Abduqayum Yo‘ldosh. Otasining qizi (hikoya) To‘rt o‘g‘ildan so‘ng tug‘ilgan qizaloqning o‘rni boshqacha bo‘larkan


Luqmon Bo‘rixon. Sut sotuvchi bola (hikoya)


Download 70.56 Kb.
bet9/9
Sana21.09.2023
Hajmi70.56 Kb.
#1683671
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
hikoya

Luqmon Bo‘rixon. Sut sotuvchi bola (hikoya)
— E-he-e-e, men keldim! Su-ut, qaymo-oq!
Bu tovushdan cho‘chib turaman. Har sahar shunday. Xuddi qo‘mondonning “uyg‘o-o-on!” degan hayqirig‘iga shay askardek,men ham sut sotuvchi bolaning chorlovidan so‘ng beixtiyor o‘rnimdan sapchib turaman.
— E-he-he, chiqingla-a-ar! Sveji-iy mo-lo-ko-o!
Sut sotuvchi bolaning jez jarangidek bu qiyqirig‘i g‘ira-shira qorong‘ulikni qo‘qitib yuborgandek bo‘ladi. Ko‘p qavatli uylar go‘yoki aks-sado qaytaradi. Yakkam-dukkam xonadon derazalarida birin-ketin chiroqlar miltillay boshlaydi.
— Sut, qaymo-oq! Tezroq chiqing, uyquchilar!
Bolaning har bir so‘zi qulog‘imga aniq-tiniq eshitiladi. Har bir so‘zi miyamga mergan otgan o‘qdek sanchiladi. Butun vujudimni allanechuk xavotir, qo‘rquv qoplaydi. Sababini o‘zim ham bilmayman.Uning keskir-keskir ovozi, ko‘zo‘ngimda suratdek qotgan mitti jussasi, qattiq nigohlari meni shunday shilimshiq hislarga chulg‘aydi.
Bu do‘mga bir oycha avval ko‘chib kelganmiz. Yosh oila. Kasbi-korim taqozasiga ko‘rami yo o‘zimni ziyoli to‘pdan chog‘laganim uchunmi, ishqilib, ilmiy-ommaviy nashrlarni tez-tez o‘qib turaman.Qay bir kun, hali bu yerga ko‘chib kelmasimizdan andak ilgari sihat- salomatlikka oid jurnalni varaqlay turib bir qiziqarli maqolaga ko‘zim tushib qoldi. Qayta va qayta o‘qib chiqdim. Juda ajoyib! Tibbiyot ulamolaridan biri sut va sutli yeguliklarning nafi haqida to‘lib-toshib yozgan ekan. Hammasi ilmiy isbotlangan. Demakki,hammasi ishonarli. Domla ayniqsa homila sog‘lom o‘sib, sog‘lom bola tug‘ilishida sutning ahamiyati beqiyos ekanligiga bot-bot to‘xtalibdi. Tayin gap, bo‘lajak ota sifatida bu mujdalar kaminaning es-hushini o‘g‘riladi. Shu-shu xotinimni sut, sut mahsulotlari bilan boqadigan bo‘lib qoldim. Balki shu sababdir bu yangi joyga ko‘chib kelganimizda sut sotuvchi bolaning tonggi qichqirig‘i menga naq ilohiy vahiyday tuyulgan.
— E-he-e, men keldim! Su-ut, qaymo-oq!
Oshxonadan shosha-pisha idish oldimu pastga tushdim.
Chor-atrof hali qop-qorong‘u.Kech kuzning achchiq izg‘irini paypaslanib yuribdi. Baland beton simustundagi lampachiroq tevarakni xira yoritadi.
Men o‘shanda bolani ilk bora ko‘rdim. Ko‘p qavatili uylar o‘rtasidagi maydonning bir chekkasida, g‘adir-budir qari daraxt yonida turardi u! O‘n to‘rt- o‘n besh yoshlar chamasidagi o‘spirin. Egnida kalta kamzul, boshida jun qalpoq. Jussasi kichkinagina, ammo dimog‘i baland, qurimag‘urning. Qo‘llarini beliga tirab atrofga zingil solib qaraydi. Misoli o‘tkir ovchi deysiz.Gala-gala tushib kelayotgan mijozlarga bidondagi sutdan g‘oyat epchillik va abjirlik bilan quyib uzatadi. Yerga bir tomchi ham sut to‘kilmaydi.Mijozlar uzatgan pulni ham sanamay,salmog‘idan qanchaligini bilgandek cho‘ntagiga tiqadi. Sut sotuvchining tevaragida ivirsiyotganlarning gap-so‘zlaridan bildimki, bolaning ismi Umid.Birov Umidjon deydi,birov Umidchik,tag‘in kimdir Umidjon deya do‘rillaydi.
Sut sotuvchi bola o‘sha kuni kechga dovur ko‘z o‘ngimdan ketmadi. Ismi juda chiroyli ekan: Umid. Ishda ham, uyda ham u haqida o‘yladim.Keyingi kun atay ertachi tushib bolani qiziqsinib kuzatdim.
Umidning hatti-harakati, gap-so‘zlari xuddi kattalarnikidek edi.Go‘yo biror donishmand mo‘ysafid bir dumalab yosh bolaga aylanganu sut to‘la bidonlarni ko‘tarib kelganday.
— Ha-a, Guli kennoyi,-- deb hazil qilgan bo‘ldi Umid, sochlari to‘zg‘in, yuz-ko‘zidan hali uyqu uchmagan juvonning qo‘lidagi idishni olarkan,-- qalaysiz,ja-a xomushsiz, bu akam tun bo‘yi uyqu bermagan ko‘rinadi-ya...
Guli bolaning yelkasiga o‘zicha nuqib qo‘ygan bo‘ldi.
— Umidchik, chalg‘ima, suting to‘kilib ketadi hozir.
Semiz bir rus kampir, aftidan ilk bor sut sotib olishi bo‘lsa kerak, bolaga ishonqiramay ko‘z tashladi.
— Malchik...u tebya kak...suv qo‘shilmaganmi?
— E-e, babulya,-- dedi Umid uzuk-yuluq rus tilida,-- hozir suv qo‘shilmagan nima bor? Hatto odamning o‘zi ham sakson prosent suvdan iborat.
Kampir bolaning dangal gapidan biroz sarosimalanib qoldi. Ammo yonidagi sherigi allanima deya shivirlab unga dalda bergan bo‘ldi. Aftidan, sutning sifati tuzukkina ekanini uqtirdi.
Ko‘p o‘tmay Umidning tevaragiga besh-olti qari-yosh, uzun-kalta, semiz-oriq mijozlar to‘planib qoldi. Bola galma-galdan ularning idishiga sut quyibberar ekan,eski qadrdonlardek har biri bilan erinmay, astoydil hol-ahvol so‘rashar, yuz-ko‘zida goh jiddiyat, goh nimkulgu paydo bo‘lardi.
Men sut sotuvchi bolani qiziqsinib kuzatib turarkanman,uning bu atrofdagi odamlar bilan apoq-chapoq bo‘lib ketganiga amin bo‘ldim.Mijozlar ham bolani yoqtirishar, uning halolligiga,toza savdo qilishiga ishonishar edi.
— Ramiz aka, qalay, belog‘riqdan qutildingizmi?—deb qoldi Umid, yuz-bo‘yin terilari tirishgan, ust-boshidan arzon tamaki qo‘lansasi anqiyotgan qariyaga.
--- E, Umidjon,-- dedi Ramiz aka xuddi tengdoshi bilan hasratlashayotgandek,-- nimasini so‘raysiz, qilmagan amalim qolmadi, ammo lekin hech foydasi bo‘lmayapti.
Umidjon ming yil yashab, ming dard ko‘rgan kishiday astoydil maslahat berishga tushdi.
--- Yo‘-o‘q, okam, siz sog‘liqqa ahamiyat bermayapsiz. O‘lda-jo‘lda davolanayapsiz. Bir oycha to‘shakdan turmang. Tuya junidan to‘qiladigan belbog‘ bor. Ana o‘shandan topib, belni mahkam bog‘lab yuring, terlasangiz ham yechmang. Oka, bel og‘riq bilan hazillashmang-da,sa-al ahamiyat berib yuring.
Tevarakdagi to‘rt-besh mijoz ham bolaning gaplarini qizg‘in qo‘llab-quvvatlagan bo‘ldi.
— Umidchik, bugun meng uch litr,-- dedi paxmoq xalatiga burkanib olgan juvon, bolaga idish uzatarkan.
Bunday angrayib turaversam hali zamon sutsiz qolib ketishimni anglab, men ham navbatga suquldim.
— Bu yerga yaqinda ko‘chib keldingizmi?—deb so‘radi Umid, galim yetgach, sut yuqi tekkan qo‘llarini bir parcha lattaga artar ekan.
— Ha, shunday.
— Kvartira sotib oldingizmi?
— Yo‘q, ijara.
Odatda, birov ezmalanib so‘roqqa tutaversa g‘ashim keladi. Ensam qotib,mujmal, uzuk-yuuluq javob beraman. Ammo... negadir hozir Umidning so‘rovlari menga hech bir malol kelmayotgandi. Negadir unga batafsil javob berayotganimdan zavqlanardim.
— Bu juda yaxshi mahalla,-- dedi Umid sut to‘la ikkinchi bidonni chaqqongina ocharkan,-- bu yerda zo‘r odamlar ko‘p.
— Zo‘rlar deysanmi?
— Ha, haligi...kattakon idorada ishlaydiganlar.Ko‘plaring uylariga o‘zim sut, qatiq kiritibberaman.
— Men zo‘r odam emasman,-- dedim kulib,-- mana bonka ko‘tarib o‘zim tushdim.
Yonimda navbatini kutib turgan kishi ham hiringlab qo‘ydi.
Umid i shonmaganday yuzimga qiziqsinib tikildi.
— Siz qatta ishlaysiz?
— Pedinstitutda.
— Domlamisiz?
— Umuman... shunday desa ham bo‘laveradi... ilm qilamiz.
Bola ishonmadimi yo gaplarimning mag‘zini chaqolmadimi, boshini saraklatgan ko‘yi dimog‘ida allanima deb ming‘irlab qo‘ydi.
Lekin men rost aytayotgandim. Chindan ham ilm bilan shug‘ullanaman. “ Sog‘lom muhit-sog‘lom nasl garovi” degan mavzudagi namzodlik ishim himoyaga tayyor.
Sut-qatiq, qaymoq xarid qilganlar sovuqdan diydirab, birin-ketin uy-uylariga yo‘rg‘alab ketishdi. Ko‘p o‘tmay,Umid bo‘m-bo‘sh idishlari yonida kuymalanib qoldi.
Shugina uzuk-yuluq suhbat – tanishuvimiz bo‘ldi. Keyinchalik Umid bilan ancha inoqlashib ketdik. Hatto,ba’zi paytlar kech qolar bo‘lsam, u men uchun sut olib qo‘yishni odat ham qildi.
Mana,tunov kuni ham ancha kechikibtushdim.Biroq hali tong yorishmagan.Qop-qora chodirdek osmonning uer-bu yerida yakkam-dukkam yulduzlar diydirabgina turibdi.
Ham idishi ham ko‘ngli to‘lgan mijozlar allaqachon tarqabketishgan ekan. Ammo negadir bola ko‘rinmadi. Sergaklanib u yon- bu yon alangladim. Alangladimu nagoh uni ko‘rib qoldim.
Umid g‘adir-budir daraxtning qulayroq shoxiga oyoq qo‘yib, qarshisidagi uyning uchinchi yo to‘rtinchi qavatiga jon-jahdi bilan tikilardi. Uning shu turishi mashhur bir filmdagi, bog‘ oralab kelib, sevgilisi darichasiga zor-intizor termulgan oshiq yigitni eslatib yuborardi.
Men ham ajabsinib o‘sha yoqqa qaradim. Biroq intiq-intizor tikilishga arzigulik hech narsa ko‘rinmadi. Hamishagi to‘rt qavatli uyning orqa tarafi, jim-jit, qop-qorong‘u. Faqatgina u-bu joyda tunchiroqning qizg‘ish-sariq yog‘dusiga chulg‘angan xobxona derazalari g‘ira-shira ko‘zga tashlanadi.
Sharpamni payqadi shekilli, Umid bir sakrab pastga tushdi. Xijolatli bir tovushda salom bergan bo‘ldi. Men ham hech narsa payqamaganday alik olib, qo‘limdagi idishni unga uzatdim. Shu lahza nigohlarimiz bir lahza to‘qnashdi. Nazarimda bolaning ko‘z qorachig‘larida tunchiroqning qizg‘ish-sariq shu’lalari jilvalanayotganday tuyuldi. Umid allanechuk parishon va siniq jilmaydi.
Shu uchrashuvdan so‘ng besh-olti kun shahardan qoram o‘chdi. Tuz quyunlari, ularning sog‘liqqa tahdidi haqida ma’ruzalar qilish uchun Orolbo‘yi ovullariga safar qilgan edik.Huvv, o‘sha salomatlikka doir jurnallardan o‘qib-o‘rganganlarim xo‘b asqotdi. Tuz quyunlari kasofatidan kelib chiqar kasalliklarning damini kesishda sutning ahamiyati haqida sutday ko‘pirtib gapirdim. Xullas, xizmat safarimiz sermazmungina o‘tdi. Lekin xonadonimdan xavotirlanib ko‘nglim bezovta edi. Shu sabab ham safarbo‘yi ta’bim tirriq yurdi. Shaharga qaytgach, zarur hujjatlarni ishxonaga topshirishga ham sabrim chidamay uyga yo‘rg‘aladim. Shukurki, hadiklarim behuda ekan. Xotinim xushxandon kutib oldi.
— Sut- put ichib turibsanmi?—deb so‘radim bo‘sag‘adayoq.
Xotinim mamnun bosh irg‘adi.
— Qanday qilib,-- deb so‘radim azbaroyi ajabsinib,-- o‘zing tushib olib chiqayapsanmi?
— Yo‘-o‘g‘, Umidjon yaxshi bola ekan, bu sizning nasibangiz, kennoyi deb har sahar o‘zi keltirib beryapti.
Bu xabardan quvonib ketdim. Ich-ichimda sut sotuvchi bolaga tashakkurlar aytdim. Ertaga albatta biror sovg‘a bilan siylayman degan xayol miyamdan lipillab o‘tdi. Safar chog‘i jimjimador, antiqa bir qo‘ng‘iroqli soat sotib olgandim. Jajjigina,lekin qo‘ng‘irog‘i shunaqangi qattiq chirillaydiki,hatto o‘liklar ham sapchib o‘rnidan turib ketsa ajabmas. Umidbekka shuni tortiq qilishni mo‘ljalladim.
Qarangki, yo‘l azobi, go‘r azobi deganlaricha bor ekan. Dong qotib uxlab qolibman. Cho‘chib uyg‘onib qarasam, tong xiyla oqarib kelayapti.
Apil-tapil kiyinib,tunda tayyorlab qo‘ygan sovg‘amni qo‘ynimga tiqdimu, oshxonadan idish olib yo‘lakka otildim.
“ Iya, nima gap?!”—pastga tushishim bilanoq xayolimdan shu o‘y chaqmoqdek chaqib o‘tdi.
O‘sha qiyshiq, qari daraxt tevaragida bir to‘p mijoz kuymalanib turardi. Asabiy va norizo g‘ung‘ur-g‘ung‘urdan bildimki,sut sotuvchi bola haligacha kelmabdi!
— Endi kutish befoyda,-- dedi Ramiz aka uzun bir homuza tortib,-- shu paytgacha darak yo‘q ,znachit endi kelmaydi.
To‘ladan kelgan juvon betoqat chinqirib yubordi.
— Voy, endi man nima qilaman?! Bugun pishiriq pishirib charlarga borishim kerak. Manga uch litr sut, bir bonka qaymoq juda zaril edi. Voy, bu bola mani bepichoq so‘ydi-ya?!
— Vahima qilmang, Azizaxon, kun yorishsa, bozorga chiqib kelarsiz,-- deb qo‘ydi ayollardan biri.
— Voy, qo‘shni bozorga borib kelgunimcha kun peshin bo‘ladi-yu...
Bazi birovlar katta ko‘cha tomon jonsarak qaray-qaray tarqala boshlashdi.
— Yo biror ishkalga aralashib qoldimikan?—deya ming‘irladi kimdir.
— Qo‘ysangiz-chi, nimalar deyapsiz, Umidchik ja-a shustriy, ishkal chiqarib yuradiganlardan emas,--dedi yonidagi sherigi ishonch bilan.
— Bola o‘zi qatlik? Qattan qatnaydi?
Bug‘iq bir tovushda, kalondimog‘lik bilan berilgan bu savol egasi bir chekkada sigaret tutatgan ko‘yi savlat to‘kib turardi. Egnida momiq jundan to‘qilgan svetir, boshida gumbaz bichimli charm qalpoq.Men uning semiz-silliq aft-angoriga qarab,huvv,bir gal Umid ta’riflagan zo‘rlardan biri ekanini o‘zimcha tusmolladim.
— Ha-ya, rost, sutchi bola qaerdan keladi o‘zi?—deya tag‘in kimdir o‘sha savolni biyrongina takrorladi.
Mijozlar bir-biriga parishon tikildilar. Birov yelka qisdi, birov bazo‘r boshchayqadi.Xullas,Umidning manzil-makoni qaerda ekanini hech kim bilmasligi tayin bo‘ldi.
— Chto za bezobrazie,--deya tanish rus kampir yonidagi ozg‘in ayolga yozg‘ira ketdi.
Uning kuyinchak gap-so‘zlariga qaraganda, sho‘rlikning nevaralari har ertalab sutli qahva ichishmasa, og‘izlariga ushoq ham solishmas emish. Maktabga ham arazlab och-nahor jo‘nab qolishdan toyishmas ekan.Bu holda ularning biror kasalga chalinishi tayin,kampir ana shundan xavotirda emish.
. U uzundan-uzoq shikoyatlari so‘ngida g‘azabini hech bosolmay, Umidchikka o‘xshash mas’uliyatsiz, betayin xizmatchilar ustidan ma’muriyat qat’iy nazorat o‘rnatib, ayovsiz jazolab turishi zarurligini chertib-chertib ta’kidladi.
Bu orada tong butkul yorishib ketdi.Chor- atrof allanechuk sut tusida bo‘zarib turardi.
O‘sha sersavlat akaxon mayda-chuyda odamlarga qo‘shilib allaqanday bolani kutib turganidan o‘ng‘aysizlandi shekilli, menga yaqin kelib o‘z-o‘zidan gap boshlab qoldi.
— Anchadan beri jigarning mazasi yo‘q. Duxturlar parhez tayinlashgan. Faqat sutli yeguliklardan yeb turing, deyishgan.—U tuyqus jimib, tevarakka tajanglik bilan alanglab oldi.—Bu tirranchani qarang-a,ja-a devor sutib ketdi-yu...
Shu payt katta ko‘cha tarafdan eski bir “Moskvich”shu yoqqa burldi.Chayqala-chayqala kelib, bizdan biroz narida to‘xtadi.To‘xtadiyu har ikki old eshigi babbaravar ochilib,bir tomonidan haydovchi, narigi tomonidan Umid shosha-pisha tushdi.Haydovchi tevarakka qiyo ham boqmay, tund bir qiyofada mashina bagajini ochib, bola odatda sut tashiydigan idishlar ortilgan aravachani arang ko‘tarib yerga qo‘ydi. Aftidan u juda shoshilardi. Umid unga kira haqini uzatdi. Haydovchi pulni cho‘ntagiga tiqdiyu tag‘in mashinasini shitob bilan jildirib ketdi.
Umid aravachasini sudraklab biz tomon yurindi.So‘ng tuyqus to‘xtadi. Uning yuz-ko‘zida allanechuk zavq, quvonch balqib turardi.Bola yal-yal yashnagan kuyi bizdan ko‘z uzmay, bolalarga xos bodilik bilan qo‘llarini beliga tiradi. Aftidan u g‘oyat muhim, g‘oyat quvonchli bir xabarni aytishga chog‘lanardi. Biz uning qiliqlaridan hangu mang qotib, muqarrar bir mo‘‘jiza ro‘y berishini kutib turardik.
Umid nogoh qo‘llarini qanotday yoyib tantanavor xitob qildi:
— Bugun men uxlab qolibman!!
So‘ng mastona bir tarzda sharaqlab kulib yubordi. Hoynahoy, u hammamizni hayronu lol qoldirib, so‘ng hafsalalarni pir qilganidan behad zavq-shavqqa to‘lib-toshardi.
— Nega qotib qoldilaringiz,-- dedi Umid kulgularini hanuz yig‘ishtirib ololmay,-- qani, tezroq kelingizlar, hali maktabga ham ulgurishim kerak.
Hangu mang qotib turgan mijozlar to‘pi, tuyqus sehrdan forig‘ bo‘lganday,duvva bola tomon yopirildi.
— Umidjon, avval menga ber.
Eski qadrdonmiz-ku,Umidchik,avval mening idishimni to‘ldir.
— Umidboy, iltimos...
Men hamon gangib turardim. Yal-yal yashnab turgan bola qiyofasi hali-hanuz ko‘z o‘ngimda jilvalanar, xushxandon xitobi quloqlarim ostida ajib bir musiqaday jaranglar edi. Bir payt chap ko‘ksimga nimadir qattiq qadalganday bo‘ldi. Sekin paypaslandim.Ha, bu sut sotuvchi bolaga men sovg‘a qilmoqchi bo‘lgan o‘sha qo‘ng‘iroqli soatcha edi.
Download 70.56 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling