3-mavzu. Adabiy til va adabiy me‘yor. Me’yorda namunaviylik, umummajburiylik, barqarorlik, an’anaviylik, andazaviylik, uslubiy tarmoqlanganlik r e j a
Download 248.65 Kb. Pdf ko'rish
|
3-ma\'ruza
- Bu sahifa navigatsiya:
- Asosiy adabiyotlar
3-mavzu. Adabiy til va adabiy me‘yor. Me’yorda namunaviylik, umummajburiylik, barqarorlik, an’anaviylik, andazaviylik, uslubiy tarmoqlanganlik R e j a: 1. O‘zbek tilining taraqqiyot bosqichlari. 2. O‘zbek tilining boyib borishida ichki va tashqi omillar. 3. Dialekt va sheva umumxalq tilining tarkibiy qismi. 4. Adabiy til va uning taraqqiyot davrlari. 5. Adabiy tilning yozma va og‘zaki shakllari. 6. Adabiy til va adabiy me’yor. 7. Adabiy me’yorning tiplari. Tayanch so‘z va iboralar : Adabiy tilni davrlashtirish masalasi. Til shakllari: og‘zaki va yozma. Ijtimoiy vazifasi : aloqa, xabar, ta’sir. Umumiy va xususiy me’yor. Umumiy - yozma nutq, yozma adabiy til, yozma uslub. Xususiy – leksik- semantik, talaffuz, aksentologik, fonetik, grammatik, so‘z yasalishi, orfografik, grafik, punktuasion, uslubiy. Necha asrlar davomida sayqal topib, silliqlashib, mukammalashib, bugungi holatga kelgan o‘zbek adabiy tili xalqimizning umumxalq tili negizida shakllangan va taraqqiy topgan. Turkiy tillar tizimi va oltoy tillar oilasiga kiruvchi o‘zbek tili hozirgi holatga kelgunga qadar uzoq taraxiy taraqqiyot davrini boshidan kechirganligi ma’lum. Barcha tillarda bo‘lgani kabi o‘zbek tilining boyib borishida ham ichki va tashqi omillarning ta’siri katta. Bu haqda talabalar ona tilimizning «Leksikologiya» kursidan saboqlar tinglaganlarida ma’lumot olishgan. «O‘zbek tilining bevosita o‘ziniki bo‘lgan asosiy leksik qismini shu tilning taraqqiyoti prosessida uning ichki imkoniyatlari, o‘ziga xos qonun-qoidalari asosida hosil etilgan yasama so‘zlar tashkil etadi» (Sh o a b d u r a h m o n o v Sh. va boshqalar. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. – Toshkent, 1980, 121-bet). Binobarin, yangi so‘zlar yasalishining yoki mavjud so‘zlarning yangi-yangi ma’nolar anglatishining o‘zbek tilida imkoniyatlari kengdir. Shu bilan birga, tilimizdagi leksik birliklar juda oz bo‘lsa-da, grammatik vositalar orasida tashqaridan olingan, jumladan, hindcha, yunoncha, arabcha, mo‘g‘ulcha, forscha-tojikcha, ruscha-baynalmilal birliklar uchraydi. Bu xalqimizning o‘tgan juda ko‘p asrlik davr mobaynida boshqa xalqlar bilan ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy aloqadorlikda bo‘lganligi, buning ustiga, ayrim davlatlar va ularning boshliqlarining O‘rta Osiyo hududida olib borgan bosqinchilik urushlari va harakatlari bilan bog‘liq. Qanday bo‘lganda ham tilimizga chet so‘zlar kirib kelganligini inkor qilib bo‘lmaydi va uning, yuqorida ta’kidlaganimizdek, obyektiv va subyektiv sabablari mavjud. Bu birliklar bugungi kunda tilimiz lug‘aviy boyligining tarkibiy qismi sanaladi. Til me’yorining adabiy tilga munosabati haqida mulohaza yuritishni maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, dastlab tilimizning ana shu boyib borish yo‘llariga, taraqqiyot davrlariga, qisqacha bo‘lsa-da, ko‘z yugurtirish lozim bo‘ladi. Ushbu masalaga qiziqish qadimgi davrlardayoq, hatto XI asrdan - M.Koshg‘ariy zamonidan boshlanganligini olimlarimiz e’tirof etishadi. Ammo bu qiziqish va tilimiz taraqqiyot bosqichlarini davrlashtirish hamda uning mukammal tasnifi bilan shug‘ullanish XIX asrdan boshlangan. Turkiy tillarni davrlashtirish bo‘yicha V.V. Radlov, A.N.Samoylovich, S.Ye.Malov, Ye.D.Polivanov, A.K.Borovkov, V.R.Reshetov, N.A. Baskakov, V.A. Bagorodiskiy kabi rus turkiyshunos olimlarining xizmatlari katta bo‘lgan. Keyinchalik, ularning ilmiy qarashlariga tayanilgan holda o‘zbek tili tarixini davrlashtirish masalasi ham kun tartibiga qo‘yilgan. Bu borada Tesha Salimov, Faxri Kamolov, A.M.Shcherbak, Olim Usmonov, G‘ani Abdurahmonov, Shamsiddin Shukurov, Ergash Fozilov, Fattoh Abdullayevlar o‘z qarashlarini bayon qilishgan (Bu haqda qarang:T u r s u n o v U., O‘ r i n b o ye v B. O‘zbek adabiy tili tarixi. – Toshkent, 1982, 30-33-betlar. T u r s u n o v U., O‘ r i n b o ye v B., A l i ye v A. O‘zbek adabiy tili tarixi. – Toshkent, 1995, 19-26-betlar.; Mu x t o r o v A., S a n a q u l o v U.. O‘zbek adabiy tili tarixi. – Toshkent, 1995, 21-26- betlar). Bu qarashlar bir qadar batafsil tahlil qilingan va umumlashtirilgan ilmiy manbalar o‘zbek adabiy tili tarixini o‘rganishning eng keyingi yutuqlarini mujassam qilgan, darslik va qo‘llanma sifatida tavsiya etilgan U.Tursunov, B.O‘rinboyev, A.Aliyev hamda A.Muxtorov, U.Sanaqulovlarning asarlari hisoblanadi (T u r s u n o v U., O‘ r i n b o ye v B., A l i ye v A. Yuqoridagi asar; Mu x t o r o v A., S a n a q u l o v U. Yuqoridagi asar). Bu kitoblardagi har ikkala tasnifni ham keltirish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. U.Tursunov, B.O‘rinboyev, A.Aliyevlar tasnifi: 1. Qadimgi turkiy xalqlar davrida adabiy til (V-X asrlar). Ilk davr o‘zbek xalq tili (X-XIV asrning yarmi). O‘zbek xalq tilining takomillashish davri (XIV asr oxiri XIX asrning II yarmi). Milliy til unsurlarining paydo bo‘lish, shakllanish va rivojlanish davridagi o‘zbek adabiy tili (XIX asrning II yarmidan hozirgi kungacha bo‘lgan davr) (T u r s u n o v U., O‘ r i n b o ye v B., A l i ye v A. Yuqoridagi asar, 24-26-betlar). A. Muxtorov va U. Sanaqulovlar tasnifi: Qadimgi turkiy adabiy til davri (VII - XIII asrlar). Eski o‘zbek adabiy tili davri (XIII - XX asr boshlarigacha). 3. Hozirgi o‘zbek adabiy tili davri (XX asr boshlari keyingi davr) (M u x t o r o v A., S a n a q u l o v U. Yuqoridagi asar, 24-bet). Bu tasniflarning qaysi biri nisbatan mukammal va ilmiyligini tahlil qilish bizning vazifamizga kirmaydi. Ammo adabiy til me’yori masalasini bir qadar kengroq o‘rganishimiz uchun tasniflardan xabardor bo‘lishimiz zarur . Bu o‘rinda xulosa sifatida faqat shuni ta’kidlash lozim bo‘ladiki, ona tilimiz tarixi qanday tartibda davrlashtirilganidan qat’iy nazar uning rivojidagi hamma bosqichlarda ham til birliklarini bir me’yorga keltirish masalasi xoh ongli, xoh stixiyali tarzda bo‘lsin, muomala jarayonida e’tiborda bo‘lgan. Ammo shu narsa hayotiy, ilmiy haqiqatga yaqinki, adabiy me’yorning shakllanishidagi dastlabki bosqich stixiyali ravishda yuz bergan. Ma’lum til birligining jamoa o‘rtasidagi ma’lum shakl va holatda ko‘p iste’molda bo‘lishi me’yoriy ko‘rinishlarning turg‘unlik kasb etishiga asos bo‘ldi. Tilda yuz, balki ming yillab davom etgan differensiasiya - ajralish, tarqalish jarayoni bu me’yorning ma’lum bir til doirasida bir yo‘nalishda umumtil-adabiy, ikkinchi bir yo‘nalishida esa umumxalq tilining tarkibiy qismi bo‘lgan dialekt va shevalar ham mahalliychilik shaklida mustahkamlanib borishiga olib keldi. Tabiiyki, jamiyat taraqqiyoti bilan bab-baravar til, jumladan o‘zbek tili ham rivojlanib, mukammallashib, ilmiy jihatdan o‘rganilib borildi. Natijada uning barcha tarmoqlarida me’yoriy tomonlar anchagina barqarorlashdi. Bu yerda ham til me’yorlarining mustahkamlanishida nutq jarayonining katta ahamiyat kasb etganini esdan chiqarmagan holda, uning taraqqiyoti tobora ongli boshqarila borganligini, tilshunoslik ilmining ta’siri sezilarli darajada kengayganligini kuzatish qiyin emas. Ana shu omillar ta’siri va natijasi o‘laroq til qatlamlaridagi mavjud birliklarga belgilab qo‘yilgan me’yoriy holatlar tildan foydalanuvchi barcha vakillar uchun majburiy ko‘rinishga keltirildi va bu majburiylik tegishli hujjatlarda, lug‘atlarda o‘z ifodasini topdi (Bugungi kunda amalda bo‘lgan hujjatlar va lug‘atlar quyidagilar : O‘zbek orfografiyasining asosiy qoidalari. – Toshkent, 1956; O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari. – Toshkent, 1995; O‘zbek tilining imlo lug‘ati. – Toshkent, 1976; O‘zbek adabiy talaffuzi lug‘ati. – Toshkent, 1984; Ozbek tilining imlo lugati. – Toshkent, 1998). Mazkur o‘quv qo‘llanmasi talabalarimizga - umidimiz bo‘lgan kelajagimizga, yoshlarimizga mo‘ljallab yozilgani sababli, shu o‘rinda ularni, nazarimizda, bir haqiqatdan xabardor qilib qo‘yishga ehtiyoj seziladi. Barcha tildan foydalanuvchilar uchun me’yoriy holatlarning majburiy ekanligi tayin gap. Ammo unga amal qilishimiz qay ahvolda? Tilimizdan foydalanishdagi barcha talablarni bir chetga qo‘yayligu, so‘raylik: foydalanuvchilarning hamma vakillari ham, ayniqsa yoshlarimiz o‘z ona tillarida savodli yoza oladilarmi, adabiy til me’yorlariga mos tarzda so‘zlarni talaffuz etadilarmi? Bu savollar har bir vatanparparvar va millatsevar inson qalbidagi og‘riq nuqtalardir. Shuning uchun ham mustaqillik va faqat mustaqillik sharofati bilan yaqin paytlarda og‘izda «shaklan milliy, mazmunan sosialistik» deb atalgan, aslida o‘shanda ham ko‘pchiligimizga ko‘zda tutilgan maqsadi ayon bo‘lgan mafkuradan butunlay qutulib, o‘z milliy mafkuramizni, istiqlol g‘oyamizni shakllantira borayotgan paytimizda ona tilimizga bo‘lgan munosabatimizni ham milliy manfaatlarimizga mos keladigan yangicha qarash asosiga qurmog‘imiz shartdir. Zero, til tarbiyasi ham millat tarbiyasining tarkibiy qismi sanaladi. Shu o‘rinda buyuk Abdulla Avloniyning asrimiz boshlarida aytgan quyidagi so‘zlari beixtiyor esga keladi: «Alhosil, tarbiya bizlar uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidur» (O‘zbek adabiyoti, 11 sinf uchun darslik. – Toshkent: O‘qituvchi, 1997, 37-bet). Darhaqiqat, Avloniyning «o‘qish, o‘qitish, tarbiya ishlarida davr talabi asosida islohotni amalga oshirish nihoyatda zarur» degan fikri o‘z zamoni uchun ham, bugungi kun uchun ham qimmatlidir. Prof. E.Begmatovning «Nutq madaniyati problemasining paydo bo‘lishi va asoslanishi» maqolasida e’tiborli bir fakt keltirilgan. «Sovetskaya Rossiya» gazetasining 1965 yil 31 yanvar sonida yozilishicha, bir vaqtlar rus tilining «g‘amxo‘rlari» rus tilida to‘g‘ri gapirishni yo‘lga qo‘yish maqsadida «filologik milisiyalar», «rus tili o‘qituvchilaridan tuzilgan ixtiyoriy drujinachilar» tashkil qilishni, shuningdek, noto‘g‘ri qo‘llangan so‘z uchun ma’muriy usulda jarimalar undirilishini taklif qilishgan (B ye g m a t o v E. Nutq madaniyati problemasining paydo bo‘lishi va asoslanishi // «Nutq madaniyatiga oid masalalar» to‘plami. – Toshkent, 1973, 156-bet). Albatta, taklif kulgili. Ammo qanday yo‘l tutilsa, adabiy til me’yorlari saqlab qolinadi va ularga amal qilinadi, degan mazmunda bosh qotirish, bu vazifaning yo‘llarini topishga harakat qilish esa e’tiborga molik. Xo‘sh, o‘zbek tiliga hali ham shevalarning ta’siri kuchli bo‘lib turgan, rus tilining iskanjasidan to‘laligicha qutila olmayotgan ayni bir paytda ona tilimizning madaniyligi uchun kim kurashayapti, kim fidoyilik qilayapti? Savollar ana shu tarzda qo‘yilsa, yuqoridagi takliflarda ham jonkuyarlik uchqunlari borligini ko‘ramiz. Vatanni sevish har bir imonli kishining burchi ekan, til ham ana shu ulug‘ muhabbatning bir chetida turadi. Adabiy til haqida, uning me’yoriy qoidalariga amal qilishi haqida qayg‘urish nafaqat filologlarning, balki millatning har bir vakilining, o‘zbek tilini hurmatlaydigan har bir olijanob insonning vazifasiga aylanadi. Prof. S.Ibrohimov ham bir vaqtlar mana bu taklifni bekorga o‘rtaga tashlamagan edi: «Adabiy til normalaridagi kamchilik, noaniqlik va chalkashliklarni o‘rganib, muhokama qilib, turliliklarni bartaraf qiladigan «normalash komissiyasi» tashkil etilishi, uning qaror va tavsiyalari qonun kuchiga ega bo‘lishi lozim. Shuningdek, nutq madaniyatidan konsultasiyalar beradigan markaziy va mahalliy konsultasiya byurolari tuzish zarur» (I b - r o h i m o v S. O‘zbek tilining nutq madaniyatiga oid masalalar //«Nutq madaniyatiga oid masalalar» to‘plami. – Toshkent, 1973, 38-bet). O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshida tashkil etilgan Atamalar qo‘mitasi ma’lum ma’noda ana shunday vazifalarni bajarib kelmoqda. Ma’lumki, adabiy tilning yozma va og‘zaki shakllari mavjud. Agar tilimizning adabiylik darajasiga ko‘tarilgunga qadar umumxalq, umummilliy ko‘rinishda bo‘lganligini inobatga olsak, adabiy tilimizning og‘zaki shaklini anglash birmuncha osonlashadi. Shu o‘rinda A.Muxtorov va U.Sanaqulovlarning kitobida keltirilgan jadvalining mag‘zini chaqsak, tasavvurimiz yana ham kengayadi (Mu x t o r o v A., S a n a q u l o v U. O‘zbek adabiy tili tarixi. – Toshkent, 1995, 9-bet). Ammo bu o‘rinda biz nimaga e’tiborimizni qaratishimiz lozim? Nazarimizda, til va nutqning ushbu ko‘rinishlarining farqli va umumiy, afzal va mushkul jihatlariga, paydo bo‘lish davri va imkoniyatlariga. Shunda ham bu jihatlarga adabiy me’yor nuqtai nazaridan munosabat bildirilishi to‘g‘ri bo‘ladi. Shu ma’noda til va nutqning og‘zaki shakli vaqt nuqtai nazaridan yozma nutqqa qaraganda ancha ilgari paydo bo‘lganligi, undagi me’yorlashish jarayonining stixiyali tarzda kechganligini ta’kidlash joiz. Buning ustiga o‘zbek tilidagi dialekt va shevalarning ko‘pligi, ularning bir-biridan ba’zan jiddiy farq qilishi tilning og‘zaki me’yori haqida mulohaza bildirishni nihoyatda chigallashtiradi. Shuning uchun ham prof. F.Abdullayev adabiy tilning qonun-qoidalarini, me’yorlarini belgilashda bu xususiyatni hisobga olmaslik kutilgan natijani bermasligini ta’kidlagan edi (A b d u l l a ye v F. O‘zbek milliy adabiy tili va uni o‘rganishga oid masalalar // «Nutq madaniyatiga oid masalalar» to‘plami. – Toshkent, 1973, 43-bet). Zero, tilimizning me’yori buzilishidagi asosiy kamchilik xuddi ana shu og‘zaki ko‘rinishda ko‘p sodir bo‘ladi va ularni bartaraf etish ham qiyin kechadi. Inson muomalasida, o‘zaro fikr almashish jarayonida yozuv degan bir nodir ne’matning paydo bo‘lishi kishilik jamiyati uchun buyuk inqilob bo‘lgani aniq. Bu jarayon juda qadimdan o‘z yozuviga ega bo‘lgan turkiy ayrim xalqlar, jumladan o‘zbek tili uchun ham tegishlidir. Yuqorida bir necha bor ta’kidlaganimizdek, me’yor adabiy tilning asosini tashkil qilar ekan, u «milliy adabiy tilni ta’riflashda (ham) markaziy tushuncha bo‘lib, xuddi ana shu asosiy belgi yangi davrda misli ko‘rilmagan darajada rivojlanadi va adabiy tilning yozma turida yuzaga kelib rivojlanayotgan birlik uning og‘zaki turiga ham kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Bu hodisa adabiy tilning orfoepik normasini ixchamlashtiradi va borgan sari uning adabiy tilning yozma turiga yaqinlashuvida markazlashtiruvchi rol o‘ynaydi» (A b d u l l a ye v F. Yuqoridagi maqola, 39-bet). Prof. F.Abdullayevning aytganlaridan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, me’yor masalasidagi bugungi ilmiy amaliy vazifamiz ham oydinlashadi. Bu - og‘zaki nutqni yozma nutqqa yaqinlashtirish. Xo‘sh, bunda ularning qaysi jihatlari asosiy e’tiborga olinishi lozim? Talaffuzmi, nutq qurilishimi yoki til birliklarining emosional-ekspressiv imkoniyatimi? Fikrimizcha, bu savollarga bir tomonlama javob berib bo‘lmaydi. Negaki, biz tilimizning qanchalik adabiy, me’yoriy va madaniy bo‘lishiga intilmaylik, og‘zaki va yozma nutqning o‘ziga xos xususiyatlaridan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ko‘pchilik o‘zbek tilshunos olimlari «millat rivojlangan sari milliy til bilan jonli so‘zlashuv o‘rtasida ayirma ham asta-sekin zaiflashib boraveradi» (A b d u l l a ye v F. Yuqoridagi maqola, 39-bet), degan fikrda edilar. Darhaqiqat, shunday bo‘lishi lozim edi. Chunki ana shu maqsad yo‘lida ziyolilarimiz, filolog olimlarimiz, adiblarimiz, jurnalistlarimiz tomonidan juda ko‘p ishlar amalga oshirildi. Tilning nazariy jihatlarini asoslashdan tortib turli xarakter va hajmda bo‘lgan lug‘atlar yaratildi, tildan amalda foydalanishga oid tavsiyanomalar berildi. Ammo umumo‘zbek nutqi madaniyatida nega jiddiy o‘zgarishlar sezilmayapti? Nega belgilab qo‘yilgan me’yorlarga amaliyotda to‘la rioya qilinmayapti? Nima uchun adabiy til millatning hamma vakillari, undan barcha foydalanuvchilar uchun emas, balki faqat ziyolilar uchun tegishliday bo‘lib qolayapti? Albatta, til madaniyati milliy va umuminsoniy madaniyatning, qadriyatlarning, ma’naviyatimizning ajralmas qismi sanaladi. Uning darajasi qaysi bir ma’noda iqtisodiy omillarga borib taqalishi mumkin. Prezidentimiz I.A.Karimov tomonidan ma’naviyat masalalari bilan shug‘ullanish davlatimiz yuritayotgan siyosatda ustuvor yo‘nalishlardan biri deb e’lon qilgan bir paytda qachon respublikamiz iqtisodiy qiyinchiliklarni bartaraf etib bo‘lgandan keyin til madaniyati masalalari bilan shug‘ullanamiz, degan fikrda bo‘lish nodonlikdan boshqa narsa emas. Tildagi me’yoriy holatlarni belgilashda, tilning adabiylik darajasini ta’minlashda ilmiy asoslangan imlo va talaffuz qoidalarining mavjud bo‘lishi, ular vakolatli tashkilotlar tomonidan rasmiylashtirilib, ma’lum ma’noda til iste’molchilari uchun majburiy bo‘lishi, qonuniy hujjat holigi keltirilishining ahamiyati katta, albatta. Ammo til iste’molchilarining hammasida ham ana shu qonun-qoidalardan yetarli darajada xabardor bo‘lish imkoni bo‘lavermaydi. Ular til me’yorini asosan eshitish va ko‘rish natijasida o‘zlashtiradilar hamda shu asosda gapirib va yozib ketaveradilar. Bunda tildan foydalanuvchining, ayniqsa, yosh paytidagi, tilni endi o‘zlashtira boshlagan chog‘laridagi oila qurshovining, atrof muhitning - bog‘chaning, maktabning, umuman, bundan keyingi ta’lim va tarbiya manbalarining ahamiyati katta bo‘ladi. Shuning uchun ham ko‘pchiligimiz shevachilik illatlaridan qutula olmaymiz, ayrimlarimizning savodxonligimiz o‘ziga yarasha bo‘ladi. Aslida bu jarayon insonning butun umrida davom etishi mumkin. Harqalay, hozirgi davrda bizga tilimizning me’yorini belgilab beruvchi, ularni o‘zlashtirib olishimizga, ko‘nikma hosil qilishga yordam beruvchi ommaviy axborot, badiiy adabiyot singari kuchli vositalar ham borki, ularni, ayniqsa, badiiy adabiyot namunalarini, ana shu ma’noda o‘ziga xos ko‘zgu deyish mumkin. Chunki ularning tilni qamrash imkoniyatlari boshqa manbalarga nisbatan kengdir. Shuning uchun ham til va nutq madaniyatidagi haqiqiy ahvolga, vaziyatga baho beruvchi, mavjud kamchiliklarni tanqid qiluvchi, ularni bartaraf etish yo‘llarini ko‘rsatuvchi chiqishlar ommaviy axborot vositalari orqali olib borilishi va bu mas’uliyatli vazifani amalga oshiruvchi shu soha xodimlariga, jurnalistlarga, adiblarga tayanib ish ko‘rilishi lozim. Biz esa nutqiy madaniyatimizdagi kamchiliklar to‘g‘risida gap boshlashimiz bilan darhol matbuot, teatr, kino, televidiniye, radio xodimlarini tanqid qilishga o‘tamiz. Vaholanki, insof bilan aytganda, adabiy til me’yorlariga asosan o‘shalar rioya qilib kelishmoqda-ku! Omma bilan ko‘proq ishlaydigan, ularga faoliyat va burch yuzasidan yaqin bo‘lgan ko‘pchilik tarbiyachilar, o‘qituvchi-pedagoglar, mahallalar, fuqarolar yig‘inlari faollari va oqsoqollari armiyasi ham mavjud. Afsuski, hayotning o‘zidan boshqa ularning nutqini nazorat qiladigan, kamchiliklarini ko‘rsatadigan til mas’uliyatini eslatadigan kuch ham, so‘zlashish madaniyatini, notiqlik san’atini o‘rgatadigan maktablar ham yo‘q. Rus tilshunosi G.V. Kostomarov shunday degan ekan: «Kishilar ataylab yomon so‘zlamaydilar, balki boshqacha gapirishga o‘rganmaganliklari uchun ham shunday so‘zlaydilar» (K o s t o m a - r o v V.G. Nasuùnûye zadachi ucheniy o kulture rechi // Russkiy yazûk v shkole, 1965, ¹ 4, s.3 ). Demak «boshqacha gapirishga» o‘rganish uchun ham e’tibor, ham til savodxonligi zarur bo‘ladi. Shu ma’noda me’yor tarzida shakllangan, bizga yozish va so‘zlashda andoza bo‘la oladigan namunalar va tavsiyalar kerak. Gap shundaki, tildan foydalanishda e’tiborsizlik bilan bir qatorda mas’uliyatsizligimiz ham bor. Vaholanki, «so‘zni adabiy tilda qabul qilingan normalarga muvofiq - adabiy formalarda qo‘llash.... nutqqa qo‘yiladigan umumiy talablarning birinchisidir» (G‘ u l o m o v A.G‘. Adabiy til normalari // «Nutq madaniyatiga oid masalalar» to‘plami. – Toshkent, 1973, 59-bet). Bu hol qachongacha davom etishini aytish qiyin. Ammo shu paytga qadar til ilmini o‘rganishda to‘plagan tajribalarimiz, olib borilayotgan ilmiy kuzatishlar, ularning hayotga, o‘quv jarayoniga bevosita tatbiqi, kun sayin qalbimizda ravshanlashayotgan milliy o‘zligimizni anglash, xalqning madaniy va ma’naviy barkamolligi ertami-kechmi barchamizni adabiy til me’yorlariga yetarli darajada amal qilishga olib keladi, degan umiddamiz. Garchi ona tilimiz - hozirgi o‘zbek adabiy tilini E.Begmatov ta’kidlagan «o‘z normativ sistemalarining yuqori darajada shakllanganligi, takomili va boyligi jihatdan yuksak darajadagi madaniy til» sifatida faxrlanib tilga olsak-da, uni yanada yuksaltirish borasigi ishlar keng ko‘lamda, izchillik bilan davom ettirilishi lozim. «Endilikda o‘zbek adabiy tilining madaniy normativ imkoniyatlarini o‘rganish va bu imkoniyatlardan amaliy nutqda o‘rinli va effektiv ravishda foydalana olish yo‘llarini tadqiq qilish, shuningdek, o‘zbek adabiy tili normalarini takomillashtirish, ularning yanada stabillashuvi, o‘tkirlashuvi hamda rivoji uchun ko‘maklashish muhim vazifadir» (B ye g m a t o v E. O‘zbek nutqi madaniyati masalalari // O‘zbek tili va adabiyoti, 1980, ¹ 4, 54-bet). Til tarbiyasi ham farzand bola tarbiyasiga o‘xshaydi. Intizom ozroq bo‘shashgan joyda u ham albatta o‘zining salbiy natijasini ko‘rsatadi. Bu boradagi ishlarda stixiyaga, kampaniyachilikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Aksincha, bu faoliyatni markazlashtirish va muvofiqlashtirish, uni davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan, keng jabhada olib boriladigan, odat tusiga kirgan ish darajasiga olib chiqish lozim. Adabiy til umumxalq tilining yashash shakllaridan biri ekan, unga millat uchun nafaqat yagona aloqa vositasi sifatida, shu bilan birga, qalbimizdagi eng nozik his- tuyg‘ularni ifoda eta oladigan qimmatbaho boylik sifatida munosabatda bo‘lmog‘imiz, uning o‘sishi, rivojlanishi uchun doimo g‘amxo‘rlik qilishimiz, parvarishlashimiz zarur bo‘ladi. Nutq jarayonida, ayniqsa, so‘zlashuv va badiiy ijod jarayonida uning shunday bir imkoniyatlari ochiladiki, biz uni payqashimiz va bir lahza bo‘lsa-da, ochilgan bu xazina boyliklaridan lazzatlana va huzurlana olishimiz lozim. Til uchun belgilab quyilgan me’yoriy holatlar doirasidan chiqib, uning har bir vazifaviy uslub doirasida har bir nutqiy vaziyatda ifoda etayotgan nozik ma’nolarini ilg‘ay olish, tahlil qilish va uni turli yo‘llar hamda vositalar bilan xalqqa yetkazish til bilimdonlarining burchi va vazifasidir. Adabiy tilimizning yashovchanligini, obro‘sini, martabasini saqlab qolish esa unda belgilangan me’yorlarga qat’iy rioya qilishni taqozo etadi. Chunki zamonlar silsilasida toblangan o‘zbek tili, bir tomondan, o‘z maromida sayqal topib, silliqlashib borgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, o‘zbek tilshunosligi ham fan sifatida ko‘plab olimlarimizning sa’y harakatlari tufayli o‘zining yuksak taraqqiyot bosqichiga ko‘tarildi. U til birliklarining juda ko‘p jihatlarini ilmiy asosida me’yorlashtirishga ko‘maklashdi. Boshqacha aytganda, bugunga kelib til me’yorlari ilmiy xulosalarga tayanilgan holda ongli boshqarila boshlandi. Shuning uchun ham o‘zbek adabiy tilining hozirgi me’yorlarini, mavjud kamchiliklardan ko‘z yummagan holda, qat’iy qoida va tartibga solingan, yozuvda mustahkamlangan, namuna bo‘la oladigan, uning iste’molchilari uchun tushunarli va ma’qul bo‘lgan, ular tomonidan bab-baravar foydalaniladigan, umummajburiy bo‘lgan, ma’lum ma’noda turg‘unlashgan va barqarorlashgan, shu bilan birga, asta sekinlik bilan o‘sib, rivojlanib boruvchi, o‘rni bilan variantlari ko‘payuvchi, uslublararo tarmoqlanib, kengayib boradigan, ayni paytda an’anaviylikni ham saqlab qolishi mumkin bo‘lgan me’yorlarga aylandi, deb bemalol ayta olamiz. O‘zbek adabiy tili me’yorlari xususida to‘plangan bilim va tajribalarga tayanib yana shuni aytish mumkinki, uning umumiy va konkret ko‘rinishlari mavjud. Umumiy tarzda uni og‘zaki va yozma nutq me’yorlariga ajratamiz. O‘z navbatida, yozma adabiy nutq me’yori, yozma adabiy til me’yori va yozma uslub me’yoriga, og‘zaki nutq me’yori og‘zaki adabiy til, og‘zaki uslub me’yoriga bo‘linadi. Konkret tarzda esa, tilimizda leksik - semantik, talaffuz, grafik, punktuasion, fonetik, grammatik, so‘z yasalishi, orfografik va uslubiy me’yorlar mavjudligini qayd qilamiz. Asosiy adabiyotlar: 1. Э.Бегматов, А.Бобоева, М.Асомиддинова. Адабий норма ва нутқ муносабати. – Т.: Фан, 1983. 2. Begmatov E., Mamatov A. Adabiy norma nazariyasi, I, II, III qism.- Toshkent, 1998. 3. О‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari.-Toshkent:О‘qituvchi,1995. -15 b. 4. О‘zbek orfografiyasi va punktuatsyasining asosiy qoidalari. –Toshkent. 1988. 5. Shoabdurahmonov Sh. O’zbek adabiy tilining leksik normalari // «Nutq madaniyatiga oid masalalar» to’plami - Toshkent: Fan, 1973. Download 248.65 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling