50Sana 9-sinf Adabiyot 1-dars Dars mavzusi: Ruhiy kamolot vositasi
Download 0.85 Mb.
|
9-синф адабиет конспект янги
I. Tashkiliy qism: a) o’quvchilar bilan salomlashish:
b) davomatni aniqlash: v) she’riy daqiqa. II. O’tgan mavzuni so’rash. a) yakka tartibda (tarqatmali savollar asosida) b) ommaviy tarzda (uy vazifasi nazorati) III. Yangi mavzu bayoni. LIRIKA HAQIDA Lirika – badiiy adabiyotning uch asosiy turlaridan biri. Bu atama yunoncha “lira” so‘zidan olingan. Lira musiqa asbobi bo‘lib, qadimda she’rlar uning jo‘rligida aytilgan. Epik va dramatik turdan farqli o‘laroq lirika voqelikni emas, balki inson ichki olamining suratlari bo‘lgan ruhiy kechinma, his-tuyg‘ularni tasvirlaydi. Ayni paytda bu turdagi asarlarning yaratilishida hayot hodisalarining ham o‘rni borligini ta’kidlash zarur. Negaki, odam ning tuyg‘ulari o‘z-o‘zidan qo‘zg‘olib, harakatga kelavermaydi. Unga ijtimoiy, siyosiy, maishiy yoki tabiiy hodisalar sabab bo‘ladi. Odam bekorga xursand bo‘lmagani kabi behudaga iztirob chekavermaydi. Hodisalar ruhiyatda kechinmalarga sabab bo‘ladi, sabablar tuyg‘ularni ifodalashga turtki beradi va buning natijasida shoirlarning ong-u shuurida she’r tug‘iladi. Lirik asarlar, ya’ni she’riyatning qator o‘ziga xos xususiyatlari bor. Avvalo, lirik asarlar asosan she’riy shaklda yoziladi. She’riy shakl deyilganda, vaznga solinishi, qo〰yalanishi, ma’lum satrlar yig‘indisi bo‘lmish bandlardan iborat bo‘lishi nazarda tutiladi. O‘zbek she’riyatida barmoq, aruz, erkin (sarbast) vaznlari keng qo‘llab kelinmoqda. Ikkinchisi, eng asosiysi, unda insonning ruhiy holat va kechinmalari qalamga olinadi. Uchinchisi, ko‘p hollarda poetik maqsad talabi bilan inversiya (gap bo‘laklarining o‘zgargan tartibi)ga murojaat qilinadi. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, shoirlarning ijodiy izlanishlari natijasi o‘laroq XX asr boshlaridan adabiyotimizda nasrdagi she’rlar (nasr dagi nazmlar, mansuralar) paydo bo‘ldi. Bunday she’rlar Fitrat, Oybek, Mirtemir, Omon Muxtor, Omon Matjon, Ibrohim G‘afurov kabi shoirlar ijodida uchraydi. Lirik tur o‘z ichida janrlarga bo‘linadi. Janr ma’lum bir she’riy shaklni ifodalaydi. Masalan, mumtoz adabiyotda lirik turning g‘azal, ruboiy, tuyuq, masnaviy, murabba’, muxammas, tarje’band kabi bir necha shakllari, ya’ni janrlari bo‘lsa, boshqa xalqlar she’riyatida sonet, oda, elegiya, oktava, xokku kabi janrlarni uchratamiz. She’riy asarni baholashda unda nima va qanday aytilayotgani g‘oyat muhim sanaladi. Buni quyidagi bayt tahlili bilan tushuntiramiz: Keltursa yuz baloni o‘shal bevafo manga, Kelsun, yuzumni evursam, balo manga. (Bobur) Baytda lirik asarga xos barcha xususiyatlar jamlangan. She’riy shaklda, ya’ni vaznga solingan (aruz o‘lchovida), qo〰yalangan (bevafo – balo). Shuningdek, “keltursa” fe’li sintaktik vazifasiga ko‘ra kesim bo‘lib kelayotgan bo‘lsa ham, gapning oxirida emas, boshida kelmoqda. Ega va boshqa bo‘laklar undan keyin joylashgan, demak, inversiya bor. Voqelik – lirik qahramonning ishqqa giriftor bo‘lishi va ma’shuqaning bevafoligi. Lekin she’rda mazkur holatni bayon qil ish asosiy maqsad emas, balki ishq tufayli oshiq boshiga tushgan ichki iztiroblarni tasvirlash muhim. Ma’shuqaning bevafoligi tufayli oshiq ichki qiynoqlar girdobida qoladi (yuz balo boshiga kelayotgan oshiq holatini tasavvur qiling). Ko‘rayotgan shuncha jafosiga qaramay oshiqning kechinmalari – ko‘ngilda bergan qarori o‘zgacha. Jafo qiluvchiga (yorga) gina-kudurat qilmaydi, yozg‘irmaydi, undan voz kechmaydi, aksincha, u keltirayotgan balolarga quchoq ochadi. Sababi oddiy: suyuklidan kelayotgan azoblar ham sevimli. Bu, yuqorida ta’kidlanganidek, nimani aytilayotgani. Endi, shu kechinma va tuyg‘ular qanday aytayotganiga e’tibor qaratamiz. Birinchi va ikkinchi misralardagi “yuz” so‘zlari omonim (yuz soni va inson tanasining qismi) bo‘lib, ularning qo‘llanilishi tajnis san’atini yuzaga keltirmoqda. Ikkinchi misradagi “yuz” so‘zini ikki ma’noda tushunish mumkin: birinchisi, yordan kelayotgan balolardan yuzimni o‘girsam, menga balolar bo‘lsin ma’nosida. Ikkinchisi, birinchi misradagi “yuz balo” iborasidagi “yuz”ni ayirsam, menga qolgani balo bo‘ladi ma’nosida. Keyingi “yuz” bir o‘rinda qo‘sh ma’noni berayotgani iyhom san’atini hosil qilmoqda. Ayni paytda baytni yaxlit holda a) to‘rtta gapdan; b) uchta gapdan iborat murakkab qo‘shma gaplar tarzida tahlil qilsa bo‘ladi. To‘rtta gap tarzidagi tahlili: 1) o‘sha bevafo menga yuz baloni keltirsa; 2) kelsin, ya’ni o‘sha balolar kelaversin (to‘liqsiz gap); 3) agar balolardan yuzimni o‘girsam (nomustaqil kesimli gap); 4) balo manga bo‘lsin. Uchta gap tarzidagi tahlili: 1) o‘sha bevafo menga yuz baloni keltirsa; 2) agar ulardan yuzimni o‘girsam; 3) menga balo kelsin. Ikkinchi misra boshidagi “kelsun” misra oxiridagi ega va to‘ldiruvchidan iborat “balo manga” uchun kesim vazifasini o‘tamoqda. Ko‘rinadiki, lirikada nimaning qanday aytilayotganini tahlil qilish uning san’at asari sifatidagi qimmatini, o‘ziga xos badiiyatini, shuningdek, shoir mahoratini ochishning omili bo‘lib xizmat qiladi. Download 0.85 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling