Abdulla Qodiriy O’tkan kunlar yozg‘uchidan
Download 1.12 Mb.
|
Abdulla Qodiriy-O\'tkan kunlar
www.ziyouz.com kutubxonasi 56
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy qo‘rboshini bir sinab ko‘rish uchun hamma kuchini ikki ko‘ziga yig‘dida, unga qaradi. Favqulodda dahshat kasb etkan uning ko‘zlari qarshisida qo‘rboshining gunohkor ko‘zlari chiday olmadilar-da, yerga boqdilar, Otabekning bu sinashi o‘z fikrining to‘g‘ri bo‘lishi bilan natijalandi. Qushbegining buyrug‘i bilan ikki gunohkor tiz bukib o‘lturdilar. Qo‘rboshi ham to‘rbasini yo‘qotqan gadoydek qushbegining chap yonig‘a, Kumushbibining yuqorisig‘a borib o‘lturdi. Otabek va qutidorning ko‘zlari Kumushbibiga tushkan bo‘lsa ham o‘z qayg‘ulari bilan bo‘lib unga iltifot qilmag‘anlar, hokim mahkamasida paranjilik xotinning nima qilib yurganlig‘idagi favquloddalik ham eslariga kelmagan edi. Dor ostidan qaytish sirri, qo‘ldan kishanlarni olinish sababi ularni juda shoshirg‘an, shuning uchun qushbegining og‘zig‘a qarag‘an edilar. Qushbegi bo‘lsa negadir uzoq o‘ylab o‘lturar, tezda gap ochmas edi. Bu holda butun majlis ahli qabziyatda, qirq quloq bo‘lib uning og‘zig‘a tikilgan edilar. Ammo bu holga qo‘rboshi jonu dildan tarafdor, shu holda bir necha kunlab emas, yillab so‘zsiz qolishni tilar edi. — Otabek, — dedi qushbegi so‘z boshlab, — qo‘lg‘a oling‘an kuningiz menga o‘zingiz bilan otangizning qanday kishilar bo‘lg‘aningizni, ya’ni maslakingizni so‘zlag‘an edingiz. Ammo biz o‘shal so‘zlaringizga dalil va isbotsiz ishona olmaymiz. Sizni dor ostidan qaytarib kelishimiz ham o‘shal da’vonigizga birar isbotingiz bormi yoki quruq bir gapmi, deb hukmning ijrosini bir oz fursatka to‘xtatishdir. Endi siz o‘shal da’vongizni isbot qila olasizmi? — O‘shal kungi manim so‘zlag‘anlarim, otam bilan manim ichki sirlarimiz edi, — dedi bek, — albatta bunga guvoh va isbot topish qiyindir. Agarda otam kelib manim so‘zimni quvvatlag‘anda ham bari bir siz, o‘g‘lini qutqazish uchun so‘zlaydir, der edingiz-da, ig‘vogarlar-ning gapiga ishonib o‘z hukmingizni qila berar edingiz. Yashindek so‘qqan uning bu so‘zlaridan qushbegi o‘zini arang to‘xtatdi: — Demak, o‘sha so‘zlaringizni isbot qilish uchun hujjatingiz yo‘q? — Yo‘q... Isbot uchun vijdonimdan boshqa shohidim yo‘q. — Yaqin orada Toshkanddan birar narsa olg‘anmi-dingiz? — Ya’ni nima? — Masalan xat. Otabek ko‘b o‘ylay olmadi, butun borlig‘i bilan harakat qilib qichqirdi: — Oldim, oldim! Isbotim ham bor! A’yoni shahar uning bu holiga chidab turolmay ko‘zlariga yosh oldilar. Otabek yana dedi: — Odam qo‘shsangiz men keltiray guvohimni! — Tinchlaningiz, Otabek, — dedi qushbegi, Otabek bir oz o‘zini yig‘ib olg‘andan keyin so‘radi, — nima olg‘an edingiz? — Maktub. — Kimdan? — Otamdan. — Qachon? — Toshkandda isyon boshlanish oldidan. — Undan keyin-chi? — Olmadim. — Otangiz o‘sha xatida nimalardan bahs qilar edi? — Tushunmagan Toshkand xalqini Azizbekning makriga uchkanidan, eng oxirda... — asarlanib to‘xtab oldi, — manim shu holga tushmog‘imni karomat qabilidan so‘zlab, menga bir muncha nasihatlar ham qilgan edi. |
ma'muriyatiga murojaat qiling