7.3.Avtobuslarda turistlarni tashish.
Avtobus – o‘tirish uchun 8 kishidan ortiq o‘rindiqli (haydovchining o‘rindig‘idan tashqari) yo‘lovchilar tashish uchun mo‘ljallangan dvigateli avtotransport vositasi. Avtobuslar belgilangan marshrutlar bo‘yicha nazarda tutilgan bekatlarda yo‘lovchilarni olgan va tushirgan holda yoki buyurtmachi – yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan belgilangan marshrutlar bo‘yicha yo‘lovchilarni tashish uchun mo‘ljallangan.
Hududiy belgiga qarab, shaharda yo‘lovchi tashish, shahardan tashqariga yo‘lovchi tashish, shaharlararo yo‘lovchi tashish va xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish farqlanadi. SHaharda yo‘lovchi tashishga shahar (bir aholi yashaydigan joy) doirasida amalga oshiriladigan yo‘lovchi tashish; shahardan tashqariga yo‘lovchi tashishga shahar doirasidan tashqariga shu jumladan 50 kmgacha masofaga amalga oshiriladigan yo‘lovchi tashish; shaharlararo yo‘lovchi tashishga – shahar doirasidan tashqariga 50 km dan uzoq masofaga amalga oshiriladigan yo‘lovchi tashish; xalqaro yo‘lovchi tashishga – O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga amalga oshiriladigan yo‘lovchi tashish kiradi. SHu munosabat bilan shahar avtobuslari, shahardan tashqariga qatnaydigan avtobuslar, shaharlararo avtobuslar va xalqaro avtobuslar farqlanadi.
Tashish vazifasiga qarab, umumiy foydalaniladigan avtobuslar, turistik-ekskursiya avtobuslari va maxsus avtobuslar (maktab avtobuslari; vaxta avtobuslari; xodimlarni shahar yo‘lovchi transporti umumiy yo‘nalishlaridan uzoqda joylashgan ishlab chiqarish ob’ektlariga eltish uchun mo‘ljallangan avtobuslar va sh.k.) farqlanadi. Mazkur avtobuslarning sig‘imi, shinamlik darajasi, salonlarining ichki tuzilishi, tashqi ko‘rinishi har xil bo‘ladi.
O‘rinlar soniga ko‘ra, juda kichkina sig‘imli avtobuslar (8-15 o‘rinli mikroavtobuslar – UAZ, RAF, «Gazel» va sh.k.); kichik sig‘imli (21 — 26 o‘rinli) avtobuslar; o‘rtacha sig‘imli (33 — 34 o‘rinli) avtobuslar; katta sig‘imli (41 — 45 kishiga mo‘ljallangan) avtobuslar hamda o‘ta katta sig‘imli (54 — 56 tadan 80 tagacha o‘rinli) avtobuslar farqlanadi.
Kichik sig‘imli avtobuslarga “Otoyo‘l” firmasining avtobuslari, Rossiyada ishlab chiqariladigan KAVZ va PAZ rusumli avtobuslar kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |