27 – savol Qilmishning jinoiyligini istisno qiluvchi holatlar sifatida kam ahamiyatli qilmishlar, zaruriy mudofaa va oxirgi zarurat – tushunchasi, ahamiyati va ularni qo`llashdagi muammlolarni bartaraf etish masalalari


Download 18.02 Kb.
Sana24.11.2020
Hajmi18.02 Kb.
#151351
Bog'liq
27 savol


27 – savol

Qilmishning jinoiyligini istisno qiluvchi holatlar sifatida kam ahamiyatli qilmishlar, zaruriy mudofaa va oxirgi zarurat – tushunchasi, ahamiyati va ularni qo`llashdagi muammlolarni bartaraf etish masalalari.

KIRISH

Ijtimoiy xavfli qilmishni jinoyat sifatida baholash uchun unda jinoyat tarkibining barcha elementlari – jinoyat obyekti, obyektiv tomoni, subyekti va subyektiv tomoni mavjud bo‘lishi lozim. Shuningdek, jinoyat o‘zining jinoyat qonuniga xilofligi, ijtimoiy xavfliligi, aybliligi hamda jazoga sazovorligi bilan boshqa huquqbuzarliklardan ajralib turadi.

Ayrim hollarda shaxsning jinoyat obyektiga qarshi qaratilgan qilmishida obyektiv va subyektiv belgilar mavjud bo‘lsada, jinoyat sifatida baholanmasligi mumkin. Bunday vaziyatda muayyan shartlarda sodir etilgan qilmishning jinoiyligi istisno etiladi. O‘zbekiston Respublikasi JK 35-moddasida ana shunday qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar tushunchasi berilgan. Unga ko‘ra, sodir etilgan qilmishda JKda nazarda tutilgan alomatlar rasmiy jihatdan mavjud bo‘lsa-da, lekin u ijtimoiy xavfli, g‘ayriqonuniy yoki aybli bo‘lmasa, qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar deb topiladi. Amaldagi jinoyat qonunida qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlarning nazarda tutilganligi uning insonparvarlik va odillik prinsiplaridan kelib chiqadi.

ASOSIY QISM 1

Qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holat – sodir etilgan qilmishda jinoyat tarkibi elementlari rasmiy jihatdan mavjud bo’lsa-da, lekin ijtimoiy xavfli, g’ayriqonuniy yoki aybli emasligi natijasida uning jinoiyligini istisno etuvchi holatdir.

Qilmishning jinoiyligini istisno etuvchi holatlarning jinoyat qonunida belgilanganligi bunday belgiga ega qilmish (harakat yoki harakatsizlik) sodir etilganda uning jinoiyligini istisno etish majburiy xarakter kasb etishini anglatadi. Boshqacha aytganda, bu kabi qilmishlarni sodir etish jinoiy javobgarlikning asosini keltirib chiqarmaydi. Bu esa qilmishda jinoyat tarkibi mavjud emasligini bildiradi. Shunga ko‘ra, qilmishning jinoiyligini istisno etuvchi holatlar jinoyat qonuniga xilof bo‘lmaganligi, ularda aybning shakli mavjud emasligi, ijtimoiy xafv tug‘dirmasligi hamda unga nisbatan jinoyat qonunida jazo qo‘llash tahdidi ko‘zda tutilmaganligi sababli ham ular jinoyat deb topilmaydi.

Qonun chiqaruvchi tomonidan qilmishning jinoiyligini istisno etuvchi holatlarning belgilanishi ijtimoiy munosabatlarni jinoiy tajovuzlardan himoya qilishda nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki jamiyatning barcha a’zolari faol ishtirok etishiga xizmat qiladi.

Qilmishning jinoiyligini istisno etuvchi holatlarning jinoyat-huquqiy tavsifini yoritishda quyidagi asoslarga ko‘ra jinoyat tarkibining mavjud bo‘lmasligini qayd etish lozim:

– jinoyat obyekti mavjud emasligi, ya’ni qilmishning jinoiyligini istisno etuvchi holatlarda sodir etilgan qilmish jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan ijtimoiy munosabatlarga tajovuz qilmaydi, aksincha, ularni muhofaza qilish maqsadida amalga oshiriladi;

– jinoyatning obyektiv tomoni, ya’ni qilmishning jinoiyligini istisno etuvchi holatlarda sodir etilgan qilmishning tashqi tomon belgilari garchi ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etishning tashqi jihatlarini ifodalasada, ammo bu qilmish (harakat yoki harakatsizlik) ijtimoiy foydali bo‘lib, jinoiy-huquqiy xarakter kasb etmaydi;

jinoyatning subyektiv tomoni, ya’ni qilmishning jinoiyligini istisno etuvchi holatlarda sodir etilgan qilmishda shaxsning qilmishga ichki ruhiy munosabati aybning qasd yoki ehtiyotsizlik shaklini keltirib chiqarmaydi (zaruriy mudofaa, oxirgi zarurat, ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlashning zarur choralari chegarasidan chetga chiqish hollari bundan mustasno).

ASOSIY QISM 2

Kam ahamiyatli qilmishlar. JKning 36-moddasida kam ahamiyatli qilmishlar tushunchasi berligan. Unga ko‘ra, garchi JKda jinoyat sifatida nazarda tutilgan qilmishning alomatlari mavjud bo‘lsa-da, o‘zining kam ahamiyatliligi tufayli ijtimoiy xavfli bo‘lmagan harakat yoki harakatsizlik jinoyat deb topilmaydi.

Kam ahamiyatli qilmishlar sodir etilganda jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan obyektlarga jiddiy zarar yetkazilmaydi.

Qilmishning jinoiyligini istisno etuvchi boshqa holatlardan farqli ravishda kam ahamiyatli qilmishlarda jinoyat tarkibi elementlari rasman mavjud bo‘ladi. Ya’ni, uning obyektiv va subyektiv belgilari JK Maxsus qismidagi biror-bir modda dispozitsiyasida nazarda tutilgan belgilarga muvofiq keladi, biroq qonun chiqaruvchi qilmishning ijtimoiy hAfvlilik xususiyati yuqori emasligi, uni sodir etish natijasida jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan obyektlarga jiddiy zarar yetkazilmaganligi tufayli uning jinoiyligi istisno etiladi.

Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining 1996-yil 27-fevraldagi 3-sonli “Qonunga xilof ravishda qurolga egalik qilish to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud amaliyoti haqida”gi qarori 13-bandining ikkinchi xatboshisida keltirilishicha, qurol va o‘q-dorilarni saqlash JK 248-moddasida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi belgilariga muvofiq kelsa-da, qurol va o‘q-dorilarni saqlashning o‘zi kam ahamiyatliligi sababli JK 36-moddasiga ko‘ra jinoyat hisoblanmaydi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining 2014-yil 23-maydagi 7-sonli “Sud hukmi to‘g‘risida”gi qarori 9-bandining uchinchi xatboshisiga ko‘ra jinoyat sifatida nazarda tutilgan qilmishning alomatlari mavjud bo‘lsa-da, o‘zining kam ahamiyatliligi tufayli ijtimoiy xavfli bo‘lmasa qilmishda jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli oqlov hukmi chiqarilishi ko‘rsatilgan.

Zaruriy mudofaa. JKning 37-moddasida qilmishning jinoiyligini istisno etuvchi zaruriy mudofaa holati tushunchasi keltirilgan.

Unga ko‘ra, zaruriy mudofaa holatida sodir etilgan, ya’ni mudofaalanuvchi yoxud boshqa kishining shaxsi yoki huquqlarini, jamiyat yoki davlat manfaatlarini qonunga xilof tajovuzlardan tajovuzchiga zarar yetkazgan holda himoya qilish chog‘ida qilingan harakat, agar zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqilmagan bo‘lsa, jinoyat deb topilmaydi.



Qonun chiqaruvchi jamiyat a’zolariga o‘z huquq va manfaatlarini jinoiy tajovuzlardan himoya qilish huquqini taqdim etar ekan, zarur hollarda tajovuzchiga zarar yetkazish orqali o‘zi yoki boshqa kishining shaxsi yoki huquqlarini, jamiyat yoki davlat manfaatlarini himoya qilishga ruxsat etadi. Ta’kidlash kerakki, zaruriy mudofaadan foydalanish huquqi shaxsning o‘ziga qilingan tajovuzga nisbatangina amalga oshirilmaydi, balki zaruriy mudofaadan foydalanish davlat mulki, jamoat tartibi, boshqa fuqarolarning hayoti, sha’ni qadr-qimmati, manfaatlarini jinoiy
tajovuzdan qo‘riqlashga ham xosdir. Shunga ko‘ra, zaruriy mudofaadan
foydalanish huquqi nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga, balki
har bir shaxsga berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining 1996-yil 20-dekabrdagi “Ijtimoiy xavfli tajovuzlardan zaruriy mudofaa huquqini ta’minlovchi qonunlarning sudlar tomonidan qo‘llanilishi haqida”gi 39-sonli qarorida zaruriy mudofaa holati faqatgina ijtimoiy xavfli tajovuz yuz bergan paytning o‘zidagina emas, balki tajovuzning boshlanish xAfvi mavjud bo‘lgan hollarda ham vujudga kelishi tushuntiriladi. Masalan, jinoyatchi jabrlanuvchining nomusiga tegish maqsadini oshkor qilib, jinsiy aloqa qilishga tayyorgarlik ko‘rayotgan (kiyimlarini yechish, jabrlanuvchining qochib ketishining oldini olish maqsadida eshikni qulflash va boshq.) vaziyatda jabrlanuvchi nomusga tegish jinoyatini sodir etilishining oldini olish maqsadida tajovuzchiga zarar yetkazishi orqali zaruriy mudofaadan foydalanishi.

Shu bilan birgalikda, ushbu Plenum qarorida shaxsning zaruriy mudofaadan foydalanishiga oid ayrim tushuntirishlar berilgan bo`lib, agar himoyalanuvchi ish holatlariga ko‘ra tajovuz tugagan vaqtni aniq anglay olmagan bo‘lsa, zaruriy mudofaa holati tajovuz tugagandan so‘ng ham bo‘lishi mumkinligi bayon qilingan. Shuningdek, hujum vaqtida ishlatilgan qurol va boshqa ashyolarning tajovuzchidan himoyalanuvchining qo‘liga o‘tib qolishining o‘zi tajovuz tugaganligidan dalolat bermasligi aytilgan.

Qayd etish kerakki, qonun chiqaruvchi boshqa shaxslarga yoki hokimiyat organlariga yordam so‘rab murojaat qilish yoxud tajovuzdan o‘zga yo‘sinda qutulish imkoniyati bor-yo‘qligidan qat’i nazar, zaruriy mudofaa huquqidan foydalanish imkoniyatini shaxsga taqdim etgan.

Biroq zarar yetkazish maqsadida qasddan hujum qilish istagini qo‘zg‘atish zaruriy mudofaa deb topilmaydi. Ya’ni shaxs ziyon yetkazish maqsadida hujumning kelib chiqishiga sabab bo‘lganda uning harakatlarini zaruriy mudofaa holatida sodir etilgan deb hisoblanmaydi.

Lekin mudofaalanuvchi tomonidan tajovuzni qaytarish vaqtida ehtiyotsizlik bilan yetkazilgan zarar jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarmaydi. Zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib, qasddan badanga og‘ir tan jarohati yetkazilganlik tajovuzchining o‘limiga olib kelsa, himoyalanuvchining aybi tajovuzchining o‘limiga nisbatan ehtiyotsizlik oqibatida yuz bergan bo‘lsa, JKning 107-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinadi.

Oxirgi zarurat. JKning 38-moddasida oxirgi zarurat tushunchasi keltirilgan bo‘lib, unga ko‘ra oxirgi zarurat holatida, ya’ni shaxsning yoki boshqa fuqarolarning shaxsiga yoxud huquqlariga, jamiyat yoki davlat manfaatlariga tahdid soluvchi xAfvni qaytarish uchun qonun bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlarga zarar yetkazgan holda sodir etilgan qilmish, basharti, shu xafvni o‘sha holatda boshqa choralar bilan qaytarishning iloji bo‘lmasa hamda keltirilgan zarar oldi olingan zararga qaraganda kamroq bo‘lsa, jinoyat deb topilmaydi.

Oxirgi zaruratning mohiyati jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan bir obyektga nisbatan kamroq zarar yetkazish yo‘li bilan jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan boshqa bir obyektga zarar yetkazilishi natijasida kelib chiqadigan og‘irroq oqibatni qaytarishda ifodalanadi. Bunda, birinchi navbatda shaxs ijtimoiy foydani ko‘zlab jinoyat obyektiga zarar yetkazadi.

Oxirgi zaruratga misol sifatida shaxsning jinoyatchi yoki aqli noraso shaxs tajovuzidan saqlanish maqsadida uchinchi shaxsga tegishli bo‘lgan transport vositasini olib qochish yoki yo‘lning qatnov qismiga to‘satdan mast holdagi piyodaning chiqib qolishi natijasida haydovchining rulni keskin boshqa tomonga burishi oqibatida boshqa shaxsning mulkiga zarar yetkazishini keltirish mumkin.

Oxirgi zaruratning eng muhim sharti bu ayni vaziyatda xAfvning oldini olish maqsadida uchinchi shaxs manfaatlariga zarar yetkazmaslikdan boshqa choraning mavjud emasligida ifodalanadi.

XULOSA

Xulosa tariqasida shuni aytish mumkinki, qilmishning jinoiyligini istisno etuvchi holatlar har bir shaxsga o‘z huquq va manfaatlarini jinoiy tajovuzlardan himoya qilishga imkon yaratadi. Shu sababdan ham qilmishning jinoiyligini istisno etuvchi holatlar ijtimoiy foydali qilmish deb ham atasa bo`ladi. Bundan tashqari, yuqoridagi muhokamalarimiz davomida zaruriy mudofaa hamda oxirgi zaruratning belgilari o‘xshash ko‘rinsa-da, ular quyidagi jihatlarga ko‘ra o‘zaro farqlanishini ko`rishimiz mumkin:

– xafv (tajovuz) manbaiga ko‘ra – zaruriy mudofaada tajovuz ijtimoiy xavfli qilmish natijasida kelib chiqsa, oxirgi zaruratda esa xAfv ham ijtimoiy xavfli qilmish natijasida, ham tabiiy, texnogen tusdagi hodisalar, hayvonlar ta’sirida kelib chiqadi;

– zarar yetkazish manbaiga ko‘ra – zaruriy mudofaada zarar tajovuzchiga yetkazilsa, oxirgi zaruratda esa uchinchi shaxslar manfaatiga zarar yetkaziladi;



– zarar nisbati bilan – zaruriy mudofaada yetkazilgan zarar oldi olinganidan kam, teng yoki undan ko‘p bo‘lishi mumkin, oxirgi zaruratda esa yetkazilgan zarar oldi olingan zararga qaraganda kamroq bo‘lishi shart;

– zarar yetkazish zaruratiga ko‘ra – zaruriy mudofaada boshqa shaxslarga yoki hokimiyat organlariga yordam so‘rab murojaat qilish yoxud tajovuzdan o‘zga yo‘sinda qutulish imkoniyati bor-yo‘qligidan qat’i nazar, mudofaa huquqi ta’minlanadi, oxirgi zaruratda esa zarar yetkazish so‘nggi chora bo‘lishi lozim.
Download 18.02 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling