7-mavzu. Xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish
Reja:
Xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish qoidalari
Tanlov talabi va tartibi.
Tanlov natijalarini rasmiylashtirish
Tanlov natijalarini kengashda ko’rib chiqish va bayonnomadan ko’chirmani taqdim etish.
Xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish qoidalari
Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yo‘llaridan biri xodimlar bilan ishlashni iqtisodiy taraqqiyotning yangi shartsharoitlariga muvofiq holga keltirishni taqozo etmoqda.
Shu munosabat bilan boshqaruv xodimlarini tanlash va joy-joyiga
qo‘yishni takomillashtirish, bu ishga yangicha yondashuvlarni
shakllantirish muammosiga alohida e’tibor berish zarur. Xodimlarni tanlash ko‘pincha ko‘rsatilayotgan nomzod muayyan lavozimi bo‘yicha xizmat vazifalariga mos kelishini o‘rganish jarayoni deb ta’riflanadi.
Xodimlarni tanlash jarayoni quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
● ehtimol tutilgan nomzodlar to‘g‘risida axborotlar to‘plash;
● olingan axborotlarni muayyan sistema bo‘yicha ishlab chiqish;
● nomzodlarning zarur fazilatlariga baho berish va ularning
har biriga tavsifnomalar tuzish;
● nomzodlarning jami fazilatlarini hamda ushbu lavozim
bo‘yicha vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan talablarni qiyoslash;
● bir lavozimga tavsiya etilgan bir necha nomzodlarni taqqoslash va lavozim bo‘yicha vazifalarni bajarish uchun eng munosibini tanlash;
● nomzodlarni lavozimga tanlash yoki tasdiqlash.
Xodimlarni tanlash jarayoniga saylov tarkibini tobora kengroq joriy etish yo‘li bilan bunga hammadan ko‘ra yaxshiroq erishish mumkin.
Xodimlarni tanlash jarayonining yangi jihatini lavozimga tanlash uchun ko‘rsatilgan nomzodlar to‘g‘risida jamoa fikrini aniqlash deb ta’riflash mumkin. Xodimlarni tanlash jarayonida bu jihat jarayonining yakunlovchi bosqichi – lavozimga tanlashdan oldin bo‘lishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 10-fevraldagi 20-son Qarori bilan “Oliy ta’lim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi. Nizom Chuqur kasbiy bilimlarga va ilmiy yutuqlarga, ijodiy, ilmiy salohiyatga, yuksak intellektual qobiliyatlar va axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi talablari darajasida mutaxassislar tayyorlash bilan shug‘ullanishga munosib bo‘lgan eng malakali pedagog kadrlarni tanlash uchun raqobat muhitini yaratish va ta’minlash maqsadida ishlab chiqildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |