5-mavzu: Terminlarning yasalishi
Download 158.51 Kb.
|
5- Машғулот
5-MAVZU: Terminlarning yasalishi Ma’lumki, fan-texnika, qishloq xo‘jaligi, sanoat tarmoqlarida qo‘llanilayotgan so‘z va iboralar eng qadimgi davrlarda o‘sha sohalarning boshlang‘ich davrlarida qo‘llanilayotgan so‘z va iboralar kabi ma’lum predmetlarga atab qo‘yilgan va o‘sha predmetlarni bildiradigan bir ma’noli so‘z va terminlardir. Aslida termin va oddiy so‘zning farqli jihatlariga e`tibor qaratmoqchi bo‘lsak, bu hodisalarga o‘sha soha bilan shug‘ullangan olimlarning fikrlariga nazar solish va shu asosda termin va oddiy so‘z oppozitsiyani hal qilish maqsadga muvofiqdir. Odatda, olimlar terminlarning quyidagi belgilarini ko‘rsatadilar: termin bir ma’noli yoki bir ma’noli tendentsiyaga ega; termin aniq, nominativ funktsiyaga ega bo‘lib, unga emotsionallik, ekspressivlik, modallik funktsiyalari xos emas. Termin o‘zining bu xususiyatini kontekstda ham, kontekstdan tashqarida ham saqlaydi; terminning ma’nosi tushunchaga tengdir; termin stilistik jihatdan neytraldir; terminologik leksika alohida sistemadir va hokazo. Tilshunoslikda terminlarning o‘zgarishi hamda yangi terminlarning paydo bo‘lishi fan va texnika taraqqiyoti bilan uzviy bog‘liqdir. Bu haqda tilshunos olim L.I.Bojno quyidagilarni ta’kidlaydi: «Texnika taraqqiyoti ta’sirida terminologiya o‘zaro aloqador ikki qonuniyat asosida, birinchidan, ilmiy-texnika progressi qonuniyatlari bilan, ikkinchidan, til rivojlanishining umumiy qonuniyatlari bilan bog‘liq ravishda o‘zgarib boradi». Texnik malakaning endilikda ma’lum tor doiradan chiqib, ommaviy xarakterga ega bo‘layotganligi va turli sohalarning mutaxassislari kundalik faoliyatida fan va texnika yutuqlaridan keng foydalanayotganligi terminlarga bo‘lgan yuksak talab bilan uning hozirgi holati orasidagi nomuvofiqlikni bartaraf etishni talab etadi. Shu jihatdan, terminlarni tartibga solish juda katta ilmiy va ijtimoiy ahamiyatga egadir. D.S.Lotte qanday kategoriyadagi so‘zlar terminlashishi mumkinligi haqida gapirib: “...texnikada quyidagi tushunchalarni anglatuvchi asosiy kategoriyalar terminlashadi: jarayonlar (hodisalar); texnika predmetlari (materiallar, qurollar, asboblar, detallar va h.k.); xossalar; hisobiy tushunchalar (parametrlar, geometrik obrazlar va h.k.); o‘lchov birliklari”, A.V.Kalinin esa termin bilan kasb-hunar so‘zlarining bir-biridan farqli ekanligini quyidagicha asoslashga intiladi: “...termin – bu muayyan fan, sanoat sohasi, qishloq xo‘jaligi, texnikadagi tamomila rasmiy bo‘lgan, qabul qilingan va qonunlashtirilgan biror tushunchaning ifodasidir, nomidir, kasb-hunar so‘zlari esa – biror kasb, mutaxassislik o‘rtasida ko‘pincha jonli tilda tarqalgan, aslini olganda, tushunchaning qat`iy, ilmiy tavsifiga ega bo‘lmagan yarim rasmiy so‘zdir” Fan-texnikaning tez sur`atlar bilan rivojlanib borishi natijasida yangidan-yangi mashinalar, apparatlar, asbob-anjomlar va texnologik jarayonlarning paydo bo‘lishi bilan ularni ifodalovchi yangi terminlar ham vujudga kelmoqda. Shu sababli, yangi texnika vositalari qaysi sohaga ko‘proq kirib kelgan bo‘lsa, shu soha terminologiyasi to‘xtovsiz ravishda kengayib bormoqda. Natijada, ushbu soha terminologiyasiga juda ko‘plab yangi tushunchalar va ular bilan birga yangi ilmiy-texnikaviy terminlar ham kirib kelmoqda. Albatta, bunday o‘zgarishlar o‘zbek tilining ish ko‘rish doirasini kengaytirib, uning leksik tarkibini yangi-yangi ilmiy va texnik terminlar bilan boyitdi. Ko‘pchilik hollarda yangi terminlar yaratish ishiga oddiy tarjima yoki kalkalash jarayoni sifatida qaraymiz. Terminologiyadagi mavjud kamchilik hamda tartibsizliklarning asosiy sabablaridan biri ham shundadir. Zotan, yangi termin yaratish har taraflama mukammal bo‘lgan ijodiy jarayondir. Har qanday ilmiy-texnikaviy termin oddiy so‘zning yoki so‘z birikmasining terminologiyadagi aksi bo‘lib, u aniq chegaralangan hamda belgilangan mazmunga, bu mazmun esa, kontekstdan qat`iy nazar, faqat shu terminga oid bo‘lishi lozim. To‘g‘ri, hech qanday til faqat o‘z termin elementlari hisobiga terminologiyasini qura olmaydi. Til qurilishi jarayoni shuni ko‘rsatadiki, dunyoda sof tilning o‘zi umuman mavjud emas. Har doim boshqa tillardan termin o‘zlashtirish jarayoni sodir bo‘lib turadi, bu jarayondan chekinish mumkin emas. Ammo ehtiyoj sezilmagan holatlarda ham xorijiy terminlarni sun`iy ravishda tilga olib kirish har doim o‘zini oqlayvermaydi. Bunday holatlarda ko‘proq o‘z til imkoniyatlaridan foydalanish va bunda termin ifodalashi lozim bo‘lgan tushuncha mohiyati bilan termin o‘rtasidagi mutanosiblikni saqlashga e`tiborni qaratish lozim. Ma’lumki, muayyan terminologik tizim yoki umumiste’moldagi ma’nosi ko‘chirilgan leksemalar boshqa sohaning “mulki”ga aylanar ekan, yakka holatda ham, ma’lum so‘zlar qurshovida (ya’ni birikma tarkibida) ham shu sohaga doir tushunchalarni ifodalay oladi. Masalan, shunday bir tushunchani olib ko‘raylik: “qimmatbaho qog‘ozlar, valyuta, tovar narxining pasayishidan foydalanuvchi birja chayqovchilari”. Bu tushuncha iqtisodchilar tilida “ayiqlar” deb ataladi. Download 158.51 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling