6 – mavzu: missionerlik va prozelitizm: tarix va bugun, targ’ibot usullari
ZAMONAVIY MISSIONERLIK TASHKILOTLARI
Download 80 Kb. Pdf ko'rish
|
MISSIONERLIK VA PROZELITIZM TARIX VA BUGUN,
6.2. ZAMONAVIY MISSIONERLIK TASHKILOTLARI.
Dastlabki xalqaro xristian missiyalari, 1910 yilda Shotlandiyaning Edinburg shahrida paydo bo‘lgan edi. Bugungi kunda yuzlab shunday maqomga ega missiyalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularni yanada rivojlantirish, etarli moddiy, ma’naviy va inson resurslari bilan ta’minlash juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Odatda, xalqaro missiyani tashkillashtirishda ma’lum bir konfessiyaning barcha shaxobchalari qatnashadi. Masalan, tashkilotning nashriyoti uni tegishli adabiyotlar bilan ta’minlasa, tadqiqot markazi muayyan mamlakat aholisi, uning hayot tarzi, urf–odatlari, zaif tomonlari haqidagi ma’lumotlarni yig‘ish va diniy adabiyotlarni mahalliy tillarga tarjima qilish bilan shug‘ullanadi. Missiyani moddiy–moliyaviy ta’minlashda ishlab chiqarish tuzulmalarining, missioner kadrlar tayyorlash va ko‘ngilli homiylarni topishda missionerlik bazalarining ahamiyati beqiyosdir. Mana shunday kuch va tayyorgarlik bilan xalqaro missiya istalgan mamlakatda tegishli targ‘ibot–tashviqot ishlarini samarali tashkil etishiga shubha qilmasa ham bo‘ladi. Zamonaviy xalqaro missiyalar bugungi kunda o‘z faoliyatini: – Yangi xalqaro missiyaning maqsad va vazifalarini e’lon qilib, keng ko‘lamdagi tushuntirish ishlarini olib borish; – xalqaro missiya tarkibida ma’lum mamlakatga yuboriladigan ko‘ngilli nomzodlarni aniqlash; – ko‘ngilli nomzodlar orasidan bo‘lajak xalqaro missionerlarni tanlab olish; – tanlab olingan bo‘lajak missionerlarni maxsus maktablarda o‘zlari yuboriladigan mamlakat aholisi, ularning tili, urf–odatlari, faoliyat olib borishning samarali vositalari va usullari bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazish; – tayyor bo‘lgan missionerni tegishli moliyaviy manbalar va maxsus rejalar bilan ta’minlagan holda belgilangan mamlakatga jo‘natishdek besh bosqichda amalga oshirayotganini alohida qayd etish zarur. Qayd etilgan xususiyatlar ham zamonaviy xalqaro missiyalar o‘z faoliyatini tizimli va tadrijiy tashkil etayotgani haqida xulosa chiqarish imkonini beradi. Bugungi kunda Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlarida missionerlikning muhim tarkibiy qismi sifatida ko‘plab xalqaro xristian missiyalari faoliyat olib bormoqda. Missionerlik rivojiga “Ibodat Harakati–2000”, “Jahon Ibodat Markazi” va “Xalqaro Havoriylar Koalitsiyasi” kabi o‘nlab tashkilotlar o‘ziga xos hissa qo‘shib kelmoqda. Ularning ichida Patrik Djonstoun tomonidan asos solingan “Dunyo operatsiyasi” missiyasi global miqyosda faoliyat yuritayotgan eng yirik missiya hisoblanadi. Bugungi kunda muayyan moliyaviy imkoniyatlarga ega va o‘zi mansub bo‘lgan konfessiya ta’limotini dunyo bo‘ylab yoyishga hissa qo‘shishni muqaddas burch, deb biladigan alohida dindorlar tomonidan tashkil etiladigan “xususiy missiya”lar paydo bo‘lganini ham qayd etish lozim. Odatda bunday faol dindorlar ma’lum mamlakatga kelib u erda o‘z nomlaridagi missiya va parallel ravishda xayriya jamg‘armasi tuzib, missionerlik bilan shug‘ullanadilar. Hozirda MDH hududida Kanada fuqarosi Kennet Kouplend tomonidan tashkil etilgan “Kennet Kouplend”, AQSHlik ayol Joys Mayer tuzgan “Joys Mayer” missiyalari faoliyat yuritayotgani fikrimizning isboti bo‘la oladi. Xalqaro missionerlik tashkilotlari xristianlikdan boshqa dinlar doirasida ham mavjud. Jumladan, buddaviylik doirasida yuzaga kelgan Soka Gakkay, Foguanshang va Von kabi tashkilotlarni shu qatorga qo‘shish mumkin. Ular o‘z missionerlik faoliyatida asosan adabiyotlar tarqatish va xayriya tadbirlarnini o‘tkazish amaliyotidan foydalanadilar. Muayyan hududlarni e’tiqodiy ta’sir va tazyiq o‘tkazish ob’ekti sifatida tanlab olish va ular bilan maqsadli ishlash missionerlik strategiyasining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Bugungi kunda Markaziy Osiyo ham xristian missiyalarining diqqat–e’tibori qaratilgan hududlardan biriga aylanganini alohida qayd etish lozim. Ushbu hududni o‘zlashtirish uchun bir qator rejalar ishlab chiqilgan. 2000 yilga borib dunyodagi cherkovlar sonini 7 millionga etkazish ko‘zda tutilgan “Tong – 2000” dasturi doirasida mintaqamizda cherkovlar sonini bir necha barobarga oshirish nazarda tutilgani ham fikrimizning isboti bo‘la oladi. Missionerlar o‘zlari faoliyat olib boradigan mamlakatga xos xususiyatlarni hamisha e’tiborga olishgan. Masalan, ijtimoiy mazmunga ega ko‘plab tadbirlarga “o‘z ulushlarini qo‘shishga” va o‘zlarining beg‘arazligini iddao qilgan holda muhtoj oilalarga moddiy yordam berishga harakat qilishlari ham shunday xulosa chiqarish imkonini beradi. Ayni paytda, missionerlar hududiy o‘ziga xosliklarini inobatga olgan holda faoliyat olib borishga harakat qilishini ham ta’kidlash zarur. Chunonchi, konkret vaziyat va sharoitni inobatga olib, missionerlar o‘z hamkorlari bo‘lgan xorijiy xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda “ichimlik suvining sifatini yaxshilash”, “ekologik vaziyatni barqarorlashtirish”, “bolalar va onalar salomatligini mustahkamlash”, “qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtirishni oqilona tashkil etish” degan turli shiorlar va tamoyillar ostida ish olib borishga harakat qilishlarini alohida qayd etish lozim. Missionerlar makon va zamonga moslashgan holda o‘z uslub va vositalarini doimiy takomillashtirib kelganlar. Xususan, so‘nggi vaqtlarda ular ma’lum bir ijtimoiy qatlamni ajratib olib, maqsadli ish olib borishga intilmoqdalar. Jumladan, missionerlar asosiy e’tiborni aralash millat vakillaridan iborat oilalarning a’zolari, ilgari hech bir dinga e’tiqod qilmagan, og‘ir xastalikka, judolikka, moddiy qiyinchilikka duch kelgan, axloq tuzatish muassasalaridan chiqib kelgan, ya’ni moddiy va ma’naviy ko‘makka muhtoj kishilarga qaratmoqdalar. Missionerlar sanoat korxonalari joylashgan hududlarda ishchilar va vaqtincha ishsizlar hamda xususiy tadbirkorlar bilan ishlashga ham alohida e’tibor bera boshlaganlarini ta’kidlash zarur. Ziyolilarning turli qatlamlari ichida san’at sohasi xodimlari, kutubxonachilar, o‘rta maktab o‘qituvchilari, turli idoralar xizmatchilari faol missionerlik targ‘iboti ob’ekti sifatida tanlanayotganini ham qayd etish lozim. Bunday yondashuvda o‘ziga xos mantiq bor. Masalan, prozelit san’atkor san’atning hissiy–emotsional ta’sir quvvatidan foydalanib, e’tiqodiy bosim o‘tkazishda yuqori samaradorlikka erishishi mumkin bo‘lsa, e’tiqodini o‘zgartirgan kutubxonachida esa “o‘lja” sifatida tanlanganlar bilan yakka tartibda ishlash imkoniyati mavjud bo‘ladi. Missionerlar tabiatan ishonuvchan, tashqi ta’sirga moyil bo‘lgan va ayni paytda, hayotda sabr–bardoshli va fidoiy bo‘lish bilan bir qatorda hamisha ma’naviy–ruhiy ko‘makka, qo‘llab–quvvatlashga ehtiyoj sezadigan ayollarga ham alohida e’tibor bilan qaramoqdalar. Millatning birligi va jipsligi, mamlakatdagi barqarorlik va taraqqiyot oiladagi yakdillik va ahillika bog‘liq. Bu prozelit ayolni tarbiyalashga intilish ortida jamiyat da beqarorlikni keltirib chiqarish, ijtimoiy va milliy totuvlik asoslariga rahna solishdek maqsad –muddaolar yotganini ko‘rsatadi. Oila – millat va mamlakatning kelajagi bo‘lgan yoshlar tarbiyasi amalga oshiriladigan qutlug‘ maskan. Shu nuqtai nazardan qaraganda, missionerlarning ayollarga bo‘lgan e’tibori ularning e’tiqodini o‘zgartirish orqali farzandlari dunyoqarashini ham tegishli yo‘nalishda shakllantirish, millat, jamiyatning ertangi kunini muayyan yo‘singa solishga bo‘lgan intilish bilan belgilanishini ham ta’kidlash zarur. Yoshlarning faol ijtimoiy kuchga aylanib borayotgani bugungi kunda ularning turli mafkuraviy ta’sir va tazyiqlarning bosh ob’ektiga aylanishiga olib keldi. Bunda ularning jamiyatning hali etarli tajribaga ega bo‘lmagan, tashqi ta’sirlarga tez beriluvchan va ayni paytda, eng harakatchan qatlami ekani inobatga olinmoqda. Missionerlikning taniqli nazariyotchisi P.Djonstoun talaba yoshlarni missionerlik faoliyatining asosiy ob’ekti deb qarab, o‘zining “Dunyo operatsiyasi” kitobida jumladan, shunday yozadi: “Butun dunyoda universitet va kollejlarda 37 million talaba tahsil oladi. Ularning ko‘plari 20 yildan so‘ng yirik mansablarni egallashadi”. Ushbu fikrlar missionerlarning jamiyatning ertangi kunini belgilab beradigan avlod ongini egallash, nazorat qilishni ko‘zlab ish yuritayotganini anglash imkoniyatini beradi. “Zarg‘aldoq” inqiloblar, turli diniy ekstremistik harakatlar, terrorchilik xurujlarining asosiy ishtirokchilari yoshlar ekani esa yuqoridagi kabi e’tiqodiy va g‘oyaviy ta’sir va tazyiqlar qanday oqibatlarga olib kelishini, o‘sib kelayotgan avlodga xos faollik va sotsial energiyadan g‘ayriinsoniy maqsadlar yo‘lida nechog‘lik ustalik bilan foydalanish mumkinligini yaqqol namoyish etadi. Qayd etilgan misollar ham missionerlik ob’ekti sifatida tanlanayotgan qatlamlar doirasi muntazam ravishda kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Download 80 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling