3 I. Bob. Qadimgi Arabiston xalqlari


II.2. JANUBIY ARABISTONDAGI QADIMGI DAVLATLAR


Download 226.5 Kb.
bet7/8
Sana18.06.2023
Hajmi226.5 Kb.
#1569648
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
Arabistonda Saudiylar davlatining barpo etilishi

II.2. JANUBIY ARABISTONDAGI QADIMGI DAVLATLAR
Arabiston yarim orolining janubi-g'arbiy qismida mavjud bo'lgan qulay iqlim va tuproq sharoiti bu yerda nisbatan erta dehqonchilik bilan shug'ullanish imkonini berdi. Janubiy Arabistonga oid birinchi ishonchli ma'lumotlar miloddan avvalgi II ming yillikning o'rtalariga taalluqlidir. Ularga ko'ra bu paytda hozirgi Yaman territoriyasida rivojlangan dehqonchilik va chorvachilik mavjud bo'lgan. Shu bilan birga birinchi patriarxal-quldorlik davlatlari vujudga kela boshlagan. O'zga yurtlar bilan savdo aloqalarining kengayishi bu davlatlarning yuksalishi va moddiy tabaqalanishining chuqurlashishiga olib keldi.
Yamanda paydo bo'lgan ilk davlatlar ko'p jihatdan Shumer va Aqqoddagi shahar-davlatlarga o'xshab ketardi. Ular odatda dehqonchilik keng avj olgan muayyan rayonda bir-ikki shahar va bir necha qishloqdan tarkib topgan edi. Shunday shahar-davlatlarning eng qadimgisi Maindir.
Main davlati Yamanning Jouf degan joyida hozirgi Sanadan sharqroqda vujudga keldi. Davlatning birinchi siyosiy markazi - Qarnov, keyinchalik Main shahri bo'lgan, diniy markaz sifatida Yasil shahri xizmat qilgan. Yamanning ko'zga ko'ringan tarixchi olimlaridan hisoblangan A.H. Sharaf ad - Dinning fikricha, bu davlat miloddan avvalgi XIV-VIII asrlarda hukm surgan50.
O'rta asr arab tarixchilari Main davlatini umuman tilga olmaganlar. Antik mualliflar esa bu davlat haqida oz bo'lsada ma'lumot qoldirganlar. Ammo ular negadir, Main davlatini Sabo davlatidan keyin hukm surgan deb hisoblaganlar. Shuning uchun bo'lsa kerak, aksariyat g'arb tarixchilari va qisman ayrim mualliflar ham qadimgi Yaman davlatlarini sanab o'tganlarida Main davlatini Sabodan keyin qo'yadilar. Jumladan, bu davlatlar quyidagi tartibda keltiriladi: Sabo, Qatabon, Hadramavt, Avson, Main, Himyar.
Milodning 1761 yiligacha Main davlatining tarixi haqida bir og'iz so'z aytilmagandi. Shu yili daniyalik sayyoh K. Nibur Yamanni ziyorat qildi. Olib borilgan tadqiqotlar natijasida birinchi bor Main davlatiga tegishli yozuvlar topildi. Yozuvlarning tilsimi ochilgach, mainliklar sabolilardan bir qancha asr oldin o'tganliklari va davlat barpo qilganliklari, uning taxminan qancha hukm surgani va qachon inqirozga yuz tutgani ma'lum bo'ldi51.
Main davlatining eng yirik shaharlari Qarnov va Main. Main shahri to'g'risida 80 tadan ortiq main yozuvlarini topishga muyassar bo'lgan frantsuz olimi J. Xalevi shunday degan: "Bu shahar xarobalarining o'zi uzoq o'tmishdagi Main davlati shon-shuhratining ramzi bo'la oladi". U tepalikda joylashgan, uzunligi 280 metr eni 240 metr atroflari minorali devor bilan o'ralgan istehkomni tashkil qiladi. Hozirgi Braqish shahri qadimda Yasil nomi bilan ma'lum bo'lgan va davlatning madaniy-diniy markazi hisoblangan. Kimna va Nashq shaharlari hozir "Qora xarobalar" deb ataladi. Bundan tashqari As-Savdo, Al-Baydo va Yag'il degan shaharlar ham bo'lgan.
Main podsholarining soni xususida yakdillik yo'q. Ba'zi olimlar 26 ta podsho ismini sanashsa, boshqalari 22 tasini keltirishadi. Professor Filbi yozuvlardan o'qilgan beshta sulolaga mansub 22 ta main podsholarining ismlarini quyidagi tartibda bergan:
I. Ilifa sulolasi:
II. Vaqax sulolasi:
III. Ab Yada sulolasi:
1) Ilifa Yafis 2) Ilifa Yosir 3) Ilifa Yasa 4) Ilifa Riyam
5) Vaqah Il-Yasa 6) Vaqah Il-Nabt 7) Il-Sodiq 8) Il-Riyam
9) Ab Yada Yasa 10) Ab Yada Riyam 11) Xafn Ab Yada Riyam
IV. Yasa Il Sodiq, sulolasi:
12) Yasa Il Sodiq 13) Yasa Il Riyam
V. Karib sulolasi:
14) Xol Karib Sodiq 15) Havfait bin Ilifa Riyam
16) Hol Karib 17) Maad Karib bin Ilifa
18) Yasa Karib bin Il Riyam 19) Abu Karib
20) Umm Yasa Abu Karib 21) Yasa Karib 22) Savb Il.
Eslatma: Filbi mazkur ismlarni xronologik tartibda emas, balki yozuvlardan o'qilgan tartibda bergan52.
Main shahri xarobalaridan topilgan yozuvlarda mainliklarning qasrlar, ibodatxonalar va butxonalar qurishdagi mahorati va shu bilan bog'liq so'zlar va iboralar mavjud. Yozuvlarga ko'ra savdo va qishloq xo'jalik soliqlari mavjud bo'lganligi, bu soliqlarning bir turi davlatning umumiy xazinasiga, boshqa turi ibodatxonalarga, uchinchi turi podshoning xususiy xazinasiga va yana bir turi esa shayxlar (oqsoqollar) va a'yonlarga to'langan. Soliqlar shahar devorlari, boshpanalar, burj-minoralar, qo'rg'onlar, davlat inshootlarini qurish yoki ta'mirlashga sarflangan. Main shaharlari "masvad" nomi bilan ma'lum bo'lgan kengashlar tomonidan boshqarilgan.
Mainliklar Misr va Yunoniston bilan savdo aloqalarida katta shuhrat qozondilar. Ular Sharq bilan G'arb o'rtasidagi savdoda vositachi rolini o'ynadilar. Janubda Arabiston dengizi, sharqda Fors ko'rfazi, shimolda O'rta dengizdagi portlar orqali mainliklar qimmatbaho mollar, jumladan, xushbo'y tutatqilar va ziravorlarni uzoq-uzoq o'lkalarga eltardilar. Bundan tashqari ular Hindiston va Xitoydan dengizlar osha keladigan mollarni Misr va Yunonistonga o'zlariga qarashli bo'lgan quruqlikdagi karvon yo'li uzra olib borardilar. Misrning "Giza" va "Qasr an-Nabot" degan joylaridan topilgan yozuvlar u yerda mainliklar uyushmasi mavjud bo'lganligi va ular Misr ibodatxonalarini xushbo'y tutatqilar bilan ta'minlab turganiga ishora qilanadi53.
Delos orolidan topilgan matnlar ham katta ahamiyatga egadir. Ular Main-Yunoniston aloqalariga dalildir. Shimoliy Arabistonning Dedan tepaligidagi yozuvlardan shuni bilish mumkinki bu yerda mainliklar yashagani va bu joy Main davlatiga qandaydir shaklda tobe bo'lganligi ko'rinib turibdi.
Falastindan Yamangacha cho'zilgan yerlarda main yozuvlari topilgan. Shu yerlarning hammasi Main podsholari nazorati ostida bo'lgan deb taxmin qilish mumkin. Britaniya muzeyida Krit orolidan keltirilgan katta qabr toshi saqlanmoqda. Unda main usulida marhumning ismi yozilgan. Muzeyda miloddan avvalgi IX asrga tegishli qimmatbaho toshlardan yasalgan muhr ham bor. Unda boshiga toj kiygan, beliga keng kamar taqqan arab kiyimidagi kishi tasvirlangan. Surat atrofiga "Nabat Karib ben Darda" ismi teskari qilib yozilgan. Professor V. Olbraytning ta'kidlashicha, bu muhr Iroqdagi Tel al-Xalifa degan joydan Bobil davriga tegishli yodgorliklar ichidan topilgan va u o'sha davrda bobilliklar va mainliklar o'rtasida faol savdo munosabatlari mavjud ekanligiga dalil bo'la oladi.
Miloddan avvalgi XI asr oxirlarida Xadramavt davlati (poytaxti Shabva) vujudga kelgach, ikkala davlat o'rtasida urushlar yuz bergan. Miloddan avvalgi 980 yili Xadramavt taxtiga o'tirgan Maad Karib bin Ilifa vafot qilgach, Main Xadramavtni bosib oldi va u uch asr mobaynida Main tarkibida bo'ldi.
Asosan dengiz qirg'oqlarini o'zlashtirgan finikiylardan farqli o'laroq mainliklar quruqlikdagi savdo yo'llari, tabiiy jihatdan yaxshi himoya qilingan joylarni kolonizatsiya qilganlar. Arabiston yarim orolidagi Dedan, Yasrib, G'azza va yarim oroldan tashqarida esa Misr va Mesopotamiyadagi main uyushmalari bunga misol bo'la oladi. Bunday faoliyatni boshqarish uchun Main davlatida kuchli savdo tashkiloti tuzilgan.
Davlat boshlig'i mutlaq hokimiyatga ega emasdi. Uning hokimiyati oqsoqollar kengashi tomonidan qattiq cheklangandi. Oqsoqollar kengashi o'z navbatida yirik savdo urug'larining vakillaridan tashkil topgan edi.
Main hokimlari dastlab "mukarrib", keyinchalik "malik" (podsho) deb atalgan. Boshqa hokimlar singari Main mukarriblari va podsholari ham ulug'vor laqablar, faxriy nomlarga ega bo'lganlar. Misol uchun - "vator" (buyuk), "bayyin" (mumtoz), "zarrix" (aslzot), "yuhan'im" (muruvvatli), "yanuf" (oliy) va hokazo. "Il" faqat podsholar ismiga qo'shib aytilardi54.
Main davlatining tarixini to'liq tiklash uchun ma'lumotlar yetarlicha emas. Main yozuvlari, birinchidan, yetarli miqdorda bo'lmaganligi, juda qisqa usulda yozilgan.
Miloddan avvalgi IX asr o'rtalarida Mainga qo'shni bo'lib, Sabo, Qatabon va Avson davlatlari ham tashkil topgan. Ular Main savdosiga to'sqinlik qila boshlagan. Oxirgi Main podsholaridan Yasa Il Riyam va uning o'g'li Tubbu Karib ismi zikr etilgan naqshda davlatning siyosiy holati yomonlashgani, mainliklar Sabo xudolari va podsholarini e'tirof qilganliklari haqida ma'lumotlar yozilgan. Natijada, Sabo va Qatabon davlatlari o'zaro ittifoq tuzib, Main davlatini qulatadi.
Janubiy Arabistonning qadimgi davlatlari orasida eng mashhuri Sabodir. Shuning uchun bo'lsa kerak, qadimgi Yaman tarixi va madaniyatini o'rganuvchi soha tarixshunoslikda sabeistika nomini olgan.
Saboliklarning kelib chiqishi haqida har xil taxminlar mavjud: ba'zilar ularni aslan xabashlar deb hisoblasalar, boshqalar shimolroqdan ko'chib kelgan qabilalar, deydilar.
Sabo haqidagi sanasi ko'rsatilgan aniq ma'lumotlar Ossuriya podsholariga tegishli yozuvlarda uchraydi. Yangi Ossuriya imperiyasining asoschisi Tiglatpalassar III (miloddan avvalgi 745-727) hukmronlining to'qqizinchi yili haqida hikoya qiluvchi yozuvda unga juzya solig'i to'lagan bir qancha qabilalar orasida Sabo nomi tilga olingan.
Sargon II (miloddan avvalgi 722-705) hukmining yettinchi yiliga tegishli yozuvda saboli Yasa'amardan tobelik juzyasi kelganligi haqida xabar bor. Unda aytilishicha, juzya oltin, tog' mahsulotlari, qimmatbaho toshlar, fil suyagi, har xil urug' va o'simliklar, ot va tuyalardan iborat bo'lgan. Darhaqiqat, Sargon II bilan bir vaqtda Saboda Yasa'amar Votar bin Sumhulay Yanuf (miloddan avvalgi 720-700) mukarriblik qilgan. Bu davrda Sabo gullab-yashnab turgandi. Sargonga tobelik haqida gap bo'lishi mumkin emas edi. Ammo Arabiston yarim orolining shimoliy va shimoli-g'arbiy rayonlari Ossuriya qo'li ostiga o'tgach, Sabo hokimi Yamandan G'azzagacha cho'zilgan karvon yo'lining ma'lum qismida xavfsizlikni ta'minlash uchun o'z nomidan hadya yuborgan bo'lishi mumkin. Yoki ikkinchi mulohaza: saboliklarning mazkur savdo yo'li bo'ylab joylashgan ko'plab koloniyalaridan birining boshlig'i Yasa'amar nomidan Sargonga juzya to'lagan bo'lishi ham mumkin.
Sargonning merosxo'ri Sinaxxerib (miloddan avvalgi 705-681) qoldirgan yozuv bu masalaga ancha aniqlik kiritadi. Unda aytilishicha, Sinaxxerib yangi yil va boshqa bayram marosimlarini o'tkazish uchun maxsus ibodatxona (Beyt Akitu) qurdirayotganda Sabo "maliki" Karibail bin Yasa'amardan hadyalar keldi. Hadyalar ichida nodir toshlar, eng qimmat atirlar, kumush, oltin va boshqa qimmatbaho narsalar bor edi55. Bu safar tobelik juzyasi emas, bir hokim tomonidan ikkinchi hokimga hadya qilinayotgani ko'rinib turibdi. Faqat Karibail "malik" deb atalgan, aslida esa bu paytda Saboda "mukarriblar" hokimlik qilishardi.
Yamanning o'zidan topilgan yozuvlarga ko'ra Sabo tarixini ikki qismga bo'lish mumkin: birinchisi - Sabo hokimlari "mukarrib" laqabiga ega bo'lgan davr (taxminan miloddan avvalgi 950-610 yy), ikkinchisi - "malik" (podsho)lar davri (miloddan avvalgi 610-115 yy). Mukarriblar davrida hali dunyoviy hokimlik vazifalari uncha rivojlanmagan, hokimiyat asosan diniy, teokratik xarakterda bo'lgan, ko'rinadi. Birinchi davrda davlat poytaxti Sirvoh qasri (uning xarobalari hozirgacha saqlangan), ikkinchi davrda esa hozirgi Sanadan 100 km sharqroqda joylashgan Marib shahri bo'lgan.
Sabo tarixiga oid toshga o'yilgan, alifboda yozilgan 6000 dan ortiq naqshinkor yozuvlar kashf qilindi. Nafisliqda Yunoniston va Rimdan qolishmaydigan, mifik-afsonaviy xudolarning emas, balki haqiqiy Sabo hokimlarining ismi va sanasi ko'rsatilgan haykallari mavjud. Sabo va umuman qadimgi Arabistonning ilmiy tarixi haligacha to'liq yaratilmagan. Ular islomdan oldingi davrni uzil-kesil "Johiliya" davri deb e'lon qilib, uni o'rganishdan hech qanday "manfaat" ko'rmadilar.
Epigrafik yozuvlardan 14 Sabo mukarribi va 26 malikining ismlari va taxminan hukm surgan muddatlari aniqlandi.
Sabo mukarriblari:
1. Zamor'alay I (miloddan avvalgi 900-850).
2. Sumxualay Yanuf bin Zamor'alay (miloddan avvalgi 850-820).
3. Yada'il Zarix bin Sumxualay Yanuf (miloddan avvalgi 820-800).
4. Sumxualay Yanuf bin Yada'il Zarix (miloddan avvalgi 800-780).
5. Yada'il Bayyin bin Yasa'amar (miloddan avvalgi 780-750).
6. Yasa'amar Vator bin Yada'il Zarix (miloddan avvalgi 750-730).
7. Zamor'alay Zarix bin Yada'il Bayyin (miloddan avvalgi 730-720).
8. Yasa'amar Vator bin Sumxualay Yanuf (miloddan avvalgi 720-710).
9. Karibail Bayyin bin Yasa'amar (miloddan avvalgi 710-700).
10. Zamor'alay Vator bin Karibail Bayyin (miloddan avvalgi 700-680).
11. Sumxualay Yanuf bin Zamoralay Vator (miloddan avvalgi 680-660).
12. Karibail Vator bin Zamoralay Vator (miloddan avvalgi 660-620).
13. Yasa'amar Bayyin bin Sumxualay Yanuf (miloddan avvalgi 640-620).
14. Karibail Vator - oxirgi mukarrib (miloddan avvalgi 620-610).
Sabo maliklari:
1. Karibail Vator (miloddan avvalgi 610-600).
2. Sumxualay Zarix (miloddan avvalgi 600-580).
3. Karibail Vator bin Sumxualay Zarix (miloddan avvalgi 580-570).
4. Ilsharax bin Sumxualay Zarix (miloddan avvalgi 570-560).
5. Yada'il Bayyin bin Karibail Vator (miloddan avvalgi 560-540).
6. Yakrub malik Vator bin Yada'il Bayyin (miloddan avvalgi 540-520).
7. Yasa'amar Bayyin Bii Yakrub Malik Vator (miloddan avvalgi 520-500).
8. Karibail Vator Bin Yasa'amar Bayyin (miloddan avvalgi 500-480).
9. Sumxualay Yanuf (miloddan avvalgi 480-460).
10. Ilsharax bin Sumxualay Yanuf (miloddan avvalgi 460-445).
11. Zamoralay Bayyin bin Sumxualay Yanuf (miloddan avvalgi 445-430).
12. Yada'il Vator bin Zamor'alay Bayyin (miloddan avvalgi 430-410).
13. Zamor'alay Bayyin bin Yada'il Vator (miloddan avvalgi 410-390).
14. Karibail Vator bin Zamoralay Bayyin (miloddan avvalgi 390-350).
15. Karib Yuxanim (miloddan avvalgi 350-330).
16. Karibail Vator (miloddan avvalgi 330-310).
17. Vaxab Il (miloddan avvalgi 310-290).
18. Il Mar Yuxan'im bin Vaxab Il (miloddan avvalgi 290-270).
19. Zamoralay Zarix bin Il mar Yuxan'im (miloddan avvalgi 290-250).
20. Nasha Karib Yuxai'im bin Zamoralay Zarix (miloddan avvalgi 250-200).
21. Yosir Yuxan'im (miloddan avvalgi 200-180).
22. Vahab Il Yaxuz (miloddan avvalgi 180-160).
23. Karibail Vator miloddan avvalgi Yuxan'nm bin Vahab Il Yaxuz (miloddan avvalgi 160-145).
24. Yurim Ayman va uning o'gli Alhon Nahafon (Hamdoniy-lar sulolasi) (miloddan avvalgi 145-115).
25. Far'am Yunxib (miloddan avvalgi 130-125).
26. Ilsharax Yaxdub bin Far'am Yunxib (miloddan avvalgi 125-115)56.
Sabo hokimlari ham mainlik hokimlar singari albatta o'zlariga biron-bir ulug'vor laqablar qo'yishga iltilganlar. Ularning ma'nolari mainliklarnikidan deyarli farq qilmaydi.
Deyarli uch-to'rt asr mobaynida Janubiy Arabistonda yonma-yon bir nechta mayda davlatlar - Main, Sabo, Qatabon, Xadramavt, Avson hukm surib keldi. Qo'shni Qatabon davlatida ham mukarriblar hokimlik qilganligi ma'lum: o'ndan ortiq Qatabon mukarriblarining ismi yozuvlarda zikr qilingan57. Mazkur davlatlarning barchasida ishlab chiqarish kuchlarining taraqqiyoti muayyan davrga kelib birdan-bir yo'lni - ularning birortasi ustunligida birlashishni taqozo qilgan. Bu kurashda birinchi navbatda harbiy jihatdan kuchli davlat g'olib kelardi. Sabo davlatida ko'proq diniy faoliyat bilan bog'liq bo'lgan mukarribning asosiy vazifasi harbiy qo'mondonlikdan iborat bo'lgan "malik"ka aylanishini shu jarayonning boshi deb qaramoq kerak. Bu kurashlarda Sabo davlati ustun keladi. U Main bilan Qatabonning yoki, umuman qadimgi Yamanning qoq o'rtasida joylashgandi. Xadramavt poytaxti Shabvadan boshlanib, O'rta dengizgacha cho'zilgan mashhur xalqaro karvon yo'lining katta qismi Sabodan o'tardi. Bu yo'lda ustunlik allaqachon mainliklardan saboliklarga o'tgan, Sabo poytaxti Marib bu yo'lda eng yirik punktga aylangandi.
Shunday qilib, miloddan avvalgi VI asrda Sabo maliklari janubiy Arabistonni birlashtirgan monarxiya davlatini tuzganlar. Miloddan avvalgi 590 yili malik Sumxualay Zarix Xadramavtni istilo qildi, miloddan avvalgi 540 yili esa Yada'il Bayyin Qatabonni zabt etdi.
Sirvoh ibodatxonasining hovlisida og'irligi taxminan 5 tonna keladigan fanit tosh mavjud bo'lib, undagi Karibail Vatorga tegishli yozuvda bu malik olib borgan juda ko'p urushlar, u bosib olgan ko'p shaharlar haqida ma'lumotlar bitilgan.
Podsholik vujudga kelgach, idora usulida ham o'zgarishlar yuz bergan. Sirvoh ibodatxonasidagi J. Xalevi topgan Yada'il Bayyin (miloddan avvalgi 560-540)ga tegishli yozuvda u oldin otasi Il Sharax (miloddan avvalgi 570-560) tomonidan Sabo xalqiga yerdan foydalanish (davlatga soliq to'lash sharti bilan) huquqi berilganini tasdiqlaydi. Xuddi shu yozuvda qandaydir ikki qabilaga harbiy xizmat o'tash evaziga yerdan foydalanish ruxsati berilgani ham aytilgan. Matnning oxirida bir qancha shaxslarning ismi keltirilib, ular qonunning shohidlari ekanligi, ya'ni uni eshitganlari, ma'qul topganlari, to'g'riligiga guvohlik bera olishlari aytilgan.
Yaman tarixchisi A. H. Sharaf ad-Din Yakrubmalik Vator bin Yada'il Bayyin chiqargan farmoyish matnini o'zining "Yaman tarixi uzra" kitobida keltiradi. Uning mazmuniga ko'ra, Yakrubmalik bu farmoyishni Sabo taxtiga otasi Yada'il Bayyindan so'ng o'tirishi munosabati bilan Sabo va Yuxablik xalqiga murojaat sifatida chiqargan. Unda soliqlar, harbiy xizmatga oid yangi qonunlar bayon qilinadi. Bu matnning oxirida ham farmoyishni tasdiqlagan guvohlarning ismlari keltirilgan. E. Glazer kollektsiyasidagi Karibail vator bin Yasa'amar Bayyin (miloddan avvalgi 500-480)ga tegishli yozuv bevosita yirik davlat amaldorlari, qabila shayxlari, qabila a'zolari va Saboga tobe bo'lganlardan soliq yig'ish uchun mas'ul bo'lgan kishilarga murojaat qiladi.
Sabo podshosi qoshida mavjud bo'lgan "oqsoqollar kengashi" faoliyat yuritgan58. Kengashni podshoning o'zi boshqargan. Undan tashqari kengashga oltita qabilaning vakillari kirgan: Odil, Xalil, Nazhat, Fayshan, Arba'an va Axsaran. Bu qabilalar Sabo davlati to'la huquqli aholisining hammasini o'z ichiga olgan. Odil, Xalil va Nazhat qabilalaridan kengashda 2 tadan, boshqa qabilalardan 1 tadan vakil qatnashishi mumkin edi. Kengashda yana bir qandaydir maxsus vazifaga ega bo'lgan a'zo bor ediki, u navbatma-navbat eslatilgan 6 qabilaning biridan tayinlangan.
Markazlashgan podsholikning barpo bo'lishi Sabo ishlab chiqarish kuchlarining birmuncha muddat ravnaq topishiga sabab bo'ldi. Mahobatli shaharlar, ibodatxonalar, sug'orish inshootlari (to'g'onlarning yalpi soni 100 dan ortiq), tosh va bronzaga o'yib yozilgan ajoyib naqshlar, zodagonlarning bronzadan yasalgan ko'plab haykallarining aksariyati ana shu davrda yaratilgan. Podsholarning qonunchilik faoliyati kuchaya bordi.
Miloddan avvalgi III asrdan boshlab Sabo davlati inqirozga yuz tuta boshladi. Uzluksiz urushlar, ekspluatatsiyaning orta borishi, ishlab chiqarish kuchlarining batamom vayron bo'lishiga olib keldi.
Miloddan avvalgi II asrning o'rtalarida qabilalar markazga qarshi kurash boshlaydilar. Oxirgi Sabo podsholaridan Karibail Vator deyarli 30 yil hamdoniylarning boshlig'i Yarim Ayman va uning o'g'li Alhon Nahafon bilan qaqshatqich urush olib bordi. Shunday qilib, ana shu ichki omillar miloddan avvalgi 115 yili Sabo podsholigining qulashiga olib keldi59.
Tashqi omillar ham yo'q emasdi. Ikkala qirg'og'i ham qoyali tog'lardan iborat Qizil dengiz uzra kemalar qatnovi qiyin bo'lgani uchun "sahro kemalari" yuraverib, yaxshi izga tushgan yo'l afzalroq edi. Bu karvon yo'lining asosiy markazlari - Shavba (Hadramavt), Marib (Sabo), Makka, Yasrib, Petra, G'azza uzoq vaqt Sabo savdogarlari nazorati ostida bo'lib keldi. Sabo davlatining dovrug'i Qizil dengiz harakati oyoqqa turgunga qadar juda baland bo'lgan. Ayni vaqtda Saboning inqirozini ham shu dalil bilan bog'lashadi. Bu - Misrda Ptolemeylar hukmronligi davrida yuz berdi. Ptolemey II (miloddan avvalgi 285-246) Nil daryosini Qizil dengiz bilan bog'lovchi kanal qazitdi.
Manbalarda asli grek bo'lgan bir misrli savdogar - Gibalsning ismi keltirilgan. U birinchi bo'lib Hind okeani va Qizil dengizda musson shamollari faqat yilning muayyan fasllarida sharqdan-g'arbga, va aksincha, g'arbdan-sharqqa esishini aniqladi. Shundan foydalanib, u o'z yelkanli kemasida Qizil dengiz orqali Hindistonga boradi. Misrliklar an'anaviy Arabiston mollari deb bilgan juda ko'p qimmatbaho mollar bilan qaytadi. Gibalsdan so'ng bir necha misr savdogari uning yo'lidan yurdi. Mollarning narxi arablar tomonidan nihoyatda ko'tarib yuborilganligi hammaga ayon bo'lib qoldi. Shunday qilib tranzit savdoda Sabo monopoliyasi barham topdi. Boshqa bir voqea - Marib to'g'onining (miloddan avvalgi 115 y.) buzilishi - Sabo davlatining halokatidan darak berdi. Tarixda Marib to'g'oni bir necha bor buzilgani ma'lum: (miloddan avvalgi 115 y.), milodiy 450 va 540 yillari.
Miloddan avvalgi 115-yilgi Marib to'g'onining falokati Sabo davlatining qulaganidan darak beradi. Sabo aholisining katta qismi Arabiston yarim orolining boshqa yerlariga ko'chib ketdi. Yaman qabilalari keyingi tarixiy davrda Makka, Yasrib, O'mon, Suriyaning janubi va Iroqning janubi-g'arbida davlat yoki qabila birliklarini tuzishda ishtirok etdilar.
Sabo davlati qulagach, mamlakat yana mayda bo'laklarga parchalanib ketdi. Har bir qasr yoki shaharda mustaqil hokim bo'lib, ularni Zu (ko'pligi Azvo) deb atalardi60. Masalan, Zu Raydon, Zu Noit, Zu Salxin va hokazo. Kuchli qasr hokimi atrofdagi qishloqlarni birlashtirib, "mihfad" tuzar va "qayl" titulini olardi. Bir qancha "mihfad" birlashgan holda "mixlof" deb atalib, uning hokimi "malik" titulini olishi mumkin edi.

XULOSA


Umumjahon tarixi va xususan Yaqin Sharq tarixi uchun bir xil kechgan ko'p jarayonlarning qadimgi Arabiston tarixida ham uchragan holatlari va shakllari o'zaro qanchalik o'xshash bo'lmasin keyingisi o'ziga xosdir. Birinchi navbatda bunday o'ziga xoslik boshqa mintaqalardan farqli ravishda qadimgi Arabistonda bir necha taraqqiyot yo'llarining deyarli bir paytda sodir bo'lganida o'z ifodasini topdi. O'rta asr Yevropasi, Vizantiya va Arab xalifaligidagi bunday holat tarix fanida nisbatan batafsil tadqiq qilingan. Ilk o'rta asr Yaman jamiyatining tipologik xususiyatlari ham yetarli o'rganilgan deb hisoblash mumkin.
Keyingi davrlarda qadimgi jamiyatlarni tipologik jihatdan tahlil qilish ishiga I. M. Dяkonov, V. A. Yakobson, M. A. Dandameev (Mesopotamiya va Eron), I. V. Vinogradov (Misr), V. Yu. Andreev (Yunoniston), I. S. Sventsitskaya (ellinistik dunyo), G. F. Ilin (Hindiston) va boshqalar katta hissa qo'shdilar. Ammo qadimgi Arabiston jamiyatlarini to'lig'icha shu nuqtai nazardan o'rganishga hali astoydil kirishilgani yo'q.
Arabiston yarim orolida esa tipologik jihatdan u yerda bir necha asrlar davomida qabilalar ittifoqi (Kinda), nisbatan kuchli monarxiyalar (Himyar, Laxmiylar va G'assoniylar davlatlari) va nihoyat, xuddi antik taraqqiyot yo'liga o'xshagan bosqichni o'tagan Makka va Madina shahar -davlatlari singari turli tipdagi davlat birliklari hukm surib keldi. VI asr oxiri - VII asr boshida azaldan Arabistonliklarning diniy markazi rolini o'ynab kelgan Makka siyosiy va iqtisodiy markazga ham aylandi. Makka savdo aristokratiyasi esa butun Arabiston bo'ylab gegemonlikka erishdi. Ammo pul-tovar munosabatlari qanchalik rivojlangan bo'lmasin, Makka kelajak taraqqiyoti uchun polis tizimi torlik qilib qoldi: bir tomondan xalqaro savdo imkoniyatlari cheklangan bo'lsa (Makkaning asosiy boylik manbai), ikkinchi tomondan polisning uncha katta bo'lmagan harbiy kuchi erkin aholi xavfsizligini ta'minlay olmasdi. Arabiston yarim orolining barcha o'lkalarini o'zida mujassamlagan, markazlashgan davlat-imperiya tuzish davr taqozosi bo'lib qolgandi.
Shunday qilib, VII asrda Vizantiya, Eron va Arabiston o'rtasidagi munosabatlarda ikki hil jarayonlar sodir bo'ldi. Birinchisi - Vizantiya va Eron imperiyasi zaiflashib, parchalandi va oqibatda ularning hammasi (Eron) yoki katta qismi (Vizantiya) arablar tomonidan istilo qilindi. Ikkinchisi - bir necha tipdagi davlat birliklari ularning ichida eng taraqqiy qilgan Makka va Madina shahar-davlatlari tomonidan birlashtirildi va Arabiston yarim orolida imperiya vujudga keldi.
Arabistonda Muhammad payg'ambar faoliyati natijasida barpo qilingan markazlashgan davlatni imperiya deb atashga to'la asos bor: zero Vizantiya, Eron va Arabistonning maydoni bir-biriga teng edi (2,8-2,9 mln.kv.km). Aksariyat tarixchilar qadimgi Arabistonni asosan ko'chmanchi badaviylar yurti sifatida tasvirlab kelishgan. Vaholanki, O. G.Bolшakov hisobiga ko'ra, qadimgi Arabiston aholisining ko'pchiligini (4 milliondan ortiq) o'troq aholi tashkil qilgan. Badaviylar esa yarim orol maydonining katta qismida tarqalgan bo'lsalar-da, son jihatdan ozchilik edilar (3 millionga yaqin). Urdun orti, Suriya va Frot daryosi yoqasida ham asosan arab tilida so'zlashgan o'troq aholi yashaganini hisobga olinsa, qadimgi Arabiston tarixida badaviy omiliga ortiqcha baho berish asossiz ekanligi ravshan bo'ladi.
Arabiston arxeologiyasi ham hali o'z "so'zini" aytgani yo'k. Uning hozirgi holati bundan yuz yil avval Mitanni va Xett kabi buyuk davlatlar batamom noma'lum bo'lgan paytlarda boshlangan birinchi arxeologik qazilmalarni eslatadi. Shumer va Bobil afsonalarida Dilmun va Magan (hozirgi Saudiya Arabistonining Sharqiy viloyati, Bahrayn, Birlashgan Arab amirliklari, O'mon) jannatmakon joy sifatida tarannum qilinishiga qaraganda, bu yerlarning madaniyati shu paytgacha eng qadimgi deb xisoblanib kelgan Shumer va Aqqod madaniyatidan ham ko'hnaga o'xshaydi. Bu fikrni faqat keyingi davrdagi olib borilayotgan keng ko'lamdagi arxeologik izlanishlar tasdiqlashi mumkin. Eng quvonchlisi, oxirgi paytlarda Saudiya Arabistoni, Yaman, Suriyada arxeologik ishlarning olib borilayotganligi. Arabistondagi arxeologik izlanishlarning samarasi nafaqat yarim orolning qadimgi tarixi, balki sharqiy Afrika, Hindiston, Yaqin Sharq va hatto Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarining qadimgi tarixi uchun ham ko'plab ma'lumotlar berishi mumkin.
Qadimgi Yaman madaniyatini qadimgi dunyo markazlari - Misr va Mesopotamiya madaniyati bilan bemalol tenglashtirish mumkin. Marib to'g'onining mahobati Xufu ehrominikidan qolishmaydi. Uning ustiga Yaman iqlim sharoitini hisobga olinsa, u yerdan nafaqat tosh va bronzaga o'yilgan yozuvlar, balki kelajakda teri, pergament, yog'och va xurmo yaprog'i singari ashyolarga bitilgan yozuvlar ham topilishi ehtimoldan xoli emas.
Shimoliy va Markaziy Arabistonda qadimgi yozuvlarni kashf qilish davom etmoqda. Markaziy Arabistonda topilgan yuzlab petrogliflar - qoya toshlarga o'yib yozilgan xatlar - miloddan avvalgi VI ming yillikdan beri tarix uchun muhim manbadir.
Qadimgi Arabiston dinlarining tarixi VII asrgacha qo'shni o'lkalardagidek kechdi. Aholining katta qismi ko'p xudolikka sig'inar edi. Ammo arabcha "vasaniya" deb atalgan, but-sanamlarga sig'inishga asoslangan bu din oddiy e'tiqod bo'lmay, nisbatan rivojlangan, Yaman va Hijoz shaharlarining aholisi esa mustaqil ravishda ko'p xudolar qatori bosh xudoni tanishgacha yetib kelgandi. Arabistonga monoteistik dinlar-yahudiya va xristianlikning kirib kelishi, shubhasiz, diniy jarayonni jadallashtirdi. Lekin ularning arab jamiyatiga ko'rsatgan ta'sirini yuqori baholab bo'lmaydi. Aks holda, aytaylik, Arabiston aholisi hukmron din sifatida xristianlikni osongina qabul qilgan bo'lardi.
Shuni aytish joizki, islom arafasidagi arab jamiyatida sof arab yakkaxudoligiga qaratilgan harakatlar - "hanifiya", "sobia" singari tavhid g'oyasiga juda yaqin keladigan diniy aqidalar mavjud edi. Tavhid g'oyasiga intilish, ko'pgina qadimgi xalqlarga xos narsa. Buning natijasi o'laroq qadimgi rimliklarda Yupiter, greklarda Zevs, yahudiylarda Yaxve, slavyanlarda Perun, turkiy xalklarda Tangri tushunchasi vujudga kelgan. VII asrda arablarda tavhid g'oyasi "Alloh" tushunchasi va Muhammad alayhissalom faoliyatida o'z ifodasini topdi.
Xullas, islom dinining genezisi masalasini chuqur anglash uchun, albatta, arablarning islomdan oldingi bir necha ming yillik tarixini bilmoq kerak. Qadimgi Arabiston tarixini o'rganish umumbashariyat tarixini to'g'ri idrok qilishga ko'maklashadi. Arabiston tarixining qadimgi davri shunchaki tarixiy taraqqiyotning bosqichlaridan birigina bo'lib qolmaydi. Uning ko'p belgilari bugungi kunda ham ko'zga tashlanadi.
Respublikamizda milliy istiqlol g'oyasi masalasi keng muhokama qilinayotgan hozirgi paytda qadimgi Arabistonning "Johiliya" tarixini o'rganish biz uchun hech qanday mubolag'asiz katta ahamiyat kasb qiladi. Ko'pchilik mutaxassislar milliy mafkuramizning asosiy ildizlari ichida islomiy merosimiz, ya'ni islom dinini "xalqimiz hayotiga qariyb 14 asr davomida chuqur singib ketgan buyuk qadriyat" sifatida ta'riflaydilar. Islom dinining ildizlari esa o'z navbatida bir necha ming yillik "Johiliya" asrida yashiringandir. Demak, qadimgi Arabiston tarixini tadqiq qilish ob'ektiv ravishda o'zbek milliy mafkurasini barpo qilish jarayoniga ham xizmat qiladi.
Biz demokratik, huquqiy, fuqarolar farovonligini ta'minlaydigan jamiyat tuzishni maqsad qilgan ekanmiz, doimo o'tmish saboqlaridan o'git olmog'imiz darkor. Boshqa millatlar, davlatlar, dinlar va sivilizatsiyalarning tajribalaridan foydalanishmiz, shubhasiz yurtimiz taraqqiyotini yanada jadallashtiradi.
Фойдаланилган адабиётлар рўйхати:

Download 226.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling