38-§. Axborotlashgan jamiyat “Axborot”, “axborotli jamiyat” tushunchalari


Download 57.5 Kb.
bet1/2
Sana16.04.2023
Hajmi57.5 Kb.
#1361409
  1   2

38-§. Axborotlashgan jamiyat

“Axborot”, “axborotli jamiyat” tushunchalari Global muammolarning kelib chiqishi, mavjudligi va hal etilishi zarurati insoniyat jamiyati yangi sivilizatsiyaviy sifat o‘zgarishini taqozo etmoqda. Bu jarayon mohiyatini anglash uchun uning


jadalligiga, chuqurligiga va miqyosiga e’tibor berish lozim. Zero, o‘nlab va, hatto, yuzlab yillar davomida o‘zgarmas bo‘lib ko‘ringan ijtimoiy munosabatlar g‘oyat qisqa vaqtda tubdan o‘zgarmoqda. Bu hol kishilar hayoti qatlamlarining barcha
bo‘g‘inlarida ko‘rinmoqda. Ko‘lamiga ko‘ra bu jarayon biron mintaqani chetlab o‘tmagan.
Xo‘sh, bu qanday sivilizatsiya bo‘ladi? Hozirgi dunyoda G‘arb qadriyatlarining barcha sohalarda ahamiyati tan olingan va qabul qilayotganini o‘rgangan futurolog-mutaxassislar axborot-texnikaviy yoki axborot-kompyuter sivilizatsiyasi haqida bashorat qilmoqdalar1.
Ma’lumki, «axborot» tushunchasi dunyoqarashni ifodalaydigan bilimlarda qadimdan mavjud bo‘lgan. Kibernetikaning kelib chiqishi va rivojlanishi bu tushunchani «aloqa» va «boshqaruv» tushunchalari bilan birga keng qo‘llanishiga olib keldi. Hozirgi vaqtda axborotlarni hosil qilish, qayta ishlash, saqlash, ko‘paytirish va tarqatish alohida ilmiy sohani — informatika (lotincha: tanishtirish, tushuntirish,
sharq tillarida: «xabar», «axborot») sohasini tashkil etadi. Bu so‘z 1964-yilda Fransiyada muomalaga kiritilgan.
Axborotlar sohasining tez sur’atlar bilan o‘sishi, uni avtomatlashtirish usullarining rivojlantirilishi kompyuterlarning yaratilishiga va kishilar hayotining turli sohalarini kompyuterlashtirishga olib keldi. Bu esa, o‘z navbatida, kelajakdagi «axborotli jamiyat» nazariyasini maydonga keltirdi.
Hozirgi vaqtda texnika va texnologiya ko‘p jihatlardan fan mahsuli hisoblanadi. Fan esa inson yaratgan ma’naviy qadriyatlardan eng oliysi bo‘lib, unga berilgan baholar hamisha bir-biridan keskin farq qilishiga qaramay, tegishli axborotlar ifodasi sifatidagi ahamiyatini hech qachon yo‘qotmaydi. Texnologiya fanning uskunaviy vositasi hisoblanadi.
Axborot inqiloblari Axborot texnologiyasi iqtisodiyot rivojlanishida qishloq xo‘jaligi, sanoat, xizmat ko‘rsatish sohasidan keyingi to‘rtinchi bosqichni egallaydi. Agar kapital va mehnat kishilik jamiyatining sanoatlashish davri mobaynida zarur tashkil etuvchilardan bo‘lsa, axborot va bilim esa kelajak jamiyati asoslarini tashkil etadi.
Yuqorida aytilganidek, tushunchaviy maqomiga ko‘ra «axborot» atamasi qadimdan qo‘llaniladi. Xususan, axborotlashuv sohasidagi (buni hozir informatsiologiya — axborot ta’limoti deb atash qabul qilingan) dastlabki jahon inqilobi melodiy birinchi mingyillik boshida yashagan Ptolomeyning dunyoning geotsentristik tizimi, ikkinchi inqilob N.Kopernikning (XVI asr o‘rtalarida) geliotsentristik nazariyasi bilan vujudga kelgan edi. Bular axborotning ilmiy va ma’naviy ravnaqini ifodalagan edilar.
Uchinchi inqilob 1964-yildan boshlanadi. 80-yillar o‘rtalariga kelib ko‘pgina mamlakatlar axborot rivojlanishi yo‘liga — Internet, multimedia, kosmonavtika, radio va sun’iy yo‘ldosh aloqasiga asoslangan axborot tizimiga o‘tdilar.
Tabiiyki, bunday sharoitda axborotlarni tegishli tarzda to‘plash va uzatishning avtomatizatsiya vositalari, kompyuter texnikasi va hokazolarni rivojlantirish muhim hisoblanadi. Hozirgi vaqtda AQSHda po‘latning bir kilogramm bahosi 7 sent, mashinaning bir kilogrammi 4 dollar, samolyotning bir kilogrammi 700 dollar, bir kilogramm integral sxema esa 7000 dollar turadi.
Sifat jihatdan ham axborot texnologiyasida juda muhim o‘zgarishlar yuz bermoqda. Agar birinchi kompyuterlar 30-yillarda elektromexanik rele asosida hisoblash maqsadida foydalanilgan bo‘lsa, 60-yillardagi ikkinchi avloddan boshlab
kompyuterlar yarim o‘tkazgichli tranzistorlardan foydalanib tayyorlanmoqda. Kompyuterlarning beshinchi avlodi hatto intellektual vazifalarni ham yechishga qodir. Kompyuterlarning oltinchi va yettinchi avlodlari har birining protsessorida 80—100 million tranzistor bo‘lib, har soniyada 2 milliardgacha vazifani bajara oladi.
Axborot-texnologiya tayanchlari Axborot texnologiyasi qator tayanch jihatlarga ega. Ulardan birinchisi inson faoliyatini maqsadga muvofiq yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq.
Ikkinchi tayanch — bu turli tabiatga ega bo‘lgan obyektlar o‘rtasidagi o‘zaro muvofiqlikni bildirib, EHMga tadbiqan uning inson miyasi bilan funksional umumiyligini anglatadi.
Axborotlashganlikning uchinchi tayanchi texnika hisoblanadi. Darhaqiqat, jiddiy texnikaviy rivojlanishsiz kompyuterlarning o‘zi ham yaratilmagan bo‘lur edi.
Axborot texnologiyasining to‘rtinchi tayanchi shundaki, uning kelib chiqishi uchun iqtisodiy boshqaruv — siyosiy va ma’naviy sohalarda asosiy manba bo‘lishi lozim.
Masalan, demokratiya va ozodlik ideallari rivojlanmagan joyda axborotlashganlik texnologiyasi yuz bermagan bo‘lur edi.
Ko‘rinib turibdiki, hozirgi zamonda jamiyatning kompyuterlashganligi — bu aniq dalil. Xo‘sh, bu dalil jamiyatning aniq olingan sohalarida qanday namoyon bo‘lmoqda?
Iqtisodiyot sohasida ishlab chiqarish bilan xizmat ko‘rsatish nisbatida birinchisining hisobiga ikkinchisining kengayishi ro‘y bermoqda. Og‘ir sanoat salmog‘i pasayib, uning tobora maydalanib borishi kuzatilmoqda. Avvaldan mavjud tuzilmalar hududiy tarqoq tarmoqlarga bo‘linib bormoqda. Bunda mintaqalarning o‘zida xomashyolarga har tomonlama ishlov berish va tayyor mahsulotlar almashuvi yuz beradi. Bu almashuvda turli-tuman iste’mol ehtiyojlarini qondirish ustun hisoblanadi. Aholi migratsiyasi ratsional tarzda yo‘lga qo‘yiladi.
Axborot-texnikaviy kelajak nazariyotchilari fikriga ko‘ra bu davrda jamiyatda boshqariladigan bozor iqtisodiyoti amalda bo‘ladi. Busiz yangi sivilizatsiya qaror topishi, sanoatlashganlik kamchiliklarini bartaraf etish mumkin bo‘lmaydi.
Yuksak mehnat unumdorligi, samarali iqtisodiyot ijtimoiy ta’minot yo‘li bilan tegishli siyosat olib borishni kafolatlaydi. «Hech qanday sivilizatsiya, — deb yozadi O.Toffler, — barcha kasb egalarini bir xil siylamagan va shunday bo‘lmog‘i lozim. Qishloq xo‘jaligi sivilizatsiyasi yoki birinchi to‘lqin muayyan sifatlar va qobiliyatlar, ayniqsa sof muskul kuchi uchun siylagan. Sanoat sivilizatsiyasi yoki ikkinchi to‘lqin turli kasblar uchun haq to‘lagan. Uchinchi to‘lqin sivilizatsiyasi ham muayyan xususiyatlar va qobiliyatlar uchun boshqalariga qaraganda yaxshiroq haq to‘laydi».
Ma’naviy-madaniy o‘zgarishlar ko‘lami Ma’naviy-madaniy sohadagi tub o‘zgarishlar ommaviy ruhiyatda, ta’lim tizimida, har bir inson saviyasida o‘z ifodasini topmoqda. Odatda bu sohadagi o‘zgarishlar boshqa sohalar o‘zgarishlariga zamin tayyorlaydi.
Kompyuterlashtirish kishilik jamiyati dinamikasining navbatdagi yo‘nalishi sifatida madaniyatning qator sohalarida bo‘lgani kabi san’atda ham yuksak ravnaqni taqozo etadi. Bu haqda sivilizatsiya rivojlanishi ushbu bosqichi nazariyotchilaridan bo‘lgan J.Nesbitt va P.Eburdin san’atni 90-yillarda jahon miqyosida o‘nta yo‘nalishning ikkinchisi sifatida ko‘rsatadi. Agar sanoatlashgan davrda harbiylar boshqalarga namuna bo‘lsa, sport — metafora (majoz)ni anglatgan bo‘lsa, endi alohida kishilar, korporatsiyalar, katta yo kichik shaharlar o‘z taqdirlarini san’at
asarlaridagi shaxslar, obrazlar, hayot uslubi ta’sirida tobora aniqroq belgilab boradilar.
San’at iqtisodiy tushuncha maqomida ham qaralishi obyektiv zaruriyat bo‘lib bormoqda. Buni rivojlangan mamlakatlar bozorida foyda keltirayotgan resurs sifatida muzeylarga boruvchilarning tobora ko‘payib borishida va ko‘plab qurilayotgan muzeylar sonida ko‘rish mumkin. Hozirgi vaqtda Buyuk Britaniyada madaniyat va san’at sohasi keltirayotgan foyda avtomobilsozlikdagi darajada — har yili o‘rtacha 17 milliard dollar bo‘lmoqda.
Ma’naviy hayotda san’atning o‘rnini sanoatlashgan davrning standartlash yo‘nalishidan farqli holda uning milliyligini to‘la namoyon qilish orqali va muntazam xalqaro almashuv yo‘li bilan millatlarning madaniy yaqinlashuviga hissa qo‘shishida ham ko‘rish mumkin. Zero, san’atning tili (rangtasvir, haykaltaroshlik, me’morchilik,
musiqa, raqs) tarjimasiz tushunarli bo‘lganidan bebaho umuminsoniy aloqa vositasidir.
Maorif sohasida jiddiy o‘zgarishlar kutilmoqda. Jumladan, kechayotgan fan inqilobi va axborotlashuv tufayli o‘qish, o‘qitish ishlarining samaradorligini yanada oshirish imkoniyati yaratilmoqda. Buning natijasida rivojlangan mamlakatlar AQSH va Yaponiyada XXI asrda yalpi oliy ta’limga o‘tish vazifasi kun tartibiga qo‘yilgan.
Siyosiy sohada ham axborotlashuv inqilobi tufayli jiddiy o‘zgarishlar kutilmoqda. Chunonchi, davlat hokimiyati markazlashganligi barham topib, uning o‘rniga shaxs erkinligi salmog‘I oshib boradi. Natijada fuqaro ular har birining demokratik qarorlar qabul qilinishida bevosita ishtirok etishi ta’minlanadi. Boshqa
tomondan qaraganda davlat markazlashganligining kuchsizlanishi axborotlarga egalik qilish natijalari bilan ham bog‘liq. Masalan, hozirgi ko‘pgina mamlakatlarda davlat tashkilotlari fuqarolar to‘g‘risida axborotlar to‘plaganki, zarur bo‘lganda ulardan
totalitarizm maqsadlarida foydalanishi mumkin. Yana bir hol: davlat hokimiyatini muayyan darajada cheklash axborotlardan turmushning turli sohalarida foydalanish zaruriyati bilan ham bog‘liq. Iqtisodiyot sohasidagi axborotlarni tartibga solish, ulardan lozim darajada foydalanishni siyosiy hokimiyatni total aralashuvisiz ham bozor munosabatlari yordamida yo‘lga qo‘yish mumkin.
Axborotlashayotgan jamiyat belgilari tashqi siyosat sohasida ayniqsa yaqqol namoyon bo‘lmoqda. AQSHdan tashqari qator mamlakatlar, jumladan Xitoy, Yaponiya, Germaniya, Rossiya jahon miqyosida mustaqil yetakchi o‘ringa da’vogarlik qilmoqda. Ayni vaqtda, mintaqalararo ittifoqlarning (masalan, G‘arbiy
Yevropa, Shimoliy Amerika) o‘rni kuchaymoqda. Shuningdek, xalqaro tashkilotlarning ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Albatta, axborotlashgan-texnikaviy sivilizatsiyaning qaror topishi ko‘plab noma’lum jihatlarga ham ega. Uni tushuntiradigan ta’limotlarda utopiyalar hissasi kichkina emas.



Download 57.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling