8-mavzu: Media kontent yaratish va undan foydalanish. Media matnlarni yaratish Reja


Media va axborotni yaratish hamda undan foydalanish


Download 25.98 Kb.
bet2/4
Sana15.11.2023
Hajmi25.98 Kb.
#1776097
1   2   3   4
Media va axborotni yaratish hamda undan foydalanish
MAS yosh jurnalistlarni media va axborot platformalari bilan o‘zaro munosabatga kirishish, kasbiy muloqot hamda kontentni tayyorlash bo‘yicha zarur kompetensiyalar bilan ta’minlaydi. Ushbu ko‘nikma va qobiliyatlar sirasiga xalqaro standartlar va madaniyatlararo bag‘rikenglikni e’tiborga olgan holda media va axborot axloq-odobi tamoyillarini o‘zlashtirish kiradi.
MAS materiallari va vositalarini saralash, moslashtirish va/yoki yaratish qobiliyati jurnalist uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmadir. OAVning bo‘lajak mutaxassisida mustaqil ravishda mediaresurslar yaratish ko‘nikmasi shakllanishi ham juda muhim, chunki bu narsa uni mediatadqiqotlar olib borishga undaydi va kasbi doirasida tanqidiy fikrlashni rivojlantiradi.
Foydalanuvchi kontenti ham yangi, ham an’anaviy medialarga diqqatni jalb etishning asosiy omili bo‘lib bormoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarning boshqa foydalanuvchilari bilan o‘zaro munosabatga kirishish yoshlarning Internetni turli platformalarda qo‘llashga undovchi asosiy sabablardan biriga aylanmoqda. Shu ma’noda O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar va boshqa mobil media imkoniyatlarini fuqarolarning jamiyat hayotida hamda millat taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etuvchi ijtimoiy va siyosiy masalalar yuzasidan ijtimoiy muloqot-munozaralarda faol ishtirok etishini ta’minlash nuqtai nazaridan yanada faollashtirish zarur.


Media va ijodkor yoshlar
Media turli ideal, qadriyat va dunyoqarashlarni taklif etadi. Kasbiy nuqtai nazardan, yoshlar taqdim etilayotgan media modellar orqali o‘zining ijodiy qiyofasini belgilab oladi, turli mass-medialarda yetakchilik qilayotgan ustoz-jurnalistlar imiji bilan o‘zini qiyoslab ko‘radi. Teleko‘rsatuv, ijtimoiy media va kontentning boshqa ko‘rinishlari vositasida ijodkor yoshlar shaxsiy kontenti orqali o‘z qadriyatlarini va olam bilan munosabatlarini shakllantiradi.
Yaratilayotgan mediaresurs orqali ular o‘z tengdoshlariga ta’sir ko‘rsatishi, ijtimoiy xulq-atvor va xatti-harakatning ma’lum modellarini taklif etishi mumkin.
Ijodkor yoshlar mediakontenti o‘zlikni anglash va dunyoqarashni shakllantirish omili sifatida
Ijodkor yoshlar boshqa tengdoshlaridan o‘zini namoyon etishga bo‘lgan alohida intilishi bilan ajralib turadi. Ushbu jihat ular shaxsi va kasbiy dunyoqarashining shakllanishida muhim ahamiyatga ega. Medialar esa ular turli rollar, modellar va tajribalar vositasida o‘zining maqsad sari intilishini ko‘rsatish uchun universal makon sifatida xizmat qiladi. Bu o‘rinda gap ijodkor shaxs mustaqilligi, fikr va his-tuyg‘ularining anglanganligini nazarda tutuvchi o‘zlik haqida bormoqda. Shuning asosida ijodkor yoshlarda izchil tarzda yuqori darajadagi mustaqillik, o‘zini anglash va aniq natijalarni ko‘zlash asosida yuzaga keluvchi tanqidiy tafakkur shakllanadi.
Shubhasiz, yoshlarning o‘ziga baho berishi va o‘zligini anglashi tashqi ta’sirlardan holi bo‘lmaydi. Media ularga o‘ziga xos tarzda bosim o‘tkazadi. Chunki odatda, ular o‘zini namoyon etayotgan mediaresurs boshqalarning mehnati mahsuli ham bo‘lishi mumkin. Bunday holatda o‘z ichiga turlicha yo‘nalish va mazmundagi qadriyatlarni olgan mediaxabarlarni tanqidiy ko‘rib chiqish ko‘nikmasining mavjudligi muhim. Mediata’lim ijodkor yoshlarning ongini, o‘ziga va atrofdagilarga bo‘lgan munosabatini rivojlantirishda, o‘zini olamning bir qismi sifatida tasavvur etishida turli imkoniyatlarni taklif etadi.
Bu o‘rinda ularning o‘zlikni namoyon etishning qudratli vizual vositasi bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlar faoliyatiga aralashuvi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, ularda taniqli mediashaxslarga taqlid qilishni emas, balki yosh o‘zining fe’l atvorini, kasbiy qiyofasini, ijodiy “men”ini yaratish va mustahkamlashga xizmat qiladigan shaxsiy xatti-harakat modelini shakllantirish muhimdir.
Yosh jurnalistning ijodiy qiyofasi shakllanishiga qahramonlar timsollarining ta’siri Shubhasiz, ijodkorning shaxsiyati shakllanishida qahramon timsollari muhim ahamiyat kasb etadi. Ammo ularning ta’siriga haddan ziyod tushib qolish ham shaxsiy “men”ning rivojlanishini cheklab qo‘yadi. Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning “Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch” asaridan quyidagi fikrlarini keltirish o‘rinli bo‘ladi: “Ma’lumki, har qanday kasallikning oldini olish uchun, avvalo, kishi organizmida unga qarshi immunitet hosil qilinadi. Biz ham farzandlarimizni Vatanga muhabbat, boy tariximizga, ota–bobolarimizning muqaddas diniga sadoqat ruhida tarbiyalash uchun, ta’bir joiz bo‘lsa, avvalo ularning qalbi va ongida mafkuraviy immunitetni kuchaytirishimiz zarur. Toki yoshlarimiz milliy o‘zligini, shu bilan birga, dunyoni chuqur anglaydigan, zamon bilan barobar qadam tashlaydigan insonlar bo‘lib yetishsin”
Sog‘lom tafakkur yosh avlodga medialarning atrofidagilarga, ularning xatti-harakati va intilishlariga qanday ta’sir ko‘rsatishini to‘g‘ri anglab yetishiga yordam beradi. Shu bois, yosh jurnalist mediaqahramonlar timsolini qabul qilishda xuddi badiiy asar qahramonlarida bo‘lgani kabi ham ijobiy, ham salbiy jihatlar mavjudligini anglab yetishi zarur. Xususan, qahramonlar fe’l-atvorining mediakontentdagi talqini retsipiyentning o‘ziga bo‘lgan ishonchini orttirishi ham, aksincha, o‘zi va boshqaning timsolini o‘z nuqtai nazaridan baholash qobiliyatini yo‘qqa chiqarishi ham mumkin. Shu tufayli yosh jurnalist doimiy ravishda o‘z ijodiy “men”ini takomillashtirishi uchun tinmay mehnat qilishi talab etiladi.
Media muayyan hissiyotlarni shakllantiradi
Medialar ma’lum bir hissiy tajribani shakllantirish va rivojlantirish uchun qulay maydoncha vazifasini o‘taydi. Ularni ongli ravishda, masalan, ma’lum bir hissiy (ya’ni uning asl mohiyatiga mos) holatga kirish uchun ham qo‘llash mumkin. Buning uchun yosh jurnalist media yuzaga keltiradigan hissiy samaralarni anglashni va tasniflashni o‘rganishi zarur.
Agar boshlovchi jurnalist mediakontentni adekvat tarzda qabul qilishga tayyor bo‘lsa, medianing unga hissiy ta’siri ijobiy bo‘lishi shubhasiz. Agar u media yuzaga keltiradigan hissiyotlar tabiatini tushunishga ruhiy, aqliy va jismoniy jihatdan tayyor bo‘lmasa, u shaxsiy mediakontenti vositasida o‘z retsipiyentlarini ma’lum bir xavfga qo‘yishi yoki ularning ongini manipulyatsiya qilishi (boshqarishi) mumkin. Jurnalist surishtiruvlari, dolzarb mavzulardagi reportajlar, kun qahramonlari (xoh ijobiy, xoh salbiy bo‘lsin) bilan intervyular muallifga auditoriyada dahldorlik, qiziquvchanlik va hamdardlik hislarini yuzaga keltirish imkonini beradi. Muallif auditoriyaning umumlashgan nuqtai nazarini bayon etganda ana shu hamdardlik va dahldorlik hislari yanada kuchayadi.
Zo‘ravonlik va media
Mediakontent yuzaga keltiradigan hissiyotlar o‘z tabiatiga ko‘ra turlicha bo‘ladi. Ammo bu ma’noda ta’siri darajasi borasida individuallashgan zo‘ravonlik mavzusi alohida o‘rin tutadi. Masalan, militsiya haqidagi seriallar, kriminal lavhalar, qonli sahna va detektivlarning muttasil namoyish etilishi tajovuzkorlikni yuzaga keltirishi, eng yomoni, auditoriyada zo‘ravonlikka moyillik hissini shakllantirishi mumkin. Shuning uchun ham yosh jurnalistlardan shaxsiy mediakontentni yaratish jarayonida uning auditoriyaga qanday ta’sir ko‘rsatishini oldindan ko‘ra bilishi talab etiladi.
Medialar o‘z-o‘zidan tajovuzkor xatti-harakatni shakllantirmaydi. Muammo voqelikni bir yoqlama talqin etilishida hamda yoshlarning bunga parallel ravishda virtual urush o‘yinlari, qirg‘inbarotga asoslangan ko‘ngilxushliklar, blokbasterlar, reklamalar va h.k.larga berilib ketishida namoyon bo‘ladi. Sanab o‘tganlarimiz yoshlarda zo‘ravonlik va tajovuzkor xatti-harakatlarning yuzaga kelishini kuchaytiradi. Sababi ular bu kabi mediamatnlar ta’siri ostida mojaroli vaziyatlarga yechim topishning yagona to‘g‘ri yo‘li va vositasi zo‘ravonlik degan xulosaga keladi.
Shu bois, masalan, fojeali voqea yoki davlatlar o‘rtasidagi nizolarga bag‘ishlangan hujjatli film tayyorlayotgan jurnalistlar o‘rta yo‘lni tanlab, ushbu voqealardan jabr ko‘rganlarning holatini ham, mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishga urinayotganlarning intilishini ham ko‘rsatib berishi lozim bo‘ladi.
Kontentning maqsadli auditoriyasi, foydalanuvchilari, uni ishlab chiqaruvchi hamkorlar
Mediaauditoriya – OAVning, shuningdek ommaviy axborot taqdim etuvchi boshqa manba va yetkazib beruvchilarning mahsulotidan har kuni foydalanadigan aholi, bolalar va kattalar hisoblanadi. Mediaauditoriyani o‘rganishning ikkita an’anaviy usuli mavjud. Birinchi usulda mediamahsulotdan foydalanuvchi barcha iste’molchilar, yoki media va kommunikatsiya sanoati o‘zi uchun “maqsadli auditoriya” deb hisoblaydiganlar o‘rganiladi. Ikkinchi yondashuv esa qabul qilish nazariyasiga asoslangan, ya’ni auditoriya tarkibiga media va axborotni qabul qilish va talqin etishning faol ishtirokchilari kiritiladi. Bundan tashqari, ushbu maqsadlarda faoliyat nazariyasi ham qo‘llaniladi, ya’ni media bilan faol o‘zaro hamkorlik va ishtirok tahlil qilinadi. Ayniqsa, iste’molchilar tomonidan kontent yaratilishi o‘rganilganda shu jihatga alohida e’tibor qaratiladi.
Maqsadli auditoriya o‘z ichiga yoshi, daromadi miqdori yoki qiziqishlari kabilarga ko‘ra umumiy tavsiflarga ega bo‘lgan o‘quvchi, tomoshabin va tinglovchilarni qamrab oladi. Bular aniq guruh bo‘lib, unga mo‘ljallab media va boshqa tashkilotlar kontent yaratadi va o‘z yangiliklarini taklif etadi. Masalan, reklama beruvchilar o‘ziga muayyan auditoriyaga chiqish (ta’sir ko‘rsatish) imkonini beradigan efir vaqti yoki joyni sotib olishdan manfaatdor bo‘ladi. Xususan, televideniye sohasida reklama beruvchilar praym-taym (eng qiziqarli dasturlar efirga uzatiladigan) vaqtini sotib olishni ma’qul ko‘radi.
Har safar mediamatnni o‘qigan yoki tinglagan vaqtimizda bizga ma’lum bir medianing maqsadli auditoriyasi sifatida qarash mumkin. Bizning munosabatimiz shaxsiy ijtimoiy bilim va tajribamizga tayanadi, biz ularni mazkur matnni anglash jarayonida qo‘llaymiz. Biz mediadan xabar yoki axborot qabul qilganimizda uni o‘z dunyoqarashimiz va mafkuramizdan kelib chiqqan holda talqin etamiz.
Shunday bo‘lishi ham mumkinki, matnning ma’lum bir qismini qabul qilish, boshqa unsurlarini rad etish orqali ham uning ahamiyatini buzib yuborishimiz mumkin. Film yoki fotosurat mohiyatining tuzilishi (kamera rakursi, surat ko‘rinishi, redakturasi va boshqalar vositasida) ham auditoriya tomonidan turlicha talqin qilinishiga ta’sir ko‘rsatadi.
Raqamli medianing keng tarqalishi urg‘uning bosma va efir orqali tarqatiladigan axborot uchun xos bo‘lgan an’anaviy “bitta–ko‘pchilikka” kommunikatsiya modelidan “o‘zaro teng” muloqot modeliga ko‘chishiga sabab bo‘ldi.
Bunda jamoaviy ijod va kontent almashinuvi, ya’ni media bilan va media vositasida turli o‘zaro munosabatlar osonlashadi. Raqamli kontent ko‘pdan ko‘p qurilmalar, radio, televideniye, shaxsiy kompyuterlar, eng muhimi esa, uyali telefon orqali ommabop bo‘lib bormoqda. Aynan uyali telefon kontentning barcha turlarini yetkazib berishda yetakchi vosita sifatida alohida o‘rin egallamoqda.
Ovozni, tasvirni, tovushni va ma’lumotlarni raqamlashtirish hamda ularning konvergensiyasi auditoriyalar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda yangi ufqlarni ochib bermoqda. Bundan tashqari, onlayn kommunikatsiya va texnologiyalari foydalanuvchi kontentini yaratish hamda auditoriyaning mediakontent yaratishda ijodiy ishtiroki uchun yangi imkoniyatlarni yuzaga keltirdi. Masalan, endi yangilik-xabarlarga va ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga munosabatni interfaol tarzda bildirish mumkin. Internet vositasida O‘zbekistonda ham fuqarolar, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar faollashib bormoqda. Aynan Internet aholiga hokimiyat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati xususidagi axborotni tezkor uzatish, turli tashkilotlar tomonidan ijtimoiy ahamiyatga ega interfaol xizmatlarni amalga oshirish imkonini bermoqda.
Yoshlar, ular hamjamiyatlarining media bilan o‘zaro munosabati
Mass-media foydalanuvchilari (tomoshabin, tinglovchi, mushtariy, Internetdan foydalanuvchilar) turli hamjamiyatlarni tashkil etadi. Faqat ayrim milliy va xalqaro miqyosdagi, masalan, Olimpiya o‘yinlari, harbiy harakatlar, Fukusima atom stansiyasidagi halokat, Islandiyadagi vulqonning otilishi singari dunyoning barcha mamlakatlar televideniyesi orqali namoyish etiladigan voqea-hodisalarni yagona auditoriya uchun yaratilgan desa bo‘ladi. Auditoriyaning muayyan ko‘rinishlari aniq bir media, kanal yoki dasturlar atrofida shakllanadi.
Texnologik taraqqiyot va ijtimoiy medialar sabab “auditoriya” konsepsiyasi interfaollik mazmunini kasb etdi va, umuman olganda, faollashdi ham. Masalan, onlayn auditoriya sirasiga nafaqat passiv o‘quvchilar yoki yangiliklarni ko‘zdan kechiradiganlar, balki bahslarda va kontentni yaratishda faol ishtirok etadigan foydalanuvchilar ham kiradi. Bunda yaxlit auditoriyaning emas, balki uning faol a’zosining, masalan, onlayn hamjamiyat a’zosining faoliyati bilan bog‘liq savollarni muhokama qilish maqsadga muvofiq.
Har bir maqsadli auditoriya guruhi media bilan o‘z munosabatlarini
O‘rnatadi “Media bilan munosabat” deganda alohida olingan inson yoki hamjamiyatning media bilan o‘zaro munosabati tushuniladi. Media bilan munosabat mediadan foydalanish davriyligi, mediakontentni tanlash, odamlarning media haqidagi fikrlari, yoki ulardan foydalanish ko‘nikmalari xususidagi bahslarni qamraydi. Media bilan individual munosabat har doim inson va mediamatn o‘rtasidagi muloqotni nazarda tutadi. Gap nima - dalil yoki to‘qima – haqida ketayotganidan qat’iy nazar, inson mediamatnning mazmunini shaxsiy qarashlari va tajribasi bilan solishtirib ko‘radi. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, insonlar mediadan o‘z qarashlari, qadriyatlari va his-tuyg‘ulariga mos keladigan qarash va g‘oyalarni tanlashga moyil bo‘lar ekan (darvoqe, bu hol ham an’anaviy, ham yangi medialar uchun birdek xos).
Medialardan foydalanish faol tusga ega
Insonlar televizorni birgalashib ko‘radi, chatda do‘stlari bilan muloqot qiladi, bir biri bilan interfaol o‘yin o‘ynaydi, xatto kinoga borish ham jamoaviy tadbir hisoblanadi. Yonimizda boshqalar bo‘lmaganida esa biz odatda mediaga murojaat qilamiz. Media vositasida insonlarda birlashish hissi mustahkamlanadi. Masalan, “Ezgulik” yoki “Butun olam birga” teleaksiyalari yordamida bolalarni qutqarish, yoki “Hayot uchun!” xayriya marafoni jarayonida buni kuzatish mumkin bo‘lgan. Shunday ekan, yosh jurnalistning matni retsipiyentda auditoriyaning muayyan guruhiga mansublikni shakllantirishga qaratilganini anglash lozim.
Bunday guruhlar aksariyat hollarda mediakontent ta’siri ostida hamda submadaniyat mahsuli sifatida shakllanadi. Do‘stlar bir biriga teleseriallarni yoki veb-saytlarni tavsiya etishi, o‘smir atrofda hamma gapirayotgan videoni ko‘ra olmagani uchun o‘zini noqulay sezishi mumkin. Va, aksincha, umumiy media-tajriba muammolarga sabab ham bo‘lishi mumkin. Qiziqishlar, do‘stlar, uslublar va intilishlar esa bizni xuddi shunday ishqibozlikka ega insonlar bilan yaqinlashtiradi Shu bilan birga media tanlovi bizni mutlaqo boshqa mazmun va toifadagi mediakontentni iste’mol qiluvchi insonlardan farqlaydi. Internet mediadan foydalanishdagi ishtirokimiz shakllarini o‘zgartirib yubordi.
Internet va o‘yinlar olamida yoshlar faol yetakchilik qilmoqda. Virtual, interfaol olam ana’anaviy mediadan ham samaraliroq bo‘lishi mumkin.

Demokratiya va media vositasida jamiyat hayotida ishtirok etish Yoshlar o‘z qarashlarini bayon etishda yoki fikr-mulohazalarini tasdiqlashda mediadan foydalanadi. Medialar fuqarolik jamiyati xususidagi bahs-munozaralar uchun faol maydoncha vazifasini o‘taydi. Ular “partisipatsiya” xodisasini, ya’ni shaxslar va hamjamiyatlarning, deylik, ijtimoiy tarmoqlar orqali, turli fuqarolik aksiyalari va munozaralarida birgalikda ishtirok etishini yuzaga keltiradi. An’anaviy medialarda odatda kattalarning fikri ustunlik qiladi, shu bois yoshlar virtual makonda o‘z qarashlarini bayon etishni afzal biladi. O‘zini jamiyatning faol a’zosi deb his etish yoshlarda fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga yordam beradi.


Xabardorligi yuqori bo‘lgan insonlar qarorlar qabul qilish hamda jamiyat hayotida ishtirok etishga yaxshiroq tayyor bo‘ladi.
Bola huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro Konvensiya bolalar va yoshlarning turli kanallar orqali o‘z qarashlarini bayon etish, axborot izlash va olish huquqlarini kafolatlaydi. Shu bilan birga, ularning yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan xabardorligini oshirish, bunda jumladan, mediakontent imkoniyatlaridan foydalanish, ularga qarorlar qabul qilish hamda o‘zlari ma’qullamaydigan fikrlarni inkor etishga yordam beradigan axborotni qayerdan va qanday olishni ko‘rsatish ham muhim ahamiyatga ega. Medialar shuningdek, yoshlarga muhim bo‘lgan axborotlarni izlab topishda hamda fuqarolar bahs-munozaralarida qatnashishi uchun imkoniyatlar yaratishda yordam berishi kerak.
O‘z fikrini aniq bayon etish, uni asoslab bera olish, voqea va hodisalarni turli nuqtai nazardan ko‘rib chiqish malakasi–media savodxonligining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, undan OAVning turli kanallari uchun maqola tayyorlashda, videomaterialni e’lon qilishda, muhim masalalar yuzasidan ijtimoiy reklama tayyorlashda yoki bahs-munozaralarni tashkil etishda foydalanish mumkin. Masalan, o‘quvchilar o‘zi uchun ahamiyatli bo‘lgan muammo yuzasidan ijtimoiy mediakampaniyaga qo‘shilishi, kampaniya qanday kechayotganini kuzatib borishi mumkin. Bir vaqtning o‘zida ular opponentlar uchun ma’qul bo‘ladigan shaklda o‘z nuqtai nazarini shakllantirishni ham o‘rganib boradi. O‘z fikrini bayon etish erkinligini cheklashga, faqat boshqa odamlarga ham o‘z qarashlarini bildirish imkonini berish zarurati tug‘ilgandagina yo‘l qo‘yiladi. Haqorat qilish, sha’nga tegish, nafrat kabilarni taqiqlovchi qonunlar ko‘rinishidagi bunday cheklovlar turli suiste’mol qilish holatlarining oldini olish uchun juda zarur.

Download 25.98 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling