Abdulla Qodiriy O’tkan kunlar yozg‘uchidan
Download 1.12 Mb.
|
Abdulla Qodiriy-O\'tkan kunlar
www.ziyouz.com kutubxonasi 217
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy Zaynab orqag‘a tislandi... Otabek kosani unga otdi... Zaynabning kiyimi atala bilan belandi. Shuning ustiga dahlizdan Yusufbek hoji ko‘rindi. — Ket jalab, ket! Taloqsan, taloq! «Taloq» so‘zini eshitkan Kumushning ko‘zi yarq etib ochilib, yana yumildi... Hoji voqi’ani tabibdan eshitkan, shuning uchun hozirgi fojia’ sahnasidan ajablanib turmadi. — Chiq, Zaynab, chiq! — dedi ul ham, — la’nat sendek xoting‘a! Zaynab chetlanib uydan chiqdi... Hoji Kumushning boshig‘a kelib o‘lturdi. Otabek va onasi oyog‘ ustida edilar, Kumushning ko‘zi yumiq, sochlari yuzi ustida pari-shon edi. Hoji o‘z qo‘li bilan sochlarni tuzatib Kumushning ko‘kimtil tovlang‘an yuzini ko‘rdi va manglayini bosdi... — Oyim... Oyim!.. — dedi hoji. Kumush ko‘zini ochib besaranjom unga nazar tashladi va tanib... qo‘zg‘almoqchi bo‘ldi. — Qo‘zg‘almang, oyim... qo‘zg‘almang! Kumushning ko‘z yoshisi chakkasidan oqib tushdi... Hoji ham o‘zini to‘xtatolmay, Kumushning yoshini artib, boshini siladi: — Xudo shifo berar, bolam! Kumush jomga qo‘zg‘aldi, Otabek kelib qo‘ltiqladi, hoji ham uning boshini tutdi... Bu gal qusuq qong‘a aylangan edi, burnidan ham bir necha tomchi qon oqdi... Qusub yotg‘ach, ko‘zi yarqillab ochilib ketdi va tevaragiga betoqat qarandi: — Oyi... dada... — so‘ngra, — begim, — deb ingrandi... Erining yuzini yuziga qo‘ydi, uyalg‘ansumon ko‘zini yumdi... * * * Ertasi kun dafn marosimi bo‘ldi. Janozag‘a Toshkandning har bir mahallasidan deyarlik kishilar ishtirok qildi. Faqat maqtulaning eng yaqinlarig‘ina bu tantanaga yetib kelalmadilar. Bechora ona, bechora ota!.. Uchunchi kun ular ham kelib yetdilar... Ularning hozirgi holini tasvir etish mumkinmi?! Yettinchi kun xatmi qur’on qilinib xalqg‘a osh berildi va shu munosabat bilan chaqaloqqa «Yodgorbek» deb ism qo‘yildi. Kumushning yaqinlarig‘ina emas, balki foji’adan xabardor bo‘lg‘an shaharning katta-kichigi Zaynabka beriladirgan jazoni erta-kech kutmakda edilar. Biroq foji’aning o‘ninchi kunlarida Zaynabning jinni bo‘lib, ochiq ko‘yi ko‘chada yurgan xabari va og‘asi tomonidan ushlanib kishanga soling‘an mojarosi eshitildi. Zaynabning jununi qozilar va tabiblar tarafidan ham tasdiq etilgach, uning ustidagi jazo ko‘tarildi. Darhaqiqat, aqldan ozib ko‘chalarda ochiq kezish va kishanga tushishning o‘zi ham Zaynab uchun kichkina jazo hisoblanmas edi. Foji’aning yigirmanchi kunida yana xatmi qur’on qilinib, butun yurtka osh berilgandan so‘ng, bechora bolu paridan ayrilg‘anlar Marg‘ilong‘a qaytish harakatiga tushdilar. Yodgorbek ham Oftob oyimning quchog‘ida ketmakchi, uning olib ketilishiga qarshi hech kim yo‘q edi. Eng keyingi vido’lashish kuni yetdi. Otabek, qutidor va Oftob oyim (...) qabristonining ikki tup qurig‘an chinor yog‘ochi orasig‘a turg‘uzilg‘an yangi xishtin sag‘ana qarshisida to‘xtadilar. Sag‘ananing o‘ng boshidag‘i toshdan o‘yib yasalg‘an lavha ko‘zga chaqilib turar edi: La ilaha illa-ollohu Muhammadu-rasul-ulloh Hazihil markadul munavvaratu lil mazlumatil mashhudati al-mag‘furati. Kumushbibi binti Mirzakarim Marg‘inoniy, tarixi tavalludi 1248. |
ma'muriyatiga murojaat qiling