Abdulla Qodiriy O’tkan kunlar yozg‘uchidan
Download 1.12 Mb.
|
Abdulla Qodiriy-O\'tkan kunlar
www.ziyouz.com kutubxonasi 214
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy — Nimadan qo‘rqdingiz? — Tug‘ishdan... — Qiynaldimi? — Qiynalish ham gapmi, — dedi Zaynab, — o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rmaganingiz uchun ishonmaysiz. — Oyim mundog‘ demagan edi-ku? — Sizdan yashirg‘anlar. Otabekning yuragi juda uyushib ketdi. Hatto kundashini parishoni xotir qilg‘an bu gap Otabekka qandog‘ ta’sir qilishi ko‘b tafsilga muhtoj emas. Bu to‘g‘rida Zaynabka yana savol tashlab tafsilot olishdan qo‘rqdi, ham uzoq o‘lturolmadi. Choyini naridan-beri ichib, o‘runini to‘shatib yotdi. Zaynab sham’ni o‘chirdi. Hali yotmoqqa vaqt erta edi — Zaynab Kumushlik uyga — xotinlar oldig‘a chiqib ketdi. Otabek uxlash uchun yotqan bo‘lsa ham haligi gap uni ko‘z yumdirmay qo‘ydi, o‘ng, so‘l, chalqancha yotib boqar edi. Lekin Zaynabning «qiynalish ham gapmi?» jumlasi qulog‘i ostidan ketmas edi... Kumushning uyidan keti uzilmay kelib turg‘an xotinlarning g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘iri ham uning uyqusig‘a xalal berar va ora-chora go‘dakning yig‘lag‘an tovshi ham eshitilar edi. Bu ma’sum tovushqa qarshi unda bir xil yaqinliq — otaliq hissi qo‘zg‘alg‘andek bo‘lsa ham, ammo boshqa qora xayollar ichida tez yo‘qolur edi. Shu yo‘sun ivir-jivir, achchig‘ va chuchuk holat ichida uxlab ketdi. Bir-ikki kun mi-yonasidagi kechinmalar turlik rang bilan uning uyquliq dimog‘ida akslana boshladilar... Cho‘chib uyg‘ondi... Yonida Kumush... Zaynab yo‘q edi. Uyquliq ko‘zi bilan narigi uyga quloq soldi, hanuz boyag‘i tovushni eshitdi va o‘ng yonini bosib ko‘rpaga burkandi, mundan keyin tinch uxlab ketdi... Tush ko‘rar edi: «Chamanda gullar ochilg‘an emish... Bu gulshan uning o‘ziniki emish... Ul rango-rang chechaklardan ko‘zini ololmas emish. Tevarakka kelgan yovdan xavf bor emish... Xanjarini ushlab yovg‘a qarshi chiqg‘an emish... Yov qochqan emish... Yov orasida onasi ham bor, otasi ham ko‘rinar emish... Qaytib chamanga kirsa bir sigir gulni bosib, yanchib o‘tlab yurg‘an emish... Bu holdan o‘zini unutkan va qo‘lidag‘i xanjari bilan sigirga yugirgan emish... Sigir emas — sariq sochlik albasti emish... Darmonsizlang‘an va xanjari qo‘lidan tushkan emish... Dunyoni qorong‘uliq bosqan emish...» Cho‘chib uyg‘ondi va o‘z yonida uxlab yotqan Zaynabni ko‘rdi. Haligi bosinqirashdan yuragi gup-gup urar va vujudini ter bosqan edi. Sekingina o‘ng yonig‘a ag‘darilib havli tomong‘a qarab yotdi. Uning ag‘darilishi bilan Zaynabning ko‘zi ohistag‘ina ochilib yana yopildi. Vaqt saharga yaqin, tevarakdagi xo‘rozlar ketma-ket qichqirar edilar. Yaqin oradag‘i objuvoz poyko‘pining zarbi yerni silkitib-silkitib to‘lqin berar edi. Narigi uyda yonib yotqan sham’ nuri daricha tirqishidan milt-milt ko‘zga ilinur, ammo ship etkan tovush eshitilmas edi. Ul qaytib uxlayolmadi. Kumushning kechagi qiynalishi to‘g‘risida xayollanib ketdi. Subh azoni aytilib, sekin-sekin tong yorib bordi, mahalla masjididan ham azon tovshi kelgach, ul tahorat olmoq uchun qo‘zg‘aldi. Kumushning yonig‘a kirish qulay bo‘lsin, deb no-nishtani Zaynabning uyida qildi. O‘zbek oyim tarafidan kirish uchun ruxsat berilgan edi. Choydan keyin doyacha Kumush yonidan bir oz vaqtg‘a chiqib turdi. To‘rga Kumush yotqizilg‘an, uning oyog‘ tomonida O‘zbek oyim chaqaloqni ko‘tarib o‘lturgan edi. Otabek kirganda o‘zining siniqg‘an yuzi, ichkariga botinqirag‘an ko‘zi bilan Kumush iljayib unga qaradi. Otabek tutilinqirab, «muborak bo‘lsin!» dedi. Kumush javob o‘rniga uyalib yuzini ko‘rpaga yashirdi. O‘zbek oyim: — Berganga qulliq bo‘lsin, o‘ltur, — dedi. |
ma'muriyatiga murojaat qiling