Abdulla Qodiriy O’tkan kunlar yozg‘uchidan
Download 1.12 Mb.
|
Abdulla Qodiriy-O\'tkan kunlar
www.ziyouz.com kutubxonasi 60
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy 21. INQILOB Yusufbek hoji ustida boyag‘i kimxob to‘ni bilan Shayxantahurning Zanjirlig‘iga yetib, guzarda yig‘ilib o‘lturgan va o‘ziga salom berish uchun o‘rinlaridan turgan xalqqa xitob qildi: — Uying kuysin, musulmonlar! Yaxshi deb yo‘lida jon berganing Azizbek, bu kun senlarga yaxshilig‘ingni o‘ttuz ikki tanga soliq bilan qaytarmoqchi bo‘ldi. Hozir senlarga ikki yo‘l: o‘g‘ul, qizingni sotib bo‘lsa ham o‘ttuz ikki tangani Azizbek xazinasiga to‘lash yoki es borida etakni yopib Azizbekni oradan ko‘tarish... Uying kuydi, musulmonlar! — O‘ttuz ikki tanga! Xalq Yusufbek hojidan bir zarra yomonliq yoki bo‘lmag‘ir bir kengash eshitmagan va shuning uchun ul qayoqqa yursa, shu yoqqa borishqa hozir turar edi. Ayniqsa o‘ttuz ikki tanga dovrug‘i guzar ahlining yuraklarini uyushdirib, buni eshitish bilanoq isyonga qo‘l qo‘ydilar. Boshlab Zanjirliq xalqi ko‘chalarga chip tashlash, Azizbekka qarshi urush hozirligi ko‘rish xayoliga tushdi. Yusufbek hoji to Eski Jo‘vaga yetkuncha o‘zining yuqoridag‘i so‘zini ko‘y, guzar xalqig‘a takrorlab kelmakda edi. Eski Jo‘vada azim bir jamoat yig‘ib, Azizbek bilan bo‘lgan mojarosini so‘zladi va ustidagi kimxobni ko‘rsatib istehzo tariqasida: — Soliqni bermangiz demayman, chunki sizning itoatingiz menga bundog‘ to‘nlar berar! — dedi. Xalq nihoyatda qizishdi. Go‘yo birisi quvrag‘an to‘qayg‘a o‘t turtdi. Ho‘lu quruq deganlaridek katta-kichik barobar yonmoqqa oldi. — Yaxshilig‘imizni unutdi, do‘ng‘iz! O‘ttuz ikki tan-gani yaxshilab beraylik biz unga! Ozi bir oy o‘tmas-danmi, andishasiz?! — degan so‘zlar eshitila boshladi. Darrov uch kishini Sebzor, Ko‘kcha va Beshyog‘och dahalariga xabar uchun jo‘natildi. Yo qirilib bitish va yo Azizbekni oradan ko‘tarishka fotiha o‘qildi. Orada bir soat ham o‘tmadi, butun do‘konlar yopilib, Toshkand ko‘chalari chiplar bilan to‘ldi. Barcha yarog‘langan, urushka hozir edi. Shaharning olalanish xabari o‘rdaga ham eshitildi. Ishni kichkina deb o‘ylag‘an Azizbek shahardan ahvol olish uchun Rayimbek dotqoni elli chog‘liq yigit bilan buyurdi. Ahvol olg‘uchilar Zanjirliqqa yetish bilan naq ishning qay darajaga yetkanini payqadilar: ko‘chalar chip bilan to‘lg‘an, chip orqalari shashvar, miltiq, xanjar, nayza ushlagan olomon bilan liq edi. Rayimbek dotqoning «Chiplarni yig‘ishtiringiz, o‘zlaringiz tarqalishingiz!» deb aytkan yaxshi so‘ziga quloq solg‘uchi bo‘lmadi. Dotqo dag‘allik qilgan edi, olomondan bittasi miltiq otib, ikki sipohni yiqib ham qo‘ydi. Kechki soat to‘rtlar, asrdan bir oz ertaroq hukumat askari bilan xalq orasida urush boshlandi. Yarim soatlik otish, chopishdan so‘ng sipohlar Zanjirliq olomonlarini qochirib, Baland masjid chipiga yetdilar. Jon achchig‘ig‘a uchragan Azizbek o‘rdaga bir muncha sipoh qoldirib, butun kuchini yig‘ishtirg‘an holda Rayimbek dotqo ko‘magiga yetishdi. Buning ila sipohlar tag‘in ham kuchayib, olomonni Xadraga qarab surishka muvaffaq bo‘ldilar. Xadra chipida qonliq urushlar boshlandi. O‘ttuz ikki tanga soliq xavfida olomon ham Beshyog‘och, Sebzor, Ko‘kcha dahalaridan o‘ziga har zamon yarog‘liq yordamlar olib turmoqda edi. Bu kun kechasi Toshkand qon ichida, mahallalarda bo‘lg‘an hukumat kishilari xalq tomonidan o‘ldi-riladirlar, uylariga o‘t qo‘yilib mollari talong‘a tushadir. Shaharning yuraklik yigitlari Xadra chipiga qarab chopadirlar, yuraksiz va keksalar guzar va mahallalarga to‘nkalardan gulxan solib, «o‘ttuz ikki tanga» qayg‘usida olomong‘a muzaffariyat tilaydirlar. |
ma'muriyatiga murojaat qiling