2-mavzu. Shaxs va shaxsning psixik taraqqiyoti Reja
Muloqotning psixologik tomonlari
Download 260.78 Kb.
|
2-mavzu. Shaxs va shaxsning psixik taraqqiyoti Reja-fayllar.org (1)
Muloqotning psixologik tomonlari.
Ma’lumki, gaplashayotgan odamlar biri gapiradi, ikkinchisi tinglaydi, eshitadi. Muloqotning samaradorligi ana shu ikki qirraning qanchalik o‘zaro mosligi, bir - birini to‘ldirishiga bog‘liq ekan. Noto‘g‘ri tasavvurlardan biri shuki, odamni muomala yoki muloqotga o‘rgatganda, uni faqat gapirishga, mantiqan asoslangan so‘zlardan foydalanib, ta’sirchan gapirishga o‘rgatishadi. Uning ikkinchi tomoni - tinglash qobiliyatiga deyarli e’tibor berilmaydi. Mashhur amerikalik notiq, psixolog Deyl Karnegi «Yaxshi suhbatdosh - yaxshi gapirishni biladigan emas, balki yaxshi tinglashni biladigan suhbatdoshdir» deganda aynan shu qobiliyatlarning insonlarda rivojlangan bo‘lishini nazarda tutgan edi. Mutaxassislarning aniqlashlaricha, ishlayotgan odamlar vaqtining 45%i tinglash jarayoniga ketar ekan, odamlar bilan doimiy muloqotda bo‘ladiganlar 35 - 40 % oylik maoshlarini odamlarni «tinglaganlari» uchun olarkanlar. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, kommunikatsiyaning eng qiyin sohalaridan hisoblangan tinglash qobiliyati odamga ko‘proq foyda keltirarkan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, nemis faylasufi A.Shopengauer «Odamlarni o‘zingiz to‘g‘ringizda yaxshi fikrga ega bo‘lishlarini xohlasangiz, ularni tinglang» deb yozgan ekan. Darhaqiqat, agar siz kuyunib gapirsangizu, suhbatdoshingiz sizni tinglamasa, boshqa narsa bilan ovora bo‘laversa, undan ranjiysiz, nafaqat ranjiysiz, balki u bilan aloqani ham uzasiz. O‘qituvchi gapirayotgan paytda uni tinglamaslik odobsizlikning eng keng tarqalgan ko‘rinishi deb baholanishini bilasizmi? Nima uchun biz ko‘pincha yaxshi gapiruvchi, so‘zlovchi bo‘la olamiz-u, yaxshi tinglovchi bo‘la olmaymiz? Psixologlarning fikricha, asosiy xalaqit beruvchi narsa - bu bizning o‘z fikr - o‘ylarimiz va xohishlarimiz og‘ushida bo‘lib qolishimizdir. Shuning uchun ham ba’zan rasman sherigimizni tinglayotganday bo‘lamiz, lekin aslida xayolimiz boshqa yerda bo‘ladi. Tinglashning ham xuddi gapirishga o‘xshash texnikasi, usullari mavjud. Ularning turi ham ko‘p, lekin asosan biz kundalik hayotda uning ikki usulini qo‘llaymiz : so‘zma - so‘z qaytarish va boshqacha talqin etish. Birinchisi, suhbatdosh so‘zlarining bir qismini yoki yaxliticha qaytarish orqali, sherikni qo‘llab - quvvatlashni bildiradi. Ikkinchi usul esa - sherigimiz so‘zlarini tinglab, undagi asosiy g‘oyani muxtasar, o‘zimizning talqinimizda ifoda etish. Ikkala usul ham sherik uchun muhim, chunki u sizning tinglayotganingizni, xattoki, undagi g‘oyalarga qarshi emasligingizni bildiradi. Bunday tashqari, biz yaxshi tinglayotgan bo‘lib, «Yo‘q-e?», «Nahotki?», «Qara-ya?», «Yasha!» luqmalari bilan ham suhbatdoshimizni gapirishga, yanayam o‘z fikrlarini oydinlashtirishga chaqirib turamiz. Demak, aslida bizdagi gapirayotgan shaxs yyetakchi, u suhbatning mutloq hokimi, degan tasavvur unchalik to‘g‘ri emas. Yaxshi tinglashda ham shunday kuch borki, u suhbatdoshni Sizga juda yaqinlashtiradi, ishonchni tug‘diradi. Chunki muloqot jarayonidagi eng qimmatli narsa - bu axborotning o‘zi. Tinglayotgan odam ma’nili, yaxshi dialogdan faqat yaxshi, foydali ma’lumot oladi. Gapirgan esa aksincha, o‘zidagi borini berib, gapirmaydigan suhbatdoshdan «teskari aloqani» olib ulgurmay, hech narsasiz qolishi ham mumkin. Shuning uchun muloqotga o‘rgatishning muhim yo‘nalishlaridan biri - odamlarni faol tinglashga, bunda barcha paralingvistik va noverbal omillardan o‘rinli foydalanishga o‘rgatishdir. Bu borada professional tinglash texnikasiga quyidagilar kiradi: aktiv holat. Bu - agar kreslo yoki divan kabi mebel bo‘lsa, unga bemalol yastanib yoki yotib olmaslik, suhbatdoshning yuzidan tashqari joylariga qaramaslik, mimika, bosh chayqash kabi harakatlar bilan uning har bir so‘ziga qiziqayotganligingizni bildirishni nazarda tutadi; suhbatdoshga samimiy qiziqish bildirish. Bu nafaqat suhbatdoshni o‘ziga jalb qilib, balki keyin navbat kelganda o‘zining har bir so‘ziga uni ham ko‘ndirishning samarali yo‘lidir. o‘ychan jimlik. Bu suhbatdosh gapirayotgan paytda yuzda mas’uliyat bilan tinglayotganday tasavvur qoldirish orqali o‘zingizning suhbatdan manfaatdorligingizni bildirish yo‘li. Agar biz suhbatdoshimizni yaxshi, diqqat bilan tinglasak, bu bilan biz unda o‘z - o‘ziga hurmatni ham tarbiyalaymiz. Demak, tinglash jarayoni ko‘pchilik tasavvur qilgani kabi unchalik passiv jarayon emas ekan. Uning muloqotning samarali bo‘lishidagi ahamiyati nihoyatda katta. Chunki tinglash qobiliyati gapiruvchini ilhomlantiradi, uni ruhlantiradi, yangi fikrlar, g‘oyalarning shakllanishiga sharoit yaratadi. Shuning uchun ma’ruzachi professorning har bir chiqishi va ma’ruzasi agar talabalar tomonidan diqqat bilan tinglansa, bu pedagogik muloqotdan ikkala tomon ham teng yutadi. Agar muloqot jarayonida ishtirok etuvchi ikki jarayon - gapirish va tinglashning faol o‘zaro ta’sir uchun teng ahamiyatini nazarda tutsak, bu jarayon qatnashchilarining psixologik savodxonligi va muloqot texnikasini egallashining ahamiyatini anglash qiyin bo‘lmaydi. Shuning uchun ham ijtimoiy psixologiyada odamlarni samarali muloqotga ataylab o‘rgatishga juda katta e’tibor beriladi. Bu boradagi fanning o‘z uslubi bo‘lib, uning nomi ijtimoiy psixologik trening (ipt) deb ataladi. Ipt - muloqot jarayoniga odamlarni psixologik jihatdan hozirlash, ularda zarur kommunikativ malakalarni maxsus dasturlar doirasida qisqa fursatda shakllantirishdir. Eng muhimi ipt mobaynida odamlarning muloqot borasidagi bilimdonligi ortadi.Shaxs – ong egasi bo‘lgan konkret odam. Faoliyat – u yoki bu yumushni bajarishga qaratilgan harakatlar majmui. Malaka – odamda harakatlarning tezlashuvi, avtomatlashuvi. Ko‘nikma – avtomatlashgan harakatlarning doimiyligi. «Shaxs» tushunchasi psixologiyada eng ko‘p qo‘llaniladigan tushunchalar sirasiga kiradi. Psixologiya o‘rganadigan barcha fenomenlar aynan shu tushuncha atrofida qayd etiladi. Inson ruhiy olami qonuniyatlari bilan qiziqkan har qanday olim yoki tadqiqotchi ham shaxsning ijtimoiyligi va aynan jamiyat bilan bo‘lgan aloqasi masalasini chetlab utolmagan. Sh a x s — ijtimoiy va shaxslararo munosabatlarning mahsuli, ongli faoliyatning subyekti bo‘lmish individdir. Shaxsga taaluqli bo‘lgan eng muhim tasnif ham uning jamiyatdagi murakkab ijtimoiy munosabatlarga bevosita aloqadorlik, ijtimoiy faoliyatga nisbatan ham obyekt, ham subyekt bo‘lishlikdir. Odam insonshunoslik fanlari tomonidan har tomonlama o‘rganilib kelinmoqda. Psixologiyada odam biologik evolyutsiya mahsuli sifatida, jamiyat ishlab chiqarishining asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida, ishlab chiqarish va boshqa ijtimoiy munosabatlarning subyekti sifatida o‘rganiladi. Odamning boshqa shaxslar bilan, tashqi olam bilan bo‘lgan munosabatlari xilma-xil bo‘lganligi uchunga unga xos bo‘lgan psixologik sifatlar va fazilatlar ham nihoyatda xilma-xildir. Psixologiya fanida inson zotiga xoslik masalasi individ (lotincha individ - ajralmas, alohida zot degan ma’no anglatadi), shaxs, individuallik (yakkahollik) tushunchalari orqali aks ettiriladi. Katta yoshdagi ruhiy sog‘lom (esi-hushi joyida) odamlar ham, chaqaloq ham, nutqi yo‘q, oddiy malakalarni o‘zlashtira olmaydigan aqli zaiflar ham individlar deb ataladi. Biroq bulardan birinchisinigina shaxs deb atash an’ana tusiga kirib qolgan, chunki o‘sha zotgina ijtimoiy mavjudod, ijtimoiy munosabatlar mahsuli, ijtimoiy taraqqiyotning faol qatnashchisi bo‘la oladi. Individ sifatida yorug‘ dunyoga kelgan odam ijtimoiy muhit ta’sirida keyinchalik shaxsga aylanadi, shuning uchun bu jarayon ijtimoiy-tarixiy xususiyatga egadir. Ilk bolalik chog‘idanoq individ muayyan ijtimoiy munosabatlar tizimi doirasiga tortiladi, bunday shaxslararo munosabatlar tarzi tarixiy shakllangan bo‘lib, u yoshligidanoq shu tayyor (ajdodlar yaratgan) ijtimoiy munosabat, muomala, muloqot tizimi bilan tanisha boradi. Ijtimoiy qurshov (oila a’zolari, mahalla axli, jamoatchilik, ishlab chiqarish jamoasi), ijtimoiy guruh ichida (kishilarning og‘ushida, ularning qalb to‘risida) odamning bundan keyingi rivojlanishi uni shaxs sifatida shakllantiruvchi, uning ongi va irodasining xususiyatlariga mutlaqo bog‘liq bo‘lmagan har xil xususiyatli munosabatlar majmuasini vujudga keltiradi. Umumiy psixologiya fanida shaxsning shakllanishi va rivojlanishi qonuniyatlari hamda ularning mexanizmlari tadqiq etiladi. Bu borada psixologlar tomonidan shaxsga nisbatan turlicha ta’rif berilgan va uning tuzilishini o‘ziga xos tarzda tasavvur qilishgan. Quyida mualliflarning ayrimlariga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz. A.G.Kovalevning fikricha, shaxs - bu ijtimoiy munosabatlarning ham obyekti, ham subyektidir. A.N.Leontyev ushbu masalaga boshqacharoq yondashib, unga shunday ta’rif beradi: shaxs - bu faoliyat subyektidir. K.K.Platonovning talqiniga binoan: jamiyatda o‘z rolini anglovchi, ishga layoqatli, yaroqli a’zosi shaxs deyiladi. Bu muammo mohiyatini chuqurroq ochishga harakat qilgan S.L.Rubinshteyn ta’rificha, shaxs bu tashqi ta’sirlar yo‘nalishini o‘zgartiruvchi ichki shart-sharoitlar majmuasidir. Psixologiya fanida bir-biriga yaqin, lekin ayniyat bo‘lmagan tushunchalar qo‘llanilib kelinadi, chunonchi: odam, shaxs, individuallik. Ularning mohiyatini aniqroq izohlab berish uchun har birining psixologik tabiatini tahlil qilish maqsadga muvofiq. 1. Odam: sut emizuvchilar sinfiga daxldorlik, biologik jonzod ekanligi odamning o‘ziga xos xususiyatidir. Tik yurishlik, qo‘llarning mehnat faoliyatiga moslashganligi, yuksak taraqqiy etgan miyaga egaligi, sut emizuvchilar tasnifiga kirishi uning o‘ziga xos tomonlarini aks ettiradi. Ijtimoiy jonzod sifatida odam ong bilan qurollanganligi tufayli borliqni ongli aks ettirish qobiliyatidan tashqari o‘z qiziqishlari va ehtiyojlariga mutanosib tarzda uni o‘zgartirish imkoniyatiga ham egadir. 2. Shaxs. Mehnat tufayli hayvonot olamidan ajralib chiqqan va jamiyatda rivojlanuvchi, til yordami bilan, boshqa kishilar bilan muloqot (muomala)ga kirishuvchi odam shaxsga aylanadi. Ijtimoiy mohiyati shaxsning asosiy tavsifi hisoblanadi. 3. Individuallik. Har qaysi inson betakror o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Shaxsning o‘ziga xos qirralarining mujassamlashuvi individuallikni vujudga keltiradi. Individual shaxsning intellektual, emotsional va irodaviy sohalarida namoyon bo‘ladi. Sobiq sovet psixologiyasida eng ko‘p tarqalgan shaxsning tuzilishiga oid materiallar bilan qisqacha tanishib o‘tamiz. S.L.Rubinshteyn bo‘yicha shaxs quyidagi tuzilishga ega: 1. Yo‘nalganlik - ehtiyojlar, qiziqishlar, ideallar, e’tiqodlar, faoliyat va xulqning ustuvor motivlari hamda dunyoqarashlarda ifodalanadi. 2. Bilimlar, ko‘nikmalar, malakalar, hayot va faoliyat jarayonida egallanadi. 3. Individual tipologik xususiyatlar temperament, xarakter, qobiliyatlarda aks etadi. K.K.Platonov ta’limotiga ko‘ra, shaxs tuzilishi quyidagi shaklga ega: I. Yo‘nalganlik osttuzilishi shaxsning axloqiy qiyofasi va munosabatlarini birlashtiradi, Undan harakatchanlik, barqarorlik, jadallik, ko‘lam (hajm) darajalarini farqlash lozim. II. Ijtimoiy tajriba osttuzilishi - ta’lim vositasida, shaxsiy tajribada egallangan bilimlar, ko‘nikmalar va odatlarni qamrab oladi. III. Psixologik aks ettirish shakllari osttuzilishi - ijtimoiy turmush jarayonida shakllanuvchi bilish jarayonlarining individual xususiyatlari. IV. Biologik shartlangan osttuzilish - miya morfologik va fiziologik xususiyatlariga muayyan darajada bog‘liq bo‘lgan patologik o‘zgarishlarni, shaxsning yosh, jins xususiyatlarini va uning tipologik hosiyatlarini birlashtiradi. A.G.Kovalev talqiniga binoan, shaxs mana bunday tuzilishga ega: 1. Yo‘nalganlik - voqelikka nisbatan inson munosabatini aniqlaydi, unga o‘zaro ta’sir etuvchi har xil xususiyatli g‘oyaviy va amaliy ustanovkalar, qiziqishlar, ehtiyojlar kiradi. Ustuvor yo‘nalganlik shaxsning barcha psixik faoliyatini belgilaydi. 2. Imkoniyatlar - faoliyatning muvaffaqiyatli amalga oshishini ta’minlovchi tizim. O‘zaro ta’sir etuvchi va o‘zaro bog‘liq bo‘lgan turlicha qobiliyatlar. 3. Xarakter. Ijtimoiy muhitda shaxsning xulq-atvor uslubini aniqlaydi. Odamning ruhiy hayoti shakli va mazmuni unda namoyon bo‘ladi. Xarakter tizimidan irodaviy va ma’naviy sifatlar ajratiladi. 4. Mashqlar tizimi. Hayot va faoliyat, harakat va xulq-atvorni tuzatish (korreksiyalash), o‘zini o‘zi nazorat qilish, o‘zini o‘zi boshqarishni ta’minlaydi. Download 260.78 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling