15-bob. HUJJATLARNI SAQLASh UChUN QABUL QILIB OLISh VA ULARNI QAYTARIB BERISh
83-modda. Hujjatlarni saqlash uchun qabul qilib olish
Notarius hujjatlarni saqlash uchun ro‘yxat bo‘yicha qabul qilib oladi. Ro‘yxatning bir nusxasi notariusda qoladi, boshqa nusxasi hujjatlarni saqlash uchun topshirgan shaxsga beriladi.
Agar hujjatlar lozim tarzda o‘rab joylashtirilgan bo‘lsa, shaxsning iltimosiga ko‘ra notarius ularni ro‘yxatsiz ham qabul qilib olishi mumkin. Hujjatlar o‘ramiga notariusning muhri qo‘yiladi hamda u notarius va hujjatlarni topshirgan shaxs tomonidan imzolanadi. Bunday hollarda notarius hujjatlar o‘ramining but saqlanishi uchun javob beradi.
Hujjatlarni saqlash uchun topshirgan shaxsga guvohnoma beriladi.
84-modda. Saqlash uchun qabul qilingan hujjatlarni qaytarish
Saqlash uchun qabul qilingan hujjatlar ularni saqlash uchun topshirgan shaxsga yoki uning qonuniy vakiliga guvohnoma va ro‘yxatni taqdim etganidan keyin yoxud sudning qarori bo‘yicha qaytarib beriladi.
16-bob. DENGIZ PROTESTLARINI AMALGA OShIRISh
85-modda. Dengiz protestlari haqidagi ariza
Notarius kema egasining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun dalil-isbotlarni ta’minlash maqsadida kema kapitanining kema suzib borayotganda yoki u to‘xtab turgan joyda sodir bo‘lgan hamda kema egasining oldiga mulkiy talablar qo‘yish uchun asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan hodisa to‘g‘risidagi arizasini qabul qiladi.
Dengiz protesti haqidagi arizada yuz bergan hodisa tafsilotlari va kapitanning o‘ziga ishonib topshirilgan mulkning but saqlanishini ta’minlash yuzasidan ko‘rgan chora-tadbirlari bayon etilgan bo‘lishi kerak.
Dengiz protesti to‘g‘risidagi arizada bayon etilgan holatlarning tasdig‘i sifatida kema kapitani ariza bilan bir vaqtda yoki kema portga kirgan kundan boshlab, agar hodisa portda yuz bergan bo‘lsa, u yuz berganidan so‘ng yetti kundan kechiktirmay notariusga ko‘zdan kechirish uchun kema daftarini va kema daftaridan olinib kapitan tomonidan tasdiqlangan ko‘chirmani taqdim etishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |