4-Mavzu: XVI-XVII asrlarda Xiva xonligi (4 soat) Reja
Download 126.52 Kb.
|
2 kurs 4 maruza
- Bu sahifa navigatsiya:
- Yer egaligi. Dehqonchilik va chorvachilik.
Eshikoqosi – saroy darvozalarini qo‘riqlash ishlarini boshqargan. Oybolta uning mansab alomati bo‘lgan. Hukmdor saroyda bo‘lgan vaqtda eshikoqosi uni qo‘riqlash bilan shug‘ullangan. Eshikoqosi arzgo‘ylarning nima xususda kelganlarini surishtirib, ularni saroydagi tegishli amaldorlar tomoniga jo‘natar edi. Faqat juda muhim xabarlar bilan kelgan kishilargina xon huzuriga kiritilgan.
Saroyda darvoza ortida turadigan qorovullar va maxsus darvoza qo‘riqchilaridan tashqari xonni qo‘riqlaydigan tunqator yoki tunotarlar, ya’ni, kechasi bilan xonni qo‘riqlab chiqadigan xizmatchilar ham bo‘lgan. Mahram – ishonchli xizmatkor, sidqidildan xizmat qiluvchi saroy ichkarisidagi xodim ma’nolarini anglatadi. Mahramlar xonga yaqin kishilar hisoblangan. Davlat boshqaruvida ular bevosita xonning maslahatchilari bo‘lishgan. Mahramlar xonning oromxonasiga kirish huquqiga ega bo‘lganlar. Xiva xoni saroyida yana quyidagi unvon, mansab va vazifalar mavjud bo‘lgan: oftobachi, buxchabardor, soatbardor, kitobdor, mo‘zabardor (xon poyabzalini beruvchi), sharbatdor, mahram boshi (yuqori lavozim hisoblangan), to‘shakchi, karnaychi, surnaychi, jarchi, oshmehtar (xon va saroy oshxonasi boshlig‘i), sorbon (tuyachilar), kamon xalfa (ovchi, qushchi), merganlar, sayis (ot boquvchi), ko‘mirchi, kuchanchi (egar-jabduqchi), tamakisoz, loykash, kulol, xodimchi, ro‘molchi, selobchi (jom ushlab turuvchi), poyaki (chilimchi), aravachi, noschi, qilichkor (qilich va shamshir yasovchi), oshpaz, tovoqchi, darakchi (otchopar), jirchi (ashulachi), yo‘nuvchi (duradgor), devon (mirza), mushrif (ozuqa yig‘uvchi), bojbon (zakotchi) va boshq. Ularning barchasi saroy xazinasidan maosh olganliklari haqida ma’lumotlar bor. Saroydagi umumiy tartibni arbob nazorat qilgan. Yer egaligi. Dehqonchilik va chorvachilik. Butun O‘rta Osiyo hududida bo‘lgani kabi Xiva xonligida ham yer egaligining quyidagi shakllari hukmronlik qilgan: davlatga qarashli yerlar yoki podsholik yerlari; xususiy shaxslarga qarashli yerlar; diniy muassasalarga qarashli yerlar, yoki vaqf yerlari. Podsholik yerlari bevosita davlatga, xonga tegishli bo‘lib, avloddan avlodga meros bo‘lib o‘tgan. Davlat yerlariga doimiy sug‘oriladigan ekinbop yerlardan tashqari tashlandiq yerlar, qumlik, adirlar va yaylovlar, ko‘l va to‘qayzorlar ham kirgan. Davlat yerlari bosib olingan hududlar, xonga qarshi mulkdorlarning musodara qilingan yerlari, yangi yerlarning o‘zlashtirilishi hisobiga ham kengayib borgan. Davlat yerlari xon tomonidan mulkdorlarga va ijarachi dehqonlarga, bevatan (yersizlar)larga foydalanish uchun bo‘lib berilgan. Bunday yerlardan davlatga olingan hosilning 40-50 foizigacha mahsulot yoki pul ko‘rinishida soliq undirilgan. Davlat yerlari xonlik xazinasining asosiy manbai hisoblangan. Xon o‘ziga xolis xizmat qilgan amaldorlarga, yaqin qarindoshlariga, sodiq xizmat qilgan navkarlarga va dindorlarga davlat yerlaridan in’om qilib bergan. Bunday yerlar soliqlardan ozod etilgan. Xususiy (mulk) yerlar xonning shaxsan o‘ziga, uning yaqin qarindoshlariga, yirik boylarga, saroy amaldorlariga, harbiylarga va boshqa zodagonlarga tegishli yerlar bo‘lgan. Xonlikning suvga yaqin bo‘lgan o‘troq markaziy tumanlaridagi unumdor va serhosil yerlarning asosiy qismi mulkdorlar qo‘lida edi. XIX asr birinchi yarmiga oid ma’lumotlarga ko‘ra, mulk egalariga tegishli yerlar xonlikdagi barcha sug‘oriladigan yerlarning yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etgan. Manbalarning ma’lumot berishicha, ayrim mulkdorlar ixtiyorida ikki-uch ming tanobdan o‘nlab ming tanobgacha yer bo‘lgan. Misol uchun, Pitnak, Xazorasi va Sho‘roxon shaharlari hamda ularga tutash bo‘lgan qishloqlar amir ul-umaroga tegishli bo‘lgan. Muhammadaminxon o‘g‘li Abdulla to‘raga 20 ming tanobdan ortiq yerni in’om qilgan va hokazo. Vaqf yerlariga diniy muassasalarga, masjid, madrasa, qabriston, xonaqolarga qarashli yer-mulklar kirgan. Bu mulklar diniy muassasalarga xon, amaldorlar va ayrim shaxslar tomonidan vaqf qilib berilgan. Bunday yerlardan kelgan daromad diniy muassasalar ehtiyoji uchun sarf etilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, (A. Boltayev) XIX asr o‘rtalarida xonlikdagi vaqf mulkining umumiy hajmi 170-175 ming tanobni tashkil etgan. Xiva xonligidagi kam yerli va umuman yersiz, ot-ulovsiz dehqonlar ko‘pchilikni tashkil etgan bo‘lib, ular davlat, mulk hamda vaqf yerlarida ijaraga ishlaganlar. Ijaradorlar ijaraga olgan yer miqdoriga qarab davlatga soliq to‘laganlar. Ular kimning yerida xizmat qilishlariga qarab bevatan, koranda va vaqfkor degan qatlamlarga bo‘lingan. Davlat yerlarini ijaraga olgan yersiz va kamquvvat dehqonlar bevatanlar, mulk yerlaridagi ijarakorlar koranda, vaqf yerlari ijarakorlari esa vaqfkor deb atalgan. Dehqonchilik va chorvachilik Xiva xonligi iqtisodiy hayotining asoslaridan hisoblangan. Dehqonchilikda Amudaryo quyi oqimidan olingan ko‘plab kanallar va ariqlar muhim o‘rin egallagan. Ta’kidlash lozimki, Xiva xonligida suv manbalarining yetarli bo‘lishiga qaramasdan, dehqonchilik taraqqiyoti qo‘shni Buxoro xonligidagidek yuksak darajada rivoj topmagan edi. Xonlikda donli ekinlardan bug‘doy yetishtirish nisbatan keng rivojlangan bo‘lib, bug‘doy Pitnakdan Shohabbozgacha bo‘lgan hududlarda ayniqsa ko‘p eqilgan. Sug‘oriladigan yerlarga bug‘doyning saranchi navi ko‘p yetishtirilgan. Bug‘doy yig‘ib olingan dalalarga qovun, tarvuz, mosh, jo‘xori kabi ekinlar ekilgan. Paxta yetishtirish asosan Gurlan, Yangi Urganch, Xiva, Xonqa, Shohabbozda rivojlangan. Paxta chigitidan yog‘ olinib, tolasi mahalliy hunarmandlar ehtiyoji va tashqi bozorga chiqarilgan. Suv ko‘p talab qilmaydigan (Hazorasp, Qo‘ng‘irot, Toshhovuz, Ilonli, G‘azovat, Mang‘it va Gurlan) kunjut, no‘xat, mosh, arpa va boshqa ekinlar ekilgan. Sabzovot – poliz ekinlari ko‘plab yetishtirilgan. Xorazm qovunlari qo‘shni hududlarda ham mashhur bo‘lgan. Bog‘dorchilik ham ancha taraqqiy etgan. Ammo, ipakchilik kam miqdorda rivojlangan. Xonlikning o‘troq dehqonchilik tumanlarida chorvachilik yaxshi rivoj topmagan. Vohalarida yirik hayvonlar dehqonchilikda (yer haydash, hosilni yanchish, suv chiqarish va boshq.) foydalanish, go‘sht va sut mahsuloti uchungina boqilgan. Xonlik aholising go‘shtga bo‘lgan talabini ko‘chmanchi turkman va qozoq qabilalari qondirganlar. Ko‘chmanchilar qo‘y, yilqi, tuya yetishtirib aholining go‘sht, sut, teri, jun bilan to‘la ta’minlab turgan. Download 126.52 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling