Abdulla Qodiriy O’tkan kunlar yozg‘uchidan
Download 1.12 Mb.
|
Abdulla Qodiriy-O\'tkan kunlar
10. HASANALINING HIYLASI
Kishi ortiqcha qo‘rqqanda gangib a’zosi harakatsiz va og‘riq holga tushadirkim, albatta buni biz qattig‘ qo‘rqqandan deb bilamiz. Darhaqiqat, bizning qarshi-mizg‘a yo‘lbars chiqsa, biz qattig‘ qo‘rqamiz, chunki bizni o‘lum kutadir, inson uchun dunyoda o‘lumdan qo‘rqunch narsa yo‘q. Binoan alayhi biz bundagi qo‘rquvni tabiiy hisoblaymiz. Ammo qizig‘i shundakim, bizni dunyo baxti kutkanda, bizga saodat bashorati berilganda nega biz o‘lum kutkandagi holga tushamiz va uzviy tashkilotimiz (o‘rganizmamiz) birinchidagi holatni kechiradir? Otabek ham hozir shu keyingi holatka tushkan edi. Erta bilandan boshlang‘an bu holat Hasanalining ke-yingi so‘zi bilan tamom bir dahshat kasb etdi va hushsiz-larcha o‘lturib qoldi. Hasanali kirgandan so‘ng qilinadirg‘an muomalani ta’lim berdi: — Onangiz bilan Zaynab anovi mojarolaringizdan xabarsizdirlar, buni qayin onangiz bilan kelinga ham uqdirib qo‘yg‘anman. Ular bilan so‘rashib, so‘zlashqa-ningizda, go‘yo uch oydan berigina ko‘rishmaganlardek bo‘lingiz. Otabek bo‘zarib entikdi: — Ul-ku oson... — dedi. — Qiyini qaysi? — Shu choqg‘acha tushunmadingizmi? Hasanali Otabekning yuziga uzoq tikilib qoldi... — Yigit emasmisiz, ey barakalla. — Yigitlik bilan yurakni to‘xtatish... Hasanali ham o‘ylab qoldi. Darhaqiqat, Otabekning hozirgi holi nozik edi. Hasanali bir necha qayta bosh qashinib va soqol tutamlab o‘ylandi. Nihoyat, o‘zicha kulindi: — To‘xtang bo‘lmasa,— dedi,— men bir ish qilayki... — Nima ish qilmoqchisiz? — Siz hozir so‘ramang, ammo shu daqiqadan boshlab ixtiyoringizni menga topishtiring. Otabek kuchlanib kuldi: — Nima, axir? — deb yana so‘radi. — So‘ramang, — dedi Hasanali, — siz tinchkina tahoratingizni olib, namozingizni o‘quy bering. Hasanali shu so‘zni aytib mehmonxonadan chiqdi. Otabek Hasanali tarafidan tashir etilgandek, turib tahorat oldi va mehmonxonaga kirib «tarobih» boshladi... Oradan yarim soat chamasi vaqt o‘tkan edi, Hasanali ichkaridan chiqib keldi. Otabek esa hanuz ruku’da, sujudda edi. — O‘qub bo‘lmadingizmi? — deb so‘radi darichadan. Otabek yonig‘a salom bermasdan unga qaradi. Bu holga Hasanalining kulgusi qistab kelsa ham, o‘zini zo‘rg‘a to‘xtatti: — Qani, men bilan yuring. — Qayoqqa yuraman. — Ichkariga. — Tag‘inmi? Hasanali kuldi: — Endi kirsangiz bir martaba bo‘ladir, — dedi. — Siz... hozir o‘rta yo‘lakdan sekingina manim uyimga kirasiz... Xotinlar namoz o‘qub yotibdirlar, sizni hech kim ko‘rmaydir. Siz kirgandan keyin men eshikni ustingizdan yopib olaman-da, bir ozdan so‘ng oldingizg‘a kelinning yolg‘iz o‘zini kirguzaman... tuzikmi? |
ma'muriyatiga murojaat qiling