Abdulla Qodiriy O’tkan kunlar yozg‘uchidan
Download 1.12 Mb.
|
Abdulla Qodiriy-O\'tkan kunlar
www.ziyouz.com kutubxonasi 215
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy Otabek Kumushning bosh tomonig‘a o‘lturdi. O‘zbek oyim fotiha o‘qudi. So‘ngra chaqaloqni Otabekka yaqinlashdirib, — toychog‘imning ko‘rmanasini chiqar, dadasi. — Otabek qizarib bolag‘a qaradi, Kumush yuzini yana ko‘rpaga yashirib oldi. — O‘zingiz tuzikmisiz? — Shukur... — Qiynalibsiz, deb eshitdim... — Tug‘moq hazilmi senga, — dedi O‘zbek oyim. Kumush Otabekni o‘ziga imladi va qulog‘ig‘a shivirladi: «sizning gunohingizga...» — Xo‘rak qildingizmi? O‘zbek oyim: — Kechadan beri ichiga issig‘ kirgani yo‘q. Zaynabka aytay sutlik atala qilib bersin, — dedi. — Albatta! — dedi Otabek va onasig‘a bir tilla so‘yinchi bergandan so‘ng xotirjam’lik bilan uydan chiqdi. Tushlikdan keyin Otabek mehmonxonada kitob mutolaa qilur, dahlizda Hasanali uzilgan ot asboblarini ulab tikar, Hoji masjidgami, boshqag‘ami ketkan edi. Shu vaqt ichkaridan Oybodoq chiqib Otabek yonig‘a keldi: — Bek, siz uyga kirib chiqar emishsiz, — dedi. Otabek kitobni belguluk qilib yopdi: — Tinchlikmi? — Tinchlik... darrav kiring-chi! Otabek Oybodoq bilan ketma-ket ichkariga kirdi. Zaynab rangi o‘chkan holda Kumushning uyidan chiqib kelar edi. — Nima gap? — deb undan so‘radi Otabek. — Bilmadim, — dedi, — opam ko‘ngillari aynab qusyaptilar... Otabek eshik yonig‘a kelgandan so‘ng uydan bir necha xotin paranji yopinib chiqdilar-da, ul uyga kirdi. O‘zbek oyim jom ushlag‘an, Kumush jomga o‘qchib qusar edi. — Nima bo‘ldi? Kumush javob beralmadi. — Bilmadim... boyatdan beri to‘xtovsiz qusyapti, — dedi O‘zbek oyim. Qusib charchag‘an Kumush holsiz-lanib boshini yostiqqa tashladi. O‘qchib yoshlang‘an ko‘zlari bilan eriga qarab oldi. — Yoqmaydirg‘an xo‘rak bergansiz. — Yoqmaydirg‘an hech narsa yegani yo‘q, — dedi onasi,— o‘sha ataladan boshqa xo‘rak qilmadi. Undan ham yarim kosagina ichdi. Qolg‘ani ana tokchada... O‘zbek oyimning gapi tugamasdan Kumush yana jomga intildi. Otabek uning boshini tutdi. — Tabib aytdiraymi? — Aytdir. Manim ham ko‘nglimga shu kelib turgan edi. Otabek Kumushning qusug‘i bitkuncha turdi-da, so‘ngra yugurib tashqarig‘a chiqdi. Hasanali hanuz boyag‘i ishda edi. — Ota, siz yugurib tabibga boring-chi! Hasanali ishini tashladi: — Nima gap? — Keliningiz boyadan beri qusar emish. Hasanali tabibga yugurdi. Otabek qaytib uyga kirdi. Chaqaloqni Zaynab ko‘targan, Kumush hamon qus-moqda... Kumush holsizlanib o‘zini yostiqqa oldi. Qovoq ostlari ko‘kargan, yonig‘a kelgan Otabekka ham qaramoqqa majolsiz edi. — Tuzikmisiz? |
ma'muriyatiga murojaat qiling