4- mavzu: Ong taraqqiyoti va ongsizlik Reja


Download 74.9 Kb.
bet5/6
Sana01.03.2023
Hajmi74.9 Kb.
#1241159
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
4-mavzu.

4.4. Ongli harakatlarning anglanmagan qo’zg’atuvchilari
Anglanmagan jarayonlarning keyingi sinfi – ongli harakatlarning anglanmagan qo‘zg‘atuvchilarini ko‘rib chiqamiz. Bu sinfga taalluqli bo‘lgan jarayonlarning tadqiqotlari, avvalambor, XX asrning mashhur ruhshunoslaridan biri Zigmund Freyd nomi bilan bog‘liq.
Freyd Vena universitetining tibbiyot fakultetini bitirgandan so‘ng bir muncha vaqt parijlik psixiatr J. SHarko klinikasida faoliyat yuritdi, keyinchalik Venaga qaytib, amaliyotchi vrach sifatida ishlay boshladi. Nevrozlarni davolash bo‘yicha mutaxassis sifatida Freyd shaxsning nazariy muammolari bilan shug‘ullandi, natijada ruhiy kasalliklarni davolashning o‘ziga xos uslubini ishlab chiqdi va uni psixoanaliz deb atadi. Psixoanalizning keng doiralarda ommalashganiga qaramay, mutaxassislar hanuzgacha unga nisbatan turlicha munosabat bildiradilar. Buni Freydning o‘zi o‘ta ziddiyali odam bo‘lganligi bilan tushuntirish mumkin. Bir tomondan, u faktlarga nisbatan juda e’tiborli bo‘lgan, Freydni faktlarning bilimdoni deyish mumkin. U faktlar bilan juda oqilona va puxtalik bilan ish yuritadi, qiziqarli tarzda umumlashtiradi, ilg‘or nazariy qoidalarni ilgari suradi va ularni faktlar yordamida qayta isbotlaydi. Ikkinchi tomondan, Freyd matnlarida ko‘pgina asoslanmagan nazariy qoidalar keltiriladi. Freyd bilan yaqindan tanish bo‘lganlarning fikriga ko‘ra, uning faktlarga nisbatan bunday munosabatini o‘rganilgan muammolarning shaxsan uning o‘ziga xosligi bilan tushuntirish mumkin. SHu bilan birga, Freyd inson ba’zi harakatlari va ruhiy hodisalarning anglanmagan sabablarini o‘rganishga salmoqli hissa qo‘shdi.
Anglanmagan jarayonlarni chuqur o‘rganishga gipnozdagi bemor ayolga o‘ziga kelgandan so‘ng joyidan turib, qatnashchilardan biriga tegishli bo‘lgan soyabonni olishi kerakligiga ishontirilgan gipnoz seanslaridan birida ishtirok etganligi Freyd uchun turtki bo‘ldi. Bunda ayolga uyg‘onishidan avval bunday ishontirish o‘tkazilgani haqida yodidan chiqarishi kerakligi uqtirildi. Gipnozdan uyg‘ongan ayol o‘rnidan turib, soyabonni oldi va uni ochdi. Uning nega bunday qilganligi so‘ralganida, soyabonning ishlashini tekshirib ko‘rganligini aytdi. Ayolga soyabonning uniki emasligini eslatganlarida, u uyalib qoldi. Bu tajriba Freydning diqqatini o‘ziga tortdi va unda juda kuchli taassurot qoldirdi. Unda qator noyob hodisalar: birinchidan, amalga oshiriladigan harakatlar sabablarining anglanmaganligi; ikkinchidan, bu sabablarning ta’sirchanligi: odam topshiriqni nima uchun bajarayotganligini bilmasdan turib, vazifani bajaradi; uchinchidan, o‘z harakatini tushuntirib beruvchi dalil izlab topish va, nihoyat, ba’zan davomli so‘rovlar usuli yordamida odamni harakatlarining asl sababi haqidagi xotiralarga yo‘naltirish imkoniyati qiziqish uyg‘otdi. Bu tasodifga binoan va qator boshqa faktlarga tayangan holda Z. Freyd o‘zining ongsizlik nazariyasini yaratdi.
U o‘z nazariyasida ongsizlik ifodalanishining uch asosiy shakli: tush ko‘rish, yanglish harakatlar (narsalar, bajarmoqchi bo‘lgan vazifalar, ismlarning xotiradan ko‘tarilishi, jumlalarni aytishda, yozishda xatolikka yo‘l qo‘yish va boshqalar) va nevroz belgilarini ajratdi. Psixoanaliz nazariyasida ongsizlik ifodalarini tadqiq qilish uchun ularni o‘rganish metodlari: erkin assotsiatsiyalar metodi va tush ko‘rish tahliliy metodi ishlab chiqildi.
Freyd nevroz belgilariga alohida e’tibor qaratadi. SHifokorlik amaliyotidan bir misol keltiramiz: yosh bir qiz dunyodan ko‘z yumgan opasining tepasiga kelib, bir daqiqaga pochchasi haqida: «Endi u erkin va menga uylana oladi» deb o‘ylab, og‘ir nevrozga chalingan. Bu fikr ushbu vaziyatga umuman mos kelmasligi vajidan o‘sha zahotiyoq siqib chiqarilgan va kasallikka chalingan qiz opasining tepasida bo‘lib o‘tgan bu ko‘rinishni yodidan chiqarib yuborgan. Lekin davolanish vaqtida u katta qiyinchilik va hayajon bilan uni esladi, shundan so‘ng darddan forig‘ bo‘ldi.
Z. Freyd tasavvurlariga ko‘ra, nevroz belgilari – bu ongsizlik sohasida kuchli zararlangan o‘choq hosil qiluvchi va o‘sha erdan turib o‘zining emiruvchi vazifasini amalga oshiradigan siqib chiqarilgan shikastlovchi kechinmalarning izlari. O‘choq ochilishi va zararlantirilishi lozim, shunda nevroz keltirib chiqaruvchi sababdan mahrum bo‘ladi.
Belgilar asosini har doim ham so‘ndirilgan jinsiy mayl tashkil etmaydi. Kundalik hayotda ko‘p hollarda jinsiy soha bilan hech qanday bog‘liqligi bo‘lmagan noxush kechinmalar yuzaga keladi, va, shunga qaramay, ular sub’ekt tomonidan so‘ndiriladi yoki siqib chiqariladi. Ular, shuningdek, yanglish harakatlarda yuzaga chiqadigan affektiv o‘choqlar hosil qiladi. Z. Freydning «Psixoanalizga kirish. Ma’ruzalar» asaridan ba’zi parchalarni keltiramiz. Keyingi misol noto‘g‘ri izohlarga tegishli. Freyd fikriga ko‘ra, noto‘g‘ri izohlar tasodifan yuzaga kelmaydi: ularda insonning haqiqiy (yashirilgan) niyatlari va kechinmalari yuzaga chiqadi. Bir kuni ba’zi bir shaxsiy sabablarga ko‘ra yig‘ilishning o‘tkazilishini xohlamagan majlis raisi uning ochilishida: «Janoblar, yig‘ilishimizni yopiq deb hisoblashga ruxsat berishingizni so‘rayman» deb yuboradi.
Z.Freyd amaliyotidan noto‘g‘ri harakatga doir yana bir misol keltiramiz. U yosh amaliyotchi shifokor sifatida bemorlarning uylariga tashrifi chog‘ida o‘zida ba’zi bir eshiklarning qo‘ng‘irog‘ini bosish o‘rniga kissasidan shaxsiy kalitini olish odatining paydo bo‘lganiga e’tibor berdi. O‘z kechinmalarini tahlil qilib, bu odatning o‘zini o‘z uyidagidek his etadigan bemorlar uyining eshigi oldida yuzaga kelishini aniqladi.
Anglanmagan jarayonlarni o‘rganishda Freyd tomonidan erkin assotsiatsiyalar metodi qo‘llanilgan edi. Assotsiatsiyali tajribada sinaluvchi yoki bemorga ko‘rsatilgan so‘zlarga javoban miyasiga kelgan istalgan so‘zni darhol aytishi taklif etiladi. Va, bundan ma’lum bo‘ldiki, bir necha o‘nlab urinishlardan so‘ng sinaluvchining javoblarida uning yashirin kechinmalari bilan bog‘liq so‘zlar paydo bo‘ladi.
Masalan, K.Chapekning «Shifokor Rousning tajribasi» hikoyasida erkin assotsiatsiyalar metodining qo‘llanilishi tasvirlanadi. SHu o‘rinda bu hikoyaning qisqacha mazmunini keltiramiz. CHexiya shaharchalaridan biriga kelib chiqishi chex bo‘lgan amerikalik ruhshunos professor tashrif buyuradi. Uning o‘z mahoratini namoyon qilishi e’lon qilinadi. SHahar aslzodalari, muxbirlar va boshqa shaxslardan iborat haloyiq to‘planadi. Qotillikda ayblanayotgan jinoyatchini olib kirishadi. Professor unga tiliga kelgan birinchi so‘z bilan javob berishni taklif etib, so‘zlarni aytib turadi. Avval jinoyatchi u bilan ish yuritishni umuman istamaydi. Lekin keyinchalik so‘zlar o‘yini e’tiborini tortadi va u qiziqib ketadi. Professor avval umumiy so‘zlar: pivo, ko‘cha, it kabilarni taklif etadi. Asta-sekin jinoiy vaziyatlar bilan bog‘liq so‘zlarni kirita boshlaydi. «Kafe» so‘ziga javob – «shoh ko‘cha», «dog‘lar» so‘zi berilsa, javob «qop»; «yashirish» so‘ziga - javob «ko‘mib qo‘yish», «belkurak» - «o‘ra», «o‘ra» - «devor» va h.k. Seansdan so‘ng professor tavsiyasiga ko‘ra politsiyachilar devor oldidagi bir joyga borib, o‘rani ochadilar va yashirib qo‘yilgan jasadni topadilar.
Harakatlarning anglanmagan qo‘zg‘atuvchilari haqidagi suhbatni yakunlar ekanmiz, Freyd nazariyasi o‘zining ziddiyatliligiga qaramay, insonning anglanmagan harakatlarining ko‘pchilik mexanizmlarini tushunish imkoniyatini yaratishini ta’kidlab o‘tish lozim.



Download 74.9 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling