Abdulla Qodiriy O’tkan kunlar yozg‘uchidan
Download 1.12 Mb.
|
Abdulla Qodiriy-O\'tkan kunlar
www.ziyouz.com kutubxonasi 59
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy — Mana shunday ming turlik vasvasalar ichida qarshisidag‘i Azizbekni ham unutmoqda edi. Azizbek bo‘lsa «javohir qadalg‘an tojlar, oltin taxtlar, nozanin parivashlar, dong‘dor mahramlar» haqidag‘ina o‘ylar edi. — Hoji, — dedi Azizbek so‘z ochib, — manim sizni o‘rdag‘a chaqirg‘anim sababini albatta bilmagandirsiz? Yusufbek hoji xayolidan ko‘z ochdi: — Taqsir... chaqirishingiz albatta fuqaroning tinchlig‘i, raoyoning rohati, hukumatning barqaror turmog‘i uchundir. Hojining bu so‘zi Azizbekni yashindek urdi. Uning ko‘z o‘nglari qorong‘ilanib, haligi shirin xayollar tag‘i qorong‘iliqda yashirindilar. Ul ortiqcha o‘ng‘aysizlandi va tilar-tilamas: — Shundog‘... — dedi va bir oz o‘ylanib qolgandan keyin: — yetmish kunlik qamal bilan xazinamiz juda g‘ariblandi, hatto shu keyingi kunlarda sipohlarning ozig‘i uchun ham qiynalib qoldiq. Mana shu to‘g‘rilarda sizni kengashka chaqirg‘an edim, — dedi. — Ma’qul, taqsir. — Men bu to‘g‘rida bir qarorg‘a ham kelib qo‘ydim. — Qarorlari muborak bo‘lg‘ay. — Qarorim shundan iboratdirkim, ertadan boshlab yurtka o‘ttuz ikki tangadan soliq sochasiz. Yusufbek hoji yurt besaranjomlig‘i va o‘g‘ul qayg‘usi bilan asabiylashkan edi. Azizbekning bu ablahona qaro-riga qarshi qizishdi. Azizbekning bu zolimona buyrug‘ig‘a qarshi qattig‘ so‘zlar aytishka o‘ylasa ham achchig‘ini qanday kishiga aytilishini o‘ylab, o‘zini bir oz yig‘di. — Taqsir, amringizga qarshi tushadirg‘an joyim yo‘q,— dedi, — lekin shunisini bir oz o‘ylamoq kerakki, yurt yetmish kun qamal kechirdi. Onadan tug‘ma azoblar, ochliqlar o‘tkardi va o‘tkarmakda. Menga qolsa bu kunlarda o‘ttuz ikki tanga emas, o‘ttuz ikki qora pul solish ham og‘irdir. Yurt besh-o‘n kun orqa-o‘ngini olsin, so‘ngra... — Hoji so‘zini tugata olmadi, hojining ters so‘ziga chidalmagan Azizbek vahshiylarcha hayqirdi: — Nima deysan?! Hoji ishning bunchalik yomong‘a ketishini o‘yla-mag‘an edi. Shu daqiqada ishning oldini olmasa, endi gap faqat Azizbekning jallod chaqirishig‘a kelib qoldi: — Taqsir, siz yig‘, der ekansiz ertaga emas, bu kundanoq yig‘a boshlayman. Yurt qani bermasinchi? Faqat menga sizning buyrug‘ingiz kifoyadir. Bu so‘z Azizbekka sihr kabi ta’sir qildi, dahlizda turg‘uchi yigit orqaliq jallod chaqirishg‘a jo‘blangan tili o‘z zarariga harakatlandi: — O‘rda begiga ayt, hojiga bir kimxob to‘n chiqarib kiydirsin! — dedi. * * Yusufbek hoji egnida kimxob chopon bilan o‘rdadan chiqdi. O‘rdadagi «Chopon muborak bo‘lsin!» deb so‘rag‘uchilarg‘a istehzo iljayishi ostida bir turlik muhmal javob berar edi. Ul o‘rda ko‘prugidan o‘tar ekan, boyag‘idek qilib o‘zicha yana bir kulimsirab qo‘ydi va telbalarcha o‘z-o‘ziga so‘zlanib ketdi: «O‘ttuz ikki tangadan soliq yig‘, emish... Bir haftadan keyinga qolmasin emish... Soliq yig‘ishda qarshiliq qilg‘anni darraga yotqizish, muvofiq ko‘rilganda osdirish haqqi ham menga berilgan emish... Go‘yo Yusufbek ham o‘zidek bir qonxo‘rg‘a, bir zolimga aylansin emish... Men qonxo‘rliq uchun xudoning farz qilg‘an hajini ado qilmadim; oldimda o‘g‘lum bor, menda boshqalarning o‘g‘lini darraga yotqizish chog‘ida ko‘ndalang keladirgan vijdon bor, din bor, diyonat bor. Bizning xalqni yer yutsin. Azizbekning tulkiligiga uchdida, uning kechagi zulmlarini unutdi, yetmish kunlab bir zamon jon berib, jon olib nihoyat xizmat haqqi uchun o‘ttuz ikki tanga mukofot, eng keyingi burda noningni ham ber!» |
ma'muriyatiga murojaat qiling