Hamid Olimjon qalamiga mansub “Yigit” she’ri tahlili.
Yovni eng-u, / ertaroq kel, / ko‘p sog‘indi / k o‘zimiz,
- V - - / - V - - / - V - - / - V -
Qalbimizda / muntazirdi / r eng muqaddas / so‘zimiz.
- V - - / - V - - / - V - - / - V -
Kecha-kundu / z intizormiz, / yo‘llaringda / ko‘zimiz,
- V - - / - V - - / - V - - / - V -
Senga zordir / gul, chamanlar, / bo‘stonlar, / bog‘lar.
- V - - / - V - - / - V - - / - V -
Mazkur misolda ham “sog‘indik” so‘zidagi “k”, “muntazir”dagi “r” va “kunduz” so‘zining oxirgi tovushi “z” noto‘g‘ri tarzda navbatdagi rukn tarkibiga ko‘chirilgan. Chunki ular ishtirokidagi bo‘g‘inlar avval ham oddiy cho‘ziq hijolar edi, ko‘chirilgach ham shunday bo‘lib qoldi. Vaholanki, vasldan murod yuqorida ta’kidlaganimiz – biror bo‘g‘inni vaznga bo‘ysundirish maqsadida sifat jihatdan o‘zgartirishdir. Demak, yuqoridagi “vasl”lar bemaqsad, ta’kidlaganimizdek, noilmiy qarashlar samrasidir.
Hamza Hakimzoda Niyoziyning “O‘zbek xotin-qizlariga” g‘azali
Keldi ochi / lur chog‘i / o‘zliging na / moyon qil,
- V - V / - - - / - V - V / - - -
Parchalab ki / shanlarni / har tomon pa / rishon qil.
- V - V / - - - / - V - V / - - -
Birinchidan, baytni bu holda ifodali o‘qishning hech bir iloji yo‘q. Xolbuki, ruknlar aruzdagi asarlar o‘qilishining hal qiluvchi omillaridan sanaladi.Barmoqda turoq qanday to‘xtam (pauza) bilan o‘qilsa, aruzda ruknlar ham shunday to‘xtamlar hosil qiladi.
Ikkinchidan, birinchi o‘rinda kelayotgan rukn “- V – V” - “foilotu” “foilotun”ning “makfuf” ko‘rinishidir; ikkinchisi esa, “- - - ” – “mafuvlun” “mafoiylun”ning “axram”idir. Demak, baytni yuzaga keltirishda asosan “foilotun” va “mafoiylun” ruknlari ishtirok etishgan, degan xulosaga kelinadi.
Aruz amaliyoti tarixida esa, hech qachon foilotun va mafoiylun ruknlari birikuvidan bahr hosil bo‘lganligi kuzatilmagan. Bundan taqte qilishda xatoga yo‘l qo‘yilgan, degan xulosa kelib chiqadi.
Aslida taqte bunday amalga oshirilishi kerak edi:
Keldi o / chilur chog‘i / o‘zliging / namoyon qil,
- V - / V - - - / - V - / V - - -
Parchalab / kishanlarni / har tomon / pa rishon qil.
- V - / V - - - / - V - / V - - -
Mana endi g‘azal ifodali ham o‘qiladi. Qaysi bahrning qaysi tarmog‘ida – vaznida yozilgani ham aniq: birinchi o‘rindagi “foilun” – “mafoiylun”ning “ashtar” tarmog‘i, ikkinchi o‘rinda rukn esa, “mafoiylun”ning o‘zi, yani solimi. Demak, g‘azal mafoiylun rukni asosida – hazaj bahrida yaratilibdi. Uning vazni esa, “Hazaji musammani ashtari solim”dir.
Do'stlaringiz bilan baham: |