29-mavzu. Oila qonunchiligida voyaga yetmaganlarning huquq va majburiyatlari
“Ota-onalar o‘z farzandalarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlaydi, bolalarga bag‘ishlangan xayriya faoliyatlarini rag‘batlantiradi”. 64- modda
|
Bola manfaatlariga zid bo‘lgan holatlardan tashqari, har bir bola oilada yashash va tarbiyalanish, o‘z ota-onasini bilish, ularning g‘amxo‘rligidan foydalanish, ular bilan birga yashash huquqiga ega. Ayrim sabablarga ko‘ra bolaning ota-onasi bo‘lmaganda uning oilada tarbiyalanish huquqi vasiylik va homiylik organi tomonidan ta’minlanadi.
Voyaga yetmagan bola o‘z huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish huquqiga ega. Bolaning huquqi va qonuniy manfaatlari uning ota-onasi, ota-onasi yo‘q bo‘lsa, ota-onasining o‘rnini bosuvchilar, vasiylik va homiylik idoralari, prokuratura, sud tomonidan amalga oshiriladi.
Oilada voyaga yetmagan bolaning manfaatlariga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda bola o‘z fikrini ifoda qilishga, shuningdek, har qanday sud muhokamasi yoki ma’muriy muhokama davrida so‘zlashga haqlidir. Har qanday ota-ona o‘z farzandlariga o‘zaro kelishib, yoki yaqin qarindosh-urug‘lari maslahati bilan ota-onasining ismiga ko‘ra, yoki o‘zlari xohlagan ismni qo‘yishlari mumkin. Odatda, bolaning familiyasi ota-onaning familiyasiga qarab belgilanadi. Agar ota-ona turli familiyalarda bo‘lsa, ularning kelishuviga binoan bolaga otasining yoki onasining familiyasi berilishi mumkin.
Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar”. |
Do'stlaringiz bilan baham: |