8 Mavzu: Voha aholisining ananaviy kiyimlari va bezaklari r ye j a
Download 44.85 Kb.
|
8-mavzu
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tayanch so‘zlar
8 - Mavzu: Voha aholisining ananaviy kiyimlari va bezaklari R ye j a Vohada mato va tayyorlash usullari. Voha aholisining an’anaviy kiyimlari va kiyinish madaniyati. Bezaklar va zeb - ziynatlar. Tayanch so‘zlar O‘zbek xalqining an’anaviy kiyimlari moddiy madaniyatning bir qismi. Kiyimlarning asosi bo‘lgan mato va mato tayyorlash usullari. Paxta. G‘o‘zak. Jun. Xalaji. Urchuq. O‘rmak. Do‘kon. Bo‘z. Olacha. Beqasam. Baxmal. Adras. Yozlik hamda qishlik kiyimlar. Erkaklar, xotin - qizlar, bolalar hamda marosim kiyimlari. Taqinchoqlar va ularning turlari. O‘zbek xalqining ananaviy kiyimlari moddiy madaniyatning bir qismini tashkil etib, o‘zbek xalqining milliy xususiyatlari, urf - odatlari hamda estetik didini namoyon etgan. O‘zbek xalqining ananaviy kiyimlari boshqa millat kiyimlaridan o‘ziga xos tomonlari bilan ajralib turadi. Boshqa xalq kiyimlari singari o‘zbek xalq ananaviy kiyimlari uzoq tarixiy jarayonlar davomida, ijtimoiy - iqtisodiy rivojlanish hamda urf - odat, marosim, ananalar tasirida davrlar o‘tishi davomida o‘ziga xos xususiyatda shakllanib, rivojlanib kelgan. Elshunos olim O.A.Suxareva ta’biri bilan aytganda: «Kiyimning yuzaga kelishi va turlarining ko‘payishida kishilarning yashash tarzi, mehnati va iqlim sharoitidan tashqari ularning madaniy rivojlanishi, estetik didlarining o‘sishi ham asosiy omillardandir». Kiyimning asosiy vazifasi badanni har qanday havf - xatar, issiq, sovuqdan himoya qilishdir. Shuningdek, insonlarni jismoniy va jinsiy ayirish hamda estetik bezak berish kabi vazifalarni bajargan. Kiyimlar davrlar o‘tishi bilan, ijtimoiy - siyosiy rivojlanish jarayonida o‘ziga xos tarzda rivojlanib boradi. Bu esa etnograf olimlardan kiyimlar tarixini o‘rganish va uni yoritishda ma’suliyat talab etadi. Chunki xalqlarning etnik tarkibini o‘rganishda hamda ilmiy asoslanishda kiyimlarning davrlar o‘tishiga qaramasdan o‘z milliyligini saqlab qolganligi o‘ziga xos o‘ringa ega. Xususan, XVI asr minatyura san’atida tasvirlangan O‘rta Osiyo xalqlari kiyimlarida o‘tgan asr oxiri (ya’ni XIX asr oxiri) gacha tojik va o‘zbek kiyimlariga o‘xshashligi bilan tavsiflanadi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek uzoq ijtimoiy - siyosiy, tarixiy davrlar o‘tishi bilan kiyimlar o‘zgargan bo‘lsa - da biroq kiyimlardagi bichish va tikish uslublari o‘ziga xos darajada o‘zgarmagan. Yana shuni ta’kidlash joyizki, kiyimlar tabiiy iqlim sharoitiga qarab turlicha bo‘lgan. Masalan, tog‘li hudud bilan cho‘l mintaqalarida ayrim tomonlari farq qilgan. An’anaviy xalq kiyimlari asrlar osha takomillashib, shakllanib kelgan. Mato tayyorlash usullari XIX asrning oxiri - XX asr boshlarida O‘zbekiston hududi, qolaversa Surxon vohasida asosan uy sharoitida tayyorlangan. Biz tadqiq etib o‘rganayotgan hudud aholisi dehqonchilik va chorvachilik bilan ko‘proq mashg‘ul bo‘lganligi uchun matolar paxta va jundan, ma’lum miqdorda esa pilladan tayyorlangan. Denov markazi, Vaxshivor, Sangardak, Xonjiza, Sina, Sho‘rchi va Qorliq kabi hududlarda teriga ishlov berib, bosh, ustki va oyoq kiyimlar hamda shu kabi boshqa kiyimlar ishlab chiqarish o‘ziga xos tarzda rivojlangan. Markaziy Osiyo xususan, O‘zbekistonda uy sharoitida mato to‘qish va uning texnologiyasi haqida A.D.Grebenkin, S.M.Mahkamova, R.G.Muqminova va O.A.Suxareva kabi elshunos olimlar tomonidan ko‘pgina ilmiy ishlar yaratilgan. Surxon vohasi aholisining qorluq, qatog‘on, turk, qipchoq, mog‘yoni, urguti va boshqa urug‘ aholisi paxtadan turli xildagi matolar to‘qigan. Denov, Qorluq, Mirshodi, Batosh, Jindibuloq, Karsagan va Sariosiyo kabi hududlarda g‘o‘za yetishtirilgan. Shuningdek, paxtani Sherobod bozoriga Buxorodan kelgan savdo karvonlaridan sotib olganlar. XX asrning boshlarida Sariosiyo tumani sug‘oriladigan yerlarning 8%ga, Denov tumani esa 13,3%ga paxta yetishtirgan. Chorvachilik bilan shug‘ullangan do‘rmon, yuz, qo‘ng‘irot va shu kabi boshqa voha urug‘ aholisi ko‘proq jundan mato to‘qiganlar. Paxta va jundan mato to‘qishda vohaning tog‘li hududlari bo‘lgan Vaxshivor, Sangardak, Sina va Xonjiza kabi tog‘ qishloqlari hamda Denov, Yurchi, Qorluq, Mirshodi va Sariosiyo ancha taraqqiy etgan. Chunki bu jarayon Surxon vohasining hamma hududida bir xil tartibda emas edi. Surxon vohasining Denov, Yurchi hamda Sariosiyo bozorlari tumanlar o‘rtasida katta ahamiyatga ega bo‘lib, dehqonlar va chorvadorlar iste’moldan ortiqcha bo‘lgan bir qator mahsulotlari kabi paxta, jun hamda mol terilarini bozorlarda sotganlar. Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan tog‘li hudud aholisi paxtani asosan shu bozorlarda xarid qilganlar. Sariosiyo va Uzun tumanlari hududida joylashgan Debodom, Desurx, Xo‘jaasmin, Chosh, Pastikalon, Por, Pushtivaraq, Xufar, Xur Vatan, Maland va Kishtut kabi tog‘ qishloq aholisi tadqiq etilayotgan davrda tog‘ orqali yo‘l bilan Shahrisabz va Samarqand bozorlaridan kiyim - kechak hamda boshqa mahsulotlarni harid qilganlar. Hudud aholisi paxtani «xalaji» yordamida chigitdan ajratganlar. Xalaji uy sharoitida faqat ayollar tomonidan ishlatilib, bir haftada bir kishi xalaji yordamida ikki pudga yaqin paxtani chigitdan ajratgan. Chigitdan ajratilgan paxtadan 10 kg toza paxta va 21 kg chigit olingan. Qish mavsumida vohadagi ayrim xonadonlar bo‘sh vaqtlarida paxtani qo‘l bilan chigitdan ajratishgan. Tozalangan paxta gilam, xo‘rjin, chakmon, qora uylar uchun arqon ayil kabi buyumlar uchun urchuqdan, mato to‘qilish uchun esa charxdan foydalanishgan. Charx qadimdan ishlatilib kelingan bo‘lib, Yaponiya hamda Hindistondagi charx shakllari bilan bir xil bo‘lgan. Voha aholisi dehqonchilik va chorvachilik bilan ham shug‘ullanib kelgan. Chorva mollarining go‘sht hamda sutidan tashqari uning juni va terisidan foydalanishgan. Jundan foydalanishda, avval maxsus jun taroqda jun taralgan, so‘ngra urchuq yordamida yigirilib ip holatiga keltirilgan. Vohada jundan mato to‘qishda «o‘rmak»dan keng foydalanilgan. Jundan kigiz, gilam shuningdek, xo‘rjin, qop, chakmon, cholvir (sholvar) hamda turli xildagi arqon iplar tayyorlangan. Mol terisidan ishlov berib, bosh va oyoq kiyim - choriq tikishgan. Bu nafaqat Surxon vohasi yoki Markaziy Osiyo hududida, chunonchi Zakavkaze va boshqa hududlarda ham mavjud bo‘lgan. Iplarga rang berish ya’ni bo‘yashda, kirlari va yog‘larini ketkizish uchun avval iplar yuvilib, so‘ngra ishqorli suvga qaynatilib, oqar suvda chayilgan. Matolarga rang berishda voha aholisi qora, qizil, sariq ranglarni uy sharoitida, yashil rangni esa bozorlarda maxsus bo‘yoqchilarga ya’ni nilchilarga bo‘yatishgan. Qora rangni anor, yong‘oq po‘stlog‘idan, sariq rangni sariq chechak o‘simligidan, qizil rangni ro‘yan o‘simligining quritilgan ildizidan tayyorlangan. Shuningdek iplarning tabiiy ranglari saqlangan. Xususan, g‘o‘zak hamda tuya junidan malla rangli kiyimlar tikilgan. XIX asr oxiri - XX asr boshlarida hunarmand kosibning ustaxonasi ya’ni to‘quvchining dastgohi do‘kon deb atalgan. Do‘konning ichi to‘rtburchak shaklda bo‘lib, eni 3-4 metr, bo‘yi 4-5 metr, balandligi 2-2,5 metr. Eshigi 1,30-1,50 metrni tashkil etgan. Do‘konning derazasi quyosh nuri tushadigan tarafda bo‘lgan. To‘quv do‘konida to‘qiladigan matolarning asosi uchun tortilgan iplar «o‘rish» deb nomlanib, ularga ko‘ndalang o‘tkaziladigan ip «arqoq» deb atalgan. Moki o‘rish orasidan o‘tkazilib, jipslashtirish uchun do‘kon dastasi bilan urib borilgan. Do‘kondan ikki marta olingan mato bir kiyimlikni tashkil etgan. Voha aholisi kiyimlari avloddan - avlodga o‘tib kelayotgan qadimiy matolardan - olacha, bo‘z, xonatlas, qalami, banoras, shoyi, beqasam, adras, so‘si va boshqa matolardan tikilgan. Surxon vohasining deyarli barcha hududlarida avvaldan mavjud bo‘lib, ijtimoiy turmushida ishlatib kelgan mato turlaridan biri bo‘zdir. Bo‘z qadimiy mato bo‘lib, M.Qoshg‘ariy va A.Navoiy asarlarida uchraydi. Vohada bo‘zdan ko‘proq erkaklar uchun kiyim - kechak tikilgan. Vohaning deyarli barcha qishloqlarida bo‘z to‘qiydigan do‘konlar mavjud bo‘lgan. Vohada tadqiq etilayotgan davrda ayollar kiyimi uchun ko‘proq ishlatilgan mato olachadir. Olacha matosi xaqida o‘lkamizga kelgan xorijiy sayyohlar hamda boshqa mualliflar asarlarida tuxtab o‘tilgan. Olacha matosi Surxon vohasining Denov, Vaxshivor, Sangardak, Mirshodi va Yurchi hududlarida ko‘plab ishlab chiqilgan. Olacha qizil, havorang, yashil kabi turlari mavjud bo‘lib, ola, ya’ni yo‘l - yo‘l, yo‘llari mayda va tor bo‘lgan. Beqasam yo‘l - yo‘l mato bo‘lib, to‘qishda arqog‘i o‘rishidan yo‘g‘onligi uchun yuzida ko‘ndalang chiviqlar hamda o‘ziga xos tovlanma naqshlar mavjud. Beqasamning o‘rish iplari to‘qishdan oldin bo‘yalganligi uchun uning naqshi ikki tomonlama, xilma - xil va turli tumandir. Beqasamdan voha aholisi chopon, kamzul hamda ko‘rpachalar tikishda foydalanganlar. Banoras matosi beqasam kabi sariq, yashil va shu kabi boshqa rangli bo‘lib, chidamliligi, pishiqliligi jihatidan beqasamga o‘xshashdir. Faqat beqasamdan zo‘rg‘a ko‘rinadigan qoramtir chiziqlari bilan farq qiladi. Vohada erkaklarga bu matodan chopon, ayollarga esa ustki kiyimlar va boshqa kiyimlar tikilgan. Baxmal qadimiy mato bo‘lib ayrim muarrihlar asarlarida to‘xtalgan. O‘lkamizda XX asrning 30 - yillariga qadar uy sharoitida to‘qilgan. Baxmaldan ayollar va bolalar kiyim, do‘ppi, dasturxon, ko‘rpa hamda ko‘rpachalar tikilgan. Adras matosi ham baxmal matosi kabi qadimiy bo‘lib, O‘zbekiston aholisi ijtimoiy - maishiy turmushida keng tarqalgan. Uning gullari ko‘k, qizil, sariq hamda pushti ranglarda bo‘lgan. Adras ayollar ko‘ylak, lozim, chopon tikib, asosan bayramlarda to‘y - marakalarda kiygan. Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, Sobiq Sho‘rolar davrigacha vohaning deyarli har bir qishlog‘ida to‘quv do‘konlari mavjud bo‘lib, aholining matoga bo‘lgan ehtiyojini qondirib kelayotgan edi. Sobiq Sho‘rolar tuzumi o‘rnatilganidan keyin «kollektivlashtirish», xususiy mulkka chek qo‘yish oqibatida voha aholisining bu kabi mulklari tugatildi. Vaholanki, bu davrda voha aholisining hamma qatlamlari kooperativ magazinlardan fabrikada to‘qilgan matolarni xarid qilishga qurbi yetmas edi. Qolaversa, Sho‘ro hukumati butun aholi ehtiyojini qondirish uchun fabrika matolarini yetkazib bera olmas edi. Lekin, Sho‘rolar hukumati muammoning bu tomonlarini hisobga olmagan edi. Surxon vohasi aholisining kiyimlari haqida to‘xtalganda ayrim tomonlarini inobatga olish kerak - ki, vohaning Qumqo‘rg‘on, Sho‘rchi, Oltinsoy, Denov, Sariosiyo hamda Uzun tumanlarida tadqiq etilayotgan davrda o‘zbeklar bilan birga Denov, Sariosiyo, Uzun tumanlaridagi Sina, Xonjiza, Xo‘jaasmin, Chosh, Hur Vatan, Kishtut, Debodom, Desurx, Pastikalon, Pushtivaraq, Maland hamda Xufar kabi qishloqlaridagi tojiklarning kiyim tikishidagi marosim va urf - odatlari har xil bo‘lsa - da, lekin kiyimlarning tikilish uslubi deyarli bir xildir. Kiyimlarning tikilish uslubi sodda bo‘lgan. Kiyimlarni bichishda bichiqchi qarichidan foydalanib o‘lchagan. Matolarni esa qo‘l bilan yirtib qiyqim chiqarmaslikka harakat qilingan. Lozim bo‘lganda esa pichoq ishlatilgan. Kiyimlar asosan oldingi va orqangi bo‘y, ikki yon, yeng hamda ikki yonni yengi qo‘ltiq ostiga qo‘shib tikadigan g‘ishtakdandan iborat. Shuningdek, oldingi va orqangi bo‘y to‘g‘ri olinganligi uchun yelkasi choksiz bo‘ladi. Yoqalar ochiq yoqa, yelka yoqa bo‘lgan, lekin oldi ochiq kiyimlarda, xususan, yaktak, to‘n kabilarda yoqa bo‘lmagan. Voha aholisining kiyimlarini yozlik hamda qishlik kiyimlarga ajratish mumkin. Qishlik kiyimlari paxtali hamda astarli bo‘lsa, yozlik kiyimlari esa astarsiz, ya’ni bir qavat holida tikilgan. Shuningdek, kiyimlarni erkaklar, xotin - qizlar, bolalar hamda marosim kiyimlari kabi guruhlarga ajratish mumkin. Surxon vohasida erkaklarning yengil kiyimlaridan biri asosan ko‘ylak bo‘lib, ko‘ylaklar o‘yma yoqa, yelka yoqa hamda kiftaki deb nomlanib, yoqalari qo‘lda tikilgan hoshiyalar yoki jiyaklar bilan bezatilgan. Bo‘yi tizzadan pastga tushirilgan bo‘lib, yenglari keng hamda uzun bo‘lgan. Bunday ko‘ylaklar Markaziy Osiyoning boshqa xalqlarida ham mavjud bo‘lgan. Erkaklarning kiyim tagidan kiyadigan yengil ich kiyimlaridan biri yaktak ko‘ylakdir. Arxeolog olimlar tomonidan tadqiq etilgan «Bolalik tepa» dan topilgan suratlardagi erkaklar kiyimlarida yaktak ko‘ylak borligi o‘rganilgan Yaktak ko‘ylakning yoqasi ichidan to‘rtburchak shaklda qo‘shimcha mato qo‘yilib, oldi ochiq bo‘lgan. Yengil kiyimlardan bo‘lgan tik yoqali ko‘ylak, uzun va keng yenglari, bo‘yi hamda uzun old yoqasi bilan farq qilgan. Tik yoqali ko‘ylak o‘lkamizning turli hududlarida turlicha nomlangan. Masalan, Zarafshon havzasi qipchoqlari esa «qazaqi ko‘ylak» deb atashgan. Erkaklarning qadimiy kiyimi bo‘lgan guppi astar, avrali bo‘lib, paxta solib qavilgan. Qozoqlarda esa «kuppi» deb atalib, tuya yoki qo‘y juni solib qavilgan. Guppilar tizzadan balandroq yoki pastroq bo‘lgan. Guppi haqida Mahmud Qoshg‘ariy ham o‘z asarida to‘xtalib o‘tgan. Voha erkaklari kiyadigan ishton cholbar, poyjoma deb atalib, uzun va keng bo‘lib, lipa, og‘ (g‘ishtak) hamda poychadan iborat bo‘lgan. Ishtonning tikilish uslubi vohada deyarli bir xil bo‘lgan. Xususan, lipasiga ishtonbog‘ o‘tkazilib, og‘i katta bo‘lib, poycha oralig‘ida osilib turgan. Poychalari esa tizzadan past, to‘pig‘dan baland holda tikilgan. Erkaklarning ishtonlari asosan bo‘zdan tikilgan. Erkaklar ustki kiyimi chopon, jelak, chakmon, kebanak, po‘stin tashkil etgan. Chopon turkiy xalqlarning asosiy ustki kiyimidir. Asosan erkaklar kiyimi hisoblanib, yozma manbalarda XV asrdan uchray boshlaydi. Tadqiq etilayotgan davrda Surxon vohasida choponlar uzun va keng bo‘lib, avra - astarli ichiga paxta solib qavilgan. Choponlar tik yoqali oldi ochiq holatda bo‘ladi. Tikishda yo‘l - yo‘l matolardan, vohaning Denov tumani Sina, O‘shor, Kuyovsu qishloqlarida, Sariosiyo tumani Xufar, Maland, Kishtut qishloqlarida, Uzun tumani Xonjiza, Sarinova, Pushtikapa qishloqlarida qora rangli matodan foydalanilgan. Chopon to‘g‘ri tik holatda qaviladi. Etagi, yeng uchlari va yoqasiga chiroyli ko‘rinishi hamda mustaxkam bo‘lishi uchun chiroz jiyak tikilgan. Choponlar ikki turda qalin paxtali qishki chopon va yupqa paxtali yozgi chopon bo‘lgan. Vohada yo‘l - yo‘l bo‘z chopon ya’ni olacha chopon, hisori qo‘y junidan mato to‘qilib, hisori chopon tikilgan. O‘ziga to‘q kishilar beqasam, kimxob choponlar kiyishgan. Vohada chopon ya’ni to‘n ustidan kiyiladigan yengil ust kiyimlardan biri jelakdir. Vohaning ayrim hududlarida «yaktak» deb atalgan. Jelak «tash to‘n» nomi bilan M.Qoshg‘ariy asarlarida to‘xtalib o‘tilgan. Jelak paxtasiz avra-astar yoki avradan iborat yengil kiyim bo‘lib, yoshi katta kishilar chopon ustidan kiyib yurganlar. U kishiga ko‘rk baxsh etish bilan birga choponlarni tezda kir bo‘lishdan saqlagan. Surxon vohasida tadqiq etilayotgan davrda yoz fasllarida chopon kiyilmasdan, ko‘ylak ustidan jelak kiyilgan. Surxon vohasida aholining qadimiy kiyimi bo‘lgan «chakmon» qo‘y yoki tuya junidan xonaki usulda to‘qilgan matodan tikilgan astarsiz, faqat avradan iborat, chaponga o‘xshagan kiyimdir. Chakmon keng va uzun tikilib, etaklari, yoqasi va yeng uchlariga chiroz jiyak tikilgan. U chopon ustidan kiyilib, belbog‘ bog‘lanmagan. Vohada chakmonning tivitli, bosma va qoqma kabi turlari bo‘lgan. Chakmon Markaziy Osiyo xalqlarining an’anaviy kiyimlaridandir. Voha chorvador aholining asosiy ustki kiyimlaridan biri kebanak bo‘lib, ichi kigiz (namat) dan, usti esa sholdan keng va uzun qilib tikilgan. Kebanak O‘rta Osiyo hamda Qozig‘iston xalqlarida ham mavjud bo‘lgan. Po‘stin voha chorvador aholining yana bir ustki kiyimlaridan bo‘lib, chopon tikilish uslubida junini to‘kmay oshlangan qo‘y terisidan keng va uzun qilib tikilgan, sovuqda kiyiladigan ustki kiyimdir. Cho‘ponlar sovuq vaqtlarda po‘stinni chakmon yoki chopon ustidan kiyganlar. Po‘stin o‘rta asrlarda ham shu nom bilan atalgan. U uy sharoitida tayyorlangan. Po‘stin qozoq hamda qirg‘iz xalqlaridan ham bo‘lgan. Belbog‘ qadimdan o‘zbek va tojik xalqlari tomonidan e’zozlanib kelinadi. Belbog‘ erkaklar ust kiyimi ya’ni chopon, jelak ustidan belga bog‘lanadigan ro‘mol bo‘lib, bo‘z, shoyi kabi matolardan kashtali hamda kashtasiz tikilgan. Belbog‘ni vohaning Oltinsoy tumani Jobu, Qorluq, Ipoq, Qumpaykal qishloqlari ayrim aholisi «belqars», Denov tumani Sina, Dahana, Kuyovsu qishloqlari, Sariosiyo tumani Hur Vatan, So‘fiyon, Xufar qishloqlari ayrim aholisi «miyonband» deb ataydi. Voha chorvador aholisining jundan to‘qilgan matolardan ham belbog‘lari bo‘lgan. Tadqiq etilayotgan davrda vohada chopon kiyganda albatta belbog‘ bilan belini bog‘lab yurganlar. Shuningdek, to‘ylarda sarpo sifatida, erkak kishilar beliga belbog‘ bog‘langan. Xususan, to‘yda kuyovga to‘n kiydirib, kuyovga belbog‘ bog‘lashgan. Yoshi katta keksa kishilar oq matodan tikilgan belbog‘lar bog‘lashgan. Yosh yigitlar esa katta rangdor kashtali, bezakli belbog‘lar bog‘lashgan. Davlatmand odamlar ikki, uchta belbog‘ bog‘lab yurishganlar. Bu esa ularning qay darajada hurmat e’tiborga hamda boyligidan dalolat bergan. Turkiy xalqlarda bosh kiyimni tikish, kiyish hamda u bilan bog‘liq urf - odatlar qadimdan rivojlangan. Mamlakatimizda, qolaversa Surxon vohasida erkaklarning keng tarqalgan bosh kiyimlari salla, do‘ppi va telpakdir. Vohada tadqiq etilayotgan davrda asosiy bosh kiyimlardan biri salla bo‘lgan. Sallani yoshi katta kishilar, o‘ziga to‘q hamda ulamo kishilar o‘ragan. Vohada madrasada ta’lim olayotgan yosh yigitlar va yangi uylanayotgan kuyovlar o‘raganlar. Sallani boshga o‘raganda chap tomondan bir uchi ikki, ikki yarim qarich uzunlikda pesh qoldiriladi va yuqoriga qistirilib ko‘yilgan. Nomoz o‘qiyotganda pesh yon tarafdan ko‘krakgacha osiltirilib qo‘yilgan. Ilmli kishilar esa peshni orqa tomonga osiltirib qo‘ygan. Vohaning Sariosiyo tumani Maland, Xufar qishloqlari. Uzun tumani Xonjiza, Xo‘jaasmin kabi qishloqlarida «pesh»ni «fesh» deb atashadi. Keksa kishilarning sallalari kulrang, oq rangda, yoshlarniki esa to‘q qizil hamda qizil rangdagi matolardan bo‘lgan. Vohaning chorvador aholisi tuya junidan malla rangli, oq echki junidan oq rangli matolardan to‘qib, salla qilganlar. Erkaklar bosh kiyimlaridan yana biri do‘ppi bo‘lib, tikilish uslubi, bezatilishiga ko‘ra bir - biridan farq qilgan. Do‘ppi avra, astar, jiyak hamda piltadan tashkil topgan. Dastlab har biri alohida tikilib, keyin qo‘shib tikilgan. Do‘ppilarning tikilishida salla, salla tagidan kiyadigan dumaloq, qirrali ya’ni «kuloh» hamda o‘zi yakka holda kiyiladigan to‘rt burchak xillari bo‘lgan. Shuningdek vohada chorvador aholi qish fasli uchun tuya junidan to‘qilgan matodan ham do‘ppi tikkanlar. Vohaning qo‘ng‘irot, yuz urug‘iga mansub aholisi do‘ppini qalpoq deb atashgan. Erkaklarning asosiy qish fasli bosh kiyimi telpakdir. Vohada chorvador aholi tomonidan qorako‘l terisidan telpaklar qilingan. Tog‘li hududlarda tulki terisidan, Surxondaryo yoqalarida yashovchi aholi qunduz terisidan telpak tikishganlar. Surxon vohasining deyarli hamma qishloqlarida oyoq kiyim tikadigan ustalar bo‘lgan. Aholining an’anaviy oyoq kiyimlari mahalliy ustalar tomonidan tikilgan bo‘lib, takaki, choriq, hakkari, mo‘kki, toshtovon kabi oyoq kiyimlar tayyorlangan. Etik hamda maxsi - kovushlarni vohadagi hamma ustalar ham tayyorlay olmagan. Bu xildagi oyoq kiyimlar uchun xom ashyo sifatida ot, tuya, qoramol, qo‘y va echkining oshlangan (iylangan), terilaridan foydalanilgan. Teri jiyda, zardoli, jinjak tomirlaridan qaynatib tayyorlangan suvga 2-3 kun solib qo‘yiladi. Qizg‘ish rangga kirgan bu teri iylanadi. Takaki asosan qora mol terisidan qilingan. Shuningdek, choriq ham popushlar ham qoramol terisidan qilingan. Choriq kambag‘allar oyoq kiyimi ekanligi xaqida yozma manbalarda ham to‘xtalingan. Maxsi ham mukkilar sarka terisidan tikilgan. Asosan yog‘ingarchilik davrida kiyiladigan hakkari kovushlar yog‘ochdan yasalgan. Surxon vohasi ayollari ko‘ylaklari yoshlariga qarab turli bichimda bo‘lgan. Ko‘ylaklar uzun hamda keng qilib tikilgan. Ayollarning ichki kiyimi oq matodan tikilgan ko‘ylak hamda «ko‘krakband»dan iborat bo‘lgan. Ko‘krakbandni faqat emizikli ayollar ustki ko‘ylagiga suti o‘tib ketmasligi uchun taqqanlar. Kampirlar hamda qizlarning ko‘krakband taqishlari gunoh sanalgan. Turkiy xalqlarda ichki ko‘ylak XI asrda ham mavjud bo‘lgan. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, bu ichki ko‘ylaklar ustidan hamisha kundalik ko‘ylaklar kiyib yurilgan. Vohada qizlar ko‘ylagidan ayollar ko‘ylagi ma’lum tomonlari bilan farq qilgan. Bu farq avvalo ko‘ylak yoqalarida mavjudir. Ayollar ko‘ylagi o‘yma yoqa hamda ko‘ndalang yoqali bo‘lgan. O‘yma yoqali ko‘ylak bo‘yindan bir qarich uzunlikda ko‘krakkacha kesilgan, ingichka jiyak tutilib, bog‘ich qilingan. Asosan bu yoqa ayol kishining bola emizishiga mo‘ljallangan. Vohaning ayrim qishloqlarida bu ko‘ylakni «peshchak», «peshkumo» deb atashgan. Vohada tadqiq etilayotgan davrda qizlar hamda qariyalar ko‘ndalang yoqali ya’ni yelka yoqali ko‘ylak kiyganlar. Vohaning ayrim qishloqlarida bu ko‘ylakni «kiftaki» deb atashgan. Bunday ko‘ylak yoqalari chap yoki o‘ng tomondan yarim qarich uzunlikda bosh bemalol kirishiga mo‘ljallab kesilgan. Bosh kirishi uchun mo‘ljalangan tepa qismi ip bilan bog‘lab qo‘yilgan. O‘zbek xalqi urf - odatlariga muvofiq, vohada qiz turmushga berilganidan keyin to‘ydan uch kun o‘tgach, kelinga xotinlik ko‘ylagi kiygizilgan. Tadqiq etilayotgan davrda vohaning ayrim hududlarida kelin - kuyovga nikoh o‘qilganidan keyin ham ikki - uch yillab kelin otasining uyida yurgan. Shu davrda tug‘ilgan o‘g‘il bolaga Boboxon, Bobomurod, qiz bolaga Momoxol, Momogul kabi ismlar qo‘yishgan. Otasinikida yurgan kelinchak qiz ko‘ylagida yurgan. Farzandlik bo‘lganida esa qiz ko‘ylakning ikki yon tomoni ya’ni qo‘ltiq tagidan pastga qarata bir qarich kesilib, bola o‘sha yerdan emizilgan. Albatta kelin - kuyovning uyiga kelganidan so‘ng xotinlik ko‘ylagini kiygan. Surxon vohasida ayollar asosan qish faslida hamda to‘y va bayramlarda ikki, uch hatto undan ham ko‘p ko‘ylaklarni ustma - ust qilib kiyganlar. Albatta ustungi ko‘ylak qimmatbaho matodan tikilgan. Shuningdek, bu ko‘ylak yenglari har xil uzunlikda bo‘lgan. Yenglarning uchiga kashta ya’ni «yeng kashta» turli ipak iplaridan tikilgan. Voha ayollarining an’anaviy ichki kiyimlaridan biri lozimdir. Erkak va ayol lozimlari ya’ni ishtonlari bichimlarida farq bo‘lmagan, faqat tikilishida farq qilgan. O‘rganilayotgan davrda ayol kishining hatto bir yoshga yetmagan chaqaloq qizlarda ham gunoh sanaladi deb, lozim kiyishi shart bo‘lgan. Ayollar lozimi ikki xaldagi matodan tikilgan. Lozimning poycha qismiga yangi matodan, lipasiga ya’ni ko‘zga ko‘rinmaydigan tomoniga arzonroq matodan, g‘ishtagiga esa poycha qismiga ishlatiladigan matodan tikilgan. Yoshi katta va keksa ayollar lozimi malla, ko‘kish rangdagi matolardan, qizlar va yosh ayollar lozimi esa qizg‘ish ochiq rangdagi matolardan tikilib, poychalariga turli xildagi jiyaklar qadalgan. Voha aholisi ayollarining ustki kiyimlaridan biri chopon bo‘lib, ayollar choponi beqasam, ipak hamda yarim ipakli matolardan tikilgan. Ayollar choponi paxtalik choponlar qishda, paxtasiz yengil choponlar yozda kiyilgan. Ayollar choponi erkaklar choponidan ma’lum darajada farq qilib, ayollar choponiga oldilarini yopib yurishi uchun tugma yoki bog‘ishchalar qilingan. Surxon vohasi ayollari ustki kiyimlaridan bo‘lgan kurta yo‘l - yo‘l matodan tikilib, asosan astarsiz, avradan iboratdir. Kurtaning yenglari, yoqasi hamda etaklariga chiroyli jiyak tikilgan. Voha ayollari kurtani tadqiq etilayotgan davrda asosan boshga tashlab yurgan. Kurta O‘zbekistonning boshqa hudud aholilarida ham bo‘lib, qoraqalpoqlarda «oq jada» hamda xorazm o‘zbeklarida esa «ja’da» deb ataladi. Voha aholisi ayollarining an’anaviy ust kiyimlaridan munisak ya’ni mursak ayollarning to‘y va bayram kiyimlaridan bo‘lgan. Munisak qadimiy kiyimlardan sanaladi. Munisak respublikamizda tadqiq etilayotgan davrda foydalanish uslubi jixatidan bir xil bo‘lsa - da, lekin, har xil nomlangan. Xususan, Buxoroda «kaltacha» Xorazmda - «misak», Toshkentda - «mursak» Farg‘onada - «munsak» - deb atalgan. Vohada munisakning tikilish uslubi kurtaga o‘xshab, faqat avra - astarli hamda yengi tirsakkacha keng bo‘lib, uning tagidan ko‘ylak yengiga tikilgan kashtali bezaklar ko‘rinib turgan. Surxon vohasi aholisining keng tarqalgan ustki kiyimi paranjidir. Paranji voha ayollarining ko‘chaga kiyib yuradigan asosiy kiyimi hisoblangan. Paranji arabcha - farojiya (ko‘plikda farojot) so‘zidan olingan. Asosan XVI asrda ayollarning boshiga yopinadigan yopinchig‘iga aylangan. Paranji tikilish uslubi choponga o‘xshab, faqat soxta yengli bo‘lib, bu ikkala yeng orqaga tashlab, bir - biriga birlashtirib qo‘yilgan. Bu soxta yenglar «paranjining dumi»lari hisoblangan. Paranjining chachvoni otning yolidan to‘rparda shaklida to‘qilgan. Chachvon betga tutilib, ustiga paranji yopilgan. Surxon vohasi ayollari kiyimlarida bosh kiyimlar ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Xususan, bosh kiyimlar an’anaviy kiyimlarning ajralmas bir qismidir. Tadqiq etilayotgan davrda ayollarning bosh kiyimsiz bo‘lishi gunoh sanalgan hattoki erkaklar ham «imon»i uchib ketadi deb bosh yalang ovqat yemagan. Agar ayol taom ustida bosh kiyimsiz o‘tirsa, uni qo‘riqlovchi farishtalar uchib ketadi. Vohada qizlarning qadimgi bosh kiyimlaridan biri «qasava» bo‘lib, u qattiq bo‘lishi uchun bir necha xil matodan chambarak uslubida tayyorlangan hamda o‘rta qismi ochiq qoldirilgan. Qasava voha aholisi ayollarining qadimiy bosh kiyimlaridan ekanligi xaqida ayrim mualliflar to‘xtalganlar. Ayollarning qadimiy an’anaviy bosh kiyimlaridan biri bo‘lgan ro‘mol, to‘rt burchak shaklida bo‘lib, turli - tuman usullarda o‘ralgan. Ro‘mollar tayyorlangan matosiga qarab turlicha nomlangan. O‘rganilayotgan davrda vohada qizlar «gunoh yoshiga» yetgan davrdan boshlab ro‘mol o‘ray boshlaganlar. Vohada o‘rta va katta yoshdagi ayollar ro‘molining tagidan kiyadigan bosh kiyimlaridan kulta bo‘lib, boshga kiyiladigan joyi aylana shaklida bo‘lgan, orqa tomonga ikki qarich uzunlikda soch qopi mavjud. Kultani vohaning ayrim hududlarida «kulta po‘shak» deb atashgan. Surxon vohasida zargarlik san’ati namunalari juda qadimiy, bebaho va rang - barang bo‘lib, xususan, Xolchayon, Dalvarzin kabi arxeologik yodgorliklardan topilgan taqinchoq va zebu - ziynatlar bunga misol bo‘ladi. Ming yilliklar davomida kiyimlarni bezashda ko‘pincha turli xildagi va rangdagi munchoq, yupqa va yassi qilib oltindan, kumushdan yasalgan, bargaklar bilan ishlangan zirak, ko‘krak va bo‘yin taqinchoqlari ham mavjud bo‘lgan. Taqinchoqlar moviy, zangori, munchoqlar qimmatbaho (nefrit, firuza, lal va boshqa) toshlar bilan bezatilgan. Taqinchoqlar kishilar yoshidagi farqni, tabaqaviy qatlamni va oilaviy ahvolini belgilashda xizmat qilib, ularning nasli - nasabidan darak berib turuvchi xususiyatga ega bo‘lgan. Vohada ayollarning peshonaga, sochga, quloqqa, bo‘yin, qo‘l - oyoq va ko‘krakka taqiladigan va tikiladigan munchoq, sirg‘a, uzuk va bilakuzuk kabi taqinchoqlari mavjud bo‘lgan. Surxon vohasida bunday taqinchoqlarni ayollar to‘y, bayram (navro‘z, qurbon, ramazon hayitlarida) kunlari, ayniqsa kelinlar to‘y kuni yaxlit tarzda taqqanlar. Yosh kelinlarning an’anaviy taqinchoqlaridan biri «tillo qosh» bo‘lib, vohaning Xufar, Maland qishloqlarida «balo abro‘» deb atashgan. «Tillaqosh» kumushdan yasalib, yoqitko‘z, firuza hamda turli xildagi shishalar bilan bezatilgan. U asosan peshonaga taqilgan bo‘lib, qosh ustiga tushirib turgan. Tillaqosh Toshkent, Buxoro, Farg‘ona hamda Samarqand ayollarining ham sevimli taqinchoqlaridan bo‘lib, tillaqoshsiz qizlarni uzatmaganlar. Tadqiq etilayotgan davrda asosan qizlar kelin bo‘lganlaridan keyin taqiladigan taqinchoqlardan yana biri «bargak» bo‘lib, bargaklar tillo yoki kumushdan to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida tayyorlanib, bir necha osma taqinchoqlardan iborat bo‘lgan. Vohada kelinchaklar «tillo qoshni» bargakning ustidan taqib yurganlar. Ayrim manbalarda bu haqda to‘xtalib o‘tilgan. Surxon vohasi ayollari xususan, yosh kelinchaklar hamda boy xotinlar to‘ylarda, bayramlarda burunlariga sirg‘a ya’ni «lativa» taqqanlar. Lativani Xonjiza, Xo‘jaasmin qishloqlarida «natibini» deb atashganlar. Lativa taqinchog‘i o‘zbek - loqaylarida ham mavjud bo‘lgan. Vohada yosh kelinlarning taqinchoqlaridan bo‘lgan «silsila» uch to‘rt qator o‘yma naqshli bir - biriga zanjir ko‘rinishda halqachalar bilan ulangan bo‘lib, asosan, boshdagi kiygichga yoki ro‘molga berkitilgan. Silsilalar to‘rt qismdan: habatak, silsila, go‘ysha hamda chekkaduodan iborat bo‘lgan. Silsila taqinchog‘i tojik va turkman ayollari ijtimoiy turmushida sevimli taqinchoqlardan bo‘lgan. Surxon vohasida ayollarning barchasi gunoh yoshidan boshlaboq quloqqa sirg‘a taqqanlar. Sirg‘alarning uy sirg‘asi, oy boldoq. qoziq sirg‘a, muhammadi sirg‘a kabi turli xil shakllari mavjud bo‘lib, ular turlicha nomlangan. Xususan, vohada aylana yoki bodomsimon sirg‘alar bo‘lib, «xalqayi Muhammadi» yoki «muhammadi» sirg‘a deb nomlangan. «Muhammadi» sirg‘aning toq sonli osilchoqlari bo‘lib, ularning soniga qarab «uch oyoqli», «besh oyoqli», «yetti oyoqli», «to‘qqiz oyoqli», «o‘n bir oyoqli» kabi turlari bo‘lgan. Vohada «to‘qqiz oyoqli» va «o‘n bir oyoqli» muhammadi sirg‘ani asosan boy xotinlar taqishgan. Bu sirg‘ani voha ayollari Bibi Fotimaning sirg‘asi deb muqaddas bilganlar. Vohada ayollarning bo‘yin va ko‘krak taqinchoqlaridan biri, marjon bo‘lib, marjonlar bir nechta shodalarning alohida to‘qimalaridan iboratdir. Vohada marjonning qizg‘ish - pushti rangli «qalampir marjon» hamda «nozik marjon» turlari juda keng tarqalgan. Vohada keng tarqalgan bo‘yin taqinchoqlaridan «xafaband» bo‘lib, xafabandning yoysimon, uchburchaksimon hamda rombsimon shakllari bo‘lib, bo‘yindan ko‘krakkacha zich qilib yopib turadi. Xafaband xafani bog‘lab quvonch keltiradi degan fikr mavjud. Shundan mazkur taqinchoq nomi kelib chiqqan. Surxon vohasi xotin - qizlarining qimmatbaho taqinchoqlaridan biri «zebigardon» bo‘lib uzun - qisqa, qavat - qavat zanjirlaridan iborat, o‘rtasi yumoloq shaklda bo‘lgan. Zebigardonning uchburchaksimon, rombsimon osilchoqlari bir - biriga ulangan zanjirlari bo‘yinda va ko‘krakda juda go‘zal turgan. Zebigardonni vohaning o‘ziga to‘q, boy xonadon ayolari taqishgan. XIX asr oxiri - XX asr boshlarida voha ayollarining taqinchoqlari ichida sochga taqiladigan taqinchoqlar o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan. Soch taqinchoqlari «jamolak» «sochpopuk» «pupak» kabi turli xillarda nomlanib, voha ayollari to‘y - hashamlarida bezatilgan soch popuklarini, kundalik turmushda esa oddiy soch popuklarini taqqanlar. Vohada qizlar, o‘rta yosh ayollar hamda yoshi keksa kampirlarning soch o‘rishida juda katta farq bo‘lgan. Qizlarning sochi turmushga chiqqunga qadar to‘rttadan qirq hatto undan ham ko‘p maydalab o‘rilib, uchiga jamalak taqilgan. Gunoh yoshigacha bo‘lgan qizlarning sochiga esa maydalab o‘rilayotganda paxtadan «paxta pilik» qo‘shib o‘rilgan. Turmushga chiqayotgan qizni sochini ikkita qilib o‘rgan hamda turli xil tugma, munchoq va pashshoyi tanga (kumush tanga) lar bilan bezatilgan, jamalak (sochpopuk) taqilgan. Ayollarning kundalik turmushda odiy qora rangga bo‘yalgan ipakli chilvirdan iborat jamalaklar taqishgan. Surxon vohasi aholisining qo‘lga taqiladigan an’anaviy taqinchoqlaridan uzuk va bilaguzuklar bo‘lib, uzuklarni erkak va ayollar ham taqqanlar. Uzukni vohaning Mormin, Xidirsho va Obishir kabi qishloqlarida «uzuk» deb atasalar, Choch, Pushtikalon, Pushtivarak, Xo‘jaasmin kabi qishloqlarida esa «angushtarin» deb ataganlar. O‘ziga to‘q boy xonadon sohib va sohibalari asosan tillodan yasalgan uzuk taqqan bo‘lsalar, o‘rta xol aholi esa asosan kumushdan yasalgan uzuklar taqqanlar. Uzuklar ko‘proq ko‘rsatkich barmoqlarga taqilgan. Tillo va kumushdan yasalgan uzuklarga sadaf, zumrad, firuza kabi qimmatbaho toshlardan ko‘zlar qo‘yilgan. Uzuk ko‘zlari yomon ko‘zlardan asraydi deyilgan. Surxon vohasida aniqsa ayollarning uzuk taqishi muhim bo‘lib, uy - yumushlarini bajarishda xususan, idish, qozon - tovoqlarni yuvishda «osh xalol»li bo‘lmasa, yuvgan idish, qozon - tovoqlari toza hisoblanmagan. Shuningdek, vohada farzand dunyoga kelganda ilk marotaba cho‘miltirishda bolani davlatmand bo‘lsin deb, suvga uzuk solganlar. Vohada tadqiq etilayotgan davrda ayollarning sevimli taqinchoqlaridan bilak uzuklar bo‘lib, bu taqinchoqni vohaning Shaldiroq, Obodon va To‘la kabi qishloqlarida «bilak uzuk», Sina, Kuyovsu, Oybarak, Dahana kabi qishloqlarida esa «dastpona» deb ataganlar. Bilak uzuklar ham uzuklar kabi tillo va kumushdan yasalgan. Ayrimlarining eni bir, bir yarim barmoq bo‘g‘in bo‘lsa, ayrimlari esa ikki, uch yarim barmoq bo‘g‘inni tashkil etgan. Bilaguzuklarga naqshlar berilib, ayrimlariga qimmatbaho toshlardan ko‘zlar ham qo‘yilgan. Ularning «panja», «turna» va «islimi» kabi naqshlar solingan turlari mavjud bo‘lgan. Surxon aholisining an’anaviy kiyimlari va taqinchoqlari o‘zbek maishiy moddiy - ma’naviy madaniyatining ajralmas qismi bo‘lib, o‘zidan milliy xususiyatlarni jipslashtirgan. Xulosa qilib, shuni ta’kidlash mumkinki, Buxoro amirligining sharqiy hududi bo‘lgan Surxon vohasida xunarmandchilik, ayniqsa, an’anaviy tikish - bichish, zardo‘zlik, poyavzal va ko‘nchilik ancha yaxshi rivojlanib o‘zining betakror namunalarini avlodlardan-avlodlarga saqlab kelgan. Download 44.85 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling