8 – mart “Xotin-qizlar bayrami”
Download 28 Kb.
|
8 mart
AYOLLARNI E’ZOZLASH VA ULARGA HURMAT EHTIROM KO’RSATISH O’ZBEK XALQINING ULUG’ FAZILATIDIR Bahor — bayramlar bilan boshlanadi. Ko‘klamning ikkinchi haftasida — 8 martni nishonlaymiz. Xo‘sh, munis onalarimiz, xotin-qizlar bayramini nishonlashimizning sababi nimada? Nega ayollar bunchalik ulug‘lanadi? Xuddi shu kuni butun dunyo ayollari bayram qiladilarmi yoki... Bu savollarga javob topish uchun tarixga nazar tashlaymiz. Ma’lumotlarga ko‘ra, “ayol” arabcha so‘z bo‘lib, “oila” kalimasi bilan o‘zakdoshdir. Biroq 8 martga nisbatan “ayol” so‘zi emas, balki xotin-qizlar degan so‘z keng qo‘llaniladi. Bu kun o‘tmishiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, xotin-qizlar bayrami ularning o‘z huquqlari uchun kurashish kunidan kelib chiqqaniga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Ya’ni, 1857 yil 8 mart kunida Nyu-Yorkning poyafzal hamda tikuv fabrikasi ishchi xotin-qizlari manifestga yig‘iladilar. Ular 10 soatlik ish kuni, yorug‘ va quruq ish xonalari hamda erkaklar bilan bir xil maosh olishlarini talab qilib chiqadilar. Xuddi shu kunda Nyu-Yorkdagi yuzlab ayollar namoyishlarga chiqib, saylash huquqini ham talab qiladilar. Chunki o‘sha paytlarda juda kam maosh oluvchi ayollar kuniga 16 soat ishlaganlar. Erkaklar esa turli chiqishlari orqali 10 soatlik ish kunini qo‘lga kiritganlar. 8 martdagi xuddi shu voqeadan so‘ng ayollar tashkiloti tuziladi va birinchi marta xotin-qizlar unga a’zo bo‘ladilar. Biroq bu kun birinchi marta 1891 yil 19 martda Avstriya, Daniya, Germaniya va Shveytsariyada xotin-qizlar bayrami sifatida nishonlandi. O‘shanda milliondan ortiq erkak va ayollar manifestlarda ishtirok etadilar. Saylash va joylarni boshqarish huquqidan tashqari, ayollar erkaklar bilan bir qatorda teng huquqli bo‘lishga harakat qiladilar. 1910 yil Kopengagenda o‘tgan xalqaro konferentsiyada 8 mart sanasini xalqaro xotin-qizlar kuni sifatida nishonlash taklifi ko‘tarildi. Shundan so‘ng ko‘pgina mamlakat ayollarining jamiyatda faollashuvi boshlanadi. Ular kambag‘allikka qarshi, mehnat huquqiga, hurmatiga ega bo‘lish, tinchlik uchun kurash olib boradilar. Rossiyada esa xalqaro xotin-qizlar kuni birinchi marta 1913 yil Peterburgda bayram qilindi. Rossiya Dumasiga ayollar muammosi bo‘yicha ariza berildi va hukumat a’zolari 1913 yil 2 martda bir yarim ming aholini yig‘ib, bu masalani hal etishga ruxsat berdi. Unda ayollarning saylash huquqi, onalikni davlat tomonidan ta’minlash va muhofaza qilish masalalari ko‘rib chiqildi. Keyingi yilda esa Yevropaning ko‘pgina mamlakatlarida ayollar urushga qarshi namoyishlar uyushtiradilar. 1917 yil fevral oyining oxirgi yakshanbasida Rossiya ayollari “Non va tinchlik” shiori ostida ko‘chaga chiqdilar. To‘rt kundan keyin esa Nikolay II ayollarga saylash huquqini berishni va’da qildi. Bu kun Yulian yilnomasida 23 fevral hamda Grigorian yilnomasi bo‘yicha 8 martda nishonlana boshlandi. 8 mart xalqaro xotin-qizlar kuni 1965 yildan boshlab dam olish kuni deb belgilandi. Shu kunda hukumat tantanali tadbirlarda ayollarga nisbatan davlat siyosatining amalga oshirayotgan ishlari to‘g‘risida hisobot berardi. Asta-sekin xalqaro xotin-qizlar kuni ayollarning o‘z huquqlarini talab qilganliklari uchun emas, balki ularni qadrlash, hurmat qilish va e’zozlash kuni sifatida nishonlana boshlandi. Sobiq sho‘ro ittifoqi barham topgandan so‘ng 8 mart — xalqaro xotin-qizlar bayrami MDH davlatlari: Ozarboyjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldaviya, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina, Belorussiya, O‘zbekistonda bayram qilinadi. Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, MDHdan tash-qari ushbu bayram asosan G‘arb davlatlarida nishonlanadi. Xo‘sh, Sharqda-chi? Sharqda ham bu bayram o‘zgacha tarzda nishonlanadi. Masalan, Yaponiyada xuddi shunga o‘xshash bayram mavjud. Lekin u xotin-qizlar emas, balki faqatgina qizlar (Xina Matsuri) bayramidir. Bu ayyomni qo‘g‘irchoqlar bayrami deb ham atashadi. Bayram 3 martda o‘tkazilib, barcha yapon qizlariga baxt va sog‘lik tilaydi. Yaponlar qizi bor uy ostonasidagi qizil javonga chiroyli kiyintirib qo‘yilgan qo‘g‘irchoqni qo‘yishadi. Mamlakatning ba’zi joylarida esa qog‘ozdan yasalgan qo‘g‘irchoqlarni suvga tashlaydilar. Bu bilan suvga tashlangan qog‘oz-qo‘g‘irchoq o‘zi bilan baxtsizlik va kasallikni ham olib ketsin, deyiladi. Qizlarga atalgan qo‘g‘irchoqlar odatda vasiyat qilib qoldirilgan bo‘ladi. Chunki bu qo‘g‘irchoqlar juda qimmat bo‘lib, narxlari 1000 AQSh dollaridan kam bo‘lmaydi. Ular bir oy davomida ostonada turib, keyingi yil uchun yana yig‘ishtirib qo‘yiladi. Download 28 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling