Abdulla Qodiriy O’tkan kunlar yozg‘uchidan
Download 1.12 Mb.
|
Abdulla Qodiriy-O\'tkan kunlar
www.ziyouz.com kutubxonasi 212
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy qolmasa yaxshi edi», deb qo‘rqdim. Darvoqi’ natija men qo‘rqqancha bo‘ldi. Zaynab bu tahdiddan so‘ng onasining uyiga arazlagannamo ketib qoldi. Ulardan ham yaxshig‘ina dakki yegan bo‘lsa kerak, bir necha kundan so‘ng yovoshqina bo‘lib qaytib keldi. Endi shu voqi’aga ikki oy chamasi vaqt o‘tdi va lekin oramizdan janjal chiqmadi. Men jo‘rttaga ba’zi gaplarni teskarilikka olib ko‘rsam ham ul churq etmaydir. Uning bu holi ersa manim uchun yaxshi emas, ul yana ko‘b vaqt bizning oramizda tikan bo‘lmoqchi... Kelasi oydan juda yuragim uyushadir... Kechalari ko‘kka qarab kelasi oy shu kunlarda yorug‘ dunyoda bormanmi, yo‘qmanmi deyman... Oysha buvim marhum bo‘lmag‘anda shu oy ichi o‘zingiz Toshkandga yetib kelar edingiz. Aza hamma vaqt topiladi desangiz, qizingizning ko‘ngli uchun hali ham kelganingiz yaxshi. Dadamga manim arzimni aytsangiz, albatta qaytarmas. Mendan dadamga behad salom. Kelasi oydan qo‘rqaman... Ko‘rishalmasak mendan rozi bo‘ling, dadam va boshqa yoru do‘slar ham. Kumush yozdim. Toshkand, 1269-inchi yil 1-qavs oyida». Kumush o‘z xatida yozg‘anidek, darhaqiqat, Zaynab shu keyingi kunlarda yovoshka tortqan, o‘n og‘izg‘a bir og‘iz so‘z qaytarmas, tinchkina, muloyimgina, ya’ni mundan bir yil burung‘icha edi. Qayin ona tarafidan «Opangning ko‘zi yorir vaqti yetdi, o‘choqboshi ishla-ringni endi o‘z qo‘lingg‘a ol!» deb qiling‘an taklifni mamnuniyat bilan qabul etib, hatto Oybodoq onani ham o‘choqboshi yumishidan xalos eta yozg‘an, unga faqat havli supurish, uy yig‘ish va shunga o‘xshash mayda ishlarnigina qoldirg‘an edi. Zaynabdagi bu o‘zgarish faqat haligi taraf bilangina qolmay, eri to‘g‘risida ham shundog‘ edi. Otabek o‘z yonig‘a kirsa — kirdingmi demas va kirmasa — kirmading demas edi. Erining ba’zi bir samimiyati qorong‘uroq muomalalariga qarshi Zaynab ham muhmalrak qilib kulib qo‘yar edi. * * * Oy tug‘ib, mo‘ljal yaqin yetdi. Marg‘ilondan ham Oftob oyimning yo‘lg‘a chiqish xabari keldi. Lekin Kumushda ma’lum og‘riq boshlang‘an edi. Og‘riqning birinchi kuni Kumush hech kimga sezdirmay yurdi. Ammo ikkinchi kun buni boshlab Otabek, undan keyin O‘zbek oyim sezdi. Otabek ma’lum xavf ostida bu sirdan kishiga og‘iz ochish uchun o‘zida majol topmasa ham, O‘zbek oyim darrav Hasanalini mundan olti oy ilgari belgulanib qo‘yilg‘an doya xoting‘a yugurtirdi. Doya kelgandan so‘ng ichkari havli erkak zotidan tozalandi. Kumushni o‘qtin-o‘qtin og‘riq ushlamakda, doya xotin va O‘zbek oyim unga o‘zlari bilgan udimlar bilan yordamlashmoqda edilar. Kechka tomon dard juda kuchayib ketdi, o‘qtin-o‘qtin dam-badamga alishindi. Tashqarida Otabek yo‘q edi. Hasanali darboza bilan mehmonxona orasida qo‘lini-qo‘lig‘a ishqab yurinib turar va qayta-qayta axtaxonag‘a kirib to‘riq yo‘rg‘aning u yer, bu yerini supirar edi. Hoji bo‘lsa xursand va xafaligi noma’lum bir qiyofatda «Daloyil» o‘qur edi, har besh daqiqada ichkari tomong‘a quloq solib to‘xtar, goho darichadan Hasanalini chaqirib «tinchlikmi» deb so‘rar edi. Ular masjiddan shomni o‘qub kirgach, ichkaridan Oybodoq kechlik olib chiqdi. Undan na Hasanali va na hoji og‘iz ochib hol so‘ramadilar. Taom ustida Otabekning yo‘qlig‘i ham his etilmadi. So‘zlashmasdang‘ina lagandan bir muncha cho‘qig‘an bo‘ldilar-da, qo‘l artishdilar. — Xuftan aytildimi? — deb so‘radi hoji. — Eshitmadim... Chiqa bersak ham bo‘lar, — dedi Hasanali. Shu vaqt ichkaridan xotinlarning favqulodda qiy-chuv tovushlari eshitilib, ikkisining ham quloqlari tikkaydi va qo‘rqa-pisa bir-birlariga qarashdilar. Qiy-chuv orasidan zaif yig‘i tovshi ham kelib qo‘ydi... Ikkisi bir muncha kulimsirab oldilar, lekin shundog‘ bo‘lsa ham yana churq etib |
ma'muriyatiga murojaat qiling