5-mavzu. Markaziy osiyo xalqlari dinlari


Download 33.95 Kb.
bet5/9
Sana01.08.2023
Hajmi33.95 Kb.
#1664181
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
5-mavzu

Qoratepa. Qoratepa nomi bilan mashhur bo‘lgan tepalik buddizmning eng katta ruhoniylar markazi hisoblangan va u kushan davridagi Termizning tashqi devori himoyasi ostida shahar tashqarisida joylashgan.
Doimiy tadqiqot ekspeditsiyasi 1961 yilda moskvalik arxeolog B.Ya.Staviskiy rahbarligi ostida boshlangan. Qoratepa binolarining uch qavati qumliklardan topilgan. Asosiy majmuaning uch qismi g‘arbdan sharqqa qarab deyarli to‘g‘ri tortilgan. Stupa maxsus hovliga o‘rnatilgan. Qora-tepaning g‘orlik binolari kare5 shaklida bo‘lib, juda oqilona tarzda, issiq iqlimni hisobga olgan holda joylashtirilgan. Bunday binolar yozda salqin, qishda esa yopiq eshiklar ortida iliq bo‘lgan. G’ordan chiqish yo‘llari janub tomonga yo‘nalgan bo‘lib, ularni janubi-sharqdan esadigan afg‘on shamolidan saqlagan. G’or devorlari oqlanib, gul-naqshlar solib bezatilgan.
Buddizm tarqalgan davrda qadimiy e’tiqodlar ta’sirining barqarorligi haqida qo‘sh alanga qurshovida o‘tirgan Budda tasviri guvohlik beradi. Uning yonida IV-V asrlarga tegishli bo‘lgan va tirnab yozilgan baktriya yozuvida «buddamazda» so‘zi ifodalangan.
Fayoztepa. Toshkentlik arxeolog L.I.Albaum Qoratepa sharqidan sakson metr narida Fayoztepa ibodatxona-monastiri majmuini ochdi. Qazish ishlari uning tomonidan 1963 yilda boshlangan edi. Fayoztepa bino rejasi to‘g‘ri turtburchakdan iborat alohida turgan stupa shakliga ega. Bino uchta teng qismlarga bo‘lingan bo‘lib, ularning har biri ichki hovliga ega bo‘lgan. Bir qismi, aslida yashash xonasini o‘z ichiga olgan monastir bo‘lgan. Unda buddist rohiblar yashaganlar. Undan tashqari yordamchi xonalar bo‘lgan. Boshqasi – ovqatlanadigan xona, oshxona, non yopadigan xona. Uchinchisi, ibodatxonaga o‘xshagan markaziy xona. Devorlari xom g‘isht va paxsadan qurilgan bo‘lib, somonli loy bilan suvalgan va oqlangan.
Ibodatxona to‘rtburchakli xovliga ega bo‘lib, uning atrofiga shu xovliga chiquvchi 19 ta bino joylashgan. Hovlini barcha to‘rt devori bo‘ylab supa qilingan bo‘lib, ular muqaddas ohak toshlari asosida qurilgan ustunlarga suyanib turgan ayvon bilan yopilgan. Hovli devorlari naqshlar bilan qoplangan. Xususan, markazida ibodatxona tasvirlangan janubiy-g‘arbiy devorda nimba kiyimidagi Budda chizilgan bo‘lib, uning atrofini kichik Budda haykalchalari o‘rab turibdi. Mehrob devorlari ham yozuvlar bilan qoplangan. Devorlardan birida ikkita tik turgan Budda suratlari tasvirlangan bo‘lib, ularning har ikki tarafiga ikkita ayol ko‘rinishlari tasvirlangan. Qarama-qarshi devorda sovg‘a ulashuvchi erkaklar tasvirlangan, bundan tashqari boshqa mazmundagi suratlar ham mavjud. Chizmalarning o‘ta qimmatbaholigidan tashqari, Buddalarning bu jonli tasvirlari dunyodagi eng qadimgilari hisoblanadi. Ular melodiy I-II asrlarga tegishli.
Ibodatxonada, shuningdek, qariyb hamma tomoni bo‘yalgan va oltin suvi yuritilgan loy, alebastr, toshdan yasalgan haykal mavjud bo‘lgan. Muqaddas bodxi daraxti ostida o‘tirgan Budda va uning ikki yonida turgan ikkita monax haykalidan iborat uchlik haykallar alohida qiziqishni uyg‘otadi. Bularning hammasi korinf ustunlari ko‘tarib turgan arklarga qo‘shilib ketgan. Hammasi yaxlit ohak toshdan yasalgan sahna ustidan oltin suvi yuritilgan. Xo‘jalik xonalaridan birida kulol o‘tirib, o‘z ziyoratchilariga ibodatxonaga sovg‘a qilish uchun idishlar yasar edi. Bu yerda idishlarga hadya matnini siyoxda yozuvchi odamlar ham mavjud edi. Idishlar kulollik o‘chog‘larida pishirilar edi (o‘chok ibodatxonadan 100 metr narida topilgan). Idishlarga asosan buddizmga xos ramzli qoliplar yordamida naqshlar solingan. Bu ramzlar: Buddaning tovoni, «archa» – Bodxi daraxti, «Qonun g‘ildiragi»ning turli xil ko‘rinishlari va hokazolar. Yozuvlar baktriya, sug‘d, kxoroshtiy, braxma, sanskrit (qadimiy hind yozuvlari) va boshqa notanish xatlarda bitilgan. Chamasi, ibodatxonaga turli yurtlardan ziyoratchilar, savdogarlar kelishgan va ular ibodatxonaga idishlarni hadya sifatida o‘zlari bilan olib kelishgan yoki shu yerning o‘zida buyurtma berganlar. Idishlar sindirilib, parchalari yerga sochilgan.
Qazish ishlari natijasida ikkita stupa topilgan. Birinchisi 3x3 m. o‘lchamli bo‘lib, miloddan avvalgi I asrda qurilgan. So‘ngra milodning I asrining oxirida Vixarani qurishda (Kanishka davrida) uni o‘z ichiga olgan yangi, ikkinchi stupa qurilgan, u ancha baquvvat bo‘lib, balandligi 10 metr, uzunligi 25 metr keladi. III asrda Kushon podshohligiga bostirib kirgan Eron sosoniychi qo‘shinlari buddizm ibodatxonalarini, shu jumladan Fayoztepani ham vayron qiladilar. Bosqinchilar hamma oltin buyumlarni olib chiqib ketadilar, haykallarni esa sindirib tashlaydilar.
Fayoztepani Qoratepa bilan solishtirganda quyidagilarni qayd etish mumkin. Fayoztepa ochiq tekislikda aniq reja asosida qurilgan bo‘lsa, Qora tepa balandlikda joylashgan, Termiz shahridan ancha yuqorida bo‘lib, uzoqdan ko‘rinib turgan alohida majmualardan iborat.
Fayoztepa shahardan tashqaridagi kam sonli buddist ruhoniylar jamoasining yashash, ovqatlanish, o‘zaro muloqot qilish va zarur diniy marosimlarni bajarish uchun qurilgan alohida monastir bo‘lgan. Qoratepada yirik ibodat markazi joylashgan. Katta maydonda buddizmga oid alohida majmualar bor. Ular g‘orlar va yer yuzasidagi binolarni o‘z ichiga oladi. Binolar turli balandlikda qurilgan, ba’zida ikki qavatdan iborat. Binolarning har biri atrofi ayvonli ibodatxonadan iborat bo‘lib, pastroqda markaziy maydonchasi ham bo‘lgan. Tadqiqotchilar fikricha, Qoratepa faqat rohiblar jamoasi uchun emas, balki Termiz va uning atrofida yashayotgan va boshqa shaharlardan kelgan buddist qavmlar uchun ham Budda ibodatxonasi sifatida xizmat qilgan.
Qadimiy Termiz shaharchasida Zurmala minorasi nomi bilan mashhur buddizm stupasining qoldiqlari bor. Bu stupa xom g‘ishtdan qilingan uch qavatli binodan iborat bo‘lib, tepasi qubba bilan yopilgan. Devorlari ohaktoshlar bilan qoplangan bo‘lib, ular keyinchalik buzilib ketgan.

Download 33.95 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling