26-modda. Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va kasb kasalliklarini tekshirish hamda hisobga olish
Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va xodimlarning o‘z mehnat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holda sog‘lig‘ining boshqacha tarzda shikastlanishi, shuningdek kasb kasalliklari belgilangan tartibda tekshirilishi hamda hisobga olinishi shart.
Fuqarolik-huquqiy shartnomalar bo‘yicha ishlar bajaruvchi (xizmatlar ko‘rsatuvchi) shaxslarga nisbatan ham ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar hamda sog‘lig‘ining boshqacha tarzda shikastlanishi, kasb kasalliklari belgilangan tartibda tekshirilishi va hisobga olinishi shart.
27-modda. Xodimlarning ayrim toifalari uchun mehnatni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari
Mehnat sharoiti og‘ir, zararli va xavfli ishlarda band bo‘lgan xodimlar, shuningdek xodimlarning ayrim toifalari (ayollar, o‘n sakkiz yoshdan kichik bo‘lgan shaxslar, mehnat qobiliyati cheklangan shaxslar) uchun mehnatni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari qonunchilikda belgilanadi.
28-modda. Mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvi
Mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan nizomga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining mehnat bo‘yicha davlat texnik inspektorlari tomonidan amalga oshiriladi.
Mehnat bo‘yicha davlat texnik inspektorlari quyidagi huquqlarga ega:
nazorat va tekshiruv vazifalarini bajarish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni, tushuntirishlarni, axborotni tashkilotlarning rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslaridan so‘rash va olish;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni maxsus tekshirishlardan o‘tkazish yoki tekshirishda ishtirok etish;
tashkilotlarning rahbarlariga va boshqa mansabdor shaxslariga mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishlarini bartaraf qilish haqida ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalarni taqdim etish;
mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rish haqida taqdimnomalar kiritish;
mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga muvofiq bo‘lmagan shaxsiy himoya vositalaridan va jamoaviy himoya vositalaridan foydalanishni taqiqlash;
mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlikda aybdor shaxslarni belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortish;
mehnat xavfsizligi talablariga javob bermaydigan hamda xodimlarning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan tashkilotlarning faoliyatini yoki asbob-uskunalardan foydalanishni qonunchilikda belgilangan tartibda to‘xtatib qo‘yish;
qurilishi, rekonstruksiyasi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha komissiya ishida ishtirok etish va ular mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiq bo‘lmagan taqdirda tegishli xulosalar berish;
mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi hamda ishlab chiqarishda xodimlarning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash haqidagi da’volar yuzasidan sudda ekspert sifatida ish yuritish.
Mehnat bo‘yicha davlat texnik inspektorlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvi qonunchilikka muvofiq boshqa davlat organlari tomonidan ham amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |