6-mavzu: globallashuv va global muammolarning falsafiy jihatlari. Reja


Pandemiya - XXI asrning global muammosi va uni bartaraf etishda xususiy va umumiy manfaatlar uyg‘unligi


Download 229.5 Kb.
bet10/12
Sana02.01.2023
Hajmi229.5 Kb.
#1075322
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   12
Bog'liq
6-Mavzu ma\'ruza matni (фрх)

Pandemiya - XXI asrning global muammosi va uni bartaraf etishda xususiy va umumiy manfaatlar uyg‘unligi. XXI asrning 20-yili insoniyatni ana shunday koʻrinmas yovga roʻbaroʻ qildi. “COVID-19” deb ataganimiz bu baloi ofat nafaqat immunitetimiz, balki irodamiz, sabr-matonatimiz va hatto tafakkurimizni ham sinovdan oʻtkazmoqda.
Ekologik halokat, iqlim oʻzgarishlari, qashshoqlik, chuchuk suv tanqisligi, zaxiralar kamayishi kabi global muammolar har yili BMT minbarlaridan turib aytiladi. Ularga qarshi chora-tadbirlarni hamjihatlikda hal etish zarurligi xususida bong uriladi. Ammo negadir saʼy-harakatlar, kuchlar yetarli darajada birlashmaydi. Dunyo mamlakatlari birday oyoqqa turmaydi.
Biroq bu gal unday boʻlmadi. Hatto olis sayyoralarni ham zabt etayotgan odam bolasining aql-idroki zarraday infeksiyani jilovlashga ojizlik qildi. Hozir jahon “tojdor” virusdan faqat bir chora — undan himoyalanish bilan kifoyalanmoqda. Bu xavfli xastalikni masofa saqlash, oʻzimizni yakkalash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya etish bilan daf qilishimiz mumkinligini angladik.
Shu bois pandemiya sharoitida har bir mamlakat oʻz ichki imkoniyati, salohiyatidan kelib chiqqan holda tegishli chora-tadbirlarni belgilayapti. ­Koronavirusga qarshi kurashishda ­davlatlarning bajarayotgan vazifalariga qarab ularni qiyosan uch guruhga ajratish mumkin.
Birinchi guruhga qatʼiy karantin choralarini tatbiq etgan mamlakatlar mansub. Avvalo, Xitoy, keyinroq Oʻzbekiston va boshqa qator davlatlar shu yoʻldan borishdi.
Ikkinchi guruhga Yaponiya, Braziliya kabi ayrim davlatlar tajribasini misol qilib keltirsa boʻladi. Ular karantin choralarini ixtiyoriy ravishda, masofani saqlagan holda joriy etishdi.
Uchinchi guruhga Shvetsiya va Belarus kabi davlatlarni kiritsa boʻladi. Mazkur hududlarda karantin choralari umuman joriy etilmadi. Faqat aholiga koronavirusga chalinmaslikning oldini olish yoki kasallanganda uni qanday muolaja qilish boʻyicha tavsiyalar berildi, xolos. Albatta, har bir yondashuvning oʻziga xos yutuq va kamchiliklari mavjud. Bunga quyidagi tahlillarimiz orqali javob ­topasiz.
Koronavirusning salbiy taʼsiri deyarli hech bir sohani chetlab oʻtgani yoʻq. Ayniqsa, iqtisodiyot, sogʻliqni saqlash, oziq-ovqat sanoati negizida jiddiy muammo va tashvishlar yuzaga kelayotir. Hatto pandemiya asoratlari dunyoning psixologik qiyofasini ham oʻzgartirib yuborgani rost.
Nima uchun? Chunki insoniyat koronavirus kabi bunday katta ofatga tayyor emasdi. Toʻgʻri, tarixda qanchadan-qancha jangu jadallar, jahon urushlari, 50 millionlab kishilarning umriga zomin boʻlgan oʻlatlar odam bolasini ancha toblagan. Lekin hozirgiday taraqqiyot asrida qandaydir bir notanish infeksiya butun borliq oldida inson juda kichik va ayni damda ojiz jonzotligini barchamizga yana bir karra eslatib qoʻydi. Oqibatda himoyalanishga majbur boʻldik.
Bunday vaziyatda eng ogʻir yuk ­davlat rahbarlari gardaniga tushdi. ­Fuqarolar uyda oʻtirib, kasallik qachon daf boʻlishini kutishi mumkin, lekin davlat rahbarlari bunday yoʻl tuta olishmaydi. Negaki, ular millionlab insonlar hayotiga bevosita javobgar. Shunday ekan, oʻz hayotini ham ehtiyotlash barobarida, mamlakatni mushkul vaziyatdan eson-omon olib chiqish haqida kechayu kunduz jon koyitishadi. Pandemiya sharoitida davlat ­rahbarlari oldida bir savol koʻndalang boʻldi: avval odamlarni qutqarish kerakmi yoki iqtisodiyotni?
Iqtisodiyotning oʻz qonuniyatlari bor. Unga rioya etish muvaffaqiyatni kafolatlaydi. Baʼzan esa bu soha ­tavakkalchiliklarni ham maʼqullaydi. Eng toʻgʻri natijani esa vaqt ­koʻrsatadi.Mana, aksariyat davlatlar koronavirusga qarshi kurashda karantin qoidalarini joriy etib, buning iqtisodiyotga yetkazadigan katta zarariga qoʻl siltashyapti. Oʻz navbatida, biznesni “sunʼiy koma” holatiga tushirib, karantin eʼlon qilishga shosh­mayotganlar ham bor.
Xoʻsh, aslida qay biri toʻgʻri? Avval iqtisodiyotni qutqarish kerakmi yoki odamlarni?
Bir guruh amerikalik olimlar bu savolga javob izlash uchun yuz yil avvalgi voqeliklarga murojaat qilishdi. Aniqlanishicha, hozirgi total karantin insoniyat uchun yangilik emas. Bir asr avval ham odamlar xuddi shunday vaziyatga tushishgan. Birinchi jahon urushidan keyin “ispan grippi” nomini olgan pandemiya 50 million kishini hayotdan olib ketgan. Oʻshanda Yer yuzidagi har uchinchi odamdan biri bu infeksiyani yuqtirib olgan va har oʻninchi odamdan biri qurbon boʻlgan.
Yuz yil avvalgi ofat tufayli ham odamlar uydan chiqmaslikka daʼvat etilgan. Niqob taqish majburiy qoida tusini olgan. Zavod va fabrikalar oʻz ishini toʻxtatgan.
Avvaliga hamma uchun qiyin boʻlgan. Lekin oʻzaro muloqotlarni cheklagan, shaxsiy gigiyenaga qatʼiy amal qilishni talab etib, odamlar salomatligini saqlab qolishga alohida eʼtibor bergan davlatlar tezroq oyoqqa turgan.
AQSH Markaziy banki hamda Massachusets texnologiya instituti iqtisodchilari hamkorlikda oʻtkazgan surishtiruv natijalari ham shuni tasdiqlaydi. Ularning xulosasiga koʻra, keskin choralar koʻrib kasallik tar­qalishining oldini olgan shaharlar epidemiya vaqtida zarar koʻrgan boʻlsa-da, keyinchalik ular qolganlardan jadalroq oʻsishga erishdilar.
Yana bir qiziqarli fakt: karantin choralari oʻlimlar sonini ­qisqartirish barobarida, pandemiya keltirgan iqtisodiy zararning oldini ham olgan.
1918-yilgi “ispan grippi” AQSHda Sharqdan oʻarbga qarab tarqaladi. Infeksiya ikki toʻlqinda rivojlanadi. Bahorgisi qoʻrqinchli, qishkisi esa undan ham dahshatli koʻrinish oladi... AQSH gʻarbidagi Sietl, Los-Anjeles shaharlari virus eng oxirgi boʻlib kirib borgan shaharlardir.
Oʻshanda xuddi hozirgi singari zarur choralar koʻriladi: maktablar, teatrlar, cherkovlar yopiladi. Jamoat joylarida toʻplanib turish taqiqlanadi. Jamoat transportlari harakati toʻxtatiladi. Dafn marosimlari tor doirada oʻtkazilishi belgilab qoʻyiladi. Oʻzini ihotalash tizimi joriy etilib, ijtimoiy masofa saqlash majburiy tartibga aylanadi. Qolaversa, niqob taqish va qoʻlni tez-tez yuvish ham “trend”da boʻlgan.
Amerikalik iqtisodchilar tadqiqotlari orqali yana bir haqiqat yuzaga chiqdi. Yaʼni 1918-yili mamlakat shaharlarida karantin eʼlon qilish bilan bogʻliq har bir kun keyinchalik iqtisodiy koʻrsatkichlarga taʼsir etgan. Masalan, 10 kun avval karantin joriy qilgan shtatlar pandemiyadan soʻng boshqa hududlarga nisbatan 5 foiz koʻproq ish oʻrni yarata olgan. Cheklov muddatini 50 kunga uzaytirganlar koʻrsatkichlari esa bundan ham aʼlo — 6,5 foiz ziyod ish oʻrinlari!..
Ayni shu xulosalar koronavirus pandemiyasi davrida oʻarb davlatlari rahbarlarini karantin choralarini kuchaytirishga undamoqda. Mazkur jarayonda asosiy urgʻu odamlarni qutqarib qolishga qaratilyapti. Zero, odamlar hayotini qutqarib qolish ­pirovard natijada iqtisodiyotni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shunga qaramay, hozir karantin cheklovlarini joriy etishga shoshil­mayotgan mamlakatlar ham bor. Ular — biznesning toʻxtab qolmasligi tarafdorlari. Masalan, Donald Tramp avvaliga juda xotirjam edi. “Odamlar koronavirusdan koʻra avtohalokatdan koʻproq oʻlishadi, ammo biz buning uchun avtomobil ishlab chiqarishni taqiqlamayapmiz-ku?”, degandi u oʻshanda.
Ammo Oq uy rahbari tezda fikrini oʻzgartirib, cheklovlar zarurligi haqida gapira boshladi. Biroq tilloga teng fursatlar yoʻqotildi. Oqibati esa maʼlum. AQSH ayni damda virus tarqalishi boʻyicha dunyoda yetakchi. Agar kerakli choralar koʻrilmasa, “tojdor” ofat bu yerda 2 milliongacha odamning umriga zomin boʻlishi mumkin.
Braziliya Prezidenti Jair Bolsonaru ham shunday yoʻl tutdi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga namoyishkorona qarshi chiqavergach, “Tvitter” va “Instagram” uning sahifalarini bloklab qoʻydi. Xuddi shunday, Eron prezidenti Hasan Ruhoniy koronavirus tahlikasi boshlangan vaqtda uni “dushmanlarining hujumi” deb atab, odamlarni ishga chiqaverishga undagandi.
Koronavirusni pisand qilmaslikda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoga yetadigani yoʻq. U mamlakatda hech qanday cheklov joriy qilmadi. Futbol va xokkey boʻyicha chempionatlarni toʻxtatmadi. Hatto bir gal xokkey oʻyinida qatnashib, bepisandlarcha shunday dedi: “Qani, muz maydonida birorta virus uchib yurganini koʻrdingizmi? Men ham koʻrmadim. Virusga qarshi eng yaxshi vosita — muz. Tiz choʻkib yashagandan tik turib oʻlgan yaxshi”.
Karantinning mamlakatlar iqtisodiyotiga zarari benihoya katta. Shu bilan birga, foydasi ham yoʻq emas!
Jahon iqtisodiyotining poydevori nima? Faol hayot tarzi! Odamlar res­toranu barlar, sport zallariyu klublarga nima uchun borishadi? Chiroyli liboslar kiyishdan, hashamdor mashinalar sotib olishdan muddao ne? Albatta, avvalo, koʻz-koʻz qilish uchun. Karantin esa odamlarni uyda oʻtirishga majbur qildi. Tabiiyki, nofaol hayot tarzida kimgadir koʻz-koʻz boʻlish imkonsiz. Bundan tashqari, karantin vaqtida hamma ishchi kuchi uyda, ishlab chiqarish va savdo deyarli toʻxtaydi.
Oqibatda tadbirkorlik rivojlanishida ham uzilish yuzaga keladi. Bankrotlik koʻpayib, korxonalar yopiladi, odamlarning tirikchiligiga putur yetadi. Bularning barchasi yigʻilib banklar faoliyatiga taʼsir koʻrsatadi. Jumladan, qarzdorlik koʻpayib, kreditlar vaqtida yopilmaydi, banklarning likvidlik darajasi tushib ketishi natijasida kredit berishda qiynalib qolishadi. Kreditsiz esa biznes boʻlmaydi.
Gap shundaki, bunday cheklovlar odamlarni nafaqat turli kasalliklar va ularning asoratlaridan, balki katta iqtisodiy zararlardan ham saqlaydi. Albatta, buning natijasi bir kundayoq yuzaga chiqmas. Lekin vaqt oʻtishi bilan buning samarasi koʻzga tashlana boshlaydi.
Yana bir qiziqarli fakt: karantin davrida odamlar pullarini ehtiyotlab xarjlashga odatlanishadi. Mebel, mashina sotib olish, konsertu tomoshalarga borish, dengiz sohillarida dam olish kabi orzu-havaslar ikkinchi darajali masalaga aylanadi. Kasallik daf boʻlib, omon-zamonlar boshlangach esa bunday narsalarga ehtiyoj shu qadar uzoq vaqt yuqori boʻlib turadiki, pirovardida oʻsha sohalar gurullab rivojlanib ketadi.
Hozir koronavirus keltiradigan zarar miqdorini aniq aytish mushkul. Chunki u qachon hayotimizdan butkul chiqib ketishini bilmaymiz. Maʼlumotlarga koʻra, 1918-yili “ispan grippi” AQSHda ishlab chiqarish hajmi 18 foiz kamayishiga sabab boʻlgan ekan. Amerikalik olimlar agar karantin boʻlmaganida, ahvol bundanam yomon boʻlishi mumkin edi, deb hisoblashadi.
Har holda koronavirusning asoratlari u qadar kattalashib ketmasa kerak. Buning uchun, masalan, AQSH oʻzi aksilinqiroz rejasi uchun 2,2 trillion dollar pul ajratdi. Germaniya tadbirkorlarga 500 milliard yevro kredit berdi. Butun dunyoda aviakompaniyalarga hukumatlar tomonidan yordam koʻrsatilmoqda.
Kutilmaganda sodir boʻlgan bunday inqirozlar, birinchi navbatda, keskin munosabatlarni keltirib chiqarishi tabiiy. Biroq dunyoning koʻplab mintaqalarida mojarolar davom ­etayotgan, oʻarb oʻz muammolarini oʻzi hal etishga qiynalayotgan bir davrda tarqalgan COVID-19 dunyo tarixida yangi sahifalarni ochishi mumkin.
Sovuq urushdan soʻng globallashuv va koʻp qutblilik munozaralari kun tartibiga koʻtarilgan boʻlsa, koronavirus kutilmaganda ayni shu globallashuv jarayonlarini karantin ostiga oldi va shu tariqa uning olgʻa siljishini soʻroq ostiga qoʻydi.
Qolaversa, AQSHning ushbu epi­demiyaga qarshi kurashdagi holati hokimiyatning gegemonik tendensiyasi va qiyofasiga putur yetkazdi. Shu ­bilan bir qatorda, yangi dunyo tartiboti himoyachilarining ham oʻz “nasiba”larini olishga majbur qildi.
Qolaversa, Xitoyning epidemiyaga qarshi kurashdagi tutumi dunyodagi ­muammolar yechim topmaydi, balki ­turlanib-tuslanib oʻzgarishda davom etaveradi, degan xavotirni kuchaytirmoqda.
Koronavirusning jahon tizimidagi ilk siyosiy qiyofasi davlatlar duch keladigan qiyinchiliklar, ularning munosabati va olingan natijalar orqali “chizilishi” mumkin.
Pandemiya raqamli dunyoning rivojlanishi va virtual muhitdagi xaridlarga keng yoʻl ochsa, ajab emas. Binobarin, “tojdor” virusning iqtisodiy oqibatlari, shuningdek, neft qazib olish hamda narxlar borasidagi tortishuvlar ushbu sohalarda ­Xitoyga bir qator afzalliklarni ­taqdim etishi haqiqatga yaqinroq.
Jarayonning hali kun tartibiga koʻtarilmagan yana bir masalasi bor. Bu xalqlarning boshqaruv jarayonida yana-da koʻproq ishtirok etishga xohishi ortishida namoyon boʻlishi mumkin. ­Zotan, karantin sharoitida hukumat qaror va chora-tadbirlarini oʻzgartirishda jamoatchilik fikri hamda ­talabi muhim ahamiyat kasb etganiga koʻp guvoh boʻldik.

Download 229.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   12




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling