3-mavzu. Adabiy til va adabiy me‘yor. Me’yorda namunaviylik, umummajburiylik, barqarorlik, an’anaviylik, andazaviylik, uslubiy tarmoqlanganlik r e j a


Download 248.65 Kb.
Pdf ko'rish
Sana04.02.2023
Hajmi248.65 Kb.
#1166428
Bog'liq
3-ma\'ruza



3-mavzu. Adabiy til va adabiy me‘yor. Me’yorda namunaviylik, 
umummajburiylik, barqarorlik, an’anaviylik, andazaviylik, uslubiy 
tarmoqlanganlik 
R e j a
1. O‘zbek tilining taraqqiyot bosqichlari. 
2. O‘zbek tilining boyib borishida ichki va tashqi omillar. 
3. Dialekt va sheva umumxalq tilining tarkibiy qismi. 
4. Adabiy til va uning taraqqiyot davrlari. 
5. Adabiy tilning yozma va og‘zaki shakllari. 
6. Adabiy til va adabiy me’yor. 
7. Adabiy me’yorning tiplari. 
Tayanch so‘z va iboralar : Adabiy tilni davrlashtirish masalasi. Til shakllari: 
og‘zaki va yozma. Ijtimoiy vazifasi : aloqa, xabar, ta’sir. Umumiy va xususiy 
me’yor. Umumiy - yozma nutq, yozma adabiy til, yozma uslub. Xususiy – leksik-
semantik, talaffuz, aksentologik, fonetik, grammatik, so‘z yasalishi, orfografik, 
grafik, punktuasion, uslubiy. 
Necha asrlar davomida sayqal topib, silliqlashib, mukammalashib, bugungi 
holatga kelgan o‘zbek adabiy tili xalqimizning umumxalq tili negizida shakllangan 
va taraqqiy topgan. Turkiy tillar tizimi va oltoy tillar oilasiga kiruvchi o‘zbek tili 
hozirgi holatga kelgunga qadar uzoq taraxiy taraqqiyot davrini boshidan 
kechirganligi ma’lum. 
Barcha tillarda bo‘lgani kabi o‘zbek tilining boyib borishida ham ichki va 
tashqi omillarning ta’siri katta. Bu haqda talabalar ona tilimizning «Leksikologiya» 
kursidan saboqlar tinglaganlarida ma’lumot olishgan. «O‘zbek tilining bevosita 
o‘ziniki bo‘lgan asosiy leksik qismini shu tilning taraqqiyoti prosessida uning ichki 
imkoniyatlari, o‘ziga xos qonun-qoidalari asosida hosil etilgan yasama so‘zlar 
tashkil etadi» (Sh o a b d u r a h m o n o v Sh. va boshqalar. Hozirgi o‘zbek adabiy 
tili. – Toshkent, 1980, 121-bet). 
Binobarin, yangi so‘zlar yasalishining yoki mavjud so‘zlarning yangi-yangi 
ma’nolar anglatishining o‘zbek tilida imkoniyatlari kengdir. 
Shu bilan birga, tilimizdagi leksik birliklar juda oz bo‘lsa-da, grammatik vositalar 
orasida tashqaridan olingan, jumladan, hindcha, yunoncha, arabcha, mo‘g‘ulcha, 
forscha-tojikcha, ruscha-baynalmilal birliklar uchraydi. Bu xalqimizning o‘tgan 
juda ko‘p asrlik davr mobaynida boshqa xalqlar bilan ijtimoiy-iqtisodiy va 
madaniy aloqadorlikda bo‘lganligi, buning ustiga, ayrim davlatlar va ularning 
boshliqlarining O‘rta Osiyo hududida olib borgan bosqinchilik urushlari va 
harakatlari bilan bog‘liq. Qanday bo‘lganda ham tilimizga chet so‘zlar kirib 
kelganligini inkor qilib bo‘lmaydi va uning, yuqorida ta’kidlaganimizdek, obyektiv 
va subyektiv sabablari mavjud. Bu birliklar bugungi kunda tilimiz lug‘aviy 
boyligining tarkibiy qismi sanaladi. 
Til me’yorining adabiy tilga munosabati haqida mulohaza yuritishni maqsad qilib 
qo‘ygan ekanmiz, dastlab tilimizning ana shu boyib borish yo‘llariga, taraqqiyot 
davrlariga, qisqacha bo‘lsa-da, ko‘z yugurtirish lozim bo‘ladi.


Ushbu masalaga qiziqish qadimgi davrlardayoq, hatto XI asrdan - M.Koshg‘ariy 
zamonidan boshlanganligini olimlarimiz e’tirof etishadi. Ammo bu qiziqish va 
tilimiz taraqqiyot bosqichlarini davrlashtirish hamda uning mukammal tasnifi bilan 
shug‘ullanish XIX asrdan boshlangan.
Turkiy tillarni davrlashtirish bo‘yicha V.V. Radlov, A.N.Samoylovich, 
S.Ye.Malov, Ye.D.Polivanov, A.K.Borovkov, V.R.Reshetov, N.A. Baskakov, 
V.A. Bagorodiskiy kabi rus turkiyshunos olimlarining xizmatlari katta bo‘lgan. 
Keyinchalik, ularning ilmiy qarashlariga tayanilgan holda o‘zbek tili tarixini 
davrlashtirish masalasi ham kun tartibiga qo‘yilgan. Bu borada Tesha Salimov, 
Faxri Kamolov, A.M.Shcherbak, Olim Usmonov, G‘ani Abdurahmonov, 
Shamsiddin Shukurov, Ergash Fozilov, Fattoh Abdullayevlar o‘z qarashlarini 
bayon qilishgan (Bu haqda qarang:T u r s u n o v U., O‘ r i n b o ye v B. O‘zbek 
adabiy tili tarixi. – Toshkent, 1982, 30-33-betlar. T u r s u n o v U., O‘ r i n b o ye 
v B., A l i ye v A. O‘zbek adabiy tili tarixi. – Toshkent, 1995, 19-26-betlar.; Mu x t 
o r o v A., S a n a q u l o v U.. O‘zbek adabiy tili tarixi. – Toshkent, 1995, 21-26-
betlar).
Bu qarashlar bir qadar batafsil tahlil qilingan va umumlashtirilgan ilmiy 
manbalar o‘zbek adabiy tili tarixini o‘rganishning eng keyingi yutuqlarini 
mujassam qilgan, darslik va qo‘llanma sifatida tavsiya etilgan U.Tursunov, 
B.O‘rinboyev, A.Aliyev hamda A.Muxtorov, U.Sanaqulovlarning asarlari 
hisoblanadi (T u r s u n o v U., O‘ r i n b o ye v B., A l i ye v A. Yuqoridagi asar; 
Mu x t o r o v A., S a n a q u l o v U. Yuqoridagi asar).
Bu kitoblardagi har ikkala tasnifni ham keltirish maqsadga muvofiq deb 
hisoblaymiz. 
U.Tursunov, B.O‘rinboyev, A.Aliyevlar tasnifi: 
1. Qadimgi turkiy xalqlar davrida adabiy til (V-X asrlar).
Ilk davr o‘zbek xalq tili (X-XIV asrning yarmi). 
O‘zbek xalq tilining takomillashish davri (XIV asr oxiri XIX asrning II yarmi). 
Milliy til unsurlarining paydo bo‘lish, shakllanish va rivojlanish davridagi o‘zbek 
adabiy tili (XIX asrning II yarmidan hozirgi kungacha bo‘lgan davr) (T u r s u n o 
v U., O‘ r i n b o ye v B., A l i ye v A. Yuqoridagi asar, 24-26-betlar).
A. Muxtorov va U. Sanaqulovlar tasnifi:
Qadimgi turkiy adabiy til davri (VII - XIII asrlar). 
Eski o‘zbek adabiy tili davri (XIII - XX asr boshlarigacha).
3. Hozirgi o‘zbek adabiy tili davri (XX asr boshlari keyingi davr) (M u x t o r o v 
A., S a n a q u l o v U. Yuqoridagi asar, 24-bet).
Bu tasniflarning qaysi biri nisbatan mukammal va ilmiyligini tahlil qilish bizning 
vazifamizga kirmaydi. Ammo adabiy til me’yori masalasini bir qadar kengroq 
o‘rganishimiz uchun tasniflardan xabardor bo‘lishimiz zarur . Bu o‘rinda xulosa 
sifatida faqat shuni ta’kidlash lozim bo‘ladiki, ona tilimiz tarixi qanday tartibda 
davrlashtirilganidan qat’iy nazar uning rivojidagi hamma bosqichlarda ham til 
birliklarini bir me’yorga keltirish masalasi xoh ongli, xoh stixiyali tarzda bo‘lsin, 
muomala jarayonida e’tiborda bo‘lgan. Ammo shu narsa hayotiy, ilmiy haqiqatga 
yaqinki, adabiy me’yorning shakllanishidagi dastlabki bosqich stixiyali ravishda 
yuz bergan.


Ma’lum til birligining jamoa o‘rtasidagi ma’lum shakl va holatda ko‘p iste’molda 
bo‘lishi me’yoriy ko‘rinishlarning turg‘unlik kasb etishiga asos bo‘ldi. Tilda yuz, 
balki ming yillab davom etgan differensiasiya - ajralish, tarqalish jarayoni bu 
me’yorning ma’lum bir til doirasida bir yo‘nalishda umumtil-adabiy, ikkinchi bir 
yo‘nalishida esa umumxalq tilining tarkibiy qismi bo‘lgan dialekt va shevalar ham 
mahalliychilik shaklida mustahkamlanib borishiga olib keldi. 
Tabiiyki, jamiyat taraqqiyoti bilan bab-baravar til, jumladan o‘zbek tili ham 
rivojlanib, mukammallashib, ilmiy jihatdan o‘rganilib borildi. Natijada uning 
barcha tarmoqlarida me’yoriy tomonlar anchagina barqarorlashdi. Bu yerda ham til 
me’yorlarining mustahkamlanishida nutq jarayonining katta ahamiyat kasb 
etganini esdan chiqarmagan holda, uning taraqqiyoti tobora ongli boshqarila 
borganligini, tilshunoslik ilmining ta’siri sezilarli darajada kengayganligini 
kuzatish qiyin emas. 
Ana shu omillar ta’siri va natijasi o‘laroq til qatlamlaridagi mavjud 
birliklarga belgilab qo‘yilgan me’yoriy holatlar tildan foydalanuvchi barcha 
vakillar uchun majburiy ko‘rinishga keltirildi va bu majburiylik tegishli 
hujjatlarda, lug‘atlarda o‘z ifodasini topdi (Bugungi kunda amalda bo‘lgan 
hujjatlar va lug‘atlar quyidagilar : O‘zbek orfografiyasining asosiy qoidalari. – 
Toshkent, 1956; O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari. – Toshkent, 1995; O‘zbek 
tilining imlo lug‘ati. – Toshkent, 1976; O‘zbek adabiy talaffuzi lug‘ati. – Toshkent, 
1984; Ozbek tilining imlo lugati. – Toshkent, 1998).
Mazkur o‘quv qo‘llanmasi talabalarimizga - umidimiz bo‘lgan kelajagimizga, 
yoshlarimizga mo‘ljallab yozilgani sababli, shu o‘rinda ularni, nazarimizda, bir 
haqiqatdan xabardor qilib qo‘yishga ehtiyoj seziladi. Barcha tildan 
foydalanuvchilar uchun me’yoriy holatlarning majburiy ekanligi tayin gap. Ammo 
unga amal qilishimiz qay ahvolda? Tilimizdan foydalanishdagi barcha talablarni 
bir chetga qo‘yayligu, so‘raylik: foydalanuvchilarning hamma vakillari ham, 
ayniqsa yoshlarimiz o‘z ona tillarida savodli yoza oladilarmi, adabiy til 
me’yorlariga mos tarzda so‘zlarni talaffuz etadilarmi? Bu savollar har bir 
vatanparparvar va millatsevar inson qalbidagi og‘riq nuqtalardir. 
Shuning uchun ham mustaqillik va faqat mustaqillik sharofati bilan yaqin paytlarda 
og‘izda «shaklan milliy, mazmunan sosialistik» deb atalgan, aslida o‘shanda ham 
ko‘pchiligimizga ko‘zda tutilgan maqsadi ayon bo‘lgan mafkuradan butunlay 
qutulib, o‘z milliy mafkuramizni, istiqlol g‘oyamizni shakllantira borayotgan 
paytimizda ona tilimizga bo‘lgan munosabatimizni ham milliy manfaatlarimizga 
mos keladigan yangicha qarash asosiga qurmog‘imiz shartdir. Zero, til tarbiyasi 
ham millat tarbiyasining tarkibiy qismi sanaladi. Shu o‘rinda buyuk Abdulla 
Avloniyning asrimiz boshlarida aytgan quyidagi so‘zlari beixtiyor esga keladi: 
«Alhosil, tarbiya bizlar uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, 
yo falokat masalasidur» (O‘zbek adabiyoti, 11 sinf uchun darslik. – Toshkent: 
O‘qituvchi, 1997, 37-bet).
Darhaqiqat, Avloniyning «o‘qish, o‘qitish, tarbiya ishlarida davr talabi 
asosida islohotni amalga oshirish nihoyatda zarur» degan fikri o‘z zamoni uchun 
ham, bugungi kun uchun ham qimmatlidir.
Prof. E.Begmatovning «Nutq madaniyati problemasining paydo bo‘lishi va 


asoslanishi» maqolasida e’tiborli bir fakt keltirilgan. «Sovetskaya Rossiya» 
gazetasining 1965 yil 31 yanvar sonida yozilishicha, bir vaqtlar rus tilining 
«g‘amxo‘rlari» rus tilida to‘g‘ri gapirishni yo‘lga qo‘yish maqsadida «filologik 
milisiyalar», «rus tili o‘qituvchilaridan tuzilgan ixtiyoriy drujinachilar» tashkil 
qilishni, shuningdek, noto‘g‘ri qo‘llangan so‘z uchun ma’muriy usulda jarimalar 
undirilishini taklif qilishgan (B ye g m a t o v E. Nutq madaniyati problemasining 
paydo bo‘lishi va asoslanishi // «Nutq madaniyatiga oid masalalar» to‘plami. – 
Toshkent, 1973, 156-bet). 
Albatta, taklif kulgili. Ammo qanday yo‘l tutilsa, adabiy til me’yorlari saqlab 
qolinadi va ularga amal qilinadi, degan mazmunda bosh qotirish, bu vazifaning 
yo‘llarini topishga harakat qilish esa e’tiborga molik. 
Xo‘sh, o‘zbek tiliga hali ham shevalarning ta’siri kuchli bo‘lib turgan, rus tilining 
iskanjasidan to‘laligicha qutila olmayotgan ayni bir paytda ona tilimizning 
madaniyligi uchun kim kurashayapti, kim fidoyilik qilayapti? Savollar ana shu 
tarzda qo‘yilsa, yuqoridagi takliflarda ham jonkuyarlik uchqunlari borligini 
ko‘ramiz. Vatanni sevish har bir imonli kishining burchi ekan, til ham ana shu 
ulug‘ muhabbatning bir chetida turadi. Adabiy til haqida, uning me’yoriy 
qoidalariga amal qilishi haqida qayg‘urish nafaqat filologlarning, balki millatning 
har bir vakilining, o‘zbek tilini hurmatlaydigan har bir olijanob insonning 
vazifasiga aylanadi. 
Prof. S.Ibrohimov ham bir vaqtlar mana bu taklifni bekorga o‘rtaga 
tashlamagan edi: «Adabiy til normalaridagi kamchilik, noaniqlik va 
chalkashliklarni o‘rganib, muhokama qilib, turliliklarni bartaraf qiladigan 
«normalash komissiyasi» tashkil etilishi, uning qaror va tavsiyalari qonun kuchiga 
ega bo‘lishi lozim. Shuningdek, nutq madaniyatidan konsultasiyalar beradigan 
markaziy va mahalliy konsultasiya byurolari tuzish zarur» (I b - r o h i m o v S. 
O‘zbek tilining nutq madaniyatiga oid masalalar //«Nutq madaniyatiga oid 
masalalar» to‘plami. – Toshkent, 1973, 38-bet). O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar 
Mahkamasi qoshida tashkil etilgan Atamalar qo‘mitasi ma’lum ma’noda ana 
shunday vazifalarni bajarib kelmoqda. 
Ma’lumki, adabiy tilning yozma va og‘zaki shakllari mavjud. Agar tilimizning 
adabiylik darajasiga ko‘tarilgunga qadar umumxalq, umummilliy ko‘rinishda 
bo‘lganligini inobatga olsak, adabiy tilimizning og‘zaki shaklini anglash 
birmuncha osonlashadi. Shu o‘rinda A.Muxtorov va U.Sanaqulovlarning kitobida 
keltirilgan jadvalining mag‘zini chaqsak, tasavvurimiz yana ham kengayadi (Mu x 
t o r o v A., S a n a q u l o v U. O‘zbek adabiy tili tarixi. – Toshkent, 1995, 9-bet). 
Ammo bu o‘rinda biz nimaga e’tiborimizni qaratishimiz lozim? 
Nazarimizda, til va nutqning ushbu ko‘rinishlarining farqli va umumiy, afzal va 
mushkul jihatlariga, paydo bo‘lish davri va imkoniyatlariga. Shunda ham bu 
jihatlarga adabiy me’yor nuqtai nazaridan munosabat bildirilishi to‘g‘ri bo‘ladi.
Shu ma’noda til va nutqning og‘zaki shakli vaqt nuqtai nazaridan yozma nutqqa 
qaraganda ancha ilgari paydo bo‘lganligi, undagi me’yorlashish jarayonining 
stixiyali tarzda kechganligini ta’kidlash joiz. Buning ustiga o‘zbek tilidagi dialekt 
va shevalarning ko‘pligi, ularning bir-biridan ba’zan jiddiy farq qilishi tilning 
og‘zaki me’yori haqida mulohaza bildirishni nihoyatda chigallashtiradi. Shuning 


uchun ham prof. F.Abdullayev adabiy tilning qonun-qoidalarini, me’yorlarini 
belgilashda bu xususiyatni hisobga olmaslik kutilgan natijani bermasligini 
ta’kidlagan edi (A b d u l l a ye v F. O‘zbek milliy adabiy tili va uni o‘rganishga 
oid masalalar // «Nutq madaniyatiga oid masalalar» to‘plami. – Toshkent, 1973, 
43-bet).
Zero, tilimizning me’yori buzilishidagi asosiy kamchilik xuddi ana shu 
og‘zaki ko‘rinishda ko‘p sodir bo‘ladi va ularni bartaraf etish ham qiyin kechadi.
Inson muomalasida, o‘zaro fikr almashish jarayonida yozuv degan bir nodir 
ne’matning paydo bo‘lishi kishilik jamiyati uchun buyuk inqilob bo‘lgani aniq. Bu 
jarayon juda qadimdan o‘z yozuviga ega bo‘lgan turkiy ayrim xalqlar, jumladan 
o‘zbek tili uchun ham tegishlidir. Yuqorida bir necha bor ta’kidlaganimizdek, 
me’yor adabiy tilning asosini tashkil qilar ekan, u «milliy adabiy tilni ta’riflashda 
(ham) markaziy tushuncha bo‘lib, xuddi ana shu asosiy belgi yangi davrda misli 
ko‘rilmagan darajada rivojlanadi va adabiy tilning yozma turida yuzaga kelib 
rivojlanayotgan birlik uning og‘zaki turiga ham kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Bu hodisa 
adabiy tilning orfoepik normasini ixchamlashtiradi va borgan sari uning adabiy 
tilning yozma turiga yaqinlashuvida markazlashtiruvchi rol o‘ynaydi» (A b d u l l a 
ye v F. Yuqoridagi maqola, 39-bet). 
Prof. F.Abdullayevning aytganlaridan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, me’yor 
masalasidagi bugungi ilmiy amaliy vazifamiz ham oydinlashadi. Bu - og‘zaki 
nutqni yozma nutqqa yaqinlashtirish. Xo‘sh, bunda ularning qaysi jihatlari asosiy 
e’tiborga olinishi lozim? Talaffuzmi, nutq qurilishimi yoki til birliklarining 
emosional-ekspressiv imkoniyatimi? Fikrimizcha, bu savollarga bir tomonlama 
javob berib bo‘lmaydi. Negaki, biz tilimizning qanchalik adabiy, me’yoriy va 
madaniy bo‘lishiga intilmaylik, og‘zaki va yozma nutqning o‘ziga xos 
xususiyatlaridan ko‘z yumib bo‘lmaydi. 
Ko‘pchilik o‘zbek tilshunos olimlari «millat rivojlangan sari milliy til bilan 
jonli so‘zlashuv o‘rtasida ayirma ham asta-sekin zaiflashib boraveradi» (A b d u l l 
a ye v F. Yuqoridagi maqola, 39-bet), degan fikrda edilar. Darhaqiqat, shunday 
bo‘lishi lozim edi. Chunki ana shu maqsad yo‘lida ziyolilarimiz, filolog 
olimlarimiz, adiblarimiz, jurnalistlarimiz tomonidan juda ko‘p ishlar amalga 
oshirildi. Tilning nazariy jihatlarini asoslashdan tortib turli xarakter va hajmda 
bo‘lgan lug‘atlar yaratildi, tildan amalda foydalanishga oid tavsiyanomalar berildi. 
Ammo umumo‘zbek nutqi madaniyatida nega jiddiy o‘zgarishlar sezilmayapti? 
Nega belgilab qo‘yilgan me’yorlarga amaliyotda to‘la rioya qilinmayapti? Nima 
uchun adabiy til millatning hamma vakillari, undan barcha foydalanuvchilar uchun 
emas, balki faqat ziyolilar uchun tegishliday bo‘lib qolayapti? 
Albatta, til madaniyati milliy va umuminsoniy madaniyatning, 
qadriyatlarning, ma’naviyatimizning ajralmas qismi sanaladi. Uning darajasi qaysi 
bir ma’noda iqtisodiy omillarga borib taqalishi mumkin. Prezidentimiz 
I.A.Karimov tomonidan ma’naviyat masalalari bilan shug‘ullanish davlatimiz 
yuritayotgan siyosatda ustuvor yo‘nalishlardan biri deb e’lon qilgan bir paytda 
qachon respublikamiz iqtisodiy qiyinchiliklarni bartaraf etib bo‘lgandan keyin til 
madaniyati masalalari bilan shug‘ullanamiz, degan fikrda bo‘lish nodonlikdan 
boshqa narsa emas. 


Tildagi me’yoriy holatlarni belgilashda, tilning adabiylik darajasini 
ta’minlashda ilmiy asoslangan imlo va talaffuz qoidalarining mavjud bo‘lishi, ular 
vakolatli tashkilotlar tomonidan rasmiylashtirilib, ma’lum ma’noda til 
iste’molchilari uchun majburiy bo‘lishi, qonuniy hujjat holigi keltirilishining 
ahamiyati katta, albatta. Ammo til iste’molchilarining hammasida ham ana shu 
qonun-qoidalardan yetarli darajada xabardor bo‘lish imkoni bo‘lavermaydi. Ular til 
me’yorini asosan eshitish va ko‘rish natijasida o‘zlashtiradilar hamda shu asosda 
gapirib va yozib ketaveradilar. Bunda tildan foydalanuvchining, ayniqsa, yosh 
paytidagi, tilni endi o‘zlashtira boshlagan chog‘laridagi oila qurshovining, atrof 
muhitning - bog‘chaning, maktabning, umuman, bundan keyingi ta’lim va tarbiya 
manbalarining ahamiyati katta bo‘ladi. Shuning uchun ham ko‘pchiligimiz 
shevachilik illatlaridan qutula olmaymiz, ayrimlarimizning savodxonligimiz o‘ziga 
yarasha bo‘ladi. Aslida bu jarayon insonning butun umrida davom etishi mumkin. 
Harqalay, hozirgi davrda bizga tilimizning me’yorini belgilab beruvchi, 
ularni o‘zlashtirib olishimizga, ko‘nikma hosil qilishga yordam beruvchi ommaviy 
axborot, badiiy adabiyot singari kuchli vositalar ham borki, ularni, ayniqsa, badiiy 
adabiyot namunalarini, ana shu ma’noda o‘ziga xos ko‘zgu deyish mumkin. 
Chunki ularning tilni qamrash imkoniyatlari boshqa manbalarga nisbatan kengdir. 
Shuning uchun ham til va nutq madaniyatidagi haqiqiy ahvolga, vaziyatga 
baho beruvchi, mavjud kamchiliklarni tanqid qiluvchi, ularni bartaraf etish 
yo‘llarini ko‘rsatuvchi chiqishlar ommaviy axborot vositalari orqali olib borilishi 
va bu mas’uliyatli vazifani amalga oshiruvchi shu soha xodimlariga, jurnalistlarga, 
adiblarga tayanib ish ko‘rilishi lozim. 
Biz esa nutqiy madaniyatimizdagi kamchiliklar to‘g‘risida gap boshlashimiz bilan 
darhol matbuot, teatr, kino, televidiniye, radio xodimlarini tanqid qilishga o‘tamiz. 
Vaholanki, insof bilan aytganda, adabiy til me’yorlariga asosan o‘shalar rioya qilib 
kelishmoqda-ku! Omma bilan ko‘proq ishlaydigan, ularga faoliyat va burch 
yuzasidan yaqin bo‘lgan ko‘pchilik tarbiyachilar, o‘qituvchi-pedagoglar, 
mahallalar, fuqarolar yig‘inlari faollari va oqsoqollari armiyasi ham mavjud. 
Afsuski, hayotning o‘zidan boshqa ularning nutqini nazorat qiladigan, 
kamchiliklarini ko‘rsatadigan til mas’uliyatini eslatadigan kuch ham, so‘zlashish 
madaniyatini, notiqlik san’atini o‘rgatadigan maktablar ham yo‘q. 
Rus tilshunosi G.V. Kostomarov shunday degan ekan: «Kishilar ataylab yomon 
so‘zlamaydilar, balki boshqacha gapirishga o‘rganmaganliklari uchun ham 
shunday so‘zlaydilar» (K o s t o m a - r o v V.G. Nasuùnûye zadachi ucheniy o 
kulture rechi // Russkiy yazûk v shkole, 1965, ¹ 4, s.3 ). Demak «boshqacha 
gapirishga» o‘rganish uchun ham e’tibor, ham til savodxonligi zarur bo‘ladi. Shu 
ma’noda me’yor tarzida shakllangan, bizga yozish va so‘zlashda andoza bo‘la 
oladigan namunalar va tavsiyalar kerak. 
Gap shundaki, tildan foydalanishda e’tiborsizlik bilan bir qatorda 
mas’uliyatsizligimiz ham bor. Vaholanki, «so‘zni adabiy tilda qabul qilingan 
normalarga muvofiq - adabiy formalarda qo‘llash.... nutqqa qo‘yiladigan umumiy 
talablarning birinchisidir» (G‘ u l o m o v A.G‘. Adabiy til normalari // «Nutq 
madaniyatiga oid masalalar» to‘plami. – Toshkent, 1973, 59-bet). Bu hol 
qachongacha davom etishini aytish qiyin. Ammo shu paytga qadar til ilmini 


o‘rganishda to‘plagan tajribalarimiz, olib borilayotgan ilmiy kuzatishlar, ularning 
hayotga, o‘quv jarayoniga bevosita tatbiqi, kun sayin qalbimizda 
ravshanlashayotgan milliy o‘zligimizni anglash, xalqning madaniy va ma’naviy 
barkamolligi ertami-kechmi barchamizni adabiy til me’yorlariga yetarli darajada 
amal qilishga olib keladi, degan umiddamiz.
Garchi ona tilimiz - hozirgi o‘zbek adabiy tilini E.Begmatov ta’kidlagan «o‘z 
normativ sistemalarining yuqori darajada shakllanganligi, takomili va boyligi 
jihatdan yuksak darajadagi madaniy til» sifatida faxrlanib tilga olsak-da, uni 
yanada yuksaltirish borasigi ishlar keng ko‘lamda, izchillik bilan davom ettirilishi 
lozim. «Endilikda o‘zbek adabiy tilining madaniy normativ imkoniyatlarini 
o‘rganish va bu imkoniyatlardan amaliy nutqda o‘rinli va effektiv ravishda 
foydalana olish yo‘llarini tadqiq qilish, shuningdek, o‘zbek adabiy tili normalarini 
takomillashtirish, ularning yanada stabillashuvi, o‘tkirlashuvi hamda rivoji uchun 
ko‘maklashish muhim vazifadir» (B ye g m a t o v E. O‘zbek nutqi madaniyati 
masalalari // O‘zbek tili va adabiyoti, 1980, ¹ 4, 54-bet). 
Til tarbiyasi ham farzand bola tarbiyasiga o‘xshaydi. Intizom ozroq 
bo‘shashgan joyda u ham albatta o‘zining salbiy natijasini ko‘rsatadi. Bu boradagi 
ishlarda stixiyaga, kampaniyachilikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Aksincha, bu 
faoliyatni markazlashtirish va muvofiqlashtirish, uni davlat ahamiyatiga ega 
bo‘lgan, keng jabhada olib boriladigan, odat tusiga kirgan ish darajasiga olib 
chiqish lozim.
Adabiy til umumxalq tilining yashash shakllaridan biri ekan, unga millat uchun 
nafaqat yagona aloqa vositasi sifatida, shu bilan birga, qalbimizdagi eng nozik his-
tuyg‘ularni ifoda eta oladigan qimmatbaho boylik sifatida munosabatda 
bo‘lmog‘imiz, uning o‘sishi, rivojlanishi uchun doimo g‘amxo‘rlik qilishimiz, 
parvarishlashimiz zarur bo‘ladi. Nutq jarayonida, ayniqsa, so‘zlashuv va badiiy 
ijod jarayonida uning shunday bir imkoniyatlari ochiladiki, biz uni payqashimiz va 
bir lahza bo‘lsa-da, ochilgan bu xazina boyliklaridan lazzatlana va huzurlana 
olishimiz lozim.
Til uchun belgilab quyilgan me’yoriy holatlar doirasidan chiqib, uning har 
bir vazifaviy uslub doirasida har bir nutqiy vaziyatda ifoda etayotgan nozik 
ma’nolarini ilg‘ay olish, tahlil qilish va uni turli yo‘llar hamda vositalar bilan 
xalqqa yetkazish til bilimdonlarining burchi va vazifasidir.
Adabiy tilimizning yashovchanligini, obro‘sini, martabasini saqlab qolish esa unda 
belgilangan me’yorlarga qat’iy rioya qilishni taqozo etadi. Chunki zamonlar 
silsilasida toblangan o‘zbek tili, bir tomondan, o‘z maromida sayqal topib, 
silliqlashib borgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, o‘zbek tilshunosligi ham fan sifatida 
ko‘plab olimlarimizning sa’y harakatlari tufayli o‘zining yuksak taraqqiyot 
bosqichiga ko‘tarildi. U til birliklarining juda ko‘p jihatlarini ilmiy asosida 
me’yorlashtirishga ko‘maklashdi. Boshqacha aytganda, bugunga kelib til 
me’yorlari ilmiy xulosalarga tayanilgan holda ongli boshqarila boshlandi. Shuning 
uchun ham o‘zbek adabiy tilining hozirgi me’yorlarini, mavjud kamchiliklardan 
ko‘z yummagan holda, qat’iy qoida va tartibga solingan, yozuvda 
mustahkamlangan, namuna bo‘la oladigan, uning iste’molchilari uchun tushunarli 
va ma’qul bo‘lgan, ular tomonidan bab-baravar foydalaniladigan, umummajburiy 


bo‘lgan, ma’lum ma’noda turg‘unlashgan va barqarorlashgan, shu bilan birga, asta 
sekinlik bilan o‘sib, rivojlanib boruvchi, o‘rni bilan variantlari ko‘payuvchi, 
uslublararo tarmoqlanib, kengayib boradigan, ayni paytda an’anaviylikni ham 
saqlab qolishi mumkin bo‘lgan me’yorlarga aylandi, deb bemalol ayta olamiz. 
O‘zbek adabiy tili me’yorlari xususida to‘plangan bilim va tajribalarga 
tayanib yana shuni aytish mumkinki, uning umumiy va konkret ko‘rinishlari 
mavjud. Umumiy tarzda uni og‘zaki va yozma nutq me’yorlariga ajratamiz. O‘z 
navbatida, yozma adabiy nutq me’yori, yozma adabiy til me’yori va yozma uslub 
me’yoriga, og‘zaki nutq me’yori og‘zaki adabiy til, og‘zaki uslub me’yoriga 
bo‘linadi. Konkret tarzda esa, tilimizda leksik - semantik, talaffuz, grafik, 
punktuasion, fonetik, grammatik, so‘z yasalishi, orfografik va uslubiy me’yorlar 
mavjudligini qayd qilamiz. 
Asosiy adabiyotlar: 
1. Э.Бегматов, А.Бобоева, М.Асомиддинова. Адабий норма ва нутқ 
муносабати. – Т.: Фан, 1983. 
2. Begmatov E., Mamatov A. Adabiy norma nazariyasi, I, II, III qism.- Toshkent, 
1998. 
3. О‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari.-Toshkent:О‘qituvchi,1995. -15 b. 
4. О‘zbek orfografiyasi va punktuatsyasining asosiy qoidalari. –Toshkent. 1988.
5. Shoabdurahmonov Sh. O’zbek adabiy tilining leksik normalari // «Nutq 
madaniyatiga oid masalalar» to’plami - Toshkent: Fan, 1973. 

Download 248.65 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling