara chalishda, nasr va musiqasiz she'rda ham bo'lishi mumkin. “Argant yoki Timofey va Filoksen “Kik­loplar”da qanday qahramonlarni yaratgan bo'lsa, difiramb va komlarda ham shundaylarni yaratish mumkin. Tragediya va komediya orasida ham xuddi shunday tafovut mavjud: komediya hozirgi vaqtda yashayotganlardan ko'ra yomonroq, ikkinchisi esa, yaxshiroq kishilarni tasvir etishga intiladi”.

Arastu aks ettirishning turli usullari haqida bunday yozadi: “Bu sohada asarlar yana aks ettirish usullari jihatidan ham bir-biridan farqlanadi. Zotan bir xil narsani bir xil vosita bilan tasvirlagan holda yo muallif voqyealarga aralashmay hikoya qilishi yoki o'zini xuddi Gomerday tutishi mumkin. Yoki butun tasvir davomida muallif o'zligicha qolishi yoxud barcha aks ettiriluvchilarni harakatdagilar sifatida gavdalantirishi mumkin”11.

Bu bilan Arastu hakim badiiy adabiyotdagi tur tushunchasini farqlab ko'rsatmoqchi bo'lgan. Zotan, muallif asar voqyealariga aralashmagan holda, uning o'zini boriday tasvirlasa, bu eposdir (xuddi Gomer asarlaridagi kabi). Agar muallif tasvir davomida o'zligicha qolib, o'z (tuyg'u va kechinmalari)ini aks ettirsa, u lirika bo'ladi. Barcha aks ettiriluvchilar, ya'ni kishilar va voqyealarni harakatdagilar sifatida tasvirlasa, u drama bo'ladi. Alloma har bir adabiy turga xos xususiyatlarni ko'rsatish bilan birga keyinroq har bir turga mansub janrlarni qalamga oladi. Mas., epik turga xos epopeya, lirik turga xos difiramb, dramatik turga xos tragediya va komediya haqida batafsil ma'lumot beradi.

Arastu tragediyaning avval ibtidoiy, sodda, maqsadi ham boshqa ekanligini, buyuk shoirlar yetishib chiqib, uni kamolga yetkazganlarini aytadi. “Tragediya o'zining hamma ko'rinishlarida, o'z holicha va teatr tomoshasi sifatida yetarli taraqqiyotga erishdimi yoki yo'qmi, hozir bu haqda to'xtab o'tishning o'rni emas. Ilk paytlarda badihago'ylik (improvizasiya) yo'li bilan – difirambni boshlab berish va hozir ham ko'p shaharlarda yana qo'llanilayotgan fall qo'shiqlarni boshlab berishdan kelib chiqqan tragediya va komediyaga xos xususiyatlarni asta-sekin rivojlan­tirish yo'li bilan bir oz o'sdi”. Xullas, tragediya ko'p o'zgarish­larni kechirgach, o'ziga xos tabiiy xususiyatlarini kashf etgan holda tinib qoldi. Aktyorlar ishtiroki masalasiga kelganda, Esxil bitta aktyor o'rniga ikkita kiritdi, xor qismini ozaytirdi va dialogni birinchi o'ringa qo'ydi, Sofokl esa aktyorlarni uchtaga yetkazdi va dekorasiyalar kiritdi. Kamolot masalasiga kelganda shuni aytish kerakki, kichik afsonalar va kulgili ifoda usulidan boshlanib, satirik tomoshalar yo'lini bosib o'tgan tragediya alla­qachon o'zining ulug'vorlik bosqichiga erishdi; uning vazni ham (troxaik) tetrametrdan yambga aylandi (dastlab, tetrametrdan foydalanilgan vaqtlarda, poeziya asarlari satirik ruhda va ko'proq raqsga moyil edi, dialog tez rivojlangandan so'ng esa, bu xususiyat unga muvofiq keluvchi vaznni kashf etdi, chunki yamb hamma vaznlar ichida jonli so'zlashuv tiliga eng yaqin bo'lib qoldi. Biz bir-birimiz bilan qilgan suhbatda juda ko'p vaqt yamb bilan so'zlashishimiz buning isbotidir, gekzametr ba'zan nutq uyg'unligi buzilgandagina juda siyrak uchraydigan hodisadir). Keymnchalik barcha hajviy she'rlar ham yamb tarkibiga kiritilgan.

Fojeiy dramalar – tragediyalarda, ko'pincha, insoniy burchiga sodiq, adolat va haqiqatni razolat va munofiqlikdan ustun qo'yuv­chi, vataniga shon-sharaf keltiruvchi, dovyurak, or-nomusli xarak­terlar tasvirlangani uchun tragediyaning she'riy vazni ham vaz­min, tantanavor; undagi xor va dialoglar, monologlarning so'zlari ham yuksak va ulug'vordir. Esxilning “Agomemnon”, “Prometey”, “Xoeforlar” (“Qasos farishtalari), Sofoklning “Shoh Edip”, “Antigona”, Evripidning “Alkesta”, “Medeya”, “Elektra” trage­diya­larida adolat va haqiqat yo'lida mashaqqatlarni zimmasiga oladigan, ezgulik yo'lidan qaytmaydigan xarakterlarning despo­tiya, tiraniya, zulm va zulmat kuchlariga qarshi qahramonlarcha kurashlari tasvirlangan.

Komediyalarda xalq so'zlashuviga yaqin yamb she'riy vazni qo'llanilishiga sabab ham ularda xalq hayotidan olingan fabula, syujet voqyealari hamda u voqyealarni keltirib chiqargan kulgili, hajviy xarakterlar ifodachilari – salbiy qahramonlarning qilmishlari va gap-so'zlariga keng o'rin berilgani uchun xalq poetik ijodi – folklordan yaxshi foydalanilgani sababli bu asarlarning qahramonlari ham, komediyalarning tili ham hayotga juda yaqindir. Arastu so'zi bilan aytganda, bu asarlar hayotga taqlidgina emas, balki hayotning o'zidir. Apuley, Lukian, Aristo­fan kabi xalqona so'zga boy daho adiblar va dramaturglarning asarlarida hayotda juda ko'p uchraydigan voqyealar va odamlar tasvirlanadi. Lekin “hayotning o'zi” deganimiz dramaturgning badiiy to'qimasini ham inkor etmaydi. Aristofan “Bulutlar” komediyasida oddiy xalq vakili, sodda qishloqi Strepsiadning yagona o'g'li Fidippidga yaxshi tarbiya berolmay, iztirob chekishi, arzanda o'g'lining mehnatdan qochishi, otasining peshona teri bilan qiynalib topgan pullarini otchoparda poygachi otlarga sarflab sovurgani tasvirlanadi. Ya'ni bu qishloqdan shaharga kelib qolgan dehqon hayotidagi haqqoniy iztiroblarning badiiy tasviridir. Arastu “Poetika” asarida komediyaning mohiyati va takomillashuvi haqida bunday deydi: “Komediya avval aytgani­mizdek, yomon kishilarni butunlay badnom qilish ma'nosida bo'lmasa-da gavdalantirishdir, zero kulgili holat xunuklikning bir qismi xolos. Aslida, kulgili narsa – bu hyech kimning dilini og'ritmaydigan va hyech kimga zarar keltirmaydigan ba'zi nuqson va majruhlikdir. Misol izlab uzoqqa bormaslik uchun, shuni aytish kerakki, kulgili niqob azob ifodasi emas, balki unda xunuklik va beo'xshovlikni ko'ramiz”.

Ritorika” asari. Qadimgi Yunonistonda ritorika (xitoba) san'ati poetika bilan uzviy aloqador bo'lsa-da, u davlat bosh­qa­ruvi, davlat va jamoat arboblarining siyosiy faoliyati, sulh va harb, urush va tinchlik, shon-shuhratli ishlar, qahramonliklarning barchasi vatan uchun deb biluvchi notiqning xalq oldida eng muhim muammolarni muhokama qilish, o'z maqsadi, taklifi, siyosiy yo'lining vatan va xalq manfaatlariga muvofiq ekanligini dalil­lash usullarini o'rgatar edi. Ellada viloyatlarida va poytaxt­larida Alkiviad, Perikl, Gorgiy, Isokrat, Likurg, Solon, Demosfen va boshqa davlat, jamoat arboblari xalq oldida nutq so'zlar ekan, avvalo, shaxsiy fazilatlari, so'ng ritorika san'atini yaxshi egallab olgani sababli o'z fikrlarini mantiqiy dalillab, fuqarolarni buyuk ishlarga safarbar qilar edilar. Ellada dav­latlari gullab-yashnagan davrlarda poetika ilmi bilan bir qator­da ritorika ilmiga qiziqish juda katta edi.

Arastu “Ritorika”ning mana shu boshlanish qismlaridayoq Demokrit, Pirron va kiniklarning skeptisizmi – shubhakor­ligiga qarshi o'laroq, “Tabiatiga ko'ra odamlar haqiqatni izlab topishga qobiliyatlidirlar va ko'p hollarda uni izlab topadilar ham”, – deydi. Arastu shu o'rinda o'zidan avval o'tgan ritorika olimlarining nutq san'atining hayot haqiqatini ifodalash xusu­siyatiga qiziqmay, faqat sud muhokamasida yutib chiqish usul­lariga (ya'ni, asosan, sud nutqiga) qiziqish bilan cheklanganligini tanqid qiladi. “Ritorika foydalidir, chunki haqiqat va adolat o'z tabiatiga ko'ra o'ziga qarshi kuchlarga (ya'ni adolatsizlik, jabr-zulm, nohaq va nopok ishlar –M.M.) nisbatan qudratliroqdir. Lekin, agar (sud muhokamalarida va xalq yig'inlari, hokimiyat majlislarida) noto'g'ri qarorlar chiqarilsa, adolat va haqiqat yengilib qoladi, bunday ishlar esa qoralashga loyiqdir”12. Arastu­ning faylasuf va inson sifatidagi ulug'vorligi shundaki, u mil­lat va xalqlarning baxt-saodatga erishuvi uchun adolatli davlat, qonunlarga barcha rioya qiladigan, fuqarolik jamiyati qurish uchun barcha davlat arboblari adolat va haqiqatni himoya qilishi, qobi­liyatlarini insoniy fazilatlar bilan bezab, jamiyatning ma'na­viy musaffoligi uchun xizmat qilish zarurligini, adib, shoir, notiqlik san'ati ustalari insonlarni ulug' va ezgu ishlarga da'­vat qilishi va o'zlari namuna bo'lishi zarurligini hyech qachon e'tibordan qochirmas edi.

Quyiroqda Arastu bu fikrini yanada oydinlashtiradi: “Shoir hayotda qanday bo'lsa, shunday tasvirlamabdi, degan ta'naga e'tiroz bildirib, shuni aytish mumkinki, shoir hayotda qanday bo'lishi kerakligi ham tasvirlaydi. Sofoklning aytishicha, u odamlarni qanday bo'lishi kerak bo'lsa, shunday tasvirlaydi (Bu fikr Esxilga ham taaluqli – M.M.) Evripid esa, odamlar hayotda qanday bo'lsa, shunday tasvirladi”.

Aristofan “Qurbaqalar” komediyasida narigi dunyoda (And saltanatida) Esxil bilan Evripidning xuddi shu masalada baxs­lashganlarini tasvirlaydi va Arastu aytgan Esxilning yo'lini (ideal qahramonlar tasvirini – M.M.) yuksakroq san'at deb, xulosa qiladi.

Arastu “Ritorika” II kitobining 19-faslida Albert Eynshteyndan 2400 yil avval ehtimollik nazariyasining ham tamal toshini qo'ygan. U yozadi: “Oxiri bo'lgan narsaning boshlanishi ham bo'ladi. Chunki hamma voqyea-hodisaning boshlanishi bor. Davomi bor (mavjud yoki yangi vujudga kelayotgan) narsalarning avvalgi qismi ham bo'ladi... San'at va fanlarning mavzui bo'ladigan voqyea-hodisa bo'lgan, bo'layotgan va endi (bundan keyin) bo'lishi mumkin. Qismlari bor narsaning buguni ham bor bo'lishi mumkin”. Agar biror narsani san'at, hunar va tayyorgarlik bilan yasash mumkin bo'lsa, u narsani san'at, hunar va tayyorgarlik bilan yasash yanada osonroq bo'ladi.


Qadimgi Rimda adabiyotshunoslik

Qadimgi yunon adabiy-estetik madaniyatining durdonalari, Gomer dostonlari, Gesiodning she'rlari, Esxil, Sofokl, Evripid dramalari, Aristofan komediyalari Ellada xalqlarning milliy iftixorlariga aylangan, bu shoirlarning asarlari turli yunon qabilalarini yaxlit bir millat, xalq bo'lib shakllanishiga hayot­baxsh ta'sir ko'rsatgan edi. Yunon adabiyotining durdona asarlari Rim adabiyoti va madaniyatining shakllanishi va rivojlanishiga ham kuchli ta'sir ko'rsatadi. Rim shoirlarining ko'pchiligi yunon adabiyotidan ilhomlanish bilan birga yunon dostonlari va dra­malarini lotin tiliga tarjima qilish bilan shug'ullandilar. Rim shoiri Liviy Andronik yunon she'riyatining shoh asarlaridan biri “Odisseya” asarini tarjima qilib, Rim adabiyotini boyi­tishga xissa qo'shdi. “Iliada” dostonida janglarda qahramonlik ko'rsatgan Axilles, Gektor, Patrokl, Agomemnon, Menelay, Odissey kabi bahodirlarning jasoratlari kuylangan bo'lsa, Rim shoiri Vergiliy “Eneida” dostonida imperator Oktavian Avgust davrigacha bo'lgan rimliklarning shon-shavkatlarini ulug'lab, bu bilan Rim xalqida vatanparvarlik tuyg'ulari va milliy ongni uyg'otishga xizmat qiladi. Agar zodagonlar naslidan bo'lgan har­biylar va davlat mansabdorlari qirg'in urushlari, bosqinchilikni maqtasalar, xalqparvar shoirlar adolatsiz, bosqinchilik urushlar­ning sababchilarini o'z she'rlarida hajv qildilar.

Shoir Vergiliy ko'p yillar hukmdorlarni maqtab yozganidan so'ng, oxiri uzlatga erishdi. Bu bilan hukmron tabaqalar ham, xalq ommasi ham shoirlarning ijodiga ehtiyoji bo'lgani ko'rinadi. She'riyat Yunonistonda ham, Rimda ham jamiyat, xalq hayotidagi dolzarb, muhim, jiddiy muammolarga o'z munosabatini bildirgan. Agar Rim shoiri Vergiliy imperator Avgust saroyida e'zozlangan bo'lsa, boshqa bir iste'dodli shoir Gorasiy respublikachi Brut armiyasida imperatorga qarshi jang qilgan. Shunga qaramay, O.Avgust bag'rikenglik qilib (yoki Gorasiyning shoirlik iste'­dodidan foydalanish maqsadida), uni afv etgan va shundan so'ng shoir imperatorning badavlat do'sti Mesenat homiyligida, siyo­sat­ga aralashmay, nisbatan osoyishta va farovon yashab, go'zal inso­niy tuyg'ularni kuylab, ijod qilgan.


Download 91.97 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling