Abdulla Qahhor
Download 39.03 Kb.
|
Abdulla Qahhor
- Bu sahifa navigatsiya:
- Adibning hayot va ijod yo‘li.
- Abdulla Qahhor hikoyalari Abdulla Qahhor-mohir hikoyanavis.
- «O‘tmishdan ertaklar»
Abdulla Qahhor (1907.17.9, Qo‘qon — 1968.25.5, Moskva) — Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1967). Temirchi oilasida tug‘ilgan. Bolaligi Qo‘qon va uning atrofidagi qishloqlarda o‘tdi. Oqqo‘rg‘on qishlog‘idagi Mamajon qorining usuli savtiya maktabida tahsil ko‘rdi. Oilasi Qo‘qonga ko‘chib kelgach „Istiqlol“ nomli sho‘ro maktabiga o‘qishga kiradi, undan internat, „Kommuna“, „Namuna“ maktablarida, so‘ng bilim yurtida tahsil ko‘radi. Bilim yurtining „Adib“ qo‘lyozma jurnalida dastlabki mashqlari bilan qatnashadi. Toshkentdagi „Qizil O‘zbekiston“ gazetasi tahririyatining „Ishchibatrak maktublari“ varaqasiga muharrirlik qildi (1925). U gazetada ishlash jarayonida O‘rta Osiyo davlat universitetining ishchilar fakultetini tamomlaydi (1928). Abdulla Qahhor yana Qo‘qonga borib, dastlab o‘qituvchilarni qayta tayyorlash kursida muallimlik qiladi; ko‘p o‘tmay „Yangi Farg‘ona“ viloyat gazetasiga kotib va „Chig‘iriq“ hajviy bo‘limiga mudir etib tayinlanadi (1929). Abdulla Qahhorning „Oy kuyganda“ ilk hajviy sheʼri „Mushtum“ jurnalida Norin shilpiq taxallusi ostida bosildi (1924). So‘ng uning bir qancha hajviy sheʼr va hikoyalari „Mushtum“, „Yangi yo‘l“ jurnallari va „Qizil O‘zbekiston“ gazetasida Mavlon kufur, Gulyor, Nish, Erkaboy, E-voy kabi taxalluslar ostida eʼlon qilindi. Abdulla Qahhor 30-yillarda yana Toshkentga qaytadi va O‘rta Osiyo davlat universitetining pedagogika fakultetiga o‘qishga kiradi (1930), ayni paytda „Sovet adabiyoti“ jurnalida mas’ul kotib vazifasini bajaradi. O‘zdavnashrda muharrir va tarjimon (1935–1953). 1954–1956-yillarda O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasi boshqaruvining raisi. Abdulla Qahhor umrining oxirlarida davolanish uchun Moskvaga boradi va o‘sha yerda vafot etadi. Toshkentdagi Chig‘atoy qabristoniga dafn etiladi. Abdulla Qahhor ijodi sheʼriyat bilan boshlangan boʻlsada, uning adabiy merosi negizini nasriy asarlar tashkil etadi. „Boshsiz odam“ (1929) hikoyasi chop etilgan vaqtdan boshlab umrining oxirigacha hikoya, ocherk, publitsistika, qissa va roman janrlarida samarali ijod qildi. Abdulla Qahhorning dastlabki ijodidagi „Qishloq hukm ostida“ qissasi (1932) sho‘ro mafkurasi asosida yozilgan. Uning „Boshsiz odam“ hikoyasi bilan boshlangan hikoyanavislik faoliyatida esa tarixiy o‘tmish aks ettirilgan. „Ko‘shchinor chiroqlari“ (1951) romanida (dastlabki varianti „Qo‘shchinor“, 1946) jamoalashtirish davrining voqealari badiiy tasvirlangan. „Sarob“ romani Abdulla Qahhorning 30-yillar ijodida uning birinchi romani — „Sarob“ muhim o‘rinni egallaydi. Yozuvchining ushbu romani bosh qahramon Saidiyning faoliyatini ko‘rsatishga qaratilgan, yana unda 20-yillarning 2-yarmidagi o‘zbek xalqi hayotining maishiy, etnografik, iqtisodiy va maʼnaviy manzaralari yaqqol aks etib turadi. „Sarob“ keng mavzuli roman bo‘lgani uchun yozuvchi o‘zining badiiy niyatini yalang‘och holda ko‘rsatmay, uni shu davr hayotining boshqa manzaralari ko‘rinishida reallashtirishga uringan. Voqealar tasvirida yozuvchi hayot haqiqatini saqlab qolgan. Mashhur asarlari Stamps of Uzbekistan, 2007-05.jpg Abdulla Qahhor oʻrinli soʻz qoʻllash mahoratini puxta egallagan adibdir. Ijodida voqelikni realistik talqin etish ustuvorlik qiladi. Adib serqirra ijodkor sifatida adabiyotning deyarli barcha tur va janrlarida qalam tebratgan. „Olam yasharadi“ nomli birinchi hikoyalar toʻplami 1932-yilda bosilgan. Abdulla Qahhor ijodiy hayoti davomida 40 dan ziyod asar eʼlon qilgan. Bu kitoblar orasida 30 ga yaqin hikoyalar ham boʻlib, ular oʻzbek adabiyotida hikoya janrining badiiy ufqlarini kengaytirgani bilan ahamiyatlidir. Abdulla Qahhorning nasriy asarlari orasida „Qoʻshchinor chiroqlari“ romani hamda „Sinchalak“ (1958), „Oʻtmishdan ertaklar“ (1965) va „Muhabbat“ (1968) qissalari muhim oʻrin tutadi. Undan tashqari „Boshsiz odam“, „Anor“, „Bemor“, „Oʻgʻri“, „Dahshat“, „Millatchilar“, „Sanʼatkor“, „Adabiyot muallimi“, „Oʻjar“, „Asror bobo“ kabi oʻnlab hikoyalar yozgan. „Shohi soʻzana“ (1949), „Ogʻriqtishlar“ (1954), „Tobutdan tovush“ (1962), „Ayajonlarim“ (1966) nomli komediyalar muallifi. Feletonlar, adabiy-tanqidiy maqolalar ham yozgan. Komediyalari Abdulla Qahhorning isteʼdodi uchun komediya janri ham yaqin edi. Buni sezgan yozuvchi 50-yillar arafasida dramaturgiya sohasida ham qalam tebratib, shu davrning muhim mavzularidan biri — qoʻriq yerlarni oʻzlashtirish mavzuida „Shohi soʻzana“ („Yangi yer“, 1949–1953) komediyasini yaratdi. Shuni aytish lozimki, bu komediyada qoʻriq yerlarning — Mirzachoʻlning oʻzlashtirilishidan koʻra baʼzi kishilar ongidagi shoʻrning bartaraf etilishi mavzui birinchi oʻringa olib chiqilgan. Urushdan keyingi oʻzbek adabiyotidagi asosiy konflikt — yangilik bilan eskilik oʻrtasidagi ziddiyat bu komediyada oʻzining teran badiiy tasvirini topgan. Bu asarda Abdulla Qahhor ustalik bilan kulgili holatlar yaratgan va hajviy bo‘yoqlardan mohirona foydalangan holda konfliktni oʻziga xos ravishda hal qilgan. Ushbu komediya xorijiy mamlakatlar sahnasida ham oʻynalib, oʻzbek teatr sanʼatining kamol topib borayotganini namoyish etdi. Bundan ilhomlangan yozuvchi „Ogʻriq tishlar“ (1954), „Tobutdan tovush“ (1962) hamda „Ayajonlarim“ (1967) komediyalarini yaratdi. Bu asarlarda, xususan „Tobutdan tovush“da oʻsha davr uchun xos boʻlgan illatlar hajv oʻti ostiga olindi. Ayniqsa soʻnggi asarda Abdulla Qahhor oʻziga xos nozig tuygʻu bilan jamiyatdan poraxoʻrlikdek dahshatli illatni tag-tomiri bilan yoʻqotish istagida uning ayrim koʻrinishlarini sahnaga olib chiqdi, u „Soʻnggi nusxalar“ nomi bilan ham sahna yuzini ko‘rdi. Tarjima asarlari Abdulla Qahhor yozuvchi sifatida oʻzbek tilini nozig his etuvchi va uning boy imkoniyatlaridan mahorat bilan foydalanuvchi qalamkash edi. U oʻzining nasriy asarlarida ham, komediyalarida ham tildan foydalanish va ona tilining cheksiz imkoniyatlarini namoyish etishning ajoyib namunalarini berdi va oʻz ijodi bilan oʻzbek adabiy tilining kamol topishiga ulkan hissa qoʻshdi. Abdulla Qahhor hayotining soʻnggi kunlarida shoʻro jamiyatida shaxsga sigʻinishning avj olishi orqasida yuz bergan fojialarni tasvirlovchi „Zilzila“ qissasi ustida ish olib bordi. Lekin uni tugata olmadi. Abdulla Qahhor tarjimon sifatida ham mashhur. U Pushkin, Lev Tolstoy, Gogol, Chexov asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Ayni paytda Abdulla Qahhor asarlari rus, ukrain, belorus, qozoq, qirgʻiz, tojik, qoraqalpoq kabi tillarga tarjima qilingan. Uning ayrim hikoyalari esa ingliz, nemis, fransuz, chex, polyak, bolgar, rumin, arab, hind, [[vetnam tili vetnam]] tillarida chop etilgan. Mukofotlari Abdulla Qahhor Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti (1966) laureati.„Buyuk xizmatlari uchun“ ordeni bilan mukofotlangan (2000). Uning nomi Toshkent va Qoʻqondagi bir necha koʻcha, maktab va jamoa xo‘jaliklariga, shuningdek madaniyat uylari va respublika Satira teatriga berilgan. Toshkentda Abdulla Qahhor uy-muzeyi ochilgan (1987) Abdulla Qahhor yangi milliy adabiyotimizning ikkinchi avlodi sanalmish Oybek, G‘. G‘ulom, H. Olimjon, Mirtemirlar safida turib ijod etdi. Safdoshlari kabi A. Qahhorning qizg‘in ijodiy faoliyati XX asrning eng fojiali paytida, mudhish 30-50-yillar sharoitida, mustabid yakkahokim mafkura, sovet adabiy siyosati ta’siri va tazyiqi ostida kechdi. Bu hol yozuvchining ijodiy taqdirida talay noxush asoratlar qoldirdi. Ayni paytda Alloh bergan benazir iste’dod, noyob shaxsiy fazilatlar-o‘ziga xos o‘tkir nigoh, fuqarolik tuyg‘usi, qat’iyat, iroda-bardosh, haqgo‘ylik, halollik va shijoat tufayli zamonasi talotumlaridan yuqori ko‘tarila oldi. Adibning dilbar hikoyalari unga katta shuhrat keltirdi. «Sinchalak», ,,O‘tmishdan ertaklar» qissalari, «Sarob», ,,Qo‘shchinor chiroq-lari» romanlari, «Shohi so‘zana», «Tobutdan tovush» komediyalari, o‘nlab o‘tkir publitsistik chiqishlari, adabiy-tanqidiy maqolalari, zargarona tarjimalari asr adabiyoti, ma’naviy-madaniy hayoti tarixida yorqin va o‘chmas iz qoldirdi.
Adibning bolaligi Qo‘qon shahri va uning atrofidagi qishloqlarda o‘tgan. Otasi Abduqahhor Tojikistonning Asht qishlog‘idan bo‘lib, asr boshlarida akasi usta Abdurahmonga ergashib Qo‘qon shahriga ko‘chib kelgan, ota kasbi temirchilik bilan shug‘ullangan. Abduqahhor mustaqil oila tebratish ilinjida bo‘lsa kerak, shaharni tark etib, bir necha yillar qishloqma-qishloq ko‘chib yurgan. Onasi Rohatoy Abdulladan oldin va keyin tuqqan sakkiz bolasini qora yer bag‘riga berib, yurak oldirib qo‘ygani uchun bu o‘g‘lini yer-u ko‘kka ishonmay, ko‘z o‘ngidan bir qadam ham jildirgani qo‘ymay, avaylab o‘stirdi. Biroq oilaning bu yolg‘iz farzandi ko‘z ochib, esini tanib, turmushning hadsiz xo‘rlik, shafqatsizliklarini ko‘radi. Ayniqsa darbadar, ko‘chmanchi hayot, tahqir-u nadomatlar go‘dak ko‘ngliga og‘ir botadi. «Bir qishloqda bolalarga endi qo‘shilib, o‘rtoq orttirganimda, boshqa qishloqqa ko‘chib, yana «ko‘chmanchining bolasi» bo‘lib qolar edim. Bu gaplar qattiq haqorat yo‘sinida aytilar edi, -deb eslaydi adib tarjimayi holida.-Bir kuni kechqurun mahalla bolalari ilonni ko‘rgan chumchuqday atrofimda chug‘urlashib turganda, kuzatib turgan bir mo‘ysafid menga rahm qilgan bo‘lib: «Qo‘yinglar, bolalar, tegmanglar, kelgindi bo‘lsa o‘zi bo‘libdimi, xudo qilgan», -dedi. Mo‘ysafidning bu gapi menga bolalarning ta’nasidan ham qattiqroq tegdi, uzoq yillar dilimda cho‘kib yotdi. Bilmadim, ilgari qalay ekanman, lekin nazarimda meni shu gap indamas qilib qo‘ydi. Uyda menga «indamas», «ichimdan top» deb dashnom beradigan bo‘lishdi... Bunaqa ta’na-dashnomlar meni battar «soqov» qilar edi». Bu murg‘ak ozordiyda qalb endi «indamas» degan ta’nadan qutulish uchun odamlardan, hatto o‘z ayasidan ham mumkin qadar qochadigan bo‘lib qoladi. Faqat shulargina emas. Qo‘li qisqalik, yo‘qchilik tufayli oilada yuz beradigan dilsiyohliklar, odam bolasi dosh berishi mumkin bo‘lmagan nochor turmush sharoitlari, qo‘ni-qo‘shnilar, odamlar orasidagi dag‘al, beshafqat munosabatlar, yurtda avj olgan jaholat, uning har qadamdagi ham kulgili, ham mudhish oqibatlari, biri biridan ayanchli, fojeiy sarguzashtlar-Abdulla dunyoga kelib ana shunday muhit, sharoitda esini tanidi. ,,O‘tmishdan, ertaklar»da yozuvchi o‘sha bolalik yillari manzarasi mohiyatini ,,kunlar g‘urbat bilan boshlanib, g‘urbat bilan tugardi» degan birgina jumlada juda yorqin, ta’sjrchan ochib bergan. Ayni shu g‘urbatga to‘la darbadar va mungli hayot taassurotlari murg‘ak Abdulla ko‘nglida ilk bor o‘ziga xos mungli qo‘shiqqa aylanadi, aniqrog‘i ko‘nglidagi hasratlar qo‘shiq bo‘lib otilib chiqadi. Yozuvchining e’tirof etishicha, uning ilk bor ko‘nglida tug‘ilgan qo‘shig‘i-»ijodi» ayni shu mungli kechinmalar haqidadir. Demak, mana shu shafqatsiz hayot Abdullani yozuvchi bo‘lib yetishuvida muhim omil rolini o‘tadi. Keyinchalik u qo‘liga qalam olganda bot-bot bolalik xotiralariga murojaat etishi, o‘tmish haqidagi asarlarning malomatlar, g‘am-g‘ussalar bilan yo‘g‘rilganligi sababi shunda. Abdulla xarakterining shakllanishida otasining ta’siri katta bo‘lgan. Usta Abduqahhor qo‘li qisqa bo‘lishiga, darbadar hayot kechirishiga qaramay o‘ziga xos mag‘rur, nazari to‘q, insonlik sha’nini baland tutadigan savodli, tadbirkor odam edi; «dadam birovning qo‘lidan bitta yong‘oq ham oldirmay o‘stirgan» deb yozadi adib mamnuniyat bilan. Abdullaga ilk savodni otasi bergan, kitobga havasni ham otasi uyg‘otgan. Adibning eslashicha, otasi kitobga nihoyatda ishqiboz bo‘lib, deyarli har kuni ishdan keyin uydagilarga qiziq kitoblar-har xil jangnomalar, «Dalli va Muxtor», «Bahori donish», «Bobo Ravshan» kabi asarlarni o‘qib bergan. Abdulla muayyan mudbat eskicha usuldagi maktabda o‘qiydi, xat taniydi, so‘ng Oqqo‘rg‘onda Muhammadjon qori degan ochiq fikrli odamning yangicha usuldagi (usuli jadidiya) maktabida o‘qishni davom ettiradi, ,,Qur’oni Karim»ni «Taborak» surasigacha yod oladi. Jadid ma’rifatchilarining darsliklaridan ta’lim oladi, Behbudiy, Abdulla Avloniy, Tavallo, So‘fizoda, Sidqiy adabiyotlari bilan tanishadi. O‘sha jadid muallimi Muhammadjon qori yozuvchi shaxsiy hayotida chuqur iz qoldirgan, adib bir umr u kishi bilan iliq munosabatda bo‘ladi, ,,O‘tmishdan ertaklar»ning eng nurli bobini shu odamga bag‘ishlaydi. Bu orada o‘lkada inqilobiy alg‘ov-dalg‘ovlar boshlanib ketadi. Oilaning ko‘chmanchi-darbadar hayoti barham topadi. .Abdulla dastlab sho‘ro maktabi «Istiqbol»da, undan keyin internatda, so‘ng «Kommuna maktabi»da o‘qiydi; o‘zbek bilim yurtining «Namuna-tadbiqot» maktabida, nihoyat bilim yurtining o‘zida o‘qishini davom ettiradi. 1925-yili Toshkentga «Qizil O‘zbekiston» gazetasiga ishga taklif etiladi. «Norin shilpiq», «Mavlon Kufur», «Gulyor», «Erkaboy», «E-hoy» imzolari bilan matbuotda qatnashadi. Bilim olishga bo‘lgan ishtiyoq uni O‘rta Osiyo Davlat universitetining ishchilar fakultetiga boshladi. Bu yerda u rus tilini o‘rgandi, adabiyot dunyosi bilan yaqindan tanisha boshladi, ayniqsa, Gogol, Turgenev, Chexov asarlari uni o‘ziga maftun etdi; buyuk rus realistlari asarlari yosh Qahhorni «yangi bir olamga, kitob emas, hayot odamlarining tovushi eshitilib, qiyofasi yaqqol ko‘rinib turgan, ularning ichki dunyosini oynaday aks ettiradigan adabiyot olamiga yetakladi». Yosh yozuvchi ularga ergashib asarlar yozishga urindi. 1934-yili yozib tugatgan «Sarob» romani uni chinakamiga elga-jamoatchilikka yetuk yozuvchi sifatida tanitdi. Roman respublika konkursida mukofotlandi. So‘ng u mashhur hikoyanavis sifatida shuhrat qozondi.’ Jahon novellistik adabiyotining eng yaxshi namunalari bilan bir qatorda turuvchi hikoyalar, deb baho olgan-»Anor», ,,O‘g‘ri», «Bemor», «Adabiyot muallimi», «San’atkor» kabi asarlari maydonga keldi. Hikoya janrida qalamini qayrab yurgan yozuvchi yana yirik janrga qo‘l urdi. «Sarob»dagi kabi hayot oqimidan chetda turgan kimsa-bu yerda endi ziyoli emas, batrak dehqonning boshdan kechirganlarini tasvir qilmoqchi bo‘ladi. 30-yillar oxirlarida yozila boshlagan asar 1947-yili dunyo yuzini ko‘rdi. .,Qo‘shchinor» nomi bilan atalgan bu romarl o‘sha davr adabiy qoliplariga mos kelmagani uchun jiddiy tanqidga uchraydi; muallif asarni qayta ishlashga majbur bo‘ladi. ,,Qo‘shchinor chiroqlari» nomi bilan chiqqan roman, tanqidni xush qabul qilgan bolsa ham, ta’bimdagi kitob emas», «o‘zimga bog‘liq bo‘lmagan sabablar bilan maqsadimga yetolmadim», deydi adib. Qahhorning Stalin vafotidan keyingi o‘n yildan ortiqroq hayoti va ijodiy faoliyati g‘oyat sermahsul va samarador bo‘ldi. Shaxsga sig‘inish, mustabid siyosatning tanqid ostiga olinishi, mamlakatda qisman demokratiyaga yo‘l berilishi tufayli Abdulla Qahhor o‘zini erkin his eta boshladi. O‘zbek xalqining, xususan, millat ko‘pchiligini tashkil etgan paxtakor dehqonning nochor ahvoli, paxta dalalarida odamlarning qiynalayotgani, ayollarning mayib bo‘layotgani, bolalarning pachoq bo‘lib o‘sayotgani haqida bong uradi. «Mavsumda bir necha tonna paxtani bittalab terish, shuncha yukni bo‘yniga osib, necha yuzlab kilometr yo‘l bosish uchun afsonaviy Rustamning ham quvvati yetmaydi», deydi adib, mana. shu yumushni qishloqdagi o‘zbek ayoli ado etayotganidan nadomatlar chekadi. Ruslashtirish siyosatining noxush oqibatlari-»ko‘pgina oilalarda bolalar o‘z ona tilisini mutlaqo bilmasligi», bu hol «ota-onani zarracha ham tashvishga solmayotgani», «ba’zi bir oilalarda bola o‘z ona tilisida gapirgani nomus qilayotgani», shu narsa «internatsionalizm»-deb atalayotgani haqida 60-yillarda dangal gapirish-bu hazilakam ish emas edi. El-yurt, millat, milliy adabiyot, ona tilining sofligi yo‘lidagi jonbozliklari, adabiyotidagi soxtalikka qarshi chiqishlari, bu borada yozuvchilikka da’vogar eng yuksak martabadagi shaxslarni ham ayamasligi-chindan-da katta jasorat edi. Abdulla Qodiriy tavalludining 70-yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgah anjumanda so‘zlagan nutqi, Qodiriy kabi buyuk siymolarni baholashda «kult davri qoqib ketgan temir qoziq atrofidan yiroq ketilmayotgani» xususidagi achchiq istehzosi, o‘zining oltmish yoshlik tantanasidagi nutqi-bular ajdaho komiga o‘zini tutib berish bilan barobar edi. Abdulla Qahhor bunga jur’at eta oldi. Abdulla Qahhor bu yillarda badiiy ijodda ham o‘zgalarga ibrat bo‘larli faoliyat ko‘rsatdi. 1956-yili «Ming bir jon, «To‘yda aza» hikoyalari bosildi, so‘ng birin-ketin ,,Dahshat, «Mahalla», ,,Nurli cho‘qqilar» e’lon etildi. Bular milliy hikoyachiligimiz rivojiga o‘zgacha ruh yangi to‘lqin olib kirdi. Adibning 1958-yilda tugatgan «Sinchalak» qissasi katta dovruq qozondi. 1962 yili «Tobutdan tovush» satirik komediyasi, 1965-yili .,O‘tmishdan ertaklar» avtobiografik asari maydonga keldi. Adib ulug‘ maqsadlarni diliga jo etib katta g‘ayrat bilan ijodiy ishlarini davom ettirayotgan bir pallada og‘ir xastalikka-qorason kasaliga uchradi, so‘ng unga yurak xastaligi qo‘shildi. Abdulla Qahhor 1968-yil 25-mayda Moskvadagi kasalxonada vafot etdi. «Muhabbat» qissasi, tugallanmay qolgan «Zilzila» asari vafotidan keyin e’lon etildi. Hayoti davomida ko‘p jasoratlari bilan el og‘ziga tushgan adib umri poyonida o‘limni ham mardona kutib oldi. Yozuvchining so‘nggi kunlariga shohid bo‘lganlar buni hayrat bilan eslaydilar. Jumladan, rus adibi K. Simonov shunday yozadi: «Qahhor umuman jasoratli, mard kishi edi. Mening u haqdagi so‘nggi xotiram Qahhor shaxsiyatining mana shu xislati bilan bog‘liqdir. Men uni vafotidan atigi bir kun oldin kasalxonada ko‘rganman. U ajal chang solayotganini bilsa ham o‘lishni istamas va o‘zigagina xos tabiatiga ko‘ra, o‘lim oldida ham o‘zini bardam tutar edi. U karavotda ustma-ust qo‘yilgan yostiqqa suyanib yotarkan, og‘ir-og‘ir nafas olar va qo‘rquvni bilmaydigan nuroniy chehrasida xuddi yor-do‘stlarining istiqboliga yugurib chiqolmaganidan biroz xijolat chekkandek bir ifoda mujassam edi. Qahhor dunyodan ketayotganini bilsa ham, to joni bor ekan, o‘zini ona-Yerning asl farzandidek sezar edi. Bu mening Qahhor bilan so‘nggi uchrashuvim edi. Men olamdan ko‘z yumayotgan odamning bardam qo‘l siqishlari-yu, teran nigohlarini ko‘rib hayratda qoldim. Qahhor chin inson edi...» XX asrning ulkan adibi Abdulla Qahhor ana shunday umr kechirdi.
Shunday savol tug‘iladi: Nega yozuvchining ilhom to‘la mahorat bilan yozilgan eng barkamol hikoyalari, xususan, o‘tmishdan olib yozilgan novellalari 30-yillarning ikkinchi yarmida maydonga keldi? Bu hikoyalar maydonga kelgan davrni eslaylik. Totalitar rejim siyosati, Stalin qatag‘onlari, inson haq-huquqlari sha’nini toptash avjiga chiqqan yillar edi bu davr. Ana shunday bir sharoitda ko‘plab qalamkashlar sho‘ro davrini, partiya siyosatini, xalqlar dohiysini sharaflab asarlar bitayotgan bir pallada Qahhorning sovet voqeligini qo‘yib, kechmishga yuz o‘girishi, zamonning ilg‘or kishilari, ijobiy qahramonlari qolib, qandaydir kichik odamlar, qoloq kimsalar hayotidan asarlar yozishini qanday baholash mumkin? 30-yillarda Qahhorni kechmish haqida, haq-huquqi, insonlik sha’ni poymol etilayotgan, xo‘rlangan, tahqirlangan kichik odamlar, nodon kimsalar haqida yozishga ilhomlantirgan bosh omil aslida adibning zamonasiga munosabati emasmikan? Bunday tamoyil 40-yillarda yozilgan qator asarlarida ham davom etdi. Adib dunyoga kelib, esini tanib, ilk bor ko‘nglida og‘ir taassurot qoldirgan narsa-hayotda keng tarqalgan tengsizlik, mutelik, fikrlashdan mahrumlik, qullik psixologiyasidir. Yozuvchining ilk muvaffaqiyatli chiqqan hikoyasi «Boshsiz odam»dayoq mustaqil fikrlashdan mahrum, mute bir kimsaning hajviy xarakteri yaratilgan. Shundan keyin yozuvchi butun ijodi davomida bu toifa nomustaqil, mute odamlar obraziga takror-takror murojaat etadi. Har gal bu ijtimoiy illatning qandaydir yangi bir qirrasini ochadi. «Bemor»dagi Sotiboldining boshiga tushgan kulfat-og‘ir kasal yotgan xotini dardiga davo izlab yelib-yugurishlari, bu soddadil odamning omonat dalda, maslahatlarga umid bog‘lab yanada xarob, nochor holga tushishi; «O‘g‘ri»dagi jabrdiyda cholning najot kutib mansabdorlar huzurida dovdirab, dildirab turishlari, himmat o‘rniga tahqirlanishi, kamsitish-u xo‘rlashlarga befarqligi; ,,O‘tmishdan ertaklar»dagi Babarning ro‘y bergan falokatlardan gangib, o‘zini yo‘qotar holga tushishi, o‘g‘irlikda gumon qilinib, otqorovul yur desa yurib, tur desa turib, o‘q uzganda kiprik qoqmay jovdirashi, siyosat uchun do‘konga qamab qo‘yganida, ochiq turgan eshikdan chiqib ketmay, qish sovug‘ida tarashadek qotishi-mana shunday jabrdiyda, mute, nochor, xo‘rlangan odamlar qismati bilan tanishganda, bir tomondan, ular holiga behad achinasiz, ikkinchi tomondan, beixtiyor Cho‘lponning «Na faryoding, na doding bor, Nechun sen buncha sustlashding? Haqorat dilni og‘ritmas, Tubanlik mangu ketmasmi? Tiriksan, o‘lmagansan. Sen-da odam, sen-da insonsan» degan satrlari yodga tushadi. Shaxs erki, huquqi, mutelik, qullik psixologiyasi ifodasi, talqini bobida XX asr adabiyotida Cho‘lpon an’analarini eng izchil davom ettirgan adib ayni shu Qahhorning o‘zidir. Qahhorning yuqorida tilga olingan asarlari, personajlari xuddi Cho‘lpondagi kabi mustabid tuzum sharoitida inson haq-huquqining poymol etilishiga qarshi o‘ziga xos isyondir. Abdulla Qahhorning XX asr o‘zbek adabiyotida realistik hikoya ustasi bo‘lib yetishishi, shuhrat qozonishi tasodifiy emas. Birinchidan, Qahhor ko‘p asrlik o‘zbek adabiyoti real hayotga keskin yuz o‘girgan, bu davrda Ovrupa zamonaviy jahon adabiyoti tajribalariga tayanayotgan, Qodiriy romanlari, Cho‘lpon lirikasi, hikoyalari, Fitrat, Hamza dramalari orqali yangi yo‘lga tushib olgan, realizm milliy adabiyotda yetakchi oqimga aylanib borayotgan bir pallada ijod maydoniga tushdi. Garchi Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, qolaversa, tengdoshlari Oybek bilan G‘afur G‘ulomlar hikoya janrida qalam tebratayotgan bo‘lsalar-da, ular iste’dodi, tabiati, badiiy tafakkur tarziga ko‘ra bu Janrning odami» emas edilar. Qahhorning «yozuvchi janrni emas, janr yozuvchini tanlaydi», degan gapi bor. Qahhor iste’dodi, badiiy tafakkur tarzi har jihatdan hayot hodisalarini hikoya shaklida ko‘rish, idrok etishga moyildir. Go‘yo u hikoya uchun tug‘ilgan edi, roman, qissa, dramalarida ham adibning hikoya shakliga xos fikrlash tarzi shundoq sezilib, ko‘rinib turadi; uning roman, qissa, dramalari o‘ziga xos alohida-alohida epizodlar, bir-biri bilan bog‘langan hikoyalar majmuasidan iboratga o‘xshaydi. Xullas, Alloh in’om etgan iste’dodi, tabiati Qahhor zimmasiga milliy adabiyotimizda realistik hikoyachilikning asoschisi bo‘lish mas’uliyatini yukladi. Qahhor hikoyalari, birinchi navbatda, samimiyligi, ishontirish kuchi bilan kishini hayratda qoldiradi. Yozuvchi tasviridagi hamma narsa hayot hodisasi, aynan bo‘lib o‘tgan voqea, real hayotning bir bo‘lagi, epizodi bo‘lib gavdalanadi; hikoyalarning ko‘pchiligi real hayotiy asosga ega, ular adibning turmushda o‘zi ko‘rgan, eshitgan hodisalardan, tanish kishilar hayotidan olingan. Biroq ular hayotning aynan nusxasi emas. «Agar yozuvchilik turmushdan nusxa ko‘chirishdan iborat bo‘lsa, dunyoda bundan oson ish bo‘lmas edi, -deydi adib.-Hayotdan aynan ko‘chirish kitobdan ko‘chirishday gap. Nusxa nusxa bo‘lib qolaveradi. Bunday narsalardan originallik kutib bo‘lmaydi. Griginallik hayot haqiqatini dildan o‘tkazish, uni his qilish, unga o‘ylab yurgan gaplarni singdirish, tilaklaringni qo‘shib ifodalash bilan yuzaga keladi». Zotan, yozuvchi hikoyalaridagi hayotiylik, ishontirish kuchi, siri ana shunda. Bundan ham muhimi, yozuvchining o‘sha hayot hodisalarini o‘ziga xos tarzda badiiy idrok etishi, mag‘zini chaqib, ulardan xilma-xil original va teran ma’nolar topishi-kashf etishi hikoyalariga o‘ziga xos joziba baxsh etgan. Birgina misol. «Bemor»da tasvirlagan voqeaga o‘xshash voqeani yozuvchi bolaligida o‘z boshidan kechirgan. «Biz Qo‘qonga yaqin Yaypan qishlog‘ida turar edik, -deya eslaydi adib.-Onam g‘ira-shira qorong‘i uyda to‘lg‘oq tutib yotar, ichkarida ingragan, dodlagan tovushi eshitilar edi. Yaypan katta qishloq, lekin u vaqtda doktor, tibbiy yordam degan gaplar birovning tushiga ham kirgan emas. Bunday kezlarda qo‘ni-qo‘shnilardan biror keksa ayol chaqirilar edi. Uning tajribali momo bo‘lishi shart emas, qariligining o‘zi kifoya edi. Biz Yaypanga yaqinda ko‘chib kelgan, u yerda qarindosh-urug‘larimiz yo‘q edi, shu sababli dadam qo‘shni bir kampirni chaqirib chiqdi. Kampir ayam yotgan uyga kirib ketdi. Dadam ikkovimiz hovlida o‘tirdik... Qorong‘i tushdi. Meni uyqu bosa boshladi. Yonimda o‘tirgan dadam birdan o‘rnidan turdi. Ko‘zimni ochdim. Tepamda boyagi qo‘shni kampir turar edi. Qalay?-dedi dadam hovliqib. Qiynalyapti bechora, -dedi kampir va biroz jim turgandan keyin menga ishora qildi, -bolaga ayting, ayasini duo qilsin, go‘dakning duosi ijobat bo‘ladi. Dadam engashib mening qulog‘imga shivirladi: - Xudoyo ayamga najot bergin, degin! Ayt! Dadam qo‘rquv va jahl aralash meni qistar edi. Duo qila boshladim. Bu orada bir-ikki yig‘lab ham oldim. Keyin uxlab qoldim. Ertalab uyg‘onsam ayamning ko‘zi yoribdi». Bu voqea «Bemor»ga asos bo‘lgan. Lekin muallif voqeani hikoyaga aylantirishda unga qator jiddiy o‘zgartirishlar kiritgan. Hikoyada tasvirlanishicha, Sotiboldining xotini og‘rib qoladi. Sotiboldi qurbi yetgan chora-tadbirlarning hammasini qiladi: domlaga o‘qitadi, tabibga qaratadi, baxshiga, kinnachiga ko‘rsatadi, bulardan hech narsa chiqmaydi. Doktorga qaratish uchun esa qurbi yetmaydi. Vaziyat yanada keskinlashadi, bemor bora-bora og‘irlashadi, Sotiboldi esa najot qidirishda davom etadi, Bahouddinga narsa ko‘taradi, «ko‘ngilga armon bo‘lmasin» deb chilyosin qildiradi, hatto qo‘shni kampirning «begunoh go‘dakning saharda qilgan duosi ijobat bo‘ladi» degan maslahatiga amal qilib, har kuni saharda to‘rt yashar qizchasini uyg‘otadi va uyqu g‘ashligi bilan yig‘lab turgan qizchasiga duo o‘qitib, uni takrorlashga majbur etadi. Voqea xotimasi juda ayanchli-bemor o‘ladi. Sotiboldi o‘lik yonidan olayotganda qizcha uyg‘onadi va ko‘zini ochmasdan odatdagicha «Xudoyo ayamdi daydiga davo beygin», deb duo qiladi. Ko‘rinib turibdiki, hayotdagi hodisa hikoyada xiyla keskinlashtirilgan: to‘lg‘oq dardi tutgan ayol o‘rniga uzoq dard chekkan ayol olingan, dard chekkan ayolning nochor holati, so‘nib borayotgan bemorning ayanchli raftori ta’sirchan ifodalangan. Bunday paytda er boshiga tushadigan musibatlar birma-bir ko‘rsatilgan; qo‘li qisqa g‘amguzor er najot yo‘lida qo‘lidan kelgan barcha chora-tadbirlarni ko‘radi, ammo bu chora-tadbirlarning hech biri naf keltirmaydi. Agar hayotda ayol darddan forig‘ bo‘lsa, hikoyada dard ayolni olib ketadi. Bola duosi bilan bog‘liq hodisa hikoya dramatizmini oliy pardaga-fojeiy pafos darajasiga ko‘taradi. Yozuvchi faktni bekorga o‘zgartirgan, uni atayin keskinlashtirgan emas. Muallif hodisaga o‘zgartish kiritayotganda hayot mantig‘iga, badiiyat qonuniyatiga asoslangan, hayot haqiqati mohiyatini mukammalroq, ta’sirchanroq ochish payida bo‘lgan. Jaholat hukm surgan sharoitda umr kechirgan, boshiga musibat tushgan, qo‘li qisqa, qashshoq bir oilaning nochor ahvolini, fojiali qismatini butun keskinligi bilan ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lgan. Qahhor tabiati, iste’dod yo‘nalishi jihatidan hayotdagi, odamlar qismatidagi fojeiylikni teran his etadigan adibdir. Uning eng yetuk hikoyalari ayni fojiali holat, qismatlar ifodalangan asarlardir. Hikoyalaridagi personajlar, hayotdan olingan epizodlar, lavhalar garchi muayyan intiho, badiiy yechim bilan yakunlansa-da, bunday yakun galdagi fojialar, ko‘rguliklarning debochasi vazifasini o‘taydi. «Bemor»dagi Sotiboldi xotinining o‘limi, uyqu aralash ayasining dardiga davo tilagan qizaloq va xotini dardiga davo qidirib bor-budidan judo bo‘lgan erning yangidan yangi sarson-sargardonliklari ibtidosidir. Sizga oldindan tanish ,,O‘g‘ri»-dagi cholning najot izlab mansab-martabaning turli zinapoyalarida turgan yulg‘ichlarga duch kelib, shilinib oxirida «najot» topishi -Egamberdi paxtafurushning «himmati»ga sazovor bo‘lishi, bu himmat esa kelgusida yuz berajak avvalgilardan-da og‘irroq talonchilikning o‘zginasidir. «Dahshat» hikoyasida «tiriklar go‘ristoni» Olimbek dodxoh xonadonidan qutulish yo‘lidagi mislsiz jasorati qahramonning halokati bilan tugaydi, biroq qahramon o‘limi dodxoh xonadonini izdan chiqaradi, talotumlarga giriftor etadi. Yozuvchining komik hodisalar, hajviy xarakterlar ifodalangan «Adabiyot muallimi», «San’atkor» hikoyalarida ham fojeiy ruh ustuvor. Har ikki asardagi o‘zlarini dono, bilimdon, madaniyatli qilib ko‘rsatishga intilgan kimsalar o‘zgalarning achchiq istehzolariga, nadomatlariga loyiqdirlar. Bir umrga o‘zgalarga kulgi bo‘lib yashash ham aslida o‘ziga xos fojiadir. VI va VII sinflarda Abdulla Qahhorning «Bemor», ,,O‘g‘ri», «Dahshat» hikoyalari, ulardagi yozuvchining tasvir mahorati bilan tanishgansiz. Yozuvchi personajlar bisotini, ularning qanday odam ekanligini birinchi galda xatti-harakati, kechinmalari orqali ko‘rsatadi. Bu jarayonlar esa yorqin badiiy detallar orqali namoyon bo‘ladi. Bu xususiyat yozuvchining hajviy hikoyalariga ham xosdir. «Adabiyot muallimi» hikoyasi bosh personaji Boqijon Baqoyev nodon, o‘ta madaniyatsiz bir kimsa. Hikoyada yozuvchi biron o‘rinda uni nodon, madaniyatsiz deb atamaydi, oshkora qoralamaydi. Personaj o‘zining nodon, madaniyatsizligini har qadamda xatti-harakatlari, fikrlash tarzi, gap-so‘zlari orqali o‘zi fosh etadi. Nafis, ya’ni badiiy adabiyot muallimi bo‘la turib jiyani, talaba Hamidaning Chexov va uning «Uyqu istagi» hikoyasi haqidagi oddiy savollariga tayinli javob berolmaydi, aslida u javob berishga qodir emas. Bu odamning fojiasi shundaki, aybini tan olgisi kelmaydi, o‘zini har bop bilan bilimdon qilib ko‘rsatishga urinadi, aravani quruq olib qochadi: uning xayolida, tilida bir-biriga qovushmagan nomlar, har xil atamalar, ilmiy tushunchalar... Uning fikrlash yo‘sini gap-so‘zlarida aniqlik, izchillik yo‘q, duch kelgan tomonga o‘tib ketaveradi. Yozuvchi hikoyani yakunlar ekan, savol beruvchi talaba qizning «g‘uvillab turgan boshida shundan boshqa hech narsa yo‘q edi», deb yozadi: «praktikum, minimum, maksimum, Deterding, Stending, Shelling, Mering, Demping...» Shu tariqa ko‘z oldingizda nodon, notayin odamning nihoyatda aniq hajviy qiyofasi, ichki dunyosi, qolaversa ma’nisiz fojiali hayoti namoyon bo‘ladi. Xullas, odamlar turmushidan olingan epizodlarda, lavhalarda ular hayotiga, qismatiga daxldor fojeiy mohiyatni ko‘rish, teran his etish, personajlar xarakteri va qismatini ularning ruhiyati ifodasi orqali yorqin badiiy detallar vositasida gavdalantirish Qahhor hikoyanavislik san’atining eng muhim jihatlaridir. Sarob» romani « Sarob» romani kitob bo‘lib chiqqandan buyon to hozirga qadar uning tevaragida qizg‘in bahs-munozaralar davom etib keladi. U haqda ko‘pgina nohaq ta’nalar ham aytilgan. Adib tarjimayi holida shunday yozadi: «Sarob»ni to‘rt yilda yozib tugatdim... Uni kitobxon xush qabul qildi, lekin ba’zan arzon shuhratparastlik, ba’zan siyosiy demagoglik, ba’zan esa to‘g‘ridan to‘g‘ri jaholat natijasi bo‘lgan tanqid nayza ko‘tarib qarshi oldi. Bu narsa hatto farosatli odamlarni ham chalg‘itdi». Adabiy davralardan birida «Sarob» tanqidi munosabati bilan berilgan savolga yozuvchi: «Tanqid shu paytga qadar «Sarob»dan nuqul siyosat izladi. Romandagi odamlarning dardi-dunyosini, oh-u zorini eshitadigan bir azamat topilmadi», deya afsus bildirgan edi. To‘g‘ri. “Sarob»da XX asr 20-yillaridagi ziddiyatli ijtimoiy-siyosiy hodisalar, mafkuraviy siyosiy kurashlar ifodasi ham bor. Davr siyosati ta’sirida, inqilobga qarshi chiqqanlarni tarafkashlik bilan qoralashga urinish ham mavjud. Biroq «Sarob» siyosat asari emas. Romandagi asosiy narsa undagi yetakchi personajlar -Saidiy bilan Munisxon qismati, ruhiyati tahlili ifodasidir. Bu roman birinchi galda xazon bo‘lgan muhabbat, uvol bo‘lgan umr dostonidir. Ikki ko‘rkam yoshning, bir-biriga munosib, aslida baxt uchun tug‘ilgan, ammo shaxsiyatidagi, tabiatidagi ojizliklar, qolaversa, jamiyatdagi ziddiyatlar tufayli hayotda o‘z o‘rnini, baxtini topolmagan navqiron avlodning achchiq fojeiy qismati, ruhiy iztiroblari, oh-zorlari to‘g‘risidagi asardir. Saidiy bilan Munisxon muhabbati, ular umrining zavol topishida, shubhasiz, bu yoshlar tushib qolgan sharoit, vaziyatning, ziddiyatlarga to‘la davrning hissasi, ta’siri katta. Ayni paytda inson bolasi nomukammal bir zot. Taqdiri azalning o‘yinimi, peshonaga yozilganning ro‘yobga chiqishimi yoki insoniy ojizliklar oqibatimi -ro‘y bergan omadsizlik va baxtsizliklar uchun birinchi galda ularning o‘zlari aybdordirlar; o‘z taqdirlariga nisbatan loqaydlik, xudbinlik, maqsad yo‘lida sobitsizlik, mutelik ixtiyorni o‘zgalar qo‘liga topshirib, razolat bilan ittifoq tutinish, bundan ham yomoni, razolatga ko‘nikish inson bolasi uchun eng og‘ir gunoh, ko‘rgilik, katta fojia. Asarda siz Saidiy va Munisxonning achchiq sevgi va umr savdosi, ruhiy iztiroblari, dramalarga to‘la qalb daftari bilan tanishib, alamli o‘ylarga tolasiz. Bu jihatdan «Sarob» jahon adabiyotidagi ayni shu xil ruhiy fojialar tasvir va tahlil etilgan eng yetuk asarlar bilan bir qatorda turadi. Saidiy yozuvchi nasridagi yetakchi personajlar kabi hayot shafqatsizliklari toptab tashlagan, xo‘rlangan, tahqirlangan, mute, itoatkor, omadsiz shaxs. U «Sarob»dan oldin yozilgan «Boshsiz odam» va undan keyin yaratilgan «Bemor», «O‘g‘ri», «Anor», «O‘tmishdan ertaklar» qahramonlarining boshqa bir sharoitdagi, yirik janrdagi «ongli»-ziyoli qiyofasidagi ko‘rinishidir. Garchi Saidiy ziyoli-jurnalist, yozuvchi bo‘lsa-da, mohiyatan Sotiboldi, Turobjon, Qobil bobo, Babarlardan aytarli farq qilmaydi... Unda alloh bergan bir inson bolasiga loyiq aql-idrok, insoniy tuyg‘u, husn, kuch-qudrat bor-u, biroq unda qat’iyat, sabot yo‘q. Cho‘lpon iborasi bilan aytganda, u muhit girdobida bir somon parcha, hayot oqimida bamisoli oqar suv yuzasidagi poxol cho‘pdek qalqib boradi, har amal, har ishni «haq» deb biladi va shu tariqa o‘z vazni-qadrini boy beradi. Boshlagan biror ishini, orzu-niyat yo‘lidagi intilishini oxiriga yetkaza olmaydi: o‘qishni ora yo‘lda tashlab ketadi, komsomol safida, sho‘rolar idorasida ishlab, ular tarafida turib, buni ham yolchitmaydi, «sho‘ro odami” bo‘lolmaydi; aksilinqilobiy millatchilar guruhi tomon og‘ib, noshudligi, og‘zi bo‘shligi tufayli bu yerda bir necha bor qovun tushiradi, qisqasi, u bu muhitning ham odami bo‘lolmaydi. Ijodda ham nuqul birovlarning irodasi, maslahati, taqdim etgan mavzusi, tuzib bergan rejasi asosida ish ko‘radi. Unda chin iste’dod sohibi uchun zarur shart-mustaqillik, jur’at, jasorat yetishmaydi. Ozgina qarshilikka duch keldimi, darhol ijodiy niyatidan voz kechadi. Bu yigit shaxsiy-intim hayotda ham o‘ta no‘noq. U go‘zal qiz Munisxonga ko‘ngil berib, uning mehrini qozonadi. Sevgi deb atalmish ilohiy ne’matdan bahramand bo‘lish imkoniyati tug‘iladi. Hayotidagi eng quvonchli, totli onlari uning Munisxon bilan ilk uchrashuv, muloqot damlaridir. Biroq mana shu baxtni ham asrab qolishiga qurbi yetmaydi. Bu noshud-notavon bandayi mo‘min xom xayollarga uchib, kitoblardagiday farovon turmushga erishish, mashhur yozuvchi bo‘lib yetishish orzusida tayanch-sharoit qidirib, badavlat odam-Murodxo‘ja domla xonadoniga ichkuyov bo‘lib keladi. Munisxondek farishta qolib, o‘z taqdirini Soraxondek tasqara bilan bog‘laydi. Bu hol Saidiy tabiatidagi ojizlik, subutsizlik, hayotda yo‘l qo‘ygan xatolarning eng qaltisi va xatarlisi, shaxsiy inqirozining avj nuqtasidir. Saidiyning eng jo‘shqin mehnat, ijodiy faoliyat onlari ezgu maqsadlarga emas, Murodxo‘ja domlaning moddiy manfaatlariga xizmat qiladi. Qaltis vaziyatlarda bosh personaj qismatida, ruhiyatida yuz bergan o‘ta ziddiyatli, fojiali holatlar asarda katta mahorat bilan ko‘rsatilgan. Inson bolasi uchun eng og‘ir ko‘rgulik, fojia o‘zining ko‘ngil mayliga zid borish, ta’bi suymagan ishni qilish, bundan ham og‘iri-jirkanch vaziyatga o‘zini moslash, taqdirning shafqatsizligiga, omadsizlikka ko‘nikish, omonat asoslar orqali o‘zini ovutishdan iborat. Saidiy domla xonadonida ana shunday mushkulotga duch keladi: aqlga-tasavvurga sig‘maydigan hol yuz beradi-sekin-asta Saidiy qalbidagi barkamol go‘zal qiz Munisxon o‘rnini ma’naviy qashshoq, jismoniy xasta, o‘ta xunuk-tasqara Soraxon egallay boshlaydi. Yozuvchi bu ruhiy jarayonni butun mushkuloti, og‘riqlari, azob-iztiroblari bilan ifoda etadi. Ayniqsa Saidiyning ko‘ngilsiz vaziyatga o‘zini ko‘niktirish, Soraxondan «fazilat»lar qidirish jarayoni tasviri yozuvchining noyob badiiy kashfiyotidir. Deyarli shunday hol Munisxonda ham yuz beradi. Munisxon ham, o‘z navbatida, Saidiydek ko‘rkam, iste’dodli yigit qolib, vaziyat taqozosi, aka xohishi, amri bilan ma’naviy tuban, ko‘rimsiz, jirkanch odamga zo‘rlab uzatiladi. Munisxon ham bu vaziyatga ko‘nikish, jirkanch kimsadan «fazilat» qidirish azobini chekadi. «Ikkovining farqi shundaki, Munisxon o‘zini alday olmagan-fazilatdan nuqson va nuqsondan fazilat yasashdan ojiz qolgan minutlar»da alamini yig‘idan, Saidiy esa ichkilikdan oladi. Ayniqsa, bir-birining vasliga yeta olmagan, ikki baxtsiz , omadsiz yoshning bir-biriga ro‘para kelgandagi holati-qalblarda kechayotgan iztirob, uni yashirishga qanchalik urinmasinlar, baribir oshkor bo‘lib turishi ifodasi yozuvchi san’atining benazir ehsonlaridandir. Ikki yosh to‘ydan keyin bir-birlariga duch kelganida ikkovi ham uzoq jim qoladi, so‘ng Saidiy «Qutlashim mumkinmi?»-deb so‘raydi. Shu o‘rinda yozuvchi: «Bu so‘zni u juda tez aytdi, ammo aytib bo‘lguncha, ko‘zidan yosh chiqib ketayozdi» deb yozadi. O‘sha kezlardagi qahramon qalbidagi iztirob naqadar nozik, ta’sirchan ifodalangan! «Mumkin!»-deydi sir boy bermagan Munisxon boyagi savolga javob tarzida o‘zini xursand va baxtiyor ko‘rsatishga tirishib. Saidiy bunga ishonmaydi, Munisxonning shu harakati uning yurak-bag‘rini ezib yuboradi. Munisxon yana uzoq vaqt shu mushkul yumushni davom ettiradi, har gal Saidiyni ko‘rganda o‘zini turmushidan, oilaviy hayotidan mamnun ko‘rsatishga intiladi. Buning oqibati ayon. Muallif yozadi : «Bu uzoqqa cho‘zilgan dard natijasi shu bo‘ldiki, Munisxonning go‘zalligi har kimning quchog‘ida bir qatradan qolaverib, tugayozdi». Yozuvchi Saidiyning, ya’ni qabohatga moslashgan bandayi mo‘minning bu xonadondagi xo‘rliklari, insonlik sha’ni, nafsoniyatining oyoq osti etilishi, tasqara xotin, bulbuligo‘yo qaynona, makkor qaynata tomonidan tahqirlanishi, xasta opasi boshiga tushgan chidab bo‘lmas xo‘rliklar, bularning ustiga ishdagi, ijoddagi omadsizlik, tanazzul tarixini batafsil ko‘rsatadi. Saidiyning o‘sha kezlardagi nochor holati, iztiroblari o‘quvchi qalbini larzaga soladi. Yozuvchi qahramonning ayanchli qismati xususida bir personaj tilidan lo‘nda qilib shunday deydi: «Rahimjon hozir shalag‘i chiqqan aravaday Murodxo‘ja domlaning tomorqasida ag‘anab yotibdi». Nihoyat, Saidiyning ichki hayoti bilan tashqi hayoti orasidagi kundan kun o‘sib borayotgan qarama-qarshilik uning joniga qasd qilar darajasiga yetadi; u telba holga tushadi, o‘lim qidirib, bu dargohdan bosh olib ketadi. «Sarob» romanida zamonning o‘tkinchi dovullari ta’sirida bitilgan zaif o‘rinlar ham bor; biroq bu roman bosh personajlar fojeiy qismati, ruhiyati dramasi tasviri va badiiy tahlilidan kelib chiqadigan achchiq saboqlari bilan hamma davr kitobxoni uchun qimmatlidir. «Sarob»ni o‘qigan kitobxon inson farzandi hayotda hamisha mustaqil, o‘z taqdiri uchun mas’ul, yuksak e’tiqod yo‘lida sobit va kurashchi bo‘lishi darkor, degan xulosaga keladi. «O‘tmishdan ertaklar» «O‘tmishdan ertaklar» yozuvchi ijodining qissasi o‘ziga xos yakuni, so‘nggi cho‘qqisi bo‘ldi. Garchi «O‘tmishdan ertaklar»dan keyin ham bir qator hikoyalar, «Muhabbat» qissasi yaratilgan, ularda qahhorona bitilgan satrlar bo‘lsa-da, badiiy yetuklik jihatidan ,,O‘tmishdan ertaklar» bilan tenglasha olmaydi. ,,O‘tmishdan ertaklar» muallifning bolalikda ko‘rgan-kechirganlari haqidagi avtobiografik asar, biroq o‘zbek adabiyotidagi mavjud avtobiografik asarlardan, jumladan, zamondoshi Oybekning «Bolalik» qissasidan keskin farq qiladi. «Bolalik»da lirik talqin, hodisalarni shoirona idrok etish ustun. Bola obrazi Oybek qissasida birinchi planda ko‘rinsa, uning ko‘rgan-kechirganlari, sarguzashtlari, shu kechinmalari tufayli murg‘ak qalbda tug‘ilgan rang-barang tuyg‘ular ifodasi asar asosini tashkil etsa, ,,O‘tmishdan ertaklar»da bola Abdulla obrazi orqa o‘rinda turadi, u asosan «kuzatuvchi», «guvoh», «xolis hikoyachi» tarzida beriladi; yozuvchining asosiy diqqat-e’tibori bola guvohligida oilada, oila tevaragida yuz bergan voqealarni-turmushning obyektiv lavhalarini chizishga qaratilgan. Bu qissada ham yozuvchi hikoyanavisligicha qoladi, oxirgi «Qo‘qon xarobalari orasida» bobini mustasno etganda, qissaning sarlavhalangan deyarli har bir bobi tugal hikoyadir, aniqrog‘i ular fojiali ruhdagi voqeiy novellalardir. Yozuvchi bu asarida real hayotda ko‘rgan-kechirganlaridan «badiiy to‘qima»-ijodiy fantaziyalarsiz yetuk hikoya-tugal san’at asari yaratishning , real hayot «haqiqatini dildan o‘tkazish, unga ko‘ngildagi gaplarni singdirish»ning ajoyib namunalarini berdi. Umr bo‘yi adibga tinchlik bermagan, butun ijodida temirchi o‘chog‘idagi cho‘g‘dek yallig‘lanib turgan inson sha’ni, qadri bilan bog‘liq alamli o‘y-tuyg‘ular, jaholatga qarshi isyon bu qissada adibning so‘nggi faryodi-fig‘oni kabi yangradi. Ayni shunday asarni ayni 60-yillar o‘rtasida yaratilish sababi nimada? ,,O‘tmishdan ertaklar» shunchaki adabiyotdagi an’ana ta’sirida muallifning bolalik xotiralarini qog‘ozga tushirish niyatida vujudga kelganmi? Nega bu asar adabiyotdagi mavjud bolalik qissalaridan farqli o‘laroq, asosan, xo‘rlangan. sha’ni toptalgan kimsalar, jaholat qurbonlari haqidagi hikoyalardan iborat bo‘lib chiqdi? Buning sabablarini. jumladan, yozuvchining asar yozilish oldidagi ruhiy holati, kayfiyatlaridan izlash darkor. Adibning o‘sha kezlarda yon daftarda yozib qoldirgan qaydlaridan birida shu so‘zlarni o‘qiymiz: «Mamlakatimizda Stalindan so‘ng uzundan uzun momaqaldiroq bo‘lib o‘tdi. Bu momaqaldiroqning birinchi sadosi xalqlar ko‘nglida juda katta orzu-umidlar uyg‘otdi, xalqlar buning ketidan keladigan obi rahmatni kutdi, biroq momaqaldiroq, shamol-to‘polon ko‘tardi-yu, obi rahmatdan bir tomchi ham tommadi». Darhaqiqat, Stalin vafotidan so‘ng momaqaldiroq sadosi tufayli ko‘plar qatori yozuvchi ko‘nglida katta orzu-umidlar uyg‘ondi, odamlar qullik. mutelik zanjirlaridan xalos bo‘lishga, o‘z sha’ni, erki uchun dadil kurash yo‘liga kirishiga umid bog‘ladi. Adibning bu orzu-umidlari ..Ming bir jon», «Sinchalak» kabi asarlarida, romantik ruhdagi qahramonlarida muayyan darajada ifodasini ham topdi. Biroq bu umid-ishonchlar sekin-asta yo‘qqa chiqa bordi; chunki totalitar rejim mohiyat-e’tibori bilan o‘zgarishsiz qoldi, inson haq-huquqini, erkini, sha’nini toptash davom etdi, ijtimoiy adolat yo‘lida kurashga otlanganlar ta’qib, tazyiq ostiga olindi; jumladan, yozuvchining har bir haq gapi, dadil chiqishi qattiq qarshiliklarga uchradi. Itoatkor, mute olamon, maddoh qalamkashlar rahbariyat, totalitar rejim siyosatini ko‘r-ko‘rona olqishlar bilan qo‘llab-quvvatlashda davom etdi. Adibning yaqin safdoshlari dildan uining tomonida tursalar-da, ko‘p hollarda, qaltis daqiqalarda oshkora himoya qilishga jur’at etolmadilar, shunchaki ko‘ngil so‘rash bilan cheklandilar, sukut saqlashga majbur bo‘ldilar. Yozuvchi bu telba dunyoning bu xildagi telbaliklaridan iztirobda yurdi. «Tobutdan tovush» komediyasi tevaragidagi mashmashalar payti bu hol yaqqol namoyon bo‘ldi. Ana shunday kezlarda tug‘ilgan ,,O‘tmishdan ertaklar»da o‘z-o‘zidan adibning kayfiyatiga mos kechmishining g‘am-g‘ussaga tola malomatli lavhalari qog‘ozga tushishi tabiiy edi; asarda yarim asr burungi voqealar oltmish yosh bo‘sag‘asida turgan adibning og‘ir ruhiy kayfiyatlari-armonlari, alamli o‘y-tuyg‘ulari izhori uchun qulay vosita xizmatini o‘tadi. ,,O‘tmishdan ertaklar» nafaqat yozuvchi ijodiy bisotidagi. balkim XX asr o‘zbek adabiyotidagi Cho‘lpon lirikasidan keyingi eng fojeiy, eng g‘amgin, eng mungli asardir. Qissaga A.Oripovning «Munojot» she’ridagi : «Eshilib. to‘lg‘anib, ingranadi kuy. Asrlar g‘amini so‘zlar «Munojot». Kuyi shunday bo‘lsa, g‘amning o‘ziga Qanday chiday olgan ekan odamzod» degan satrlari epigraf-bosh so‘z qilib olinganligi bejiz emas. Asar qo‘lyozmasi bilan tanishgan yetuk tanqidchilardan biri muallifga «Juda zulmat-ku, kitob o‘quvchida og‘ir taassurot qoldirmas-mikin?» deya e’tiroz bildiradi. Muallif buni tan oladi, asar xususida bundan ham keskinroq ta’nalar aytilishini biladi, biroq, baribir, o‘z ijodiy aqidasiga sodiq qoladi, o‘shanday kishilar ko‘ngli uchun asarga avval mo‘ljallaganidek. ,,O‘tmishdan lavhalar» emas, ,,O‘tmishdan ertaklar» degan ramziy-majoziy nom berish bilan cheklanadi. 90-yillar tanqidchiligi bot-bot XX asr o‘zbek adabiyoti jahon zamonaviy adabiyotidagi jarayonlardan ajralib, ortda qolib ketgan, jumladan, Qahhor va uning avlodi kommunistik mafkura va sotsialistik realizm doirasidagina ijod etgan, degan ta’nalar aytildi. Bunday ta’nalarda asos bor, albatta. Ayni paytda mustabid mafkura tazyiqlariga, sotsialistik realizm qat’iy talablariga qaramay, ayni shu mafkura, shu metodga mansub, deb qaralgan qator so‘z ustalari ijodida XX asr jahon modernistik adabiyotidagi yetakchi tamoyillarga hamohang ayrim jihatlar borligi hayratomuz hodisa. Aslida Qahhor va Qahhor avlodi kommunistik dunyoqarash, sotsialistik realizm doirasida butunlay qolib ketgan emaslar. Oybek she’riyatida, Qahhor nasrida bu hol yaqqol ko‘rinadi. «Sarob» romanida, xususan, bosh qahramon Saidiy ruhiyati, ma’naviy inqirozi tasvirida ekzistensializm falsafasiga asoslangan adabiy tamoyilning mavjudligi, ya’ni shaxsni faqat ijtimoiy munosabatlar mahsuli, shaxs fojiasini esa ijtimoiy, siyosiy-mafkuraviy kurashlar oqibati sifatidagina emas, ayni paytda, shaxs tabiatidagi tug‘ma, tabiiy, sirli-sehrli xususiyatlar, insoniy ojizliklar samarasi, ijtimoiyot, tarixiy sharoit, siyosat, mafkuraga bo‘ysunmaydigan ong-idrokdan tashqaridagi anglab yetilmagan holatlarning zuhuri tarzida berilishi yozuvchining katta ijodiy jasoratidir. Shuningdek, Abdulla Qahhor ijodidagi, jumladan, ,,O‘tmishdan ertaklar»dagi «o‘quvchida juda og‘ir taassurot qoldiruvchi» zulmat-»tarixning malomatli sahifalari», «qora bo‘yoqlar»ning quyuqligi, nurli jihatlarning zaifligi nuqson emas, asarning o‘ziga xos xususiyati va fazilatidir. Bir joyda qo‘nim topolmay, qishloqma-qishloq ko‘chib, azondan kechgacha ter to‘kib ishlab, tinimsiz temir taqillatib, kichkina xonadon dasturxonini to‘kin qilolmay, armonda yurgan omadsiz ota, sakkizta bolasini qora yer bag‘riga berib, o‘jar qaynona dag‘dag‘alari, darbadar hayot mashaqqatlari tufayli ozib-to‘zib, «arvak» holiga tushgan mushtipar ona. shafqatsiz darbadar turmush, tahqir-u xo‘rliklardan «indamas». ..soqovga aylangan bola haqidagi lavhalar o‘quvchining yurak-bag‘rini ezib yuboradi. O‘zgalarning hayoti-chi? Yozuvchi mehnatkashlar hayotiga oid biri biridan ayanchli, biri biridan dahshatli lavhalar keltiradi. Yo‘qchilik, jaholat qurboni Babarning mudhish taqdiri, ochilmasdan gul g‘unchaligida xazon etilgan «hur qiz» -Sarviniso halokati-har biri dahshat, fojia! Qonsiz, shaxs halokatidan xoli, biroq gumrohlik, jaholat bilan bog‘liq, bir qarashda kulgili tuyulgan hodisalar ham aslida o‘zicha bir fojia! Chunonchi, katta shahar Qo‘qondan bor-yo‘g‘i yigirma chaqirim naridagi qishloq ahli German bilan urush boshlanganligi xabarini ikki oydan keyin, o‘shanda ham tasodifiy suratda eshitadi; kishilarning ko‘ziga oddiy hodisalar-mashinaning chok tikishi, patefonning qo‘shiq aytishi, bir palla tarvuzning po‘chog‘ida ko‘rsatilgan oddiy «nayrang», ohanraboning temir kalitni o‘ziga tortishi, tug‘ruqxonada odamning tug‘ilishi, «shayton arava»-velosiped mingan kishining harakati barcha-barchasi g‘ayritabiiy, mo‘jiza bo‘lib ko‘rinaveradi. Jo‘n, ba’zan tasodifiy xatti-harakatlar juda ko‘ngilsiz va dahshatli oqibatlarga olib keladi. «O‘likning yog‘ini, tirikning tirnog‘ini yeyishga tayyor» turgan «ajdaho» To‘raqul vofurush, o‘jar, dog‘uli Valixon so‘fi, olg‘ir, mug‘ambir ellikboshi, oqposhshoning arzandasi yuzboshi bilan bog‘liq hikoyalar dillarni larzaga soladi. Qissada goho ko‘ngilga huzur baxsh etuvchi nurli lavhalar, kishilararo hazil-mutoyibalar ham uchraydi, biroq bu quvonchli daqiqalar uzoqqa bormaydi, tezda avvalgisidan battarroq, dahshatliroq hodisalar bilan almashadi. Oqdomlaning jinnixonasi yonida umrguzorlik qilish azobidan qutulib, Yaypanga ko‘chgan oilaning yo‘ldagi holatini eslaylik: yo‘l bo‘yidagi devorsiz, devori qulagan, nuragan bog‘lar, qing‘ir-qiyshiq uylarini quchoqlab yotgan chorbog‘lar, qiyg‘os gulga kirgan daraxtlar... Butun qishloq kattakon bog‘ga o‘xshaydi. Shu damlarda oila a’zolari qatori Abdullaning ham ko‘ngli chog‘, o‘rik g‘o‘rasini yeganda hamma yoqni bahor hidi tutib ketadi, butun bahor shu chigitdakkina g‘o‘raning ichiga qamab qo‘yilganday tuyuladi... Afsus, bu quvonch uzoqqa bormaydi. Mana shu go‘zal makonda oila manfur kimsa Vofurush xonadoniga tushib qoladi, oilaning galdagi ko‘rguliklari boshlanadi... Oilaning yana bir ko‘chgan joyi-Oqqo‘rg‘on qishloq emas, anjirzor bog‘lar, chorbog‘larda nuqul anjir. Oila tushgan hovli sahnida ikki tup anjir, shoxlarida shig‘il mevalar, kindigidan sap-sariq sharbat oqib yotibdi; ochlik bo‘lishiga qaramasdan, unga hech kim tegmagan... Quvonchli hodisa, vaziyat; biroq shu zahoti dilni g‘ash qiladigan holat; hovlining egasi bulturgi vaboda bola-chaqasi bilan qirilib ketgan; oila mana shu xosiyatsiz maskanda yashashga majbur... Butun asar mana shunaqa ko‘ngilsiz voqealar tizimidan tashkil topgan. Ijtimoiy tengsizlik, adolatsizlik, qonunsizlik, jaholat avj olgan yurtda ma’rifat, ijtimoiy adolat uchun olib borilgan kurash usuli ko‘pincha ma’nisiz, behuda, hattoki vahshiyona tus oladi: «Qishloqqa ilm-ma’rifat urug‘ini sochgani kelgan» Muhammadjon qorining yangicha usuldagi ta’lim maktabi johil kimsalar tomonidan xonavayron etiladi. Usta Abduqahhorning akasi qizi Sarvinisoni urib o‘ldirib qo‘yganda bu qotillik uchun hech kim hech narsa demaydi, aksincha bu ishni yaqin kishilar «yopti-yopti» qilishga urinadilar. Qasoskorlar oqposhshoning arzandasi-yuzboshini avval tillalarini yutishga majbur etadilar, zo‘rlab og‘ziga tiqadilar, so‘ng jodida uch bo‘lak qilib, keyin o‘sha bo‘lingan jasadga kerosin sepib o‘t qo‘yadilar. Musulmonchilikda zo‘rlash man etilgan. Bir yoz chillasida ro‘zasini buzgan temirchi oilasi a’zolari ta’qib ostiga olinib, sazoyi etiladi. Temirchi Abduqahhorning johillar jabriga qarshi chiqishi-bid’atga berilgan ayollarga azoyimxonlik qilib dam solishi, ularga tegishishi, raqibi Valixon so‘figa eshakning miyasini yedirib, jinniga aylanishini kutishi, nihoyat shogirdi bilan uni «chirog‘poya» qilishi; o‘g‘li og‘riganida Allohga, aziz-avliyolarga qilgan iltijolari ijobat bo‘lmay, go‘dak joni uzilganida alam, jahl ustida aziz-avliyolarni bo‘ralab so‘kishi, telba ahvolda tokchada turgan Qur’onni olib, qulochkashlab yerga urishi, bu ham yetmaganday, yerda yotgan Qur’onni tepib yuborishi, begunoh buzoqni chavaqlab tashlashi-o‘sha johil, mudhish muhitga munosib isyon, behuda, ma’nisiz xatti-harakatlardir. Qisqasi, o‘zbek adabiyotida ma’nisiz hayotning bu xildagi mudhish manzaralari hech qachon bu qadar shafqatsizlik bilan ifoda etilgan emas. Yozuvchi haqiqat oldida hatto o‘z yaqinlari, otasini ham ayamaydi. Bu jihatdan ,,O‘tmishdan ertaklar» XX asr jahon yangi adabiyotining noyob badiiy durdonalari qatoridan o‘rin olishga haqlidir. Download 39.03 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling