Qimmatli qog‘ozlar bozori – turli ko‘rinishdagi qimmatli qog‘ozlar (aksiya, obligatsiya, veksel, chek, depozit kabilar) ning oldi-sotdi munosabati. Mazkur bozor amalda fond birjalari, auksionlar va banklardan iborat bo‘lib, unda broker va dilerlar vositachilik qiladi. Qimmatli qog‘ozlarning harakati xususiyati bo‘yicha moliya bozori birlamchi va ikkilamchi (hosila) bozorlarga bo‘linadi. Birlamchi bozorda yangi nusxadagi qog‘ozlar sotiladi va sotib olinadi, ikkilamchi bozorda oldin chiqarilgan qimmatli qog‘ozlar harakat qiladi. Birlamchi bozorda qimmatli qog‘ozlar sotilsa, ikkilamchi bozorda qayta sotiladi.Iqtisodiyot uchun qimmatli qog‘ozlarning ikkilamchi bozori favqulodda muhim ahamiyatga ega. U xo‘jalik sub’ektlari o‘rtasida moliyaviy vositalarning erkin harakat qilishini ta’minlaydi.
Bozorning samarali amal qilishi ko‘p jihatdan uning infratuzilmasining rivojlanganlik darajasiga bog‘liqdir.
Bozor infratuzilmasi– bu bozor aloqalarini o‘rnatish va ularning bir maromda amal qilishiga xizmat ko‘rsatuvchi muassasalar tizimidir.
Bozor infratuzilmasi tarkibiga kiruvchi muassasalarni quyidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha guruhlash mumkin:
1) tovar va xizmatlar muomalasiga xizmat qiluvchi muassasalar (ombor xo‘jaligi, transport va aloqa xizmatlari ko‘rsatuvchi korxona, birja, auksion, savdo uylari, savdo-sotiq idoralari va agentliklari va h.k.);
2) moliya-kredit munosabatlariga xizmat qiluvchi muassasalar (bank, kredit muassasalari, sug‘urta va moliya kompaniyalari, soliq idoralari va h.k.);
3) ijtimoiy sohaga xizmat ko‘rsatuvchi muassasalar (uy-joy va kommunal xizmat idoralari, aholini ishga joylashtirish firmalari va h.k.);
4) axborot xizmati idoralari (ma’lumotlarni to‘plash, umumlashtirish va sotish bilan shug‘ullanuvchi muassasalar).
Birja – namuna (yoki standart)lar asosida ommaviy tovarlarning muntazam savdo-sotiq ishlarini o‘tkazuvchi tijorat muassasasi. Uning tovar birjasi, fond birjasi, valyuta birjasi singari turlari keng tarqalgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |