7-ma’ruza. Valentlik, uning tildagi mohiyati Tayanch tushunchalar


Download 31.68 Kb.
Sana02.05.2020
Hajmi31.68 Kb.
#102903
Bog'liq
7-ma’ruza. Valentlik, uning tildagi mohiyati 5215188477


7-ma’ruza. Valentlik, uning tildagi mohiyati
Tayanch tushunchalar

Qolip, hosila, qolipning tarkibi, umumiylik, xususiylik, umumlashtirish, nosintaktik hodisa, qolipning shakliy tomoni, qolipning mazmuniy tomoni. Valentlik, tobe valentlik, hokim valentlik, imkoniyat, sintaktik aloqa, leksik valentlik, sintaktik valentlik, morfologik shakl valentligi, gap, so‘z birikmasi, lison, nutq, umumiylik, xususiylik

Reja


1.§. Lisoniy sintaktik qolip.

2.§. Valentlik haqida tushuncha.

3.§. Sintaktik aloqa.
1.§. Lisoniy sintaktik qolip. LSQni aniqlashda ham LSQga daxldor bo‘lmagan, bir qolipdan chiqqan nutqiy hosilalarning turli-tumanligini keltirib chiqarayotgan hodisalar LSQga bog‘liq bo‘lmagan nosintaktik hodisalar sifatida ahamiyatsiz deb qaraladi va e’tibordan soqit qilinadi. Masalan, Gulnoraning kitobi nutqiy hosilasining mohiyati, ya’ni LSQini aniqlamoqchi bo‘lsak, shu ko‘rinishdagi va turdagi so‘z birikmalarini tasavvurimizda to‘plab, saralaymiz. Shu usulda Muniraning daftari, Sitoraning ruchkasi kabi yuzlab nutqiy so‘z birikmalarida

[otatoqli → otturdosh = otdan anglashilgan pred./shaxsga tegishli narsa]

umumiyligini topgandek bo‘lamiz. Biroq mening kitobim, uning ruchkasi, bizning uyimiz, qizilning qizili, yashashning zavqi nutqiy birikmasini oldingi so‘z birikmalari bilan qiyoslash natijasida ularning farqli ekanligiga, qolipga solib ko‘rish natijasida unga joylashmayotganligiga amin bo‘lamiz. Zero, LSQning birinchi uzvi ot turkumiga mansub so‘z bo‘lishi kerak edi. Misollarda esa tobe uzvlar – olmosh. Shuningdek, LSQning ikkinchi uzvidagi egalik kategoriyasi III shaxs qo‘shimchasi haqida ham shunday deyish mumkin. Yuqorida qoliplarning umumiylik tabiatiga ega ekanligini, unda nutqiy hosilalarning umumiy, bir xil belgilari o‘rin olishini ta’kidlagan edik. Shuning uchun nutqiy hosilalardan farqlarni fikran chetlashtirib, umumiy belgilarni saqlab qolamiz. Кeltirilgan birinchi (tobe) a’zolardagi umumiylik va farqlarni quyidagicha beramiz (28-jadval):


Umumiylik

Farqlar

1.1.Erkak kishining ismi + qaratqich kelishigi

Halim oti +ning

1.2.Qiz bola ismi+qaratqich kelishigi

Munira oti+ning, Sitora oti+ning

1.3.I shaxs birlik kishilik olmoshi

Men olmoshi+ning

1.4. II shaxs ko‘plik kishilik olmoshi

Biz olmoshi+ning

1.5.Sifat+qaratqich kelishigi

Qizil sifati +ning

1.6.Harakat nomi+qaratqich kelishigi

Yashash harakat nomi+ning

Farqlarni e’tibordan soqit qilib, olingan umumiylik asosida LSQning birinchi (tobe) a’zosini tiklaymiz. Nisbiy umumiyliklarni yana birlashtirib, quyidagi

[ ismqaratqich kelishigi + ...

uzvi tiklanadi.

So‘z birikmasining ikkinchi uzvidagi farq va umumiyliklarni ham shu asosda aniqlaymiz (29-jadval):


Umumiylik

Farqlar

2.1. O‘quv vositasi oti + III sh.egalik qo‘shimchasi

kitob oti + i

2.2. Yozish mumkin bo‘lgan narsa oti + III sh.egalik qo‘shimchasi

daftar oti + i

2.3. Rang sifati + III sh. egalik qo‘shimchasi

qizil sifati + i

2.4. Mavhum ot + III sh. egalik qo‘shimchasi

zavq oti + i

2.5. Joy oti + I sh. egalik qo‘shimchasi

uy oti + imiz

2.6. Yozuv quroli + III sh. egalik qo‘shimchasi

ruchka oti + si

Bu a’zoda ham farqlarni chetlashtirib, umumiy belgilarni olib qolamiz. Natijada,

...→ ismegalik qo‘shimchasi]

umumiyligi tiklanadi. Har ikkala a’zoni birlashtirish natijasida [ismqaratqich kelishigi → ismegalik qo‘shimchasi] umumiyligi tiklanadi. Bu umumiylik LSQ bo‘lib, so‘z birikmalaridan chetlashtirilgan mazkur farqlar LSQga aloqador emas.

LSQning shakliy tomoni. LSQ mohiyatan riyoziy tenglamaga o‘xshaydi va u butunlik sifatida tenglik belgisidan chap hamda o‘ng tomonlardan iborat bo‘ladi.

Yuqorida misol sifatida keltirilgan [ism qaratqich kelishigi → ism egalik qo‘shimchasi= qaratuvchi-qaralmish] LSQi ham ikki – [ism qaratqich kelishigi → ism egalik qo‘shimchasi] va qaratuvchi-qaralmish qismlaridan tashkil topgan.

LSQning chap, ya’ni [ism qaratqich kelishigi → ism egalik qo‘shimchasi] qismi uning shaklini tashkil etadi.

LSQning shakliy tomoni umumiylik xususiyatiga ega. Chunki u nutqda voqelangan cheksiz birikmalar umumiy shaklining sintezi. Xususiy shakl sifatida nutqiy so‘z birikmalari namoyon bo‘ladi. Demak, xususiy shakl deganda moddiy shaklda – so‘z va qo‘shimcha vositasida ifodalangan, o‘qilishi, yozilishi, aytilishi, eshitilishi mumkin bo‘lgan shakl tushuniladi.

LSQning mazmuniy tomoni. LSQning o‘ng tomoni uning mazmuniy jihati. Yuqorida keltirilgan [ism qaratqich kelishigi → ism egalik qo‘shimchasi = qaratuvchi-qaralmish] qolipining o‘ng, ya’ni mazmuniy qismini «lisoniy tobe qaratuvchi va hokim qaralmish orasidagi rang-barang munosabatlar» tashkil etadi. «Rang-barang munosabat» deganda har bir nutqiy so‘z birikmasidan anglashiladigan turli ma’no va munosabat tushuniladi. Masalan: mening kitobim – «qarashlilik» stolning oyog‘i – «butun-qism» e’tiborsizlik oqibati – «sabab-oqibat» yashashning zavqi – «holat va uning natijasi».

Birikmalarning o‘ng tomonida ularning xususiy ma’noviy belgisi ko‘rsatilgan. Ular qolipda «rang-barang ma’noviy munosabat» deya birlashtirilgan. Ma’lumki, ko‘pincha, ma’no deganda so‘z atayotgan narsa, predmet, miqdor, belgi kabilar haqidagi tushuncha ifodasi tushuniladi. Masalan, kitob leksemasi aytilganda, uning ma’nosi sifatida «varaqlardan tashkil topgan, bosma yoki qo‘lyozma holdagi asar» mohiyati tan olinadi. Lekin keltirilgan LSQ ma’nosi esa bunga o‘xshamaydi. Chunki kitob leksema bo‘lib, uning ma’nosi leksik. Lekin LSQ – sintaktik hodisa. Shu boisdan uning ma’nosi ham sintaktik bo‘lmog‘i darkor. Sintaksisda esa «tobe-hokim», «qaratuvchi-qaralmish», «to‘ldiruvchi», «hol», «ega», «kesim» kabi tushunchalar ahamiyatli bo‘lib, sintaktik munosabatni ifodalaydi. Bu munosabat esa sintaktik ma’no sifatida qaraladi. Nega yuqoridagi birikmalarning o‘ng tomonida keltirilgan «qarashlilik», «butun-qism», «sabab-oqibat», «holat – uning natijasi» kabilar LSQning mazmuni bo‘la olmaydi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. To‘g‘ri, ular birikmalarning ma’nolarini alohida-alohida aks ettiradi. Lekin LSQi bitta. [ism qaratqich kelishigi → ism egalik qo‘shimchasi = qaratuvchi-qaralmish] qolipining mazmuni esa cheksiz nutqiy hosilalarning ma’nolarini umumlashtiradi.

LSQning [ism qaratqich kelishigi → ism egalik qo‘shimchasi] shakliy tomoni birikuvchi so‘zlar munosabatidan umumlashtirganligi kabi mazmun tomoni ham nutqiy birikmaning alohida-alohida ma’nosini umumlashtirish natijasi bo‘lmog‘i lozim.

Ta’kidlash lozimki, o‘zbek tilshunosligida har bir gap bo‘lagi, so‘z birikmasining turli gap, matn va qurshovdagi ma’nolarini tavsiflashga ko‘p e’tibor qaratiladi. Masalan, (uyni qurmoq) birikmasida (uyni) so‘zshaklining, yoki to‘ldiruvchining ma’nosi «yaratiladigan, bunyod etiladigan narsa», (uyni buzmoq) birikmasidagi (uyni) so‘zshaklining ma’nosi «yo‘qotiladigan manba» tarzida ta’riflanadi. Lekin mulohaza yuritilsa, bu ma’nolar sintaktik emas, balki lug‘aviy bo‘lib, aslida (buzmoq) va (qurmoq) so‘zlariga xos ma’nolar. LSQ esa cheksiz so‘z birikmalarining umumlashmasi. Shu boisdan ularning mazmun tomoni ham cheksiz so‘z birikmalarining alohida-alohida ma’nolaridagi xususiy, farqli jihatlarni chetlashtirib, umumiy, o‘xshash tomonlarni ajratish asosida tiklanadi. Demak, umumiy, lisoniy ma’no xususiy jihatlarni idrok etish asosida birlashtirishdir. Xususiy ma’no, ya’ni har bir so‘z birikmasidagi tezda anglanadigan, ilg‘anishi oson bo‘lgan ma’no ular zamiridagi mohiyatni to‘sib turadi. Ana shu mohiyat anglanishi bilan tadqiqotchi ko‘rinib turgan ma’noning rang-barangligi «aldamchi» ekanligiga ishonch hosil qiladi.

LSQni ajratishning ahamiyati. Tabiatda sof narsa uchramaydi. Har bir modda turli-tuman narsalarning qorishmasidir. Biroq sof moddani ajratib olish maqsadida uzoq vaqtlar davomida tadqiqotlar olib borilgan. Shu tariqa tozalangan atom ximiya fanidagi buyuk «topilma» bo‘ldi. Bu D.Mendeleyev davriy jadvalida o‘z aksini topdi. Til hodisalarini ham «tozalangan» holda o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Tozalangan atomlardan tabiatda uchramaydigan, lekin zarur bo‘lgan turli-tuman sun’iy moddalar hosil qilinganidek, «tozalangan» LSQ ham boshqa «tozalangan» fonetik, leksik, morfologik hodisalar kabi, bugungi kunda tilni «mashinalashtirish», ya’ni kompyuter orqali matn tarjima qilish, tuzatish, tekshirish kabi zamonaviy «yumush»larda muhim qimmat kasb etadi.

2.§. Valentlik haqida tushuncha. Valentlik aslida ximiyaviy atama, tilshunoslikda lisoniy birliklarning yuzaga chiqmagan birikuvchanlik-biriktiruvchanlik imkoniyati sifatida qaraluvchi lisoniy hodisaga nisbatan qo‘llanadi. Valentlikning ximiyaviy tavsifi quyidagicha. Masalan, kislorod (O) atomi boshqa turdagi yana ikkita atomni biriktirish imkoniyatiga ega. Bu uning elektron qavatidagi ikkita atomning bo‘sh o‘rniga qarab belgilanadi. Suv molekulasi (N2O) da bu bo‘sh o‘rinlar to‘ldirilgan. Shuningdek, nafaqat kislorod, balki vodorod (N) ham valentlikka ega bo‘lib, uning bo‘sh o‘rni bitta. Demak, ko‘rinadiki, suv molekulasida kislorodning ham, vodorodning ham valentlik imkoniyati voqelikka aylangan bo‘lib, ular kislorodda biriktiruvchi, vodorodda esa birikuvchi tabiatga ega. Har ikkala atom (vodorod va kislorod) ham bir-biriga muvofiq bo‘lgandagina birikma hosil qilishi mumkin. Masalan, vodorod va oltin atomlari birikib, molekula hosil qila olmaydi.

Atomning valentligi ro‘yobga chiqmagan, namoyon bo‘lishi uchun sharoit talab etiladigan imkoniyat. Lisoniy birlik ham ana shunday birikish-biriktirish imkoniyatiga ega, u (ya’ni valentlik) ham lisoniy birliklarning o‘zi bilan muayyan til jamiyati a’zolari ongida yashaydi. Masalan, o‘qi leksemasi kishi ongida bir nechta bo‘sh o‘rniga ega holda mavjud bo‘ladi va nutqda voqelanib, bir vaqtda o‘ziga shuncha birikuvchini ham torta olishi mumkin. Uni chizmada quyidagicha tasavvur qilish mumkin (30-jadval):



30-jadval

Кim


o‘qidi


Nimani

Кimga

Qanday

Qachon

Nima bilan

Nima sababdan

Qancha

Bunda so‘roq olmoshlari o‘qi leksemasiga birikish imkoniyatiga ega bo‘lgan so‘zlarga ishora qiladi. Bu imkoniyat bevosita kuzatishda berilmagan bo‘lib, o‘qi leksemasining mohiyatida yashiringan. Lekin kitobni o‘qimoq, har kuni o‘qimoq, ko‘p o‘qimoq nutqiy birikuvlarida bu imkoniyatlar bitta-bitta voqelangan. Quyidagi birikuvlarning birinchisida bir vaqtning o‘zida bu imkoniyatdan ikkitasi, ikkinchisida esa uchtasi voqelikka aylangan, so‘z birikmasi hosil qilingan:

1) kitobni tez o‘qimoq;

2) kutubxonada kitobni tez o‘qimoq.


O‘qi leksemasining ongdagi birikish imkoniyati valentlik ekan, uning nutqiy voqelanishi sintaktik aloqa hisoblanadi. Demak, valentlik lisoniy, sintaktik aloqa esa nutqiy hodisa sifatida qaraladi. Ular lison va nutqning barcha qarama-qarshi belgilarini o‘zida aks ettiradi. Masalan, (31-jadval):

Valentlik

Sintaktik aloqa

Umumiylik

Alohidalik

Mohiyat

Hodisa

Imkoniyat

Voqelik

Sabab

Oqibat

yoki (32-jadval):



32-jadval

Valentlik

Sintaktik aloqa

Moddiylikdan xoli

Moddiylikka ega

Ijtimoiy

Individual

Takrorlanuvchan

Betakror

Lisoniy birlikning valentligini to‘ldiruvchi birlik aktant deb ham yuritiladi.

Yuqorida aytilganidek, kislorod atomi bilan birga vodorod atomi ham valentlikka ega bo‘lganligi kabi o‘qi leksemasiga birikuvchi leksema ham valentlikka ega. Biroq o‘qi leksemasi hokim, tortuvchi mavqeda bo‘lganligi sababli uning valentligi hokim valentlik, unga birikuvchi leksemaning valentligi esa tobe valentlik deyiladi.

Turli atom bir-biriga mos bo‘lgandagina birika olganligi kabi lisoniy birlik ham ma’no va grammatik jihatdan muvofiq bo‘lmog‘i lozim. Boshqacha aytganda, biriktiruvchi leksema birikishi lozim bo‘lgan leksemani nafaqat ma’no jihatdan, balki bir grammatik shaklda ham mos bo‘lishini ham talab qiladi. Shunga ko‘ra, valentlik lug‘aviy va sintaktik qatlamga ajraladi.

Lug‘aviy valentlik. Lug‘aviy valentlik biriktiruvchi leksemaning ma’noviy jihatdan o‘ziga mos birikuvchilarni tanlashi. Masalan, hangra leksemasi qush leksemasini o‘ziga torta olmaydi, qush leksemasi hangra leksemasidagi birorta ham bo‘sh o‘ringa tusha olmaydi. Chunki ularda ma’noviy muvofiqlik mavjud emas. Leksemalar bir-biriga ma’noviy mos bo‘lishi uchun ularning ma’no strukturalarida o‘xshash ma’no bo‘lakchalari – semalari bo‘lmog‘i lozim. Masalan, (33-jadval):

33-jadval


Qush

sayramoq

«parranda»

«ovoz chiqarish»

«uchadigan»

«qushlarga xos»

«sayray oladigan»




Кo‘rinadiki, qush leksemasi ma’no tarkibidagi «sayray oladigan» ma’no bo‘lakchasi sayramoq leksemasida va undagi «qushga xos» ma’no bo‘lakchasi qush leksemasida mavjud. Bu ularning birikma hosil qilishiga asos bo‘la oladi.

Endi qush va hangra leksemalarini shu tarzda qiyoslab ko‘raylik (34-jadval):


Qush

hangramoq

«parranda»

«ovoz chiqarish»

«uchadigan»

«eshakka xos»

«sayray oladigan»




Bu leksemalarda, yuqoridagidek, ma’noviy moslik kuzatilmaydi. Shu boisdan hangramoq leksemasi valentligini to‘ldirish uchun qush leksemasini o‘ziga torta olmaydi, qush leksemasi esa hangra leksemasidagi bo‘sh o‘rinni to‘ldira olmaydi.

Leksemaning valentliklari tor yoki keng bo‘lishi mumkin. Masalan: hangramoq leksemasining nima so‘rog‘iga javob bo‘ladigan valentligi to‘ldiruvchisi – eshak, xo‘tik, hangi leksemalari. kishnamoq leksemasining bunday valentligini to‘ldiruvchi unsurlar – ot, toy, bedov, saman leksemalari. Ba’zan birikuvchi yoki biriktiruvchi leksemalar ma’nolari muvofiq bo‘lmagani holda ular nutqda birikuv hosil qilishi mumkin. Masalan, Artist «hangradi» kabi. Bunda endi me’yoriy valentlik buzilgan holda namoyon bo‘lib, ko‘chma, obrazli ma’no yuzaga chiqadi. Lekin bu sof nutqiy hodisa, hangra va artist leksemalarining lisoniy mohiyatidan joy olmagan. Chunki artist leksemasining ma’no tarkibi «san’atkor», «qo‘shiqchilikteatrga xos» semalari bo‘lib, unda «hangra» semasi yo‘q, hangramoq leksemasi «eshakka xos», «ovoz chiqarish» ma’no tarkibiga ega, unda «san’atkor», «qo‘shiqchilikka xos» ma’no bo‘lakchalari mavjud emas.

Lug‘aviy valentlikni ot va fe’l turkumidan olingan namuna asosida dalillashga harakat qildik. Lekin lisoniy-lug‘aviy valentlik nafaqat ot yoki fe’lga, balki boshqa so‘z turkumlariga ham xos.

Sintaktik valentlik. Sintaktik valentlik leksema valentligining ikkinchi tomoni, u hokim mavqedagi leksemaning tobe leksemalarni o‘ziga tortish uchun ularning ma’lum bir sintaktik shaklda – kelishik, ko‘makchi, ravishdosh, sifatdosh qo‘shimchasini olishini talab qilishi. Bu hokim leksemaning sintaktik mavqei, grammatik shakli tomonidan belgilanadi. Masalan, Xatni yozdi, Xat yozildi sintaktik qurilmalaridagi (xatni) va (xat) so‘zlarining grammatik shakli bosh so‘zning grammatik shakli bilan belgilangan.

Sintaktik valentlik lug‘aviy valentlik bilan zich bog‘langan, biri o‘zgarsa, ikkinchisi ham o‘zgaradi, biri yo‘qolsa, ikkinchisi ham bo‘lmaydi. Masalan, yetakla leksemasi jo‘nalish kelishigidagi otni o‘ziga tortmaydi (Halimga yetakla tarzida). Lekin yetakla leksemasi orttirma nisbat shakli -t bilan shakllansa, (Halimga) so‘zshakli unga tortila oladi. Bunda yetakla leksemasining sintaktik valentligi o‘zgardi.

Lug‘aviy va sintaktik valentlik o‘zaro bog‘liq bo‘lsa-da, ular tez-tez o‘zgarishga uchrab turadi. Masalan, Ashulachi «hangradi» birikuvida sintaktik valentlik o‘zgarmasdan voqelangan, ammo lug‘aviy valentlik yangilangan holda yuzaga chiqqan. Bunday hol ko‘chma ma’no yuzaga chiqqanidan dalolat beradi. Xat yozildi, Xatni yozdi birikuvlarida ma’noviy valentlik joyida, biroq sintaktik valentlik o‘zgargan. Bu turlicha sintaktik shakllar voqelanganligini ko‘rsatadi. Biroq aytilgan har ikkala o‘zgarish ham bir yoqlama – yo ma’noviy, yo sintaktik tabiatga ega. Agar o‘zgarish birdaniga ikki tomonlama – ham lug‘aviy, ham sintaktik bo‘lsa-chi? Bunda derivatsiya sodir bo‘ladi. Dalil sifatida ochmoq fe’lining lug‘aviy va sintaktik valentliklarini aniqlash orqali bunga amin bo‘lish mumkin:

1. Tergovchi jinoyatni ochdi.

2. Jinoyat tergovchi tomonidan ochildi.

3. Amerikani Vespuchchi ochdi.

4. Gul ochildi.

1- va 2-misolda ochmoq fe’li valentliklarini to‘ldiruvchi so‘z (tergovchi) ning ma’nosi o‘zgarmagan, lekin sintaktik shakli (tergovchi – bosh kelishikda, tergovchi tomonidan – ko‘makchili) o‘zgargan. Demak, ochmoq leksemasining ma’noviy valentligi o‘zgarishsiz saqlangan, sintaktik valentligi o‘zgargan. Bu o‘zgarish ochmoq fe’liga -il majhul nisbat qo‘shimchasi tomonidan kiritilgan. 3-misolda esa fe’lning sintaktik valentligi o‘zgarishsiz qolgani holda ma’noviy valentlik o‘zgarishga uchragan. Chunki Amerika so‘zining ma’nosi ochmoq fe’li ma’nosiga muvofiq kelmaydi. Ammo sintaktik shakli mos. 4-misolda esa ham ma’noviy, ham sintaktik valentliklar butkul o‘zgargan. Chunki gul so‘zi ochmoq fe’liga ma’noviy jihatdan mos emas. Bundan tashqari, birikuvchi so‘zning sintaktik shakli (gul – bosh kelishik) ochmoq fe’lga -il qo‘shimchasi qo‘shilishi natijasida o‘zgarishga uchragan.

Demak, ma’lum bo‘ladiki, leksemaning lisoniy valentligi ikkiyoqlama, ma’noviy tomoni unga qanday leksema birika olishi me’yori, chegarasini ko‘rsatsa, sintaktik tomoni birikuvchi so‘zning qanday grammatik qo‘shimchani olishini belgilaydi.

Grammatik shakl valentligi. Leksemaga grammatik shakl qo‘shilganda ularning birikuvchilari sirasida jiddiy o‘zgarish yuz beradi. Shoirman so‘zshakli – -man shaxs-son qo‘shimchasi bilan birikmasdan oldin, ya’ni shoir leksemasi sifatida men olmoshi bilan birikish ehtiyojiga ega emas edi. Shaxs-son ma’nosini ifodalovchi (-man) qo‘shimchasini qabul qilgach, shunday ehtiyoj tug‘ildi. Bu ehtiyoj, zarurat -man qo‘shimchasida mujassam, u II shaxs birlik son shaxs/son qo‘shimchasining sintaktik ehtiyoji, kengayish talabi, ya’ni valentligi.

Grammatik shakl o‘zi qo‘shilib kelgan leksemaning lisoniy (ma’noviy va sintaktik) valentligini yo kengaytiradi, yoki cheklaydi. Masalan, egalik qo‘shimchasi o‘zi qo‘shilib kelgan ism turkumiga mansub so‘zga qaratqich kelishigi shaklida turgan boshqa ism bilan qaralmish-qaratuvchi aloqasiga kirishish imkoniyatini beradi. Demak, o‘zi qo‘shilib kelgan so‘zning sintaktik imkoniyatini kengaytiradi. So‘zshakl ma’noviy va sintaktik valentligi shu so‘zshakl uchun asos bo‘lgan leksema lisoniy valentligidan keng. Shunday hodisani orttirma nisbat morfemasi bilan o‘timsiz fe’l leksema birikishida ko‘rish mumkin. Qiyoslang: Mashina yurdi. Bola uxladi. uxla, yur fe’llari vositasiz to‘ldiruvchi bilan birika olmaydi. Lekin Haydovchi mashinani yurgizdi, Ona bolani uxlatdi me’yoriy birikma. Vositasiz to‘ldiruvchi bilan birika olish valentlik qobiliyatini yur, uxla leksemalariga orttirma nisbat morfemasi berdi, boshqacha aytganda, bu fe’lga qo‘shilib kelgach, u morfema o‘z valentligini olib keldi. Ayrim grammatik shakl o‘zi qo‘shilib kelgan leksemaning lisoniy valentligini toraytiradi.

Masalan, majhul va o‘zlik nisbat shakli o‘timli fe’lni o‘timsizlashtiradi, uning vositasiz to‘ldiruvchi bilan birikish imkoniyatini cheklaydi. Bunga amin bo‘lish uchun kitob leksemasining grammatik shaklsiz va grammatik shakllangan holatida valentlik imkoniyatini taqqoslash kifoya (35-jadval):



35-jadval

Qiziq



кitob


Кatta

Badiiy

O‘nta

Кo‘p

Qiziq


кitobcha


Qiziq

Qiziq

O‘nta

Кo‘p

Ayon bo‘ladiki, yuqoridagi jadvalda kitob leksemasining birikuv imkoniyati ko‘plik son shakli -lar va kichraytirish qo‘shimchasi -cha hisobiga toraygan. Quyidagi gaplarda esa leksemaning biriktirish imkoniyati kengayganligiga amin bo‘lamiz: 1. Halim kitob o‘qidi. 2. Halim ukasiga kitob o‘qitdi.



3.§. Sintaktik aloqa. Mustaqil so‘zlarning nutq jarayonidagi erkin bog‘lanishi sintaktik aloqa deyiladi: Suvlar tiniq, toza havo. Sintaktik birlik bir necha a’zoli bo‘ladi. Faqat gap bir a’zoli bo‘lishi mumkin. Nutqda so‘zlarning bir-biri bilan bog‘lanishi har bir tilning LSQ, leksemaning birikish imkoniyati asosida sodir bo‘ladi.

So‘zning sintaktik munosabatga kirishuvi natijasida hosil bo‘lgan sintaktik qurilma so‘z qo‘shilmasi deyiladi. Bu so‘zning bir-biriga ergashishi (a’lochi o‘quvchi) yoki tenglashishi (olma va anor) shakllarida bo‘lishi mumkin. A’lochi o‘quvchi birikmasida bir so‘z ma’noviy qobiliyatini namoyon qilish uchun boshqasiga ehtiyoj sezadi. Aniqrog‘i, o‘quvchi uzvi izohlanishga muhtoj. Shu boisdan a’lochi so‘zi unga ergashib, izohlab keladi. Bu tobelanish aloqasi. Tobelanish aloqasi natijasida so‘z birikmasi va gap hosil bo‘ladi: tiniq suv, Halim o‘qidi. O‘zbek tilida keyin kelib, ma’nosi izohlanayotgan so‘z hokim (bosh) so‘z, hokim so‘zga ergashish yo‘li bilan bog‘lanib, uning ma’nosini izohlaydigan so‘z tobe (ergash so‘z) deyiladi. Tiniq suv, Halim o‘qidi birikuvlarida tiniq va halim so‘zlari tobe, suv va o‘qidi so‘zlari – Hokim a’zo.

Nutqda so‘zlarning barchasi ham tobe aloqada bog‘lanavermaydi. So‘zlar olma va anor, nok va anjir, o‘qidi va yozdi shaklida biri ikkinchisiga bo‘ysunmay, teng holda ham bog‘lanishi mumkin. Bu so‘z qo‘shilmalari a’zolari teng huquqli bo‘lib, biri ikkinchisining ma’nosini izohlamaydi.

Demak, so‘zlar orasidagi aloqa ikki xil: tenglashish va tobelanish. Ular esa uch xil hosilani beradi: so‘z birikmasi, so‘z tizmasi va gap. Tenglashish aloqasi asosida so‘z tizmasi hosil bo‘lsa, tobelanish aloqasi asosida so‘z birikmasi va gap shakllanadi. 430


So‘z tizmasi. So‘z tizmasi (olma va anor) teng huquqli a’zolardan tashkil topadi. Ular orasida tobelik bo‘lmaydi. Shunga muvofiq, so‘zlar orasida bir-birini izohlash, to‘ldirish hodisasi ham yo‘q. So‘z tizmasi tashkil etuvchilarining o‘rnini almashtirish ham mumkin: anor va olma. Bu ularning sintaktik mavqei va ma’nosiga putur yetkazmaydi. So‘z tizmasidagi a’zolar birgalikda boshqa so‘zga tobelanib, uni aniqlashi (oq va sariq gullar) yoki boshqa so‘z tomonidan izohlanib, birgalikda hokim a’zo bo‘lib kelishi mumkin (shirin olma va anor). Shuningdek, so‘z tizmasidagi har bir a’zo o‘ziga xos tobe uzvlarga ham ega bo‘lishi mumkin (o‘qiyotgan bola va yozayotgan qiz). Uni chizmada quyidagicha berish mumkin:

bola va qiz


o‘qiyotgan yozayotgan



So‘z tizmasi a’zolari teng bog‘lovchilar yordamida yoki bog‘lovchi vositasiz, faqat ohang yordamida bog‘lanishi mumkin: bola, qiz kabi. So‘z tizmasi a’zolari, asosan, bir so‘z turkumiga mansub leksemalar voqelanishi bo‘ladi: olma (ot) va anor (ot). Ba’zan ular turli turkumdan ham bo‘ladi: Halim (ot) va men (olmosh).

Tavsiya etiladigan zarur adabiyotlar

  1. Ne‘matov H. va b. O‘zbek tili struktural sintaksisi. -T.: Universitet, 2000.

  2. G’ulomov A., Asqarova M. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. Sintaksis. -T., 1989.

  3. O‘zbek tili grammatikasi. II tom. Sintaksis. - T.: Fan, 1975. - 548 b.

  4. Fanning elektron majmuasi. “ZIYO-NET’ – o‘збек тили бo‘лими/

  5. B.Bahriddinova. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. Sintaksis. – Nasaf, 2009.

  6. Mengliyev B. O‘zbek tilining struktur sintaksisi –Qarshi.,2003. O‘quv qo‘llanma. QDU IK tas.

  7. Sayfullayeva R., Mengliyev B. va b. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. -T., 2010. O‘quv qo‘llanma. O‘zMU IK tas.

  8. Raximov S., Umirqulov B. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. 1-qism. T.: O‘qituvchi, 2003. Darslik. O‘z R OTV tas.

  9. Jamolxonov N. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. 1-qism. T.: O‘qituvchi, 2005. Darslik. O‘z R OTV tas.

  10. Mengliyev B.M., Sh.Shoyqulov va b. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. 3-qism. -Qarshi, O‘quv qo‘llanmaning elektron versiyasi. 2004. QDU IK tas.

Download 31.68 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling