7 – mavzu: Jamiyat va inson falsafasi. Mavzu rejasi
Download 109.6 Kb.
|
7 мавзу Жамият ва инсон фалсафаси
Formatsion nazariya K.Marks nomi, u ishlab chiqqan jamiyat haqidagi ta’limot bilan bog‘liq. Umuman olganda, Marks o‘z davridagi global tasavvurlarga, xususan, Gegelning umumiy qonuniyatlar hamda yagona yo‘nalishga ega bo‘lgan jahon tarixi haqidagi g‘oyalarga ergashgan edi. Bu tasavvurlar tarixga materialistik yondoshuv asosida qayta ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra insoniyat tarixi tabiiy, o‘z ichki qonuniyatlariga ega bo‘lgan, ya’ni kishilar ongiga bog‘liq bo‘lmagan holda sodir bo‘ladigan formatsiyalarning almashinish jarayonidan iborat. Formatsiya deganda qandaydir empirik jamiyat (ingliz, fransuz yoki boshqa) geopolistik hamjamiyat (Sharq, G‘arb) emas, balki jamiyat ijtimoiy tuzilmasining negizini tashkil etuvchi umumiyat tushuniladi. Ya’ni, formatsiya – jamiyatning muayyan tarixiy tipidir. Har bir formatsiyaning asosini o‘ziga xos ishlab chiqarish usuli tashkil etib, uning strukturasida ishlab chiqaruvchi kuchlar va ishlab chiqarish qurollari, ularning rivojlanish darajasi va xarakteri muhim ahamiyat kasb etadi. Ular ijtimoiy hayotning boshqa sohalari bilan bog‘liq bo‘lib, ishlab chiqarish munosabatlari siyosiy, huquqiy ustqurmaga, shuningdek, ijtimoiy ongning boshqa shakllariga nisbatan asos, bazis rolini o‘ynaydi.
Formatsion ta’limotga ko‘ra, jamiyat quyi shakldan yuqori shakllarga, ibtidoiy jamoa tuzumidan quldorlik jamiyati orqali feodalizmga, undan kapitalizmga hamda eng oliy maqsad, insoniyatning «oltin» asri kommunizmga qarab harakat qiladi. Bir formatsiyadan ikkinchisiga o‘tish yangi ishlab chiqarish kuchlari va eskirib qolgan ishlab chiqarish munosabatlari o‘rtasidagi ziddiyatlar hamda ixtiloflar natijasida yuzaga keladigan ijtimoiy inqilob orqali sodir bo‘ladi. XIX asrning oxiri – XX asr o‘rtalariga kelib, formatsion ta’limot nafaqat ijtimoiy nazariya bo‘libgina qolmay, balki kuchli e’tiqodga tayangan mafkuraviy ta’limot darajasiga ko‘tarildi. Sotsialistik tizim inqirozga yuz tutgandan so‘ng formatsion ta’limot tanqidi ayniqsa postsotsialistik makonda yanada kengroq va keskinroq tus oldi. Hozirgi zamon tarixini, kapitalizm rivoji istiqbollarini anglashda, formatsion ta’limot xulosalarining haqiqatga mos kelmasligi, «real sotsializm» mamlakatlarida amalga oshirilgan keng qamrovli sotsialistik tajribaning muvaffaqiyatsiz intihosi makrsistcha tarixiy konsepsiyaning tanqidida hal etuvchi argument bo‘ldi. Formatsion yondoshuvdan farq qilib, sivilizatsion yondoshuv yagona, yaxlit tizimga tushirilgan ta’limot sifatida shakllangan emas. «Sivilizatsiya» tushuchasi (lot. civilize – fuqarolarga, davlatga xos) ilk bor XVIII asrda yevropalik ma’rifatparvarlarning asarlarida qo‘llana boshladi. U jiddiy evolyusiyaga yuz tutib, hozirgi paytgacha bir qancha ma’nolarda qo‘llaniladi1. Dastlabki davrlarda u tabiat olami tuzilishidan farqli ravishda umuman insoniyatni, uning ijtimoiy tuzilishini anglatgan va birlik shaklda ishlatilgan. Keyinchalik u yovvoyilik va johillikdan keyin keluvchi ijtimoiy rivojlanish bosqichini bildirgan. Co‘ngra u qadriyaviy xususiyat kasb etib, madaniyat tushunchasiga, ayniqsa, individual va ijtimoiy xulq-atvor normativlariga singib ketgan ma’naviy madaniyat, ya’ni kishilar, xalqlarning mentalligi ma’nosiga yaqinlashib qoldi. Amerikalik olimlar A.Kreber va K.Klakxan 1952 yilda «madaniyat» terminining 164 ta ta’rifini e’lon qildilar va ko‘p hollarda uni «sivilizatsiya» termini bilan bir qatorda qo‘llanilganligini qayd etdilar2. «Sivilizatsiya» va «madaniyat» tushunchalari ko‘pincha sinonimlar sifatida ishlatib kelindi. XIX asrning ikkinchi yarmidan sivilizatsiya tushunchasini butun bir xalqlar va mamlakatlarning rivojlangan holatiga, «oliy darajadagi madaniy tuzilmalar»ga tatbiqan, ko‘plik shaklida qo‘llanila boshlandi. 1861 yilda Zalsburgda insoniyat sivilizatsion rivojining rang-barangli nazariyasini, tarixga madaniy-tarixiy yoki sivilizatsion yondoshuvni shakllantira boshlagan madaniy-tarixiy maktab paydo bo‘ldi. N.Ya. Danilevskiy (1822-1865), O.Shpengler (1880-1936), A.Toynbi (1889-1975), P.A.Sorokin (1889-1968) va boshqalar ushbu maktabning mashhur namoyondalari edi. Ularning har biri «sivilizatsiya» terminiga o‘z talqinlarini berganlar: Danilevskiy – «madaniy-tarixiy tiplar», Shpengler – «Yetuk madaniyatlar», Toynbi – «Lokal sivilizatsiyalar», Sorokin – «Madaniy supersistemalar» g‘oyalarini ilgari surishgan. Ularning ichida eng ommaviylashgani «lokal sivilizatsiyalar» termini bo‘ldi. Shunday qilib, sivilizatsiya – tarixning madaniy-tarixiy konsepsiyasi nuqtai nazaridan, - sotsiomadaniy asosga ko‘ra bir-biridan farq qiluvchi mamlakat va xalqlarning yirik hamda uzoq davom etadigan mustaqil umumiyati bo‘lib, ularning o‘ziga xosligi tabiiy, oxir-oqibat hayotning ob’ektiv sharoitlari, shuningdek, ishlab chiqarish usuliga bog‘liq bo‘ladi. Bu umumiyatlar vujudga kelish, shakllanish, inqiroz va barham topish bosqichlarini bosib o‘tdilar. XX asrning oxirlariga kelib, ayrim analitiklar tomonidan dunyoning ikki yarim sharli tuzilishi va tarixning megasiklik (megadavriy) xarakteri konsepsiyasi ilgari surila boshladi3. Bu ta’limotning zaminida insoniyat tarixini avval boshdanoq Sharq va G‘arbga bo‘lingan sotsiomadaniy tizimlar tarzida talqin etish g‘oyasi yotadi. Mashhur nemis faylasufi K.Yaspers (1883-1969) yozishicha: «Dastlabki qutblanish (Sharq va G‘arb) turli ko‘rinishlarda asrlar davomida hayotiyligini saqlab kelgan… Yunonlar va forslar, Rim imperiyasining G‘arbiy va Sharqiyga bo‘linishi, g‘arbiy va sharqiy xristianlik, g‘arb dunyosi va islom, Yevropa va Osiyo – bular birining o‘rnini boshqasi ketma-ket egallagan ushbu qarama-qarshilikning timsollaridir…»4. Bu nuqtai nazarning tarafdorlari ta’kidlashicha, uzoq o‘tmishdayoq Sharq va G‘arb o‘rtasida muayyan mehnat taqsimoti vujudga kelgan. Ulardan birinchisi – ma’naviy tashabbuslar bilan chiqqan bo‘lsa (buyuk jahon dinlarining aynan Sharqda paydo bo‘lganligi ham bejiz emas), ikkinchisi – innovatsion g‘oyalarni ilgari surgan. Insoniyatni Sharq va G‘arbga ajratishni ular inson miyasini chap va o‘ng yarimsharlariga bo‘linishi bilan qiyoslaydilar. Tarix falsafasida tarixiy taraqqiyot g‘oyasi ham muhim o‘rin egallaydi. Taraqqiyot rivojlanish jarayonining quyidan yuksakka, noraso holatdan barkamol holatga o‘tish bilan tavsiflanuvchi yo‘nalishini anglatadi. Taraqqiyot tushunchasi jamiyatga tatbiqan (bu holda ijtimoiy taraqqiyotni nazarda tutiladi) va uning ayrim elementlariga, jamiyatning tuzilishi yoki boshqa parametrlariga tatbiqan (bu holda fan-texnika taraqqiyotini, ma’naviy sohadagi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi taraqqiyot nazarda tutiladi) so‘z yuritish mumkin. Taraqqiyot mezonlarini aniqlash ijtimoiy taraqqiyot nazariyasining bahsli masalasi hisoblanadi. XVII asr mutafakkirlari inson aqlini taraqqiyot mezoni deb hisoblaganlar. Keyinchalik ishlab chiqarish kuchlari va ishlab chiqarish munosabatlarining rivojlanish darajasi shunday mezon sifatida e’tirof etilgan. Hozirgi vaqtda taraqqiyotning asosiy mezonlari sifatida ko‘pincha ijtimoiy-siyosiy, mafkuraviy, gumanistik va boshqa mezonlar qayd etiladi. Bu mezonlar yordamida u yoki bu ijtimoiy tizimlar, siyosiy rejimlar, ijtimoiy harakatlarning progressivlik darajasini aniqlash mumkin. Download 109.6 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling