3-mavzu: Milliy –ma’naviy taraqqiyotimizda dinlarning ijtimoiy o‘rni


O‘zbekistonda ma’naviyatni ilmiy o‘rganish va rivojlantirish bosqichlari


Download 152.47 Kb.
bet2/3
Sana31.01.2024
Hajmi152.47 Kb.
#1818381
1   2   3
Bog'liq
3-мавзу маъруза (2)

25.O‘zbekistonda ma’naviyatni ilmiy o‘rganish va rivojlantirish bosqichlari

O‘zbekistonda alohida fanlar tizimi orqali ma’naviyatni o‘rganish yo‘lga qo‘yildi. Ammo hali bu borada qilinadigan ishlar ko‘p. Ma’naviyat nazariyasi, tarixi, metodologiyasi shakllanishi davom etayapti. Bu bizdan ma’naviyatimizning uch ming yillik rivojlanish tajribasini, ayniqsa mustaqillik yillari unga iqtisodiyot qatori ustuvorlik berilgan, jamiyat tubdan yangilanayotgan, fikrlar va qarashlar xilma-xilligi, milliy tiklanish va O‘zbekistonning jahon hamjamiyatiga tenghuquqli integratsiya bo‘lish sharoitida orttirgan tajribasini har tomonlama teran tahlil qilib hisobga olishni talab qiladi. Zero, milliy ma’naviyatimiz tarixiy tajribasini ilmiy tushunish, idrok etish manaviyat nazariyasini shakllantirish va takomillashtirishning asosiy omillaridan biridir.


O‘zbekistonda mustaqillik yillarida ma’naviyatni ilmiy o‘rganish va rivojlantirish bosqichlarini ikki katta davrga – 1991 yildan 2016 yillar va 2017 yildan keyin Harakatlar strategiyasidan boshlanadigan ikkinchi davrga bo‘lish mumkin. Birinchi davr o‘z navbatida turli kichik bosqichlardan tashkil topadi. Masalan, 1991 yildan 2000 yilgacha bo‘lgan dastlabki tiklanish va o‘tish bosqichi. Bu bosqichda ma’naviyatimizning yangi g‘oyaviy – mafkuraviy, ijtimoiy – siyosiy, huquqiy asoslari yaratildi. 2000-2016 yillar yangi asoslarda rivojlanish - xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, fan, madaniyat, OAV va ijtimoiy hayotning gumanitar sohalaridagi islohotlar va yangi tajribalar bosqichi bo‘ldi. Birinchi bosqichda milliy ma’naviy tiklanishimizning g‘oyaviy – mafkuraviy asoslari qatorida birinchi galda siyosiy, huquqiy asoslari yaratildi. Davlat ramzlari tasdiqlandi. 1992 yilda va undan keyin O‘zbekiston Konstitutsiyasi, “Ta’lim to‘g‘risida”, “E’tiqod erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”, “Jamoat tashkilotlari to‘g‘risida”, “OAV to‘g‘risida”, “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida” va boshqa qonunlar qabul qilindi. Ko‘ppartiyaviylik, mafkuraviy plyuralizm qaror topti. Amaliyot tajribasi, aholi ongining tayyorgarlik darajasi, zamon talablari hisobga olinib ba’zi qonunlar takomillashtirildi, yangilari qabul qilindi. “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”, Milliy istiqlol g‘oyasi va mafkurasi yuzasidan olib borilgan bahslar, mulohazalar, ularga oid I.Karimov ma’ruzalari va intervyulari aynan shu bosqichda yuz berdi. Birinchi bosqichning asosiy xizmati milliy o‘zlikni anglash, milliy g‘urur yangi sifat bosqichiga ko‘tarilganida, kommunistik aqidaparastlik inkor qilinib, dunyoviy taraqqiyot yo‘li mustahkamlanganidadir.
Ta’kidlash joizki, jamiyat sohasida, jumladan ma’naviyat bo‘yicha jiddiy ilmiy nazariya yaratish uchun hatto bir millatning, xalqning tarixiy tajribasini o‘rganish kamlik qiladi. Chunki yashash va mehnat sharoitlari, tarixiy tajribasi, diniy e’tiqodi, madaniyati bir biridan ancha farq qiladigan xalqlar, millatlar ko‘p. Ular orttirgan ma’naviy-tarixiy tajriba ham bir biriga, tabiiyki, o‘xshamaydi. Shu sababdan ma’naviyat nazariyasini to‘laqonli yaratish uchun ularni hisobga olish lozim. Ammo milliy ma’naviyatimizning tarixiy tajribasi asosiy “qurilish materiali” bo‘lib qoladi. Birinchi bosqichning milliy ma’naviyatimiz tiklanishidagi ahamiyati beqiyos. Uni to‘g‘ri va munosib baholash uchun biroz ortga qaytamiz.
Ma’naviyatning mustaqillik yillaridagi rivojlanishini teranroq tushunish uchun mustabidlik davrini va mustaqillik uchun bevosita 1989 yilda boshlangan kurash yillarini eslash lozim. 1989 yilda o‘zbek tiliga davlat maqomi berildi, 1990 yilda xalqimizga “Navro‘z” bayrami, Qurbon hayiti, Ro‘za hayiti qaytarildi. Avval nomi qoralanib kelgan ajdodlarimiz shaxsi va faoliyati qayta baholana boshladi.
O‘zbek xalqi taxminan 130 yil o‘z taqdirini o‘zi belgilamasdan, milliy tili, ma’naviyati va madaniyatini rivojlantirishdagi mustabid hokimiyat ko‘rsatmalariga amal qilishga majburlik sharoitida yashadi. Ayniqsa o‘tgan asrning 60-yillaridan boshlab sobiq SSSRda niqoblangan ko‘rinishda xalqlarni “ruslashtirish” siyosati kuchaytirildi. Islom dini, diniy urf-odatlar, marosimlar, bayramlar sovet davrida boshdanoq o‘ta cheklangan, din namoyandalari ta’qib qilingan edi. II jahon urushi yillarida bu siyosat biroz yumshagan bo‘lsa-da, qat’iy cheklovlar saqlab qolindi. 80-yillardan boshlab “islom omili”ga qarshi kurash bahonasida nafaqat diniy, shuningdek nodiniy milliy urf-odatlarni ham cheklash avj oldi. Navro‘z bayrami taqiqlandi. Uning o‘rniga “Navbahor” degan bayramni joriy qilishga urinishlar bo‘ldi. Sovet tuzumi tomonidan Qurbon bayrami (Iyd al-Adha) va Ramazon bayrami (Iyd al-Fitr) bayramlari boshdanoq taqiqlab qo‘yilgan edi. 80-yillar o‘rtasida diniy bayramlarni norasmiy nishonlagan ziyolilar, yoki ta’ziya bilan bog‘liq diniy marosimlarni ado etgan mansabdor kishilarga ma’muriy choralar ko‘rila boshladi.
Milliy ma’naviyatimizning mustaqillik arafasidagi holatini o‘zbek tili ahvoli misolida ochib berish mumkin. Zero, til millatning asosiy belgisi bo‘libgina qolmay, ongning, tafakkurning, milliy madaniyatining mavjudlik shakli hamdir. Ular til orqali shakllanadi, yuzaga chiqadi va rivojlanadi. O‘zbek madaniyati, ta’lim-tarbiyasi, adabiyoti va san’ati, fani, umuman jamiyat hayoti o‘zbek tilida rivojlanadi. Boshqa tillardan faqat qo‘shimcha, to‘ldiruvchi, yordamchi vositalar sifatida foydalanish mumkin. Bu asosan ilm-fanga, tashqi iqtisodiy va siyosiy, madaniy aloqalarga tegishli. Lekin mamlakatning ichki hayoti ona tili zaminida kechadi. Shu sababdan biz ma’naviyatning hamma yo‘nalishlari va sohalarini alohida ko‘rib o‘tirmaymizda, mustaqillik arafasida o‘zbek tilining ahvolini ko‘rsatishga harakat qilamiz.
1961 yilda qabul qilingan KPSSning yangi programmasida rus tili sovet xalqining millatlararo muloqot vositasi deb e’lon qilindi. Shundan so‘ng o‘zbek maktablarida ona tilini o‘qitish soatlari qisqartirilib, rus tilini o‘qitish soatlari ko‘paytirildi. Zavod va fabrikalarda, partiya-sovet tashkilotlarida ish yuritish to‘la rus tiliga ko‘chirila boshlandi. Oliy o‘quv yurtlarida ham (pedagogik institutlardan tashqari) 3-kursdan boshlab dastlab ayrim fanlar, so‘ngra boshqa fanlar ham rus tilida o‘qitildi. 1975 yilda esa oliy attestatsiya komissiyasi dissertatsiyalar faqat rus tilida yozilishi lozimligi to‘g‘risida qaror chiqardi. O‘zbek tili esa, boshqa milliy tillar singari ilm-fandan asta-sekin siqib chiqarila boshladi. Shu tariqa rus tilining qo‘llanishini sun’iy rag‘batlantirish kuchaydi.
Zavodlarda ko‘plab rusiyzabon kishilar ishlagani, ish yuritishda, boshqarishda, texnik va texnologik hujjatlarda faqat rus tili qo‘llangani hamda tub aholi ularning o‘rtasida kamchilikni tashkil etgani o‘zbek tilining sanoatda qo‘planishiga qo‘shimcha to‘sqinlik tug‘dirdi. Zamonaviy texnologiyalarga asoslangan korxonalar huzuridagi kasb-hunar bilim yurtlarida ham o‘qish rus tilida edi. Bu, bir tomondan, qishloqda o‘sib-ulg‘aygan yoshlarning shahardagi sanoat korxonasiga ishga kirishini qiyinlashtirdi. Ikkinchi tomondan, yangi korxona qurilsa, unga chetdan asosan rusiyzabon ishchi-xizmatchilar ko‘chirib keltirilishiga (albatta, oilalari bilan) bahona bo‘ldi. Shunday qilib, yopiq halqa vujudga keldi. Rus tili industriya sohada ishlaydiganlarning yoki ishlashni xohlaydiganlarning, bu sohaga xizmat ko‘rsatadiganlarning “asosiy tiliga” oilasini boqish uchun foydalanadigan tilga aylandi. Ona tilini o‘zlashtirishga intilish susayib, rus tilini o‘zlashtirishga intilish kuchaydi. Yildan-yil ko‘payib borayotgan rus maktablarini bitiruvchi mahalliy xalq bolalari esa nafaqat milliy madaniy merosidan, hatto zamonaviy milliy madaniyatidan ham sezilarli darajada begonalashdi. Bu jarayon ma’naviy hayotda milliy ruhdan begonalashish bilan bog‘liq salbiy oqibatlarni keltirib chiqardi. O‘z ona tilini yetarli darajada bilmaydiganlar soni yildan-yilga ko‘paydi. Ko‘chib kelgan aholi esa o‘zbek tilini deyarli o‘rganmas, bunga zarurat ham sezmas edi.
Sobiq sovet respublikalaridagi kabi O‘zbekistonda ham milliy-rus ikki tilliligi vujudga keldi. Bu bir yoqlama ikki tillilik edi. Chunki mahalliy millat vakillari o‘z ona tili qatorida rus tilini ham o‘rganar, respublikalardagi rusiyzabon aholi esa mahalliy tillarni, yuqorida ta’kidlanganidek, deyarli o‘rganmas edi. Ikki tillilikning bunday shakli fanda bir tilning asta-sekin ikkinchi tilga assimilyatsiya bo‘lish arafasi, deb baholanadi. Faqat tomonlar teng o‘zlashtirgan ikki tillilikkina har ikki xalqning va tilning boyishiga xizmat qiladi.
Ona tiliga munosabat muqarrar ravishda milliy g‘ururga, milliy mentalitetga ta’sir ko‘rsatadi. Agar ona tiliga e’tibor susaysa, milliy nigilizm kuchayadi, madaniy meros unutila boshlaydi, milliy nomukammallik tuyg‘usi paydo bo‘ladi. O‘tgan asrning 80-yillariga kelib, O‘zbekistonda bunday salbiy holatlar yaqqol ko‘zga tashlanib qolgan edi. Aytilganlarga yana «paxta ishi», «o‘zbeklar ishi» degan bo‘htonlar bilan qatag‘on kampaniyasi faol o‘tkazilganini, minglab odamlar qamalib yoki tergovga chaqirilib sarson etilganini, qo‘rqitilganini qo‘shimcha qilish lozim. Qizil imperiyaning markaziy matbuotida respublikamiz nomiga yulg‘ichlik, o‘g‘rilik, qo‘shib yozish va soxta ma’lumot berish, kelishuvchilik, boqimandalik kabi har xil tuhmatlar tinimsiz yog‘dirildi. Natijada chetda o‘zbeklarga nisbatan ishonchsizlik, yotsirab qarashlar paydo bo‘la boshladi. Bular ham milliy g‘ururga putur yetkazdi, milliy nomukammallik tuyg‘usini kuchaytirdi.
Ich-ichidan yemirilib borayotgan sovet tuzumini, qanday qilib bo‘lsa-da, saqlab qolishga urinish, milliy respublikalardagi mustaqillik harakatlariga barham berish, imkon topilsa, davlat to‘ntarishini amalga oshirish uchun (buni keyinchalik 1991 yil avgust voqealari tasdiqladi) sobiq Ittifoqning turli mintaqalarida millatlararo mojarolar keltirib chiqarildi. O‘zbekistonni esa amalda Markazdan jo‘natilgan, keyinchalik xalq «desantchilar» deb atagan, mahalliy sharoitni, xalq mentalitetini, madaniyatini, tarixini mutlaqo bilmaydigan noloyiq kadrlar boshqardi. Xalqning noroziligi kuchayib bordi. Kichikkina bir turtki vaziyatni izdan chiqarib, portlatib yuborishi mumkinligini Quvasoy, Farg‘ona, Qo‘qon, Parkent va boshqa ba’zi shaharlarda 1989-1990 yillarda yuz bergan fojiali voqealar tasdiqladi.
Oradan ikki yil o‘tgach, SSSRda siyosiy va ijtimoiy-yqtisodiy inqiroz chuqurlashib, oxir-oqibat kommunistik imperiya parchalandi. SSSRning parchalanishi Yugoslaviyadagi kabi yirik ichki fuqarolar urushiga olib kelmagan bo‘lsa-da, silliq kechgani yo‘q. O‘zbekistonda siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik saqlab qolindi. 1992 yil dekabr oyida Namanganda diniy ekstremistik kuchlar tomonidan mahalliy hokimiyatni bosib olish maqsadida uyushtirilgan jinoiy harakatlar, undan keyingi ba’zi bir xurujlar — terrorchi to‘dalarning Surxondaryo va Toshkent viloyatining tog‘li tumanlari orqali suqilib kirishi, 2005 yilda Andijonda tashkil etilgan qo‘poruvchilik xurujlari respublikamizda ham vaziyatni izdan chiqarishdan manfaatdor ichki va tashqi kuchlar mavjudligini yaqqol ko‘rsatdi.
Sobiq SSSR hududida mustaqillikka erishgan barcha respublikalar global geosiyosiy makonga, xalqaro munosabatlarga alohida sub’ekt sifatida qo‘shildi. Ayni paytda ular bu makonning, munosabatlarning yetakchi o‘yinchilarining qiziqish ob’ektiga ham aylandi. Buyuk davlatlarning geosiyosiy raqobati va o‘yinlaridan o‘zini chetga olib, u yoki bu tarafda turmagan mamlakatlarga nisbatan turli tazyiqlar, shu jumladan, ba’zi bir ig‘volar, «rangli inqiloblar» qo‘llanildi yoki “sarkash davlatlar” inson huquqlari va demokratiyani buzishda ayblandi. Buyuk davlatlarning ayrim yarimrasmiy va norasmiy doiralari hatto ichki ekstremistik kuchlarni zimdan qo‘llab - quvvatlashdan o‘zlarini tiya olmadi. Chunki ular yosh mustaqil davlatlar ichida va o‘rtasida ziddiyat kuchaysa, barqarorlik izdan chiqib, mojarolar yuz bersa, ularning ichki ishlariga aralashishga imkon topishdan, hatto tinchlikni saqlovchi kuchlar niqobida harbiy kuchlarini kiritiщdan umidvor edi. Bu boradagi tahdidlar haligacha saqlanib qolayotganini 2010 yil aprel oyida Qirg‘iziston janubida yuz bergan fojiali voqealar, Ukrainada davom etayotgan xunrezlik va ularga ba’zi bir davlatlarning munosabati misol bo‘la oladi.
Har bir mamlakatning barqaror rivojlanishi, ayniqsa mustaqillikka erishgan yosh davlatlarning ijtimoiy-siyosiy barqarorligi moddiy-iqtisodiy, tashkiliy, harbiy-siyosiy, diplomatik va boshqa ayrim ijtimoiy omillardan tashqari yana ikki ma’naviy omilga bog‘liq. Birinchisi – xalqning milliy o‘zligini anglash va konsolidatsiya (hamjihatlik, jipslik) darajasi. O‘z milliy manfaatlarini mahalliy, mintaqaviy, sinfiy-tabaqaviy, korporativ manfaatlardan ustun qo‘ya olishidir. Ikkinchisi – millat rahbarining va yetakchilarining vatanparvarligi, milliy rivojlanishni to‘g‘ri tushunib, o‘z burchiga sodiqligidir.
Bozor munosabatlarini, demokratik me’yorlarni odamlarning dunyoqarashini, tafakkurini o‘zgartirmasdan hayotga tatbiq etib bo‘lmaydi. Bu islohotlar nazariyasida qayta-qayta ta’kidlangan. Avval aytib o‘tganimizdek, islohotlar bo‘yicha har bir qabul qilingan qarordan, dastur va amaliy qadamdan xalq xabardor etib borildi. Ularning maqsadi, mazmun-mohiyati odamlarga tushuntirildi.
Ayni paytda shuni alohida e’tirof etish lozimki, - katta avlodning ongini o‘zgartirish ma’lum doirada, chegarada bo‘ladi, uni tamomila, tubdan yangilash qiyin. O‘tmish tushunchalari, me’yorlari, qarashlari uning ongida u yoki bu darajada saqlanib qoladi. Yosh avlod esa yangiliklarni tezroq qabul qiladi. Uning ongi, tafakkuri, dunyoqarashi rivojlanishga moyil, qotib qolgan tushunchalar, turli dogmalar yoki eskicha qarashlar bilan to‘lib qolmagan. Yoshlarning e’tiqodi, qadriyatlar tizimi shakllanishda davom etadi. Yoshlar islohotlar g‘oyalarini, tamoyil va me’yorlarini tezroq va teranroq qabul qiladi. Buning ustiga ularda ijtimoiy faollik va safarbarlik katta avlodga nisbatan kuchliroq. O‘zbekistonda yoshlar butun aholining 64 foizini tashkil etadi (30 yoshgacha bo‘lganlar). Iqtisodiyotda band aholining ham katta qismi yoshlar ulushiga to‘g‘ri keladi. Avlodlarning tabiiy almashuvi jarayonida iqtisodiyotga yoshlarning yangi-yangi guruhlari kelib qo‘shilaveradi. Shu bois islohotlarni aholi ongi, qarashlarini tayyorlash bilan qo‘shib olib borish deganda, ko‘proq iqtisodiyotda band bo‘lgan va mustaqil hayotga kirib kelayotgan yoshlar va o‘rta avlod nazarda tutiladi desak, uncha hato qilmaymiz. Ammo katta avlodning islohotlarga munosabati dastlabki bosqichlarda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Chunki katta avlod doimo iqtisodiyotda ham, davlat va jamiyat boshqaruvida ham asosiy postlarni egallaydi. Ya’ni yetakchilik katta avlod qo‘lida. «Biz bugun o‘tish davrining qiyinchiliklariga qaramasdan, ertaga o‘rnimizga keladigan yoshlar, farzandlarimiz to‘g‘risida o‘ylashimiz, ularning ma’naviy kamoloti va jismoniy sog‘ligi, millatning sog‘ligi to‘g‘rsida qayg‘urishimiz kerak»1, - degan edi Islom Karimov. Shu sababdan yosh avlod tarbiyasiga, ta’lim sohasini isloh qilishga, yangi pedagogik texnologiyalarni joriy qilishga, umumta’lim va o‘rta maxsus ta’limnining moddiy-o‘quv bazasini tubdan yaxshilashga juda ulkan mablag‘-milliy daromadning, YaIM 10-12 foizini yo‘naltirdi. Buni bizda va chetellarda sarmoyani (kapitalni) kelajakka sarflash deb atay boshladilar.
1997 yilda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, keyinroq 2004—2009 yillarga mo‘ljallangan «Maktab ta’limini rivojlantirishning davlat umummilliy dasturi» qabul qilindi. Undan avval Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tuzilgan edi. Ushbu dasturlarni amalga oshirishda minglab yangi maktablar, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari, bolalar sport inshootlari va sport zallari barpo etilgani, rekonstruksiya va kapital ta’mir qilingani, yangi oliy o‘quv yurtlari tashkil etilgani, ularda ko‘plab o‘quv binolari, talabalar turar joylari qurilgani, bunga qancha mablag‘ sarflangani haqida aniq raqamlarni keltirish mumkin. To‘g‘ri, ta’lim sohasidagi islohotlar jamiyatning tayyorgarlik darajasidan, ayniqsa sanoatlashishi va ishlab chiqarish rivojlanishi, yangi ish o‘rinlari yaratish darajasidan ancha ilgarilab ketdi. Bu haqda sal keyinroq so‘z yuritamiz. Ammo amalga oshirilgan islohotlar, ta’limning barcha bo‘g‘inlarida ma’naviyat asoslarini, milliy g‘oyani o‘qitish, huquq va bozor iqtisodiyoti bo‘yicha tushunchalar berilishi, ta’limning xalqimiz tarixi, milliy madaniy merosimiz, jumladan diniy qadriyatlarimiz va merosimiz bilan bog‘langani avvalgi avlodlardan dunyoqarashi, ongi sezilarli farq qiladigan yangi avlodni tarbiyalash imkonini berdi.
Xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, bolalar sportiga ajratilayotgan mablag‘lar, barkamol avlodni tarbiyalash dasturlari bir maqsadga qaratilgan: «Farzandlarimiz bizdan ko‘ra bilimli, kuchli, dono va, albatta, baxtli bo‘lishlari shart»2. Shu o‘rinda yurtimizda amalga oshirilgan ta’lim islohotlari haqida bir fikrni aytib o‘tish joiz. Yangi davlat standartlari asosida o‘quv dasturlari va darsliklari yaratilishi tufayli o‘zbek xalqi tarixida ilk bor milliy maktab paydo bo‘ldi. Sovet davrida ta’lim milliy tillarda, jumladan, o‘zbek tilida ham olib borilgan. Ammo bu maktablar milliy maktab emas, balki kommunistik mafkuraga asoslangan, bir xil o‘quv dasturlari va darsliklari bo‘yicha (ona tili va adabiyotidan tashqari) ta’lim beradigan yagona sovet maktablari edi. Inqilobdan avvalgi eski maktablar ham milliy emas, balki diniy edi. Ularda garchi milliylik unsurlari qisman bo‘lsa-da, ammo Vatan tarixi, ona tili va adabiyoti, mamlakat geografiyasi tizimli o‘qitilmas, faqat ayrim o‘tmish allomalari ijodidan ba’zi namunalar o‘rganilar, milliy taraqqiyot ehtiyojlari uchun zarur dunyoviy va fundamental fanlar asoslarini o‘rganish deyarli ko‘zda tutilmagan edi. Bu borada XIX asrdagi eski maktab va quyi madrasa hatto o‘rta asrlarning eng gullagan davrlaridan ham ortda qolgan edi. Jadidlar milliy maktab yaratishga astoydil urindilar. Ammo dastlab chor ma’muriyati, keyinchalik Sovet davlati bunga ruxsat bermadi. Jadid maktablari hamma uchun umumiy o‘quv rejasi, fanlar tizimi va ta’lim dasturlari asosida faoliyat yuritmas edi. Har bir maktab o‘z imkoniyatlari, muayyan fan muallimlari borligidan kelib chiqib o‘quv jarayonini tashkil etar edi.
Mustaqillik sharofati bilan vujudga kelgan milliy maktabimizda yosh avlod ona tili va adabiyot, milliy ma’naviyat asoslari qatorida O‘zbekiston Konstitutsiyasini, Vatan va o‘lka tarixini, mamlakatimiz tabiiy va iqtisodiy geografiyasini o‘rganmoqda, milliy qadriyatlarimizni, jumladan, axloqiy va estetik me’yorlarimizni o‘zlashtirmoqda. O‘qitiladigan fanlarning didaktik mazmuni, ularda qo‘llaniladigan materiallar, dalillar, misollar xalqimiz hayoti, madaniyatimiz tarixi, ulug‘ ajdodlarimiz siymosi va faoliyati bilan bog‘langan. Ayni paytda o‘quv dasturlari va darsliklarining har biri, ba’zi bir kamchiliklariga qaramasdan, o‘z sohasidagi jahon ilm-fani, pedagogikasi yutuqlarini o‘zida mujassam ifoda etishga uringan. Jahon andozalariga ta’lim standartlarimiz umuman olganda mos, mazmunan uning yuqori talablariga javob beradi. Shu ma’noda bugungi milliy maktabimizda ta’lim-tarbiya netaziga milliy va umumbashariy qadriyatlar uyg‘unligi qo‘yilgan, deya olamiz. Milliylik va umuminsoniylikni uzviy birlashtirish islohotlar nazariyasining tayanch tamoyillaridan biridir. Birinchi davrning ikkinchi bosqichida Ma’naviyatni o‘rganish va rivojlantirishda, ma’naviyat metodologiyasini asoslash va chuqurlashtirishda mamlakatimizning birinchi Prezidenti Islom Karimovnining “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asari katta ahamiyat kasb etdi. Muallif ma’naviyat millatni va inson erkinligini nafaqat yuksaltiruvchi, balki uni turli tajovuzlardan saqlovchi, muhofaza etuvchi qudratli ichki kuch ekani haqidagi g‘oyani ilgari suradi. Bu g‘oya kitobning nomida ham o‘z ifodasini topgan. Muallifning quyidagi fikrlari diqqatga sazovor: «Dunyodagi zo‘ravon va tajovuzkor kuchlar qaysi bir xalq yoki mamlakatni o‘ziga tobe qilib, bo‘ysundirmoqchi, uning boyliklarini egallamoqchi bo‘lsa, avvalambor, uni qurolsizlantirishga, ya’ni, eng buyuk boyligi bo‘lmish milliy qadriyatlari, tarixi va ma’naviyatidan judo qilishga urinadi» (11-bet). Kitobda «ma’naviy tahdid» tushunchasining mazmun va mohiyati ochib beriladi. «Ma’naviy tahdid deganda, avvalo, tili, dini, e’tiqodidan qati nazar, — deb yozadi muallif, — har qaysi odamning tom ma’nodagi erkin inson bo‘lib yashashiga qarshi qaratilgan, uning ruhiy dunyosini izdan chiqarish maqsadini ko‘zda tutadigan mafkuraviy, g‘oyaviy va informatsion xurujlarni nazarda tutish lozim, deb o‘ylayman» (13—14-betlar).
Bu fikrlardan shunday xulosa chiqadiki, ma’naviy tahdid — avvalo inson erkinligiga qarshi tahdiddir. Binobarin, ma’naviy tahdidga qarshi turish — inson erkinligini himoya qilish demakdir. Muallif yot g‘oyalardan, ma’naviy tahdidlardan faqat milliy g‘oyamiz, milliy-ma’naviy qadriyatlarimiz yordamida himoyalanishimiz mumkinligiga yana bir bor urg‘u beradi. Buning uchun xalqimiz, ayniqsa, yoshlar ongiga ularni chuqur singdirib, mafkuraviy immunitet hosil qilish kerakligi haqida muhim g‘oyalarni ilgari suradi.
Asarda teran ilmiy-nazariy umumlashma va xulosalar aks etgan. Kitobning yana bir muhim fazilati — unda mantiqiylik va tarixiylikning doimo mushtarakligidir. Asardagi har bir xulosa, ilgari surilgan g‘oya nafaqat ilmiy-nazariy yoki mantiqiy jihatdan, ayni paytda ko‘plab tarixiy dalil va misollar yordamida ham isbotlangan. Muallif xalqimizning qadimgi ma’naviy yodgorliklari bo‘lmish «Avesto» kitobi, «Alpomish» dostonidan tortib, mumtoz va zamonaviy alloma va mutafakkirlarimizning noyob merosi haqida yuksak g‘urur bilan mulohaza yuritar ekan, shuning barobarida dunyo xalqlarining buyuk namoyandalarini, ularning yorqin asarlari, ulkan kashfiyotlarini ham eslab, ibratli misollar keltiradi. Kitobda tarix taqozosi bilan bir paytlar chuqur inqirozga tushib qolgan xalqlar birinchi galda ma’naviyat negizida yuksalgani Yaponiya va Janubiy Koreya xalqlari misolida ko‘rsatiladi. Ma’naviyat — insonning, xalqning, jamiyat va davlatning buyuk boyligi va kuch-qudrat manbai ekani, bu hayotda ma’naviyatsiz hech qachon odamiylik va mehr-oqibat, baxt va saodat bo‘lmasligi e’tirof etilib, «ma’naviyatni tushunish, anglash uchun avvalo insonni tushunish, anglash kerak» degan teran mazmunli xulosa chiqariladi. Shu tariqa inson va ma’naviyat mushtarakligi va dialektikasi ochib beriladi. Unga muvofiq, inson komil bo‘lishi, yuksalishi uchun ma’naviyat yuksalishi, inson tom ma’nodagi ma’naviy shaxsga aylanishi kerak. O‘z navbatida, komil inson yuksak ma’naviyatni yaratadi, ma’naviyatni rivojlantiradi. Shuningdek, asarda ilgari surilgan inson va ma’naviyat mushtarakligi haqidagi konsepsiya «Avesto»da keltirilgan «ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal» bilan bog‘liq qarashlarni zamon talablari nuqtai nazaridan yanada boyitadi.
Ma’lumki, o‘rta asrlarda barkamol inson haqida so‘z borganda, bu masala asosan e’tiqod, xulq-atvor va axloq komilligi nuqtai nazaridan tahlil etilgan, tabiiyki, shaxsning yuksalishi uchun jamiyat tomonidan yaratiladigan shart-sharoit, ob’ektiv ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlar, siyosiy huquq va erkinliklar masalasi chetlab o‘tilgan. «Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch» kitobida bu masalalar dialektik mushtarakliqda tahlil etilgan, shu asosda aniq xulosalar chiqarilgan. Masalaga har tomonlama yondashish muallifning biz faqat ajdodlar merosiga mahliyo bo‘lib qolish bilan cheklanmasdan, uni yanada boyitib, unga o‘z hissamizni qo‘shib, zamon bilan hamqadam yurishimiz, dunyoviy ilm-fan va texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirishimiz kerak, degan fikrlarining amaliy tasdig‘idir.
Muallif milliy g‘oya tushunchasini har qaysi millatning ajdodlardan avlodlarga o‘tib, asrlar davomida e’zozlanib kelinayotgan eng ezgu orzu-intilish va umid-maqsadlari bilan bog‘lab tushuntiradi. Bunday yondashish o‘tmishda ba’zi mustabid mamlakatlarda «milliy g‘oya» niqobi ostida o‘rtaga qo‘yilgan, bugun ham ayrim buyuk davlatlarning siyosiy guruhlari tomonidan yangicha shaklda ilgari surilayotgan, mohiyatan tajovuzkor g‘oyalarning (masalan, dunyoning ba’zi hududlarini ochikdan-ochiq ayrim qudratli davlatlarning hayotiy muhim manfaatlari doirasiga kiradigan mintaqa, deb e’lon qilish yoki «demokratiyani olg‘a siljitish» kabi da’volar) milliy g‘oya sifatida qaralishini inkor qiladi. Haqiqatan tub negizida g‘arazli maqsadlar mujassam bo‘lgan bunday intilishlarni milliy g‘oya emas, millatchi, shovinistik g‘oyalar sifatida baholash o‘rinlidir.
Milliy g‘oya — etnografik tushuncha emas, ya’ni u O‘zbekistonda faqat o‘zbeklarning yoki boshqa bir davlatga tegishli titul — shu davlatga nom bergan millatning manfaatlarini ifodalaydigan g‘oya emas. U ko‘pmillatli, har xil dinlarga e’tiqod qiluvchi barcha o‘zbekistonliklarning oliy maqsadlarini, strategik vazifalarini ifodalaydi. Xususan, O‘zbekiston uchun yurt tinchligi, Vatan ravnaqi va xalq farovonligi ana shunday oliy maqsadlar sirasiga kiradi. Shu bois, kitobda yoritilganidek, milliy g‘oyamiz, birinchidan, shu yurtda yashayottan, tili, dini va millatidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning olijanob niyatlarini, hayotiy manfaatlarini mujassam etadigan ana shu tushunchalarni uz ichiga oladi. Mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ham ana shu orzu-intilishlarni yuzaga chiqarishga qaratilgan. Milliy g‘oyamizning asosiy tamoyillari — komil inson, ijtimoiy hamkorlik, millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglik tamoyillari ham shu maqsadlarga xizmat qiladi.
Muallif o‘z kitobida xalqimizning ravnaqi uchun g‘oyat muhim bo‘lgan boshqa ko‘pgina masalalar qatori «milliy qadriyat» tushunchasining mazmunini ham atroflicha yoritib beradi: «Biz tarix sinovlaridan o‘tgan, milliy manfaatlarimiz, bugungi va ertangi orzu -intilishlarimizga, taraqqiyot talablariga tuda javob beradigan, yillar o‘tgani sari qadri ortib boradigan g‘oya va tushunchalarni qadriyat deb bilamiz.
Har qanday ijtimoiy hodisa singari milliy qadriyatlarniig ham o‘ziga xos rivojlanish qonuniyati bor» (82-bet).
Bu fikrlardan har qanday g‘oya va tushuncha, agar milliy manfaatlarga, bugungi va ertangi orzu-intilishlarga, taraqqiyot talablariga javob bermasa, qadriyat bo‘lolmasligi ayonlashadi. Muallif bu haqiqatni unutish, milliy qadriyatlarni biryoqlama, sun’iy ravishda ulug‘lash va ideallashtirishga olib kelishi mumkinligidan ogoh etadi. Hech shubhasiz, bu fikrlar o‘zbek qadriyatshunoslik fani — aksiologiya ilmini teran nazariy xulosa va aniq tarixiy yondashuv bilan boyitadi.
Kitobda ona tilining milliy ong, milliy tafakkur va ma’naviyatni, milliy tarbiyani rivojlantirishdagi, avlodlar o‘rtasidagi vorisiylikni ta’minlashdagi ahamiyati keng va atroflicha ochib berilgan. Shu munosabat bilan o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish, yangi imlo, bugungi kunda bu borada oddimizda turgan vazifalar, chunonchi, adabiy til me’yorlarini puxta o‘zlashtirish, zarur atamalarni yaratish, joylarga nom berishga mas’uliyat bilan yondashish to‘g‘risida fikrlar bildiriladi. Asarda O‘zbekistonda jamiyat va odamlar ongini, tafakkurini yangilashning inqilobiy usullari, bu jarayonni chetdan turib, zo‘ravonlik yo‘li bilan sun’iy ravishda tezlatishga oid qarashlar inkor qilinib, barcha sohalarda, jumladan, ma’naviy sohada ham islohotlar tadrijiy — evolyusion tarzda amalga oshirilayotgani va buning ahamiyati chuqur yoritilgan. Ma’lumki, taraqqiyotning o‘zbek modelining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri ham aynan shu tamoyilda yaqqol namoyon bo‘ladi. Islohotlarni xalqning milliy-ma’naviy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda olib borish zarurligini ta’kidlab, muallif bunday deb yozadi: «Demokratiya avvalambor ma’naviy mezonlar asosida boshqariladigan kuchli huquqiy davlat, kuchli fuqarolik jamiyati demakdir» (108-bet).
O‘zbekistonda demokratiyani rivojlantirish, kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari borishda xalqimiz ma’naviyati bilan bog‘liq masalalar hech qachon unutilgan emas. Bu esa bozor sharoitida ham, kitobda e’tirof etilganidek, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarning qimmati tushib ketmasligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Islohotlarni amalga oshirishda xalqning milliy-ma’naviy xususiyatlarini hisobga olish zarurligi to‘g‘risidagi fikr va xulosalar rejali iqgisodiyotdan erkin bozor iqgisodiyotiga, ma’muriy-buyruqbozlikka asoslangan mustabid tuzumdan demokratik jamiyatga o‘tish nazariyasi yaratilishi va rivojiga qo‘shilgan ulkan ilmiy hissadir.
Muallif globallashuvning mohiyatini, uning jahon taraqqiyotiga qo‘shayotgan ijobiy ta’sirini qisqacha ochib berib, asosiy e’tiborni bu jarayon tug‘dirayotgan ma’naviy tahdidlarga qaratadi. Bugungi kunda globallashuv jarayonidan hech bir xalq chetda turishi mumkin emas, shunday kayfiyatga berilgan xalq yoki millat taraqqiyotdan yuz yillar orqada qolib ketishi mumkin, deb ogohlantiradi. Turli ma’naviy tahdidlarga, «ommaviy madaniyat» niqobi ostida kirib kelayotgan zo‘ravonlik, fahsh va hayosizlikni, individualizm va xudbinlikni targ‘ib etadigan «asar»larga, qo‘shiq va musiqaga, buzg‘unchi axborotga qarshi turish uchun odam o‘z mustaqil fikriga, asl qadriyatlar negizida shakllangan dunyoqarash va mustahkam irodaga ega bo‘lishi lozim, aholimiz, ayniqsa yoshlarning ma’naviy olamida bo‘shliq vujudga kelmasligi kerak. Shuning uchun ham muallif bolalikdan inson qalbi va ongida sog‘lom hayot tarzi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuyg‘usini shakllantirish eng muhim vazifamiz ekanini alohida qayd etadi.
Kitobda ko‘pchilik uchun bir qarashda oddiy tuyuladigan, lekin bolalar tarbiyasida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yana bir masalaga alohida urg‘u beriladi: «U ham bo‘lsa, dunyoga hayrat ko‘zi bilan boqib, undan o‘zicha ma’no topishga intiladigan murg‘ak farzandlarimizning qiziqishi va hissiyotlariga mos qo‘g‘irchoq va o‘yinchoqlar ishlab chiqarish masalasidir» (156—157-betlar).
Bu fikrdan barchamiz uchun bola tarbiyasida ikkinchi darajali narsa bo‘lmaydi, degan ibratli xulosa kelib chiqadi. Haqiqatan ham, bola oddiy o‘yin va o‘yinchoqlar orqali olamni bilib oladi, kashf etadi, fantaziyasini rivojlantiradi, insoniy munosabatlarni o‘zlashtiradi.
Kitobda yurtimizdagi har bir insonga daxldor bo‘lgan, o‘quvchining qalb ko‘zi, aqli va zehnini ochishga, uning dunyoga yangicha nazar bilan qarashiga xizmat qiladigan o‘rinlar juda kup. Ayniqsa, bu asar tariximiz, milliy o‘zligimizni anglashda, bugungi zamonda hech kimdan kam bo‘lmay munosib hayot kechirish ilmini egallashda, ma’naaviyatimizni rivojlantirishda muhim rol o‘ynadi va bundan keyin ham ilmiy ahamiyatini saqlab qoladi.
Yurtimizda ma’naviyatni ilmiy o‘rganish va rivojlantirishning yangi ikkinchi bosqichi 2017 yilda O‘zbekistonni 2017-2021 yillarda rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilinishidan boshlandi. Harakatlar strategiyasi chorak asr davomida mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar tajribasini, shu jumladan ma’naviyat sohasidagi islohotlarni ham har tomonlama chuqur ilmiy tanqidiy tahlil qilish, ijodiy rivojlantirish, tegishli o‘zgarishlar va qo‘shimchalar qilish asosida ishlab chiqildi. Harakatlar strategiyasi va Islom Karimov yaratgan islohotlar nazariyasi o‘rtasida, bir tomondan, haqiqiy vorisiylik, davomiylik mavjud, ikkinchi tomondan – unga zamon talablari taqozo etgan ijodiy yangilak – novatorlik xos. Vorisiylik ma’naviy tiklanish, madaniy merosga munosabat, ma’naviy yuksalishga ilmiy yondashuv mezonlarining, tamoyillarining, bu borada belgilangan oliy maqsad va ideallarning, strategik vazifalarning saqlab qolinishida namoyon bo‘lmoqda. Ayni paytda ma’naviyatni rivojlantirish yuzasidan davlat siyosatiga, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatiga, vazifalariga, yondashuvlariga aniqlik kiritilganida namoyon bo‘layotir. Ma’naviyatni rivojlantirishning moddiy – iqtisodiy, huquqiy va tashkiliy asoslari har taraflama mustahkamlanmoqda.
Ma’naviyat – ta’lim- tarbiya tizimi, ilm – fan, madaniyat, adabiyot va san’at, ijtimoiy ongni, milliy g‘oya va mafkurani rivojlantirish, aholining bunyodkorlik, ijodkorlik faolligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar, yirik dasturlar natijasi, samaradorligi, yoki ayrim muammolari birdaniga ko‘zga tashlanib qolmaydi. Buning uchun kamida 20-25 yil vaqt, amaliyot sinovi kerak. Mustaqillik yillarida ma’naviyatni ilmiy o‘rganish va rivojlantirishning birinchi yirik bosqichi davrida ulkan tarixiy yutuqlar qo‘lga kiritildi. Birinchidan, xalqimizning ongi, tafakkuri o‘zgardi. Milliy o‘zlikni anglash va hayotga munosabati yangi sifat kasb etdi. Xalqimiz kommunistik mafkuraning erkin tafakkurni, erkin ijodni cheklovchi tazyiqlaridan, biryoqlamalilikdan, dogmatizmdan xalos bo‘ldi. Ikkinchidan, fikrlar, qarashlar xilma – xilligi, mafkuraviy plyuralizm, vijdon va e’tiqod erkinligining konstitutsiyaviy va huquqiy kafolatlari qaror topti. Uchinchidan, madaniy merosimizning avval xalqdan yashirilgan, qisman unutilgan qismi qayta tiklandi va bu ish davom etmoqda. To‘rtinchidan, mustaqillik yillarida yangicha mentalitetga ega, muloqot doirasi ota – boblarinikiga nisbatan taqqoslab bo‘lmas darajada keng, AKT, internet, globallashuv, “axborot portlashi”, ma’naviy taxdidlar kuchaygan sharoitda shakllangan yangi avlod hayotga kirib keldi. Bu avlodning qiziqishlari, hayotga munosabati, psixologiyasi, amaliy intilishlari, talablari, moddiy va ma’naviy ehtiyojlari, qadriyatlar tizimi o‘rta va katta avlodnikidan sezilarli farq qiladi.
Taraqqiyotimizning yangi bosqichida chorak asrlik islohotlar tajribasini, yutuq va kamchiliklarni, aholining ongi va yuz bergan o‘zgarishlarni, yangi avlodning ob’ektiv va sub’ektiv ehtiyojlarini hisobga olish zarurligi ayon bo‘ldi. Aholining ijtimoiy faolligini, davlat va jamiyat boshqaruvida ishtirokini, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga, o‘zgarishlarga daxldorlik tuyg‘usini yanada oshirish maqsadida 2017 yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb belgilandi va tegishli davlat dasturi qabul qilindi. Prezident devoni qoshida Virtual qabulxona, barcha tuman, shahar, viloyatlarda hududiy hamda Respublika Xalq qabulxonalari tashkil etildi. Ular nafaqat fuqarolarning ariza va shikoyatlari, shuningdek ularning davlat va jamiyat boshqaruvini takomillashtirish, mavjud muammolarni hal qilish, islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflarini ham o‘rganadi.
AKT, internet, televidenie, elektron OAV rivojlanishi va aholi uchun axborotning asosiy manbaga aylanishi yosh avlodda kitob o‘qishga qiziqishni pasaytirib yubordi. Nashriyotlar AKT texnologiyalarini o‘z ishlab chiqarishlariga joriy qilishsa-da, dastlab elektron kitoblar chiqarishga yetarlicha e’tibor qaratmadilar. Ayniqsa, ommaviy madaniyat, elektron o‘yinlar, ijtimoiy tarmoqlar ta’sirida didi sayozlashib borayotgan yoshlarning badiiy – estetik ehtiyojlarini yetarlicha hisobga olmadilar. Aksincha, yangidan paydo bo‘lgan “elektron nashriyotlar” sayozlashayotgan, vulgarlashayotgan did ehtiyojlariga mos mahsulotlar bilan bozorni to‘ldirib tashladi. Natijada butun dunyoda an’anaviy shakldagi kitobxonlik, kitobsevarlik yosh avlodda susayib ketdi. Bizning mamlakatimiz ham bundan mustasno emas. Shu sababdan davlatimiz rahbari 2017 yil 12 yanvar kuni “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida” Farmoyish qabul qildi. Komissiya oldiga qo‘yilgan vazifalar orasida “nashriyotlar tomonidan chiqariladigan badiiy, ma’rifiy, yoshlarning dunyoqarashini kengaytirishga doir adabiyotlarning(shu jumladn, elektron shaklda) umumiy buyurtma ro‘yxatini shakllantirish tizimining holati” 3ni o‘rganish ham bor.
Ta’lim sohasidagi isloxotlar O‘zbekistonning jahondagi nufuzli universitetlar, BMT, YuNESKO singari xalqaro tashkilotlar tomonidan e’tirof etilishiga sabab bo‘lgan edi. Ochig‘ini aytganda, jahonning yetakchi rivojlangan mamlakatlari ham amalga oshirolmagan 12 yillik majburiy ta’limni O‘zbekiston joriy etdi. Bu tizimning noyob tomoni shundan iboratki, 9 yillik umumiy tayanch maktabidan keyin bolalar 3 yillik kasb – hunar kollejlarida (90 foizi) yoki Akademik litseylarda o‘qishlari majburiy, qaysi kasbni, o‘quv yurtini tanlash esa ixtiyoriy edi. Aholining aksariyati qishloq joylarida, yoki qishloqdan ijtimoiy – iqtisodiy infratuzilmasi, turmush tarzi kam farq qiladigan, ish o‘rinlari kam qo‘rg‘onchalar va shaharchalarda yashaydigan O‘zbekistonda 12 yillik ta’lim, ayniqsa KHKda o‘qish kutilgan samarani bermadi. Ta’lim islohotlari ob’ektiv imkoniyatilarimiz, iqtisodiyotimiz rivojlanishi darajasi va kadrlarga talabi ehtiyojlaridan ancha ilgarilab ketgani, real hayotdan uzilib qolgani ma’lum bo‘ldi. Islohotlarning mazkur yo‘nalishiga jiddiy tuzatishlar kiritishga to‘g‘ri keldi. Lekin ta’lim tizimining tashkiliy tomonlari ancha o‘zgarib, 11 yillik maktab o‘quvi tiklanib, kasb – hunar egallashga o‘qish iqtisodiyot bilan moslashtirilib, to‘liq ixtiyoriyga aylantirilsa-da, ta’lim islohotlarining mazmun – mohiyati, asl maqsadi va ideallari saqlab qolindi. Ixtisoslashgan turli yo‘nalishdagi maktab – internatlar, xususiy maktablar, litseylar sonining ko‘payishi ham ta’lim sohasini, bir tomondan, demokratlashtirishga, sog‘lom raqobatni rivojlantirishga, ikkinchi tomondan, iqtidorli bolalar manfaatini yuzaga chiqarishga, iste’dodlarni tarbiyalashni yaxshilashga xixmat qiladi.
Ta’lim islohotlariga o‘zgarish kiritishning yana bir jihati bor. Bu davomatning ta’minlanishi va tarbiya samaradorligiga taalluqlidir. Ma’lumki, maktab tarmog‘i aholi yashashini hisobga olib optimal joylashtirilgan edi. O‘quvchilar maktabga borib kelish uchun qiynalmasdi, transport vositalaridan foydalanishga hech qanday ehtiyoj yo‘q edi. Kasb – hunar kollejlari esa aksariyat o‘quvchilar yashaydigan joydan 5-10km, ba’zilaridan hatto 25-50km masofada joylashgan. O‘qishga qatnash, ayniqsa qishda ancha muammo tug‘dirdi. 50 o‘ringa mo‘ljallangan o‘quvchilar turar joylari bo‘lsa-da, ular barcha o‘quvchilar talabini qondirmasdi. Natijada davomat asta – sekin pasaya boshladi. Uzoq qishloqlardan qiz bolalar 25-30km KHK ga kelishga qiynaldi. Ayrimlari 9 sinfdan keyin, yoki KHK 1 kursidan keyin turmushga chiqa boshladi. Ayni balog‘ot yoshiga yetayotgan bolalar bir qismi ota – ona nazoratidan mustaqil bo‘lib olib uyidan chetda yotoqxonalarda, xususiy kvartiralarda yashay boshlagani ba’zi hollarda turli tarbiyaviy muammolarni keltirib chiqardi, yoki potensial tarzda ularni tug‘dira boshladi. Chunki bolalarning ayrimlari har xil salbiy ta’sirdan yetarlicha himoyalanmagan edi.
Bugungi kunda nainki mamlakatimiz, yoki mintaqamiz, balki butun dunyo miqyosida diniy – ekstremizm, xalqaro terrorizm, radikal millatchilik ulkan ma’naviy va siyosiy taxdidga aylanmoqda. Prezident Sh.Mirziyoev to‘g‘ri ta’kidlaganidek: “hozirgi vaqtda dunyo miqyosida hukm surayotgan tahlikali vaziyat, siyosiy va iqtisodiy inqirozlardan tashvishga tushayotgan birorta davlat yoki jamiyat yo‘q desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayniqsa, xalqaro terrorizm,ekstremizm, narkotrafik, diniy qarama-qarshilik, noqonuniy migratsiya, odam savdosi, ekologik muammolar, ayrim mintaqalarda iqtisodiy nochorlik, ishsizlik, qashshoqlik kuchayib borayotgani butun insoniyatni qattiq xavotirga solmoqda”. 4
Yuqoridagi iqtibos davlatimiz rahbarining “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusidagi anjumanda so‘zlagan nutqidan olindi. Mazkur nutq davr talablaridan kelib chiqib ma’naviyat yuksalishi va tarbiya borasida bir necha muhim vazifalar qo‘ydi. Birinchidan, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda ma’rifiy islomdan foydalanish. Buning uchun islomiy merosimizni teran o‘rganish va targ‘ib etish maqsadida Toshkentda O‘zbekiston Islom madaniyati markazi, Qashqadaryoda Abul Mu’in Nasafiy ilmiy markazi barpo etilmoqda. Yaqinda ishga tushirilgan Iso at-Termiziy markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Butun dunyo diniy va ilmiy jamoatchiligi tomonidan e’tirof etilgan Imom al – Buxoriy markazi xalqaro ilmiy tadqiqotlar markaziga aylantirilib, uning faoliyati yanada har tomonlama rivojlantirilmoqda.
Ushbu munosabat bilan yana bir narsani ta’kidlamoq kerak. O‘zbekiston Islom Hamkorligi Tashkiloti Tashqi ishlar vazirligi Kengashiga raislik qilganda 18-19 oktyabr 2016 yildagi Kengashning 43-sessiyasida “Ta’lim va ma’rifat – tinchlik va bunyodkorlik uchun yo‘l” mavzusi kun tartibiga qo‘yilgan edi. Unda o‘sha paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh.Mirziyoev ma’ruza qildi. Ma’ruza tegishli xalqaro tashkilotlarda qiziqish uyg‘otdi. “Vashington tayms” gazetasi O‘zbekistonning terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashda ma’rifiy islomdan foydalanish tashabbusini qo‘llab katta maqola chop etdi. 2017 yil may oyida Saudiya Arabistonida xalqaro sammit bo‘lib o‘tdi. Unda “katta – katta davlatlar, arab, musulmon mamlakatlari va AQSh rahbariyati bir fikrga alohida urg‘u berishdi. Ya’ni ular jaholatga qarshi ma’rifat, ta’lim-tarbiyani kuchaytirish bilan kurashishi zarur ekanini ta’kidlashdi”. 5
Ikkinchidan, yoshlarni diniy – ekstremistik oqimlar ta’siridan asrash, “O‘z bolangni o‘zing asra” da’vatini “O‘z uyingni o‘zing asra” da’vatiga qo‘shimcha qilish qatorida adashgan yoshlarni, agar ular jinoyat qilmagan bo‘lsa, jamiyatning to‘laqonli a’zoligiga qaytarish, ularni jamoatchilikdan ajratib qo‘ymaslik, aksincha, har tomonlama yordam berish vazifasi qo‘yildi. Uchinchidan, ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari, fuqarolik institutlari, ayniqsa mahalla, diniy tashkilotlar, imom xatiblar, “Nuroniy”, yoshlar tashkilotlarini ma’naviy tarbiya borasida o‘zaro hamkorligini kuchaytirish yuzasidan fikrlar bildirildi.
To‘rtinchidan, diniy – madaniy merosimizdan milliy ma’naviyatimizni, tarbiyani rivojlantirish maqsadida Samarqandda – Imom Buxoriy ilmiy markazida hadisshunoslik, Imom Moturidiy markazi qoshida kalom ilmi, Farg‘onada – Marg‘inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabi, Buxoroda – Bahovuddin Naqshband markazida – tasavvuf, Qashqadaryoda – Abul Mu’in Nasafiy markazida aqida ilmiy maktabini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Yoshlarga o‘z imkoniyatlarini to‘la yuzaga chiqarish uchun zarur shart – sharoitlarni yanada yaxshilash, yoshlar tarbiyasi, ayniqsa uyushmagan yoshlar bilan ishlashni yangi sifat bosqichiga ko‘tarishda davlatimiz rahbarining “Kamolot”YoIH IV quriltoyidagi ma’ruzasi, “Kamolot” negizida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilishi muhim rol o‘ynadi. Quriltoyda “Kamolot”ning 16 yillik faoliyati tanqidiy tahlil etildi. Shiddatli o‘zgarayotgan zamon talablari, chaqiriqlari, ma’naviy taxdidlari, tendensiyalari hisobga olinib, Yoshlar ittifoqining vazifalari belgilandi. Ular orasida davlatimiz rahbarining “sotsial lift” vazifasini bajaruvchi yosh kadrlar tayyorlash tizimini barpo etish, yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish bilan bog‘liq yangi imtiyozlar, ish bilan ta’minlash bo‘yicha yangi chora – tadbirlar konsepsiyasi, “Yoshlar nashriyot uyi”ni tashkil etish, 30 iyunni “Yoshlar kuni” deb e’lon qilish, “Mard o‘g‘lonlar” Davlat mukofotini, “Kelajak bunyodkori” medalini ta’sis etish tashabbuslari bor.
Ma’naviyatni ilmiy o‘rganish va rivojlantirishda davlat rahbarining O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvdagi ma’ruzasi alohida o‘rin tutadi, desak adashmaymiz. Ma’ruzada madaniyatimizni rivojlantirishning juda ko‘plab moddiy – iqtisodiy chora – tadbirlari va tashkiliy masalalari tahlil qilindi va aniq vazifalar, ijrochilar, mas’ullar belgilandi. Aynan vazifalarning aniqligi, ko‘lami, rang – barangligi, amaliy ahamiyati maruzaning ma’naviyat rivojidagi ahamiyatini ko‘rsatib turibdi. Konseptual jihatlarga kelsak, unda avvalgi fikrlar asosan aniqlashtirildi va tasdiqlandi. Yangilik sifatida esa quyidagi fikr diqqatga sazovor: “Agar “ommaviy madaniyat” tahdidi faqat chetdan – g‘arbdan kirib keladi, desak, qattiq adashamiz. Bu, balo, afsuski, o‘zimizdan, o‘z oramizdan ham chiqishi mumkin”.6 Ilgari ommaviy madaniyat faqat chetdan kirib kelayotgan ma’naviy tahdid sifatida noto‘g‘ri, biryoqlama talqin qilinar edi. Uning zamonaviy jamiyat va OAV, AKT rivojlanishi bilan bog‘liqligi, binobarin, uning milliy zaminda paydo bo‘layotgan shakllari tan olinmas va ularga qarshi turish, kurashish lozimligi ham kun tartibiga qo‘yilmas edi.
Ma’ruzada jaholat tushunchasi tahlil qilinib, uning mazmuni, talqini ancha kengaytirildi. “Biz “jaholat” deganda, odatda, diniy jaholat, aqidaparastlikni tushunamiz. Lekin bugungi hayotiy jarayonlar jaholat hamma sohada ham uchrashi, agar unga qarshi o‘z vaqtida kurash olib borilmasa, o‘ta og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatmoqda, - deyiladi ma’ruzada, - Biz bugun jaholat degan baloga iqtisodiyot sohasida ham, ta’lim – tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat tizimida ham, qo‘yingki, hayotimizning barcha jabhalarida duch kelyapmiz va bu illat qo‘l-oyog‘imizda bamisoli kishan bo‘lib turibdi. Bu kishandan xalos bo‘lmasdan turib, taraqqiyot va rivojlanish haqida hech qanday so‘z bo‘lishi mumkin emas”.7
Adabiyot, san’at, ayniqsa kino va teatr san’ati sohasidagi yuksalish vazifalari ommaviy madaniyat va jaholat tushunchalarining yangi talqinini hisobga olib belgilandi.
O‘zbekistonda ma’naviyatni ilmiy o‘rganish va rivojlantirish davom etmoqda. Bu jarayon bir zum ham to‘xtab qolgani yo‘q.

ajak.
. Ўзбек халqи маънавияти ривожланишини тарихий босqичларга ажратиш мезонлари


14. Миллий маънавиятимизнинг архаик ва илк зардуштийлик даври (энг qадимги даврдан – милодгача IV аср).
15. Исломгача бўлган диний-мафкуравий плюрализм босqичи (милодгача IV аср бошлари – милодий VIII гача).
16. Ислом тамаддунининг Ўрта Осиёда тарqалиши ва гуллаб яшнаши (VIII – ХIII аср бошлари)
17. Амир Темур ва темурийлар даврида миллий маънавиятимизнинг qайта уйg‘ониши ва юксалиши (ХIII аср охири чораги – ХVI аср бошлари)
17.1. Алишер Навоий асарларида ўзлик масаласи
18. Анъанавий жамиятнинг тўлиq qарор топиши ва маънавиятимизнинг таназзул босqичи (ХVI аср иккинчи ярми – ХIХ аср биринчи ярми)
19. Мустамлакачилик ва миллий маданиятимиз ривожидаги янги уйg‘ониш даври босqичи (ХIХ аср иккинчи ярми – ХХ аср 20 - йиллари). Совет даври маънавияти (ХХ аср 30-80-йиллари)
20. Мустаqиллик даври маънавияти (сентябр 1991 йилдан – )


1

Download 152.47 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling