1991-yil 21-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z farmoni bilan O‘zbekiston hududida hokimiyat va boshqaruv idoralari, korxonalar, tashkilotlar hamda muassasalarning qabul qilgan barcha qarorlari va ularning ijrosi SSSR va O‘zbekiston SSR Konstitutsiyalariga hamda qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlariga va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga so‘zsiz mos kelishi kerak, deb belgilab qo‘ydi. Farmonda SSSR da favqulodda holat davlat qo‘mitasining SSSR Konstitutsiyasi hamda qonunlariga, O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasi hamda qonunlariga zid keladigan farmonlari va qarorlari haqiqiy emas, deb belgilab qo‘yildi.
Fitnachilarning qonunga xilof ravishda urinishlari natijasida 1991-yil 19-21- avgust kunlari Moskvada fojiali hodisalar ro‘y berdi. Rossiya Federatsiyasi rahbariyati tashabbusi bilan demokratik kayfiyatdagi Moskva aholisi tomonidan fitna bostirildi. Fitnani uyushtiruvchilar qamoqqa olindi. M.S.Gorbachyov Prezidentlik lavozimiga qaytib keldi. Biroq mamlakatdagi siyosiy vaziyat tang ahvolga tushib qoldi. Markaziy hokimiyat falaj bo‘lib qoldi. Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi ham halokatga uchradi.
I.A. Karimov favqulodda holat davlat qo‘mitasi faoliyatiga o‘z munosabatini bildirmagan qo‘rqoq va prinsipsiz mavqeda turgan KPSS Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy Byurosi va Kotibiyati yuz minglab kommunistlarning sha’ni va qadr-qimmatini zarba ostiga qo‘yganini qoraladi. Buning ustiga respublika kommunistlarini chalg‘itishga va davlat to‘ntarishini qo‘llab- quvvatlashga majbur qilishga urinish bo‘lganini oshkora aytdi.
I.A. Karimov bundan keyin KPSS Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy Byurosining tarkibida qola olmasligi to‘g‘risida bayonot berdi. Mazkur Bayonotni O‘zbekiston Kompartiyasi MQ byurosi va Markaziy nazorat komissiyasi rayosati ma’qulladi.
1991-yil 25-avgust kuni esa O‘zbekiston SSR Prezidenti mamlakatimizning to‘la mustaqilligi yo‘lida tamal toshini qo‘ygan yana bir muhim farmonni e’lon qiladi. Farmonda jumladan, shunday deyiladi: «Mamlakatda vujudga kelgan ahvolni e’tiborga olib va respublika manfaatlarini himoya qilish maqsadida Respublika Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizligi komiteti O‘zbekiston SSRning qonuniy tasarrufiga olinsin. Respublika hududida joylashgan SSSR Ichki ishlar vazirligining ichki qo‘shinlari bevosita O‘zbekiston SSR Prezidentiga bo‘ysundirilsin.
Do'stlaringiz bilan baham: |