Abdulla Qodiriy O’tkan kunlar yozg‘uchidan
Download 1.12 Mb.
|
Abdulla Qodiriy-O\'tkan kunlar
www.ziyouz.com kutubxonasi 45
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy Hudaychi qo‘rg‘on begi qotig‘a yetib, bek hazratlari-ning hozir yetib kelishlariga bashorat berdi, yana oti-ning boshini burib yigitlari bilan orqag‘a qaytdi. Huday-chiboshining xabaridan bu kungi ulug‘ muzaffariyatni qutlag‘ali Azizbekning kelishi ma’lum bo‘lar edi. Hudaychi jo‘nag‘ach, qo‘rg‘on begining paytavasiga qurt tushib, tipirchilab qoldi va u yoqdan-bu yoqqa yugira boshladi: — Hoy qo‘rg‘on ustidagi azamatlar! Hozir bo‘lingiz, yasov tortingiz, bek keladirlar! Hoy Husaynbek, darbo-zabonlarga yugir, hozir tursinlar! G‘anibek yuzboshi, siz yigitlaringizni tartiblangiz! Yasovulboshi, hozir bo‘lingiz! Qo‘rg‘onning qo‘ruq o‘rnidagi qahramonlar harakatka keldilar, yuqori qo‘ruqdan bir pog‘ona quyig‘a tushib saf-yasov tortdilar. Shovqin-suron orasida qo‘rg‘on begi ot ustida qo‘rg‘onning u boshidan-bu boshig‘a chopib: — Hozir bo‘l, yigitlar! Tartibingni tuzat, salomga tayyorlan! — deb qichqirib yurar edi. Qahramonlar qo‘llaridag‘i miltiq, shashvar, oybolta, qilich va nayzalari bilan tizilishib oldilar. Safning o‘rta yeridan yashil bayroq ko‘tarildi. Shuning bilan Aziz parvonachining is-tiqbolig‘a lozim va vojib bo‘lg‘an barcha tartib va tantanaga hozirlanilg‘an bo‘lindi. 16. AZIZBEK Oradan uch-to‘rt daqiqa o‘tkandan keyin Kamolon tarafidan bir yuz chamaliq sarkarda va yigitlari bilan Azizbek ko‘rindi. Tilla jabduqli qizil ayg‘irg‘a mingan, quyosh yog‘dusi bilan turlik tuska kirib tovlanadirg‘an, yoqa va etaklariga oltin uqa tutilgan kimxob to‘n kiyib, belidagi oltin kamarga kumush qinli jazoiri qilich osqan, boshig‘a oq shohidan salla o‘rab, oyoqlarini kumush uzangiga tiragan, siyrak qoshlik, cho‘qqi soqol, bug‘doy ranglik, qirq besh-elli yoshlar chamaliq bir kishi edi. Uning orqasidan qora otg‘a otlanib, zangori movutdan uqalik to‘n kiygan, kumush kamarning o‘ng tomonig‘a qilich, so‘lig‘a to‘fangcha qistirg‘an, boshig‘a barra popoq kiyib, jin yalag‘an deganlaridek qoshsiz, qoramtil yuzlik, ikki chakagining ustida bir oz, iyagida bir oz siyrak, ko‘rimsiz qora soqolliq, ko‘zlari ichiga botig‘roq, ammo qon quyilg‘ansumon bir kishi kelar edi. Bu kishi Azizbekning amri lashkari va o‘ng qo‘li bo‘lg‘an Rayimbek dodxoh edi. Uning qatoridag‘i ikkinchi kishi kichikroq saman otka otlanib, ustiga Buxoroning ola bayroq matasidan chopon kiyib, kamar o‘rniga choponini tugmalagan, boshig‘a katta salla o‘rab, qamchi sopi bilan egarning qoshig‘a takya qilg‘an; to‘la ko‘rkam yuzlik, katta malla ko‘zlik, uzun mosh-guruch soqollik mullanamo bir zot bo‘lib, bu kishi yaroqsiz edi. Azizbek orqasidan kelguchi bu ikki otliqdan so‘ng sipohlar turkumi boshlanib, zangor movutdan tizzagacha tushkan kalta kamzul, qizil movutdan shim, oyog‘ida sag‘ri etik, boshda Rayimbek dodxohning boshidag‘idek popoq, ammo ust tomoni qizil movutdan, oq qayishdan kamar, so‘lig‘a qilich osilib, o‘ng tomoniga to‘fangcha qisti-rilg‘an har qatorda to‘rttadan otliq kelmakda edilar. Sipohlarning keksaliklari to‘g‘risidagi nuqsonni e’tiborga olinmasa, ko‘rinish muntazam edi. Qo‘rg‘on ustida yasov totqan qahramonlar qo‘l bog‘lab ikki bukilgansumon ta’zim bilan Azizbekni ilga-riga o‘tkaza boshladilar. Azizbek ularga qarshi oltin soplik qamchisini ko‘kragiga ko‘ndalang qo‘yib boshi bilan ham javob ishorasi berib oldinlar edi. Shu kezda boshlar uyumi yonida turg‘an qo‘rg‘on begisi otidan yerga tushib jilovini qovushtirilgan qo‘llari orasig‘a oldi. Boshlar uyumi bilan Azizbek orasi qirq-elli ot adimi qolg‘an edi. Azizbek qahramonlarning salomlariga javob qaytarishni ham unutib, ko‘zini kesik boshlarga tikdi. Azizbekning orqasidag‘i sarkarda va sipohlar ham bu dahshat uyumiga egarga qiyshiq o‘lturib tomosha qilib kelar edilar. Azizbek kishilari bilan boshlar yonig‘a kelib to‘xtadi. |
ma'muriyatiga murojaat qiling