35-modda. Shirkatga a’zolikning tugatilishi
Shirkatga a’zolik quyidagi hollarda tugatiladi:
joyga bo‘lgan mulk huquqi bekor qilinganda;
ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining ko‘pchiligi tomonidan shirkatdan chiqish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda;
shirkat tugatilganda.
36-modda. Shirkatning mol-mulki
Oldingi tahrirga qarang.
Shirkatning mol-mulki pul mablag‘laridan, binolar, inshootlar, jihozlar, inventarlar, transport vositalaridan hamda shirkat mablag‘lari hisobidan va qonunchilikda taqiqlanmagan o‘zga usullar bilan olingan boshqa mol-mulkdan iboratdir.
(36-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Shirkatning pul mablag‘lari quyidagilardan iborat:
shirkat a’zolarining majburiy badallari;
shirkat a’zolarining ixtiyoriy badallari;
yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy xayriya mablag‘lari;
tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlar (foydalar);
boshqa daromadlar va tushumlar.
Alohida ko‘p kvartirali uydagi joylarning mulkdorlari shirkatdan chiqqan taqdirda, shirkatning ushbu ko‘p kvartirali uyni kapital ta’mirlash maqsadida joylarning mulkdorlari tomonidan to‘plangan mablag‘lar hisobidan shakllantirilgan pul mablag‘larining tegishli qismi ko‘p kvartirali uyni boshqarish bo‘yicha yangi tuzilayotgan organga belgilangan tartibda o‘tkazilishi lozim.
37-modda. Shirkatning boshqaruv organlari
Shirkat a’zolarining umumiy yig‘ilishi va shirkat boshqaruvi shirkatning boshqaruv organlaridir.
Boshqaruv shirkatning ijro etuvchi organi bo‘lib, shirkat a’zolarining umumiy yig‘ilishiga hisobdordir.
Qonunga yoki shirkat ustaviga asosan shirkat nomidan ish yuritadigan shaxs shirkatning manfaatlari yo‘lida vijdonan, oqilona harakat qilishi kerak va shirkatga o‘zi yetkazgan zararning o‘rnini shirkat a’zolari umumiy yig‘ilishining talabiga binoan qoplashi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |