6. Istiqlol davrida Islom diniga yuksak e‘tibor berilib, eski masjidlar qayta ta‘mirlanib, yangilari qurilib ochilmoqda


Download 19.23 Kb.
Sana06.06.2020
Hajmi19.23 Kb.
#115361

6.Istiqlol davrida Islom diniga yuksak e‘tibor berilib, eski masjidlar qayta ta‘mirlanib, yangilari qurilib ochilmoqda.

Sovet davriga nisbatan hajga yo‘llangan ziyoratchilarnig soni anchayin ko‘paygan bo‘lsa ham, biroq mamlakat aholi soni nuqtai nazaridan o‘zbek haj ziyoratchilarining soni hali ham kam.

Sho‘rolar davrida dinga bo‘lgan munosabat va mustaqillik yillari o‘zbekistonlik musulmonlar erishgan yutuqlar haqida ko‘p fikru mulohazalar bildirilmoqda.

Muhojirotda istiqomat qilayotgan "Turkistonliklar halqaro hamkorlik jamiyati"ning asoschisi va islomiy ma‘rifatchi Namoz Normo‘minga ko‘ra, "O‘zbekiston mustaqil davlat bo‘lishi biz uchun juda katta ahamiyatga ega. Chunki bir millatning o‘zining davlatga ega bo‘lishi o‘z qadriyatlarini quriqliydigan vositaga aylanishini anglatadi".

Shu bilan birga Namoz Normo‘min diniy jihatdan ro‘y bergan katta o‘zgarishlarni eslatadi. "O‘zbekistonda uch mingdan ko‘proq masjid ochilgan...namozxonlarning soni tashqarda yurgan odamlarni xisoblamaydigan holda besh millionga yaqin".

Bu o‘zgarishlarda hukumatning roli qanday edi? Namoz Normo‘minga ko‘ra, "O‘zbekistonda hukumat, davlat deganda , afsuski, bu bir kishining irodasi, tushunchasi bilan ifodalanadi. Islom Karimov – atesit va kommunist, shuning uchun u Islom va musulmonlarga kommunistlarcha munosabat bildiradi".

Ayni damda O‘zbekiston ichida musulmonlarga katta taziyqlar o‘tkazilayotir, deydi Namoz Normo‘min. Lekin shu qiyinchilliklarga qaramasdan, Sovet davriga nisbatan hozir O‘zbekistonda ham, Markaziy Osiyoda ham islomiy tarafga juda katta tub o‘zgarishlar bo‘lyapti, dedi ma‘rifatchi. Masjidlarning, diniy maktablarning soni o‘sib boryapti.

"O‘zbekiston musulmonlari dahriy Sovet tuzumida nimaga erishgan edilaru-mustaqillik davrida nimalarga ega bo‘lishdi", - degan savol hozirda ko‘p takrorlanmoqda. "Avvalgi zamonlar yaxshi edi, mustaqillik o‘zi nima berdi?", - so‘ralgan savolga javoban masjidlarda imomlar erishilgan yutuqlarni birma-bir yig‘ilgan namozxonlarga eslatmoqdalar. "Juma namozlari esa o‘tmishdagi partiya majlislarini eslatadi" degan ko‘pgina shikoyatlar yangramoqda. Bugungi kunda din arboblari davlat siyosati bilan mutlaq hamfikr deb o‘ylaydi Namoz Normo‘min. "Bayramlarda Islom Karimov yonida turgan muftiyat rahbarlarini saroy ulamolari deb aytish mumkin. Muftiylarning, imomlarning faoliyati hukumat tomonidan har tomonlama nazorat qilinadi va u yerdagi faoliyatning qanday olib borishini hukumat belgilaydi. Ular mustaqil faoliyat olib borolmaydilar".

Ba‘zi kuzatuvchilarning aytishlaricha, O‘zbekistonda din faqat nasihat berish va duo qilishga borib taqaladi. Namoz Normo‘minga ko‘ra, jamiyatda erkinlik yo‘qligi, hamda din jamoat ishlaridan ajratilgani sabab o‘zbek ulamolarining ijtimoiy hayotda roli sezilmaydi.

Dunyoda Islom dini tanazzulga uchrayotgani xaqida ko‘p yozishadi ayniqsa G‘arb matbuotida. Iroq, Suriya, umuman Yaqin Sharqda qonli hodisalar ro‘y berib, Islom dini nomidan qanchayu qancha begunoh odamlar IShID kabi guruhlar qo‘lidan qatl etilmoqda. Islom dinida jiddiy inqiroz vujudga kelmoqda degan qarashlar ham tarqalmoqda. Islomiy ma‘rifatchi Namoz Normo‘minning aytishicha, "dinda inqiroz yuz bermoqda deb gapirib bo‘lmaydi, chunki din mukammal. Dinni isloh qilib bo‘lmaydi, dinda kamchilik bo‘lmaydi, kamchilik musulmonlarning o‘zida".Sho’rolar davrida markaziy hukumat o’zining dastlabki qadamlaridanoq dinga qarshi kurash olib borgan. O’zbekistonda ham dinga qarshi kurash dahshatli tarzda kechgan. Masjidu-madrasalar vayron etilgan. Barchasi musulmonlardan iborat mahalliy xalq vakillari diniy tazyiqlar ostida qamalgan, otilgan, Sibirga surgun etilgan.

Sovet davlati odamlar ongiga o’z g’oyasini singdirishi uchun asrlar mobaynida kishilar e’tiqodiga aylangan dinni yo’qotishni bosh vazifa qilib olgan edi. Buni ro’yobga chiqarishni esa, o’z Yaratuvchisi bilan bog’liqlikni his qilib kelgan, uning mavjudligini anglagan dindor olimu-ulamolarni qatag’on qilishdan boshlaganini aytadi mutaxassislar.

“Hidoyat” jurnali bosh muharriri Nurulla Otaxonovning aytishicha:

“Birgina Toshkentda 300 dan ortiq madrasa bo’lsa, Qo’qonda 330 ta madrasa bo’lsa, Buxoroda 500 ga yaqin maktab va madrasa bo’lsa, Samarqandda ham shunday va bu atroflarda ham shunday va ularda dars berayotgan mudarrislar, olimlar bo’lsa bu xalq juda katta ilmiy potensialga ega bo’lgan xalq edi. Mana shularning hammasini o’rtadan ko’tarmasa, jismonan ularni yo’q qilmasa kommunizm mafkurasi, g’ayriinsoniy bo’lgan bir mafkura singmas edi. Men buni g’ayriinsoniy dedim, chunki u insonning yaratilish fitratiga zid bo’lgan g’oya”.

Sovet tuzumi ideokratik, ya’ni g’oya hukmronlik qilgan tuzum bo’lgani uchun ham boshqa har qanday g’oyaga qarshi, shu jumladan diniy mafkuraga qarshi qatag’on siyosati olib borgan, deb hisoblaydi jurnalist Karim Bahriyev:

“Chor Rossiyasini olib qarasangiz, e mintaqamizga talonchilik uchun kelgan, hududlardagi boyliklarga ega bo’lish uchun kelgan. Shuning uchun kitoblarni, boyliklarni tashib ketgan. Lekin Chor Rossiyasi paytida Burhoniddin Marg’iloniyning “Hidoya”si 4 tom qilib tarjima qilingan edi. Va hatto shu yerda qozilarning boshqaruvini tashkil qilish uchun gubernatorlar harakat qilganlar. Ya’ni, “mayli diniga sig’insin, mayli qozilari yo shu shariati bo’lsin, faqat bizning hudud bo’lsin shu yer”, deyilgan. Sovet davlatiga kelganda, uning mafkurasi ham dinning belgilariga ega edi, ya’ni u ham “kommunizm” jannat va’da qilardi, u ham mafkura edi. Ikkita mafkura sig’ishmagani uchun kommunizmdan boshqa mafkuralar qatag’on qilingan, deb o’ylayman”.

Hujjatlarga nazar tashlansa, diniy e’tiqodi uchun qatag’on etilganlarning aksariyati ziyoli, faylasuf va tarixshunos olimlar ekanini urg’ulaydi tarixshunos Sirojiddin Ahmad:



“O’rta Osiyoda marksistik aqidaga tayangan tuzum birinchi kunlaridanoq biror-bir dinga e’tiqod qiluvchi odamlarga, bevosita islom diniga e’tiqod qiluvchi shaxslar - ular madrasa mudarrisi bo’ladimi, yo biron bir masjidning imomi bo’ladimi, ruhoniy yo ibtidoiy maktablarda dars beruvchi o’qituvchi bo’ladimi - bundan qat’iy nazar ularga ikkinchi darajali odam sifatida qaralgan. Bunday qarashning sababi shundaki, bular nafaqat islom aqidalarini targ’ib qiluvchi shaxslar, balki o’zida milliy an’analarni saqlab kelguvchi bir ma’rifatbonlarimizdir. Ana shu nuqtai nazardan Oktyabr davlat to’ntarishigacha dunyoqarashi shakllanib bo’lgan kishilarga nisbatan nihoyatda yovuz qarashlar paydo bo’ldi”.

“O’rta Osiyodagi juda ko’pgina aziz insonlarning maqbaralari, qadamjoylari, manzilgohlarning vayrona holga kelishi, masjid-madrasalarning buzilishi, otxonalarga aylantirilishi Sho’rolar hukumatining dinga qarshi olib borgan kurashining ikkinchi bir ko’rinishi deb hisoblanmog’i lozim. Buxoro inqilobining dastlabki kunlaridanoq madrasalarning otxonalarga aylantirilgani, omborxonalarga aylantirilgani - tarixiy fakt. Hatto odamlarning yuragiga bu qadamjoylar, manzilgohlar, aziz-avliyolarning tarixlari bir qo’rquv soladigan bir narsaga aylanib qoldi. Buxorodagi Ismoil Somoniy maqbarasini olaylik. Mana shu maqbaraning atrofida yuzlab Somoniy davrida yashagan ulug’ kishilarning qabrlari bo’lgan, bu qabrlarga o’zlariga xos tosh kitobatlar o’rnatilgan. Sho’rolar hukumati davrida mana shu qabrlar hammasi yo’q qilib yuborildi. Qashqadaryodagi bir tarixiy obidani qoq o’rtasidan buzib, ustidan yo’l solingan”.
Download 19.23 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling