Abdulla Qodiriy O’tkan kunlar yozg‘uchidan
Download 1.12 Mb.
|
Abdulla Qodiriy-O\'tkan kunlar
www.ziyouz.com kutubxonasi 67
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy keragi bo‘lur, deb o‘ylab siz bilan birga uni huzurimizga chaqirg‘an edik... — Bu joyda qushbegi Musulmonqulni to‘xtatdi-da, kuldi, so‘ngra Xudoyorg‘a dedi: — Otabek ustida ancha mojarolar bo‘lib o‘tdi. Buning hikoyasi uzun, alhol mingboshining ra’ylarini eshitaylik... davom qilingizchi. — Otabek o‘zingiz bilan birgami? — deb so‘radi Mu-sulmonqul, birgalik javobini olib, tamom xotirjam’ bo‘lg‘an holda davom etdi: — Yuqorida aytkanimdek minba’d tadbir yo‘li bilan Azizbekni yo‘qotishdan boshqa choramiz yo‘qdir. Bizning bu keyingi rejamiz yo‘lida ish beradirgan kishi bo‘lsa ul ham menga qolsa shu Otabek bo‘lur. Chunki boshqalarg‘a qarag‘anda uning Toshkand borishi va Azizbekning yaqin odami-ning o‘g‘li bo‘lg‘ani uchun uning bilan aloqada bo‘lishi, zahar berish va yo boshqacha bir yo‘l bilan uni oradan ko‘tara olishi, unga eng qulay bir ishdir. Og‘riqning tuzalasi kelsa emchi o‘z oyog‘i bilan kelur, deganlaridek, Otabekni Marg‘ilonda bo‘lish xabarini eshitib xon bilan men juda quvonishdiq... mana sizni chaqirishdan bo‘lg‘an maqsadimiz shudir. Yana sizning bu haqdag‘i ra’yingiz nima bo‘lsa eshitamiz. Musulmonqulning bu so‘zlariga O‘tabboy qushbegi tamom ishong‘an, ammo Xudoyor ersa uning ilgarigi maqsadini yaxshi bilganlikdan bu so‘ngg‘i gaplar bilan nihoyatda taraddudga tushkan edi. To‘g‘risi ham Musul-monqulning bu keyingi gapi kishini mutaraddid qilmay qo‘ymas edi. — Bu fikringiz menimcha ham ma’qul, — dedi qushbegi, — ammo bunda bir gap bor, ul ham: Otabek bu vazifani o‘z bo‘yniga oladimi, yo‘qmi masalasidir. Chunki Otabekning Azizbek tarafdori bo‘lg‘anlig‘iga shu o‘rtada o‘zim tegshirgan bir ish meni shubhaga tushuradir. Shundog‘ki, mundan yigirma besh kunlar ilgari, qo‘rboshimning xabar berishi bilan Azizbek tarafidan Marg‘ilonda to‘polon chiqarg‘ali kelgandir, deb o‘ylab, yonidag‘i bir necha kishilari bilan zindonga soldirdim. Uning Yusufbek hojining o‘g‘li bo‘lishi ham o‘sha mulohazamning to‘g‘rilig‘iga meni ishontirar edi. Yana qo‘rboshig‘a Otabek ustidan shikoyat qilg‘uchining shahodati bilan bu shubhamga ishonib, mundan besh kun ilgari Otabek bilan uning qayin otasi Mirzakarim degan marg‘ilonlikni o‘lim jazosiga hukm qildim. Gunoh-korlarni dor ostig‘a olib ketkanlariga bir muncha fursat o‘tkan edi, mahkamaga bir xotin hozir bo‘lib, qo‘limga bir maktub berdi. O‘qub qarasam, Azizbek Toshkandda Qo‘qong‘a qarshi isyon chiqarmog‘i bo‘lib yurgan fursatda Yusufbek hoji tomonidan o‘g‘li Otabekka yozilg‘an bir maktub bo‘lib manim qo‘l, oyog‘imni bo‘shashdirdi. Chunki bu maktub Yusufbek hojining Azizbekka tamomdan qarshi bir kishi bo‘lg‘anlig‘ini onglatar edi. Gunohkorlarni dor ostidan qaytarishg‘a majbur bo‘ldim. Men faqat shu maktub dalolatiga bovar qilib, gunohkor-larni bo‘shata bermay, qo‘limdan kelgancha yana tekshirib tergadim. Otabekning so‘zlari kishini tamom ishontirarliq darajada maktubga muvofiq edi. Shundog‘ bo‘lsa ham faqat Mirzakarimni ozod qilib, keyingi tergashlar tamom bo‘lg‘unchaliq Otabekni kafilga berdim. O‘zining biror adovati uchun bunday gaplarni qo‘zg‘atib yurgan bo‘lmasin, deb haligi menga shahodat berganni ushlab Otabek va boshqalar bilan yuzlashdirmoqchi bo‘lganimda nima sababdandir ul qochdi. Shu kungacha uni topib bo‘lmadi. Muning qochishi garchi bu shahodatning birar adovat yuzasidan bo‘lg‘an si’oyat ekanini onglatar edi ersa ham men yana hanuz Otabekni kafolatda saqlar edimki, janobi oliydan bu xabar yetdi. Darhol Otabekni yigitlardan o‘ratib saodatxonai shahanshohiga jo‘nadim. Otabekning Marg‘ilon mojarosi shundan iborat bo‘lib, manimcha Otabek ustida hali shunday tergovlar borayotqan bir vaqtda unga bundog‘ javobgarlik vazifani topshirish qalay bo‘larikin, deyman... Musulmonquldek makkor tulkining o‘ylag‘anlarini qushbegining to‘g‘ri so‘zlari ost-ust qilib, uning O‘tabboy to‘g‘risidag‘i sui zanlari bir muncha ozayib tushdi. Ammo Musulmonqulning ikki kishi ustiga yo‘nalgan qahru g‘azabi o‘zining borliq dahshati bilan |
ma'muriyatiga murojaat qiling