Абдулла орипов, Ўзбекистон Қаҳрамони, Халқ шоири апрель шеърлари инсон ғурури


Download 108.48 Kb.
bet2/2
Sana30.11.2020
Hajmi108.48 Kb.
#156509
TuriАнкета
1   2
Bog'liq
abdulla oripov sherlari


INSON G’URURI

Yigitning uyida tinchi yo’q zarra,


Sen esa o’qiysan unga yo’l-yo’riq.
Faylasuf, miyangni ishlat bir karra,
Uni tergamoqqa aslo haqqing yo’q.

Temir qoidangga rioya aylab,


Senga ham berayin mayli bir savol:
– Nega uyg’onmading tonggacha uxlab,
Nega ovqat yeysan o’zing bemalol?

Kim inson qalbiga kirsa beruxsat,


Hattoki, hayvondan vahshiyroq erur.
Shu holda tug’ilish zulmdir, albat,
Tug’ilmaslik undan yaxshiroq erur.

30.04.2015



SHOSHIL, QUYOSH

Shoshil quyosh, o’zingni ko’rsat,


Nuring bilan o’rab ol tegram.
Xudo bilar, o’tmay sal fursat,
Topolmassan ko’lankamni ham.
Shamol shoshil, shoshilgin yomg’ir,
Tezroq qurshang yelkam, boshimni.
Birdan g’oyib bo’lurman, axir,
Uchratmassiz hatto loshimni.
Vaqt chopmoqda bilmasdan tinim,
Do’stim, yetar, anqayma, ochil.
Imillama sen ham g’animim,
Yomonliging qilishga shoshil.

29.04.2015y.



YANGI TO’RTLIKLAR

* * *


Yomon ayol degan bir ibora bor,
Hech kimga tegmasin bu tamg’a zinhor.
U avval erining boshini yeydi,
So’ngra bolalarga o’tadi, makkor.

* * *


Aylanar tegirmon toshi sarosar,
Boshim o’rtadagi donga barobar.
Menga havas qilma, turmush zulmi bu,
Metin ham chidamas unga, birodar.

* * *


Ko’rdim, g’olib ekan mudom yolg’onlar,
Turmush jilovini qo’lga olganlar.
Marhumlar gapirmas, lekin nomidan –
Sayrab yurar ekan tirik qolganlar.

26.04.2015



ANKETA

– Bobong qachon o’lgan?


– O’tgan asrda.
– Qaerda yashagan?
– Ulkan qasrda.
– Kasal bo’lganmi u,
Aytgin, ne qilgan?
– Kaptarvoz ekanlar,
Tomdan yiqilgan.
– Anketada chiqqan
Javobga ko’ra,
Qarindosh ekanmiz,
Qo’lni ber, jo’ra.

25.04.2015



OGOHLIK

Qora kunlar keldi ko’hna diyorga,


Ustoz yig’lay-yig’lay ayladi xitob:
– Mayli suvga oqsin, singsin devorga,
Nodonning qo’liga tushmasin kitob.
Yengdi ma’rifatni manfur jaholat,
O’zbekda qatag’on davri boshlandi.
Qodiriy muxlisi qilindi g’orat,
Cho’lponni o’qigan otib tashlandi.
Yillar o’tib ketdi, ozodmiz shukur,
Lekin sen ogoh bo’l, ma’rifatli jon.
Hali tirik yurar kalamush qurg’ur,
Ko’zlari yiltillab turibdi sichqon.

25.04.2015



OILA YANGILIKLARI

Bola o’qib qaytdi xorijdan bir kun,


Kasbi kor orttirdi – diplomli me’mor!
Uyda bayram bo’ldi momosi uchun,
– Bolam, tandir qurgin, o’tirma bekor.
Bittasi injiner bo’lib qaytdi-ku,
Temir-tersaklarga bag’ishlarmish jon.
Tog’a o’g’il bola gapni aytdi-ku:
– Eski aravam bor, tuzat jiyanjon.
Katta do’xtir bo’ldi kenjatoyi ham,
Bobo der: – G’ururga endi to’laylik.
Biroz hashakidir dardimiz bolam,
Senga munosibroq kasal bo’laylik.

25.04.2015



TOG’ BOLASI

Yuksak tog’lar ichra qora ko’z bola


Yashardi hur, ozod, ko’rmay g’am, nola.
U faqat borliqdan andoza olgan,
Jami jonzotlarga do’st bo’lib qolgan.
Balki odamlarni anglamas, ammo
Tabiat fe’lini bilardi a’lo.
Bilardi arslonning buyukligini,
Ohuning nozik va suyukligini.
Go’yo so’ragandek mehr va najot
Undan qochmas edi sira hayvonot.
Bir kuni qo’shnilar chiqdilar yo’lga,
Qo’noq bo’lmoq uchun pastga – ovulga.
Har nechuk, bu yerda boshqaroq olam,
Ola ketishdilar bolakayni ham.
Biroq ko’nikmadi bola hech elga,
Tushunib-tushunmay hattoki tilga.
Uning g’alatligin payqab qolishdi,
Odamlar bir zumda o’rab olishdi.
Dedilar: “Epchilsan bo’riday go’yo”,
Bola tushunmadi bu gapni aslo.
So’ngra ko’rsatdilar bo’ri suratin,
Bola yashirolmay qoldi hayratin:
Bo’riday uvladi, sakradi quvnab,
Bo’ri bolasidek ag’anab, o’ynab.
Ayiq suratini ko’rsatishdi so’ng,
O’rmonlar otasi pahlavon va cho’ng.
Bolakay ayiqni tanidi darhol,
Mashq qila boshladi lapanglab, xushhol.
G’oyat baxtli edi shu lahza, shu on
Ko’chib kelgan kabi yoniga o’rmon.
Va lekin o’rtaga chiqdi bir odam,
Tog’lik bola tomon tashladi qadam.
Go’yo olmoqchiday eski qasdini,
Bolaga uzatdi tulki rasmini.
Daf’atan oh chekdi tog’ning bolasi,
Atrofni titratdi dardli nolasi.
Olomon tarafga shiddat-la boqdi,
G’azabnok so’zlarni aytib tutoqdi:
– Men tulki emasman, tulki emasman,
Tulki deganlarni odam demasman.
So’ng ketdi tog’ tomon la’natlar ayta,
Hech kimsa ko’rmadi bolani qayta.
Deydilar, uvlasa bo’rilar nogoh,
Bola ovozi ham kelarmish goh-goh.

24.04.2015



LO’TTIBOZ

Vijdonli odamlar ortgani sayin,


Lo’ttiboz soni ham ko’payib borar.
Tekinxo’r atalur bu qavm tayin,
Ajabki, ko’p ishni shular boshqarar.
Vijdonning boshiga chiqqani ko’yi,
O’zini mengzaydi tengi yo’q dovga.
Jinjakcha kelmaydi o’zining bo’yi,
Yoqsa, tutantiriq bo’lmas olovga.

19.04.15


TA’MA

Men qaysi domlaga ergashay, hayhot,


Ishonchim toptasa ta’magir hayot.
Duo qilganman, deb bir yil muqaddam,
Haqin so’rab keldi bugun o’sha zot.

21.04.2015



KIBR

Men borman – dunyo bor, men yo’q – dunyo yo’q,


Faqat bugunni bil, faqat bugunni.
Bisoting mavjudmi – ko’ngling bo’lsin to’q,
Eslama, oxirat degan u kunni.
Turli afsonalar to’qiydi odam,
Sevgi bu – qushda ham uchraydigan nafs.
Bordir o’z egasi erta kunning ham,
Menga kelajakdan o’qiyverma dars.
Insof nodonlarga erur munosib,
Sen-chi, faqatgina o’z-o’zingni bil.
Hatto avliyolar hokini bosib,
Maqsadga intilgil, maqsadga intil.
Uch-to’rt xayolparast bukkanicha qad
Tushining ta’birin topgunicha to,
Sizning fikringizcha, ya’ni men – murtad
Egallab olaman dunyoni hatto.
Nega tinglamaysan kibrning so’zin?
Olijanob eding, ahvoling tangmi?
Asrlardan buyon butkul yer yuzin,
Boshqargan menmi yo kamtar otangmi?

21.04.2015



TUG’ILISH

Yurishni o’rgandi bolakay sal-pal,


Orqada kuzatar ota va ona.
Oh, ushbu ko’rinish naqadar go’zal,
Minglab oilaga orzu — yagona.
Surinmay ulg’aysin mayli bolakay,
Umr fasllarin gashtini sursin.
Lekin, payti kelgach kim bo’lar, hay-hay,
Hayot yelkanini u qayga bursin.
Bir cho’qib atrofga o’n bor qarasa,
Har kimning yuziga boqsa jovdirab.
Koshkiydi shu holda korga yarasa,
Suyanchig’i yo’q-ku turguvchi qarab.
Birovdan beruxsat hatto kulmagan,
Bilmas, murodi ne — obro’mi, puldir.
Unda mustaqillik o’zi bo’lmagan,
Unda u mutedir, endi u quldir.
Yo’lin qora mushuk kesib o’tgan dam,
Dod! — deya yigitlik oridan tonsa.
Yomon tush ko’rganda ulug’ yoshda ham,
Ena, enajon! — deb yig’lab uyg’onsa.
Men bunday kaslarni topmadim o’ylab,
She’rni ham yozmadim aslo atayin.
Qofiya ustida yetmish yil o’ynab,
Bir jiddiy gapni ham endi aytayin.
Bu qavmning qimati yo’qdir mutlaqo,
Lekin omad doim ularga o’rtoq.
Pastda munosiblar qolib, ajabo,
To’rga o’tib olar o’shalar ko’proq.
Ko’zimiz qorasi aziz zuryodlar,
Hattoki tantiqdir, g’oyatda suyuk.
Oh, qaydan kelarkan fidoyi zotlar,
Qaydan tug’ilarkan botirlar buyuk.
Magar bo’lganda ham qiyomat qoyim,
Degayman, yetguncha so’nggi nafasim.
Komil insonlarni qo’msarman doim,
Ulug’ siymolarga kelgay havasim.

18.04.02015



IKKI XUSHOMADGO’Y

Ikki xushomadgo’y uchrashdi bir kun,


Ochig’i, tajriba almashmoq uchun.
Shundoq boshlab qoldi gapni havaskor:
– Mening qalbim to’la g’urur, iftixor.
Oxiri meniki bo’ldi xo’jayin,
Ishlarim yurishib ketmog’i tayin.
U kun o’zlarini yaladim ancha,
Tovonidan tortib tizzasigacha.
Gal keldi ikkinchi xushomadgo’yga,
Gapin boshladi u, tolgancha o’yga:
– Hozirgi kasbdoshlar o’zgargan butkul,
Kamtarlikni bilmas, maqtanar nuqul.
Mana biz dongdormiz, taniydi har kim,
Lekin o’tiribmiz, gerdaymasdan jim.
Aytsam ishonmaysan, eh sodda ukam,
Yalaganmiz undan yuqorisin ham.

18.04.2015



TUTASH DUNYOLAR

Marhum jo’ralarim,


Eslayman sizni,
Endi aylangansiz tushga, ro’yoga.
Birma-bir ketdingiz tark etib bizni,
Boshqa o’lchovdagi boshqa dunyoga.
Balki o’zga erur unda tizim ham,
Xayolga erk berib, taxmin qilaman.
Qanchalik rangbarang bo’lmasin olam,
Ruhingiz o’shadir, buni bilaman.
Sirli xilqatingiz o’zingizga xos,
Albatta farqlidir odat-tarzingiz.
Hech kimda boylik yo’q, hech kimda libos,
Demakki, hech kimdan yo’qdir qarzingiz.
Sizni ko’rgim kelar, sog’inaman goh,
O’tsa tomoshalar, bayram, ko’riklar.
Chehrangiz namoyon bo’lar banogoh,
Mening yakkalashsa manov tiriklar.
Mayli tursangiz ham cheksiz yiroqda,
Oromda yotgaysiz, mudom ko’ngil to’q.
Urush begonadir, hatto u yoqda
Birlashgan Millatlar Tashkiloti yo’q.
Jami ezgulikni qutlaysiz beshak,
Ajratmay Shimolu Janub yoqlarni.
Majlis ham qilmassiz, bilmassiz demak
Koridorda yurgan maqtanchoqlarni.
Sodiq farishtangiz pospondir, illo
Xonangiz – koinot mudom sarishta.
Yerda ro’zg’or qilsa bir kun mabodo,
Aqldan ozardi o’sha farishta.
Eslayman sizlarni shu dam Shukurjon,
Do’stim Ubaydulloh, azizim O’tkur.
Duolar qilaman, maqtayman chunon,
Iloho, ruhingiz bo’lsin tinch, masrur.
Lekin kuyingayman do’st deb baribir,
Axir tiriklik ham hikmat-ku azal.
Sizni eslaganda eslanar qadr,
Bu – noqis dunyoda ibrat har mahal!
Sira unut bo’lmas suronli hayot,
Kurash va g’alaba, turfa xil hislar.
Sizni tushimizda ko’rgaymiz bot-bot,
Balki sizning tushga kirgay majlislar.

17.04.2015



IRIM

Talosh pallasi deb she’r yozdim u vaqt,


Oqshomning bu siri garchand noayon.
Irimga binoan aynan o’sha payt,
Hatto urushlar ham to’xtagan bir on.
She’rda istagimni aytmabman, erkam,
Ishongum, ishorat senga kifoya.
Deyman, qovog’ingni ochib yur sen ham,
Toki irimlarga qilgin rioya.

15.04.2015



KASSETA

Nabiram kasseta qo’yar gohida,


Uzoqdan keladi o’ktam bir nafas.
Yer-osmon yongudek uning ohida,
Muhabbat atalmish hech o’lmas bu sas.
Baland qil, ko’klarga o’rlasin nolam,
Bu mening navqiron chog’im-ku, bolam.
Tag’in ovoz kelar yiroq-yiroqdan,
Vatan deb, elim deb tortilgan na’ra.
Hanuz nur olaman o’sha chiroqdan,
Sen ham shu Vatanning koriga yara.
Qog’oz janggoh edi, tug’im-chi – qalam,
Bu mening ulg’aygan yillarim, bolam.
Turfa sadolarni turgayman tinglab,
Mana bu suhbatim, mana bu – doston.
Bari muhrlanib qolmishdir, ajab,
Birida ma’yusman, birida shodon.
Baribir yashadim shuhratga hamdam,
Bu mening yetuklik davrimdir, bolam.
Oxir eshitilar parishon ovoz,
So’zin anglab bo’lmas, bari aralash.
Har she’r o’qilganda shildirar qog’oz,
O’rnimdan qalqaman, ko’nglim bo’lar g’ash.
Bas qil, yuragimni ezmasin alam,
Bu mening keksalik paytim-ku, bolam.

14.04.2015



SHOIR QISMATI

Sizga achinaman, shoir Hamzaxon,


Bu gapni aytmadim aslo jo’rttaga.
Qaysi jin urgandi sizni u zamon,
– Sho’ro! – deb chiqdingiz birdan o’rtaga.
Tuzum makkor edi, tuzum hiylagar,
Aldamchi edi u, qabih, ko’ngli kir.
Toshbo’rondan tirik qolsangiz ham gar,
Otib tashlardilar sizni baribir.
Ular yasadilar sizdan bir yalov,
Oyoq ostingizda chohni ham qazib.
Sizga yetmasmidi qalbdagi olov,
Yurmasmi edingiz she’ringiz yozib.
Vatanning yovi-ku bosqinchi axir,
Sart so’zin eshitsa g’azabga to’lgan.
Iymonsiz kimsalar xudosiz – kofir,
Millatni yerlarga urmoqchi bo’lgan.
Siz-chi, vasf etdingiz ularni behad,
Zamon shoiri deb chiqdi nomingiz.
Sizni o’rab oldi maqtov va hasad,
Aldanish mayiga to’ldi jomingiz.
Qismat tanlab oldi sizni Hamzaxon,
Ergashib ketdingiz yumuq bir ko’zdek.
Bitta farzandini boy berdi Qo’qon,
Bitta shoiridan ayrildi o’zbek.

10.04.2015y.



ASOSIY NUSXA

Birorta kitobga uyg’onsa shubha,


Siz buning aslini toping, deydilar.
Hech kim qo’lyozmani qilmagay tuhfa,
Shu taxlit ilmning g’amin yeydilar.
Tulporning nasli-ku eskirmas aslo,
Derlar bobosida bo’lgan qanotlar.
Ularning bahosi yo’q erur, ammo
O’rnini bosolmas jaydari otlar.
Menga kibr bilan boqma, ey banda,
Yuzingda ko’rinmas tabarruk u chang.
Sen tahrir bo’lgansan, rostin aytganda,
Arshda qolib ketgan asosiy nusxang.

08.04.2015 y.



HIMMAT

Dunyoning himmati daryoga o’xshar,


Bir oqsa oqadi bilmasdan tinim.
Yig’sam sovg’a bo’lgan gullarni agar,
Kattakon chamanzor bo’lardi, inim.
Dunyoning zulmi ham qolishmas, aslo
Bir umr topmassan halovat, qo’nim.
Otilgan toshlarni yig’sam mabodo,
Ulkan bir tepalik bo’lardi, inim.

07.04.2015



APREL

Borliq kiyib olgan moviy bir libos,


Yel esar – bahorning pildiroqlari.
Qalbingda uyg’otar ajib ehtiros,
Aprel osmonining qaldiroqlari.
Yomg’ir taraladi ko’m-ko’k adirda,
Uzoq qirda esa yaltirar quyosh.
Bunday nafislik yo’q hech bir atirda,
Ruhingni yayratar havo, tog’u tosh.
Qofiya yig’ishar she’rga – nazmga
Jajji jilg’alarning shildiroqlari.
Atrofni chaqirar yashil bazmga
Aprel osmonining qaldiroqlari.

06.04.2015



HAYOTGA QAYTISH

Yonimda aytmagil baxt degan so’zni,


Tanamda nogahon titroq boshlanar.
Tutib turolmayman aslo o’zimni,
Yuragim zo’riqib, ko’zim yoshlanar.
Axir men umrimni ishonib rosa
O’sha baxt yo’lida sarflaganim rost.
O’tdi u davronlar, o’rnida esa
Bir uyum va’dalar qoldilar, xolos.
Agar bo’lsang menga chindan xayrixoh,
Do’st degan so’zni ham qilmagin takror.
Ko’ksimdan vulqondek ko’tarilar oh,
Insonni do’sti ham aylar ekan xor.
Qorong’u tunlarda ko’tarib mash’al,
Do’st deya o’zimni urdim kulfatga.
Ular-chi, bir kuni topib kuch, amal,
O’zimni otdilar o’sha zulmatga.
Muhabbat qanchalar sehrli kalom,
Ruhingga suyanchiq, toza, bokira.
Men-chi, unutganman uni batamom,
Bul ajib so’zni ham eslatma sira.
Muhabbat deganda ko’zimga endi,
Jafo ko’rinadi, vafo ko’rinmas.
Dildagi olovli hislar ham tindi,
U yorug’ xayollar barham topgan, bas.
Deyman, aldanmasin hayotda inson,
Savoli qolmasin zinhor bejavob.
Sarobga aylansa agarda armon,
Hatto bir narsa ham ko’ringay xarob.
Lekin ishonaman, tog’lar yuksalib,
Daryolar guvillar men uchun yana.
Tag’in hayot qaytar gulduros solib,
Yana sevgi qalbda qilgay tantana.

03.04.2015



YOMG’IR

Yomg’ir yog’sa shoirlar


Erk berarlar miyaga,
Tayyor mavzu topildi,
Tizarlar qofiyaga.
Yomg’ir yog’sa qushlar-chi,
Tahlikaga tushadi
Va lekin sevishganlar
Zontikka yopishadi.
Yomg’ir yog’sa bemahal
Kuyar o’zbek dehqoni:
Hosilni poymol qildi,
Yetdi qancha ziyoni.
Jenevalik quvonar
Yomg’ir yog’masin qachon:
— Havo yana tozarib,
Yashnaydi yana gazon.
Alloh baraka sochar
Qay fasl, qay palladir,
Kim qanday qabul qilar?
Bu boshqa masaladir.

04.04.2015



JANJAL

Aslo tugamaydi ushbu mojaro,


Paymonang na to’lib, na to’lolmaydi.
Barcha g’avg’olarni yig’sang ham, ammo
Uydagi janjalga teng bo’lolmaydi.
Sovuq urgan kabi so’lg’in turishi,
Oila na yashnab, na kulolmaydi.
Mabodo boshlansa jahon urushi –
Uydagi janjalga teng bo’lolmaydi.
Uning jangchilari majruhdir mutloq,
Na tirik qoladi, na o’lolmaydi.
Yaxlit dahshat derlar do’zaxni, biroq
Uydagi janjalga teng bo’lolmaydi.

01.04.2015 y.
Download 108.48 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling