29-modda. Mehnat sharoitlarining davlat ekspertizasi
Mehnat sharoitlarining davlat ekspertizasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan nizomga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining mehnat sharoitlari bo‘yicha davlat ekspertlari tomonidan amalga oshiriladi.
Mehnat sharoitlarining davlat ekspertizasi:
ish o‘rinlarining mehnat sharoitlari bo‘yicha attestatsiyasini o‘tkazish sifatini;
xodimlarga zararli va (yoki) xavfli mehnat sharoitlarida ishlaganlik uchun kafolatlar hamda kompensatsiyalar berilishining to‘g‘riligini;
xodimlarning haqiqiy mehnat sharoitlarini baholash maqsadida amalga oshiriladi.
Mehnat sharoitlari bo‘yicha davlat ekspertlari quyidagi huquqlarga ega:
nazorat va tekshiruv vazifalarini bajarish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni, tushuntirishlarni, axborotni tashkilotlarning rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslaridan so‘rash va olish;
tashkilotlarning rahbarlariga va boshqa mansabdor shaxslariga mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishlarini bartaraf qilish haqida ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalarni taqdim etish;
mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rish haqida taqdimnomalar kiritish;
mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga muvofiq bo‘lmagan shaxsiy himoya vositalaridan va jamoaviy himoya vositalaridan foydalanishni taqiqlash;
mehnatni muhofaza qilishga oid talablarni va shartlarni buzganlikda aybdor shaxslarni belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortish;
mehnat xavfsizligi talablariga javob bermaydigan va xodimlarning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan tashkilotlarning faoliyatini yoki asbob-uskunalardan foydalanishni qonunchilikda belgilangan tartibda to‘xtatib qo‘yish;
mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi hamda ishlab chiqarishda xodimlarning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash haqidagi da’volar yuzasidan sudda ekspert sifatida ishtirok etish.
Mehnat sharoitlari bo‘yicha davlat ekspertlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Mehnat sharoitlarining davlat ekspertizasini o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
30-modda. Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining mehnatni muhofaza qilishni ta’minlashdagi ishtiroki
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy dasturlarni va boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etishi, mehnatni muhofaza qilishni ta’minlashda ishtirok etuvchi davlat organlariga va boshqa organlarga ko‘maklashishi, shuningdek qonunchilikka muvofiq boshqa tadbirlarda ishtirok etishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |