4-Mavzu : Zamonaviy axborot texnologiyalari va internet madaniyati. Reja
-3. O’zbekistonda internet savodxonligi va foydalanuvchilari madaniyati tugrisida
Download 55.99 Kb.
|
Маъруза 4-мавзу
4-3. O’zbekistonda internet savodxonligi va foydalanuvchilari madaniyati tugrisida.
Insoniyatning taraqqiyot tamaddunini tarixiga nazar solsak, inson va davlat ehtiyojlarida axborot muhim ahamiyat kasb etib, ushbu ehtiyojlarni qondirish borasidagi harakatlar natijasida zamonamizga kelib, yuksak darajada rivojlangan axborot texnologiyalari va internet tarmoqlari paydo bo’ldi. Endilikdaaxborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ularning barcha jabhalarga nechog’li tatbiq etilganligi demokratik davlatning ustuvor parametrlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Mamlakatimizda fuqarolarning axborot sohasidagi huquqi, avvalo, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan bo’lib, “Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to’g’risida”gi qonunda yanada rivojlantirilgan. Xususan, mazkur qonunda davlat har kimning axborotni izlash, olish, tekshirish, tarqatish, undan foydalanish va uni saqlash huquqini himoya qilishi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeiga qarab axborot olish huquqi cheklanishiga yo’l qo’yilmasligi belgilab qo’yilgan. Shuningdek, axborotni muhofaza etish hamda davlat, shaxs va davlatning axborot borasidagi xavfsizligini ta’minlashga oid normalar bilan mustahkamlangan. Sohaga oid muhim qonunlarimizdan yana biri — 2003 yil 11 dekabrda qabul qilingan “Axborotlashtirish to’g’risida”gi qonun bo’lib, ushbu qonunning maqsadi axborotlashtirish, axborot resurslari va axborot tizimlaridan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat ekanligi qayd etildi hamda xalqaro axborot tarmoqlari va internet jahon axborot tarmog’idan erkin foydalanish uchun sharoit yaratish, har kimning axborotni erkin olish va tarqatishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishni belgilab berdi. Bugungi kunda internet xizmatini ko’rsatuvchi sub’ektlar (provayderlar) soni 793 tani tashkil etmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko’ra, xonadonlar (oilalar)dagi shaxsiy kompyuterlarning 58,1 foizi internet tarmog’iga ulangan bo’lib, internetdan foydalanuvchi yurtdoshlarimiz soni 12 milliondan oshgan. Davlat interaktiv xizmatlari soni ham kundan-kunga ortib bormoqda. Jumladan, 1200 dan ortiq davlat interaktiv xizmatlari yo’lga qo’yilgan. Shu bilan birga, axborot sohasida nodavlat sektor rivojiga e’tibor kuchaytirilib, uning davlat sektori bilan sog’lom raqobatga kirishishiga keng imkoniyat yaratildi. Bu esa, o’z navbatida, milliy axborot makonimiz liberallashib, uning jahon axborot makoni bilan muvaffaqiyatli integratsiya bo’layotganidan darak berib, fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlarimizning axborot sohasidagi huquqlarini himoyalash, ularga sog’lom axborot muhitini yaratish borasida barcha huquqiy va texnologik shart-sharoitlar mujassam ekanligidan dalolat beradi. Darhaqiqat, internet bizni global axborot makoni bilan bog’lagani bois, xalqaro va milliy darajada muloqotlar, yozishmalar, tijorat ishlari, bank to’lovlari amalga oshirilmoqda, qiziqarli va zarur bo’lgan axborotlarni izlashimiz va axborot tarqatishimiz tezlashdi. Global axborot makoniga real ko’z bilan qaraydigan bo’lsak, bugungi kunda keng jamoatchiligimizni xavotir va tashvishga solib kelayotgan muammolardan biri, shubhasiz, jahon axborot makonida nosog’lom manfaatlar, ziddiyat va qarama-qarshiliklar ta’siridagi agressiv axborotlar internet tarmoqlari orqali tarqalishi bo’lib, ularning milliy axborot makonimizga ham kirib kelayotgani va birinchi galda uning ta’siri yoshlarimizga bo’layotgani kuzatilmoqda. Internetdan tarqatilayotgan axborot davlat va jamiyat manfaatlariga, axloq va ma’naviyatning umume’tirof etilgan normalariga tajovuz qilmasligi, qolaversa, axborot borasidagi xavfsizligimizga ziyon etkazmasligi lozim. Kelajagimiz vorislarining manfaatlari haqida qayg’urib, yoshlarni nosog’lom axborotlardan himoyalash, ular uchun sog’lom axborot muhitini yaratishni nazarda tutib, axborot va internet sohasiga oid xalqaro hujjatlarda belgilangan normalar asosida, 2014 yilning sentyabr oyida O’zbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish to’g’risida”gi qonuniga o’zgartish va qo’shimchalar kiritildi. Xususan, qonunning 121-moddasida veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo’lgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmog’idagi o’z veb- saytidan va (yoki) veb-sayt sahifasidan: O’zbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo’rlik bilan o’zgartirishga da’vat etish; urush, zo’ravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g’oyalarini targ’ib qilish; fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro’siga putur etkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo’l qo’yuvchi axborotni tarqatish; pornografiyani targ’ib qilish; qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo’ladigan boshqa harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanilishiga yo’l qo’ymasligi shartligi belgilangan. Va axborotni joylashtirishdan avval uning to’g’riligini tekshirish, shuningdek, joylashtirilgan axborotning noto’g’riligi aniqlangan taqdirda uni darhol o’chirib tashlash shartligi ham belgilanib qo’yildi. Bugungi axborot asri davrida yoshlar ularga yopirilib kelayotgan axborotlardan foydalana olishlari, xususan, axborotni farqlay va idrok eta oladigan, o’zini-o’zi boshqaradigan, nosog’lom axborotlardan ularning o’zlari himoyalana olishlari, kommunikatsiya vositalaridan to’g’ri foydalana bilishlari uchun bilim va tajriba kerak bo’ladi. Aynan mana shu borada ular uchun ota-onalar, pedagoglar va mutaxassislarning ma’naviy-ruhiy ko’magi, tarbiyaviy ishlar, ayniqsa, internetdan foydalanish madaniyatini o’rgatishimiz zarurdir. Internet orqali axborot tarqalishini tartibga solishda nafaqat vakolatli davlat organlari, balki nodavlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati barcha institutlarining ham faol ishtiroki, shu jumladan, internet sayt egalarining regulyativ vakolatlarga ega bo’lgan o’zini o’zi boshqaradigan assotsiatsiyasini tashkil qilish masalasi ustida ham o’ylab ko’rilsa, foydadan xoli bo’lmaydi. Insoniyat XXI asrga kelib, hayotining bir lahzasini ham internetsiz tasavvur qilolmaydigan bo’lib qoldi. Endi tadbirkorga ishlab chiqargan mahsulotini bozorga olib chiqqandan ko’ra ularga xaridorlarni internet orqali topishi afzalroq ko’rinadi. Endi tirikchilik uchun yo’lkira sarflab ko’chaga chiqib, ko’chalar tirbandligidan ishga kech qolish ham shart emas. Uyda o’tirib, dasturchi ishlab chiqqan g’oyasi, jurnalist yozgan materiali, o’qituvchi o’tgan darsi uchun oylik olaveradi. O’quvchi ham endi ilgarigidek dars tayyorlash uchun soatlab kitob qarshisida o’tirmaydi. Daqiqalar ichida zarur ma’lumotni internetdan olib, ertangi darsga tayyorlanadi. Yoki kutubxonadan topa olmagan kitobini internet orqali o’qiydi. Avvallari ko’p savolga tutadigan bolalar ham endi savollariga javobni bobolaridan emas, internetning qidiruv tizimlaridan olayotganini ko’rib, jamiyatning barcha qatlami virtual olamga tobora bog’lanib qolayotganining guvohi bo’lamiz. Bu yaxshimi, yo’qmi? Internetga axborotni farqlay oladigan darajada bilim, turli ta’sirlarga nisbatan immunitet bilan kirsak, o’zimizni uning manipulyatsiyasidan himoyalagan bo’lamiz. Demak,virtual olam undan foydalanish madaniyati shakllangandagina foydali tomonlarini namoyon qiladi. Internet hayotimizga kirib kelib, kundalik turmushimizni kodlashni boshlaganidanoq, u nafaqat hayotimizga, balki xulqimizga ham ta’sir qiladi. Internetdan foydalanish madaniyati bundan bir necha yillar avval fantastik romanlarda paydo bo’lib, ilmiy doiralarda o’tgan asrning 90- yillaridan foydalana boshlangan bo’lsa-da, bugungi globallashuv davriga kelib, kibermadaniyat degan me’yorga bo’lgan talab o’n chandon oshdi. Bugun internetdan foydalanuvchilarning asosini tashkil qilgan yoshlar internetda nimalar bilan mashg’ul? Axborotni taqdim etish va undan foydalanish jarayonida o’zaro muloqot madaniyatiga qay darajada amal qilmoqdalar? Ijtimoiy tarmoqlarda ham bunday holatlar ko’p uchraydi. Kundalik turmushdagi har bir holatini: ertalab turdim, kayfiyatim yo’q, zerikdim kabi jumlalarni yozish orqali hissiyotlarini tarmoqdagi do’stlariga bayon qilish bir qarashda arzimas holatdek tuyuladi. Ayrim yoshlar ongida odatiy holga aylangan bu kabi holatlar to’g’ri mushohada qiluvchi kishilarni ajablantirishi, shubhasiz. O’zini ming kuyga solib, har bir vaziyatini suratga olib o’z rasmlarini internetdagi sahifalariga joylashtirayotgan o’g’il-qizlar-chi? O’zbek selfimanlarining bu kabi odatlarini qanchalik oqlash mumkin? O’zining go’zalligini barchaga namoyish qilish ortida o’zini ustun qo’yish, atrofdagilar bilan hisoblashmaslik kabi yod madaniyatning kurtaklari ko’zga tashlanmayaptimi? Globallashuv davriga kelib, yashin tezligida tarqalayotgan axborot g’araz maqsadli kimsalarning quroliga aylandi. Insoniyat taraqqiyoti uchun yaratilgan texnika bu borada ham xizmat qilayotgani hech kimga sir emas. Ayniqsa, internetning ochiqligi, chegarasizligi va undagi malumotlarni nazorat qilib bo’lmasligi istalgan axborotni tarqatish orqali jamiyat a’zolariga o’z ta’sirini o’tkazishda ularga qo’l keladi. Bunday ta’sirlarga tushayotganlarning aksariyati ham, manfur kimsalarning nishoni ham yoshlar ekanligi achinarli hol. Terrorchilik guruhlari internetdagi saytlari orqali yoshlarni mamlakat hududidan olib chiqib ketib, ulardan o’zlarining g’arazli maqsadlari yo’lida foydalanayotganligiga internet madaniyatining sustligi sabab bo’lmoqda, deya hech ikkilanmay aytolamiz. Terrorizmni targ’ib qiluvchi o’zbek tilidagi saytlar soni etti mingtani tashkil qilishining o’zi ham yoshlarni internetdan foydalanishda ishonchli manbalarga murojaat qilishga, olayotgan axborotni nechog’lik to’g’ri ekanini tekshirishga undaydi. Internetdan to’g’ri foydalanish madaniyatini shakllantirish turli madaniy muhitda yashovchi, turli tarbiyaga ega odamlar bilan muloqotda bo’lish natijasida milliy qadriyatlarga putur etishi, maqsadlarni ismni yashirgan holda amalga oshirilishi kabi holatlarga nisbatan qurol bo’la oladi. Bejiz yuqorida internet madaniyatiga bo’lgan talab o’n barobar oshdi, deganimiz yo’q. Sababi internet madaniyati, haqiqiy axborotni yolg’ondan ajrata olmaslik, agressivlik, zo’ravonlik, terrorchilikka undovchi saytlardan tiyilmaslik, talimdan ko’ra ko’proq muloqot o’rnida foydalanish, selfimaniya kabi ko’plab salbiy holatlar yuzaga kelayotgan vaziyatda ularga chek qo’yishning birdan-bir yo’li hisoblanadi. Shu bois, bugun internetdan foydalanish madaniyatini keng targ’ib qilish, uni yoshlar ongiga singdirish, alohida darslik sifatida ishlab chiqishga bo’lgan zaruriyat ortmoqda. Internetdan foydalanish borasida qonun-qoidalarni o’rnatishning imkoni bo’lmasa-da, uni axloq me’yorlari asosida taribga solsa bo’ladi. Buning uchun bolalarni maktab yoshidan boshlab axborot olishga o’rgatish lozim. Natijada ularda axborotni farqlash, zarur ma’lumotni ishonchli manbalardan olish ko’nikmasi shakllanadi. Internet madaniyatini oshirish maqsadida internetni muloqotdan ko’ra ta’limga yo’naltirish ham muhim sanaladi. Yoshlarni bunga ommaviy jalb qilish uchun ta’lim muassasalari: universitet, kollejlarning o’quv jarayoni va faoliyatini yorituvchi veb-portallar faoliyatini yo’lga qo’yish maqsadga muvofiqdir. Internet madaniyatini yoshlar orasida shakillantirish jamiyat ildiziga bolta urayotgan qator illatlarni yo’q qilishga, fan-texnika berayotgan imkoniyatlarning faqat ijobiy tomonidan foydalanishga asos bo’lib xizmat qiladi. Download 55.99 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling