2-mavzu. Borliq (ontologiya) va rivojlanish falsafasi. Bilish falsafasi (gnoseologiya). Mantiq. Jamiyat falsafasi. Inson falsafasi


Download 310.37 Kb.
bet11/32
Sana27.10.2023
Hajmi310.37 Kb.
#1727551
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   32
Bog'liq
Сиртки 2 сем

i) Imkoniyat va voqelik.
Imkoniyat va voqelik o‘zgarish va rivojlanish jarayonidagi narsa va hodisalarning ikki xil davrini, ikki xil holatini, bu davrlarning o‘zaro munosabatini o‘zlarida ifodalovchi kategoriyalardir.
Voqelik — bu hozir real mavjud bo‘lgan, yashab turgan narsa va hodisalardir. Lekin bu hodisalar rivojlanish jarayonida birdaniga hozirgi holatda bo‘lmay, balki dastlab imkoniyat holatida bo‘lgan bo‘lib, ular o‘zlarining ma’lum kelib chiqish davriga, vaqtiga, tarixiga ega. Voqelik o‘zining paydo bo‘lish davridan oldin imkoniyat shaklida mavjud bo‘ladi.
Imkoniyat — bu voqelikning kurtak holdagi ko‘rinishidir, u yuzaga chiqmagan voqelikdir. SHu bilan birga, imkoniyat voqelikni keltirib chiqaruvchi, rivojlanishning ob’ektiv va sub’ektiv shart-sharoitlari ham bo‘lishi mumkin. Imkoniyat ob’ektiv qonuniyatlardan kelib chiqadi, ular tomonidan yaratiladi.
Imkoniyat va voqelik kategoriyalarini, ularning o‘zaro dialektikasini chuqur bilib olish kishilarning amalii faoliyatida, ilmiy tekshirish ishlarida katta ahamiyatga ega.
Imkoniyat va voqelik kategoriyalarining mazmuni ongdan tashqaridagi ob’ektiv olamdan olinadi. Bu kategoriyalar bir butun moddiy yoki ruhiy jarayonning ikki tomonini aks ettiruvchi, o‘zaro dialektik munosabatdagi kategoriyalardir. SHuning uchun imkoniyat va voqelikni bir-biridan farq qilish lozim, chunki ularni aralashtirib yuborish nazariyaning rolini inkor etishga, insonning tabiat va jamiyatni o‘zgartiruvchi faoliyatini tushunmaslikka, amaliqtning ahamiyatini yo‘qqa chiqarishga olib keladi. Ularni aralashtirib yuborish yo‘q narsani bor, deb bilishga, yangining kurash jarayonida eski ustidan g‘alaba qilishni ko‘rmaslikka olib boradi.
Imkoniyatlar yangi, endi vujudga kelayotgan, rivojlanayotgan va eski, umrini tugatayotgan real kuchlar sifatida progressiv va konservativ bo‘lishi mumkin.
Eskilikni ifodalovchi imkoniyat rivojlanish jarayonida voqelikka aylanib qolishi ham mumkin, lekin bu harakatning ichki qonuniyatidan, uning tub xarakteridan kelib chiqmaydi. SHuning uchun eskilikni ifodalovchi imkoniyatning voqe bo‘lishi vaqtinchadir.
Imkoniyat voqelikka birdan aylanmaydi. U eski voqelik ichida, avvalo, kurtak shaklida mavjud bo‘lib, so‘ng rivojlanib borib, tobora reallasha boradi va ma’lum davrda, ma’lum shart-sharoit tufayli voqe­likka aylanadi. Imkoniyat reallasha borgan sari, uning mavjud eski voqelik bilan kurashi ham keskinlashib boradi. SHunga ko‘ra, imkoniyatni formal, abst­rakt va real imkoniyatlarga ajratib o‘rganiladi. Quruq fikriy izchillik jihatidangina to‘g‘ri bo‘lgan, lekin real asosga ega bo‘lmagan imkoniyat formal imkoniyatdir. Formal imkoniyat ob’ektiv rivojlanish qonuniyatlaridan kelib chiqmaydi. SHuning uchun ham u hech qachon voqelikka aylanmaydi.
Amalga oshishi uchun hali shart-sharoitlar to‘liq etilmagan, lekin amalga oshishi qonuniy bo‘lgan, nar­sa va hodisaning o‘zgarish va rivojlanish mantig‘idan kelib chiquvchi imkoniyat abstrakt imkoniyat deyiladi. Abstrakt imkoniyat rivojlanish jarayonida ma’lum ob’ektiv va sub’ektiv shart-sharoitlar etilganda, real imkoniyatga aylanadi.
Real imkoniyat — bu rivojlanishning asosiy tendensiyasini ifodalovchi, hozirgi sharoitda uning ich­ki mohiyatidan kelib chiquvchi imkoniyatdir. Real im­koniyat konkret, ayni vaqtda amalga oshishi mumkin bo‘lgan imkoniyatdir.
Fan va ijtimoiy-tarixiy amaliyot shuni ko‘rsatadiki, tabiat, jamiyat, inson va inson tafakkuriga xos bo‘lgan asosiy umumiy xususiyatlardan biri — bu ularda progress tomon rivojlanishning, ya’ni taraqqiyotning mavjudligidir.
Noorganik tabiatda rivojlanish moddiy ob’ektlarning, ulardagi o‘zaro aloqadorlik va harakat turlarining tobora murakkablashib borishi tarzida namoyon bo‘ladi.
Organik tabiatda esa rivojlanish tirik organizmlarning tashqi muhitga moslashuvi asosida, ulardagi tabiiy va sun’iy tanlanish jarayonida es­ki, sodda turlarning o‘rniga yangi, murakkabroq turlarning paydo bo‘lib, ularning takomillashib borishida ifodalanadi.
Insonning rivojlanishi deyilganda esa, odamning tobora ijtimoiylasha borib, mehnat, til, ong va ahloqning ta’siri tufayli ijtimoiy zot — insonga aylana borishi, nihoyat, ibtidoiy jamoa tuzumi kishisidan to hozirgi davr kishisigacha bosib o‘tilgan bosqichlar tushuniladi.
Progress tomon rivojlanish, ayniqsa, jamiyat hayotida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Jamiyatdagi rivoj­lanish bir quyi ijtimoiy-iqtisodiy bosqichdan unga nisbatan progressivroq, yuqoriroq ijtimoiy-iqtisodiy bosqichlarga o‘tib borish asosida ro‘y beradi.
Inson tafakkuri jarayoniga xos rivojlanish esa, bu inson bilishining bilmaslikdan bilishga tomon, to‘la bo‘lmagan bilimlardan to‘laroq bilimlarga to­mon, oddiy bilishdan ilmiy bilishga tomon yuksalib borishidir.
Biz ko‘rib o‘tgan sohalarning har birida progress tomon rivojlanish o‘ziga xos shakllarda yuz beradi. SHu bilan birga, ularning hammasiga xos rivojlanishning umumiy tomonlari ham bo‘lib, ular birlikda bir butun dunyoning umumiy rivojlanish manzarasini ifodalaydi.
Umuman, biz rivojlanish atamasini juda ko‘p ishlatamiz, u bizga tushunarlidek, tuyuladi. Aslida esa, bu tushuncha ifodalagan jarayon, biz o‘ylagandek, unchalik sodda emas. «Rivojlanish» tushunchasi ko‘p hollarda olg‘a qarab borishning sinonimi sifatida «progre­ss» tushunchasiga tenglashtiriladi. Bugungi kunda insoniyat jamiyatining rivojlanishi, unda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar rivojlanishning murakkab jarayon ekanligidan dalolat bermoqda.
Unda muayyan davriy o‘zgarish bilan bir qatorda, progressga tomon takrorlanmas o‘zgarishlar, turli xil zigzaglar mujassamligi ham ma’lum bo‘lmoqda. Ayniqsa, keyingi paytlarda jamiyatda yuz berayotgan o‘zgarishlar tahlikali tendensiyalar, halokatlar xavfi bo‘lgan jarayonlarni ham o‘z ichiga olishligi ravshan bo‘lmoqda. Bu jarayonlarni to‘g‘ri tushunib olish va ularga to‘g‘ri yondoshib, to‘g‘ri xulosalar chiqarish uchun bizga yangicha fikrlash juda zarur bo‘lmoqda. Masalan, bizning shu paytgacha o‘ylamasdan tabiat boyliklaridan talon-tarojlik bilan foydalanib kelishimiz natijasida bugungi kunda tabiat o‘z boshidan umumiy tanazzul (tanglik)ni kechirishi xavfi paydo bo‘ldi. SHuning uchun tabiat va jamiyatda yuz berayotgan hozirgi jarayonlarning tahlili rivojlanishning falsafiy tushunchasini qayta ko‘rib chiqishni taqozo qilmoqda. Bunga sabab rivojlanish jarayonida turli xil o‘zgarishlarning ziddiyatli xarakterlari namoyon bo‘layotganligidir.
Rivojlanish jarayoni shu bilan birga, o‘z tabiatiga ko‘ra turlicha yo‘nalishdagi, bir-biriga qarama-qarshi va ayni vaqtda bir-biridan ajralmas tendensiyali tomonlarga ham ega. Bu tendensiyalar differensiatsiya6 va integratsiya7 jarayonlarining birligidan iboratdir.
SHuni aytish kerakki, rivojlanishning turli to­monlari, bosqichlari, uning konkret xususiyatlari turli konkret fanlar tomonidan o‘rganilib, ularning har biri o‘zining sohasiga oid alohida rivojlanish nazariyalarini ishlab chiqadi va mukammallashtirib boradi. Masalan, hozirgi zamon kosmologiyasi koinot, ayrim galaktikalar, turlicha kosmik ob’ektlarning kelib chiqishi kabi nazariyalarni ishlab chiqmoqda. Evolyusion biologiya esa tirik organizmlarning rivojlanishi, ularda sodda turlardan murakkab turlarning qanday kelib chiqishi haqida o‘z nazariyalariga ega. Tarix fanida esa kishilik jamiyatining rivojlanish qonuniyatlari haqida turli nazariyalar mavjud; tilshunoslik fani bo‘lsa turli tillarning rivojlanish qonuniyatlari haqidagi nazariyalarni ishlab chiqqandir. Bular rivojlanishning turli konkret maxsus sohalariga oid nazariyalardir.
Rivojlanishning turli maxsus fanlar sohalariga oid bunday nazariyalarining umumiy jihatlari dialektikaning taraqqiyot nazariyasida ifodalanadi. Dialektikaning taraqqiyot nazariyasi esa bir butun borliqning harakati, o‘zgarishi va rivojlanish qonunlari va prinsiplarini o‘z ichiga olgan umumfalsafiy ta’limotdir. Taraqqiyotning bu umumfalsafiy nazariyasining vujudga kelishi va shakllanishi ham o‘z tarixiga ega.

Download 310.37 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   32




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling