Abdurasulova Qumriniso


–§. Ayollar tomonidan jinoyat sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlari


Download 354.81 Kb.
bet5/10
Sana02.06.2024
Hajmi354.81 Kb.
#1838430
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Bog'liq
Abdurasulova Qumriniso

1.3–§. Ayollar tomonidan jinoyat sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlari
Ayollar tomonidan jinoyat sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlar –bu bevosita turtki berib, ayollar tomonidan jinoyatning sodir etilishini keltirib chiqarmasada, ammo uning sodir etilishiga imkon bergan voqea, hodisa va jarayonlardir.
Kriminologiyada sabab va shart-sharoitlarni har doim ham toʻliq va aniq bir-biridan ajratish imkoni boʻlavermaydi. Shunday sabablar borki koʻrinishidan shart-sharoitga va shunday shart-sharoitlar borki, koʻrinishidan sababga oʻxshab ketadi. Qolaversa, sabab va shart-sharoitning birlamchi va ikkilamchi kabi turlarga boʻlinishi ular oʻrtasidagi tafovutni aniqlashda turli murakkabliklarni keltirib chiqaradi. Shu boisdan, kriminologiyada “jinoyatchilik determinantlari” tushunchasi keng qoʻllaniladi. Ushbu tushuncha oʻz tarkibiga jinoyatchilikning ham sababini va ham shart-sharoitini qamrab oladi.
Biroq ushbu paragrafda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 14-may kuni qabul qilingan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi qonuni talablari asoslanib, ayollar jinoyatchiligini sodir etilishiga imkon yaratgan shart-sharoitlarni yoritishga harakat qilinadi.
Maʼlumki, jinoyatchilikning sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar oʻzaro aloqada boʻladi. Bu aloqa eng avvalo jinoiy xulq-atvorning shakllanishida namoyon boʻladi. Bu esa ayollar jinoyatchiligining subyektiv sabablari bilan oʻzar aloqador hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, jinoyatchi ayollarning hayotiy qadriyatlari, dunyoqarashi, psixologiyasi va psixikasi bilan belgilanadigan ongli faoliyati bilan chambarchas bogʻliqdir. Xoʻjasizlik va huquqiy nigilizm, hokimiyat uchun siyosiy kurash va ijtimoiy nazoratning yoʻqligi ayollar jinoyatchiligida uyushgan professional jinoyatchilar faoliyatining faollashishiga olib keldi. Professional jinoyatchilar uzoq vaqt mobaynida jinoyatchilik sohasiga ishchi va xizmatchilarning katta kontingentini jalb etib kelib, xalq xoʻjaligining alohida sohalarini mehnatsiz daromad olish va boyish manbaiga aylantirdilar. Qonunni buzish asosida olingan yirik va oʻta yirik daromadlar jamiyatda yangi elitaning shakllanishiga olib kelmoqda. Mazkur jarayon biz koʻrib chiqayotgan muammoda oʻzining bevosita aksini topmoqda. Birinchidan, yuzaga kelayotgan vaziyat muqarrar ravishda eng qonunga itoatkor fuqarolarning tubanlashishiga,
gʻayriijtimoiy axloq va oʻziga xos mafkuraning vujudga kelishiga olib keladi. Bu kabi fuqarolar orasida ayollar ham koʻpchilikni tashkil etadi. Ikkinchidan, ayol-ona oʻz psixologiyasiga “yangi” hayotiy qadriyatlarni singdirib, ularni oʻz farzandining xulq-atvoriga va ongiga joylaydi. Uchinchidan, mazkur vaziyat har xil jinoyatlar uchun hukm etilgan shaxslarga nisbatan jamiyatning tarbiya-reabilitatsiya funksiyalarini bajarishiga toʻsqinlik qiladi.
Shaxsning xulq-atvorida shakllangan va ijtimoiy axloq darajasiga koʻtarilgan tamagirlik niyatlari (professionalizmning asosiy belgisi boʻlgani holda) muqarrar ravishda eng ijobiy ijtimoiy-maʼnaviy institutlarning zaiflashishiga olib keladi.
Oila ijtimoiy rolining kamayishi va maʼnaviy xususiyatga ega boʻlgan hayotiy qadriyatlarga nisbatan qarashlarning oʻzgarishi jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalaridan uzoqlashishga va jinoiy muhitning yosharishiga olib keladi.
Ayollar jinoyatchiligining kelib chiqishiga koʻmaklashuvchi yuqorida qayd etilgan omillarni oʻrganishning dolzarbligi ayollar jinoyatchiligi muammosiga jiddiy eʼtibor berilmayotganligi, davlat, shu jumladan huquqni muhofaza qilish organlari mazkur jinoyatchilikka qarshi kurash va uning oldini olish usullari va shakllarini ishlab chiqmagan sharoitlarda yanada yaqqol namoyon boʻladi.
Odatda, yulgʻichlik va parazitizm psixologiyasi bilan zararlangan shaxslar professional jinoyatchilar, ularning anʼanalari bilan toʻqnash kelganidan soʻng pirovard natijada oʻz hayot yoʻlini jinoiy faoliyat bilan bogʻlaydi.
Ayollar jinoyatchiligiga tatbiqan olganda, mazkur jarayon “jinoiy romantizm” anʼanalari ancha kuchli boʻlgan ozodlikdan mahrum qilish joylari, tergov hibsxonalari va maxsus maktablarda ayniqsa sezilarli kechadi. Yosh jinoyatchi ayollar, odatda, jinoiy muhitda erkak jinsiga mansub tengqurlari bilan katta aloqalarga ega boʻladi. Vaholanki, bunday shaxslar orasida soʻnggi vaqtlarda “qonundagi oʻgʻrilar”ga va boshqa jinoiy avtoritetlarga taqlid qilib yashash anchagina keng tarqalgan.
Soʻnggi yillarda badanga tatuirovkalar tushirish udumi ayniqsa ayollarda yana urf boʻlmoqda. Modaning bu elementi ham voyaga yetmaganlar va yosh qizlarni oʻziga tortmoqda. Oʻrganilgan voyaga yetmagan jinoyatchi qizlarning yarmidan koʻpida tatuirovkalar borligi aniqlandi. Bunda mazkur tatuirovkalarning qariyb 30% yorqin ifodalangan maʼnoli xususiyatga ega, qolganlari esa, voyaga yetmagan jinoyatchi qizlarning iqroriga koʻra, “qiziqish tufayli” tushirilgan. Shunisi eʼtiborga molikki, nisbatan katta yoshli jinoyatchi ayollar orasida tatuirovkalarga yoshlar muhitidagidek jiddiy ahamiyat berilmaydi. Buning ustiga, biz suhbatlashgan professional jinoyatchi ayollarning koʻpchiligi tatuirovka tushirish udumi haqida ancha salbiy fikr bildirdilar va bir paytlar oʻz badanlariga bunday tatuirovkalarni tushirganliklaridan bugun afsus qilayotganliklarini koʻrsatdilar. Aftidan, bu tatuirovka professional jinoyatchining oʻziga xos “tashrif kartochkasi” boʻlib xizmat qilishi, shuningdek shaxs tashqi koʻrinishining individual belgilariga ham urgʻu berishi, huquqni muhofaza qilish organlari shaxsni identifikatsiya qilishi jarayonida maʼlum hollarda professional jinoyatchi ayol zarariga xizmat qilishi mumkinligi bilan izohlansa kerak.
Giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq jinoyatchilikning kriminologik xususiyati jinoyatlarning muayyan turlari va tegishli ravishda, jinoyatchilar toifalarining xilma-xilligidan iboratdir.
Giyohvandlik vositalarining gʻayriqonuniy muomalasi sohasida ayollar jinoiy “qobiliyati” qoʻllanadigan yana bir soha farmatsevtika sanoati sohasida va sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida – dorixonalar va kasalxonalardagi jinoyatlardir.
Koʻpchiligini xotin-qizlar tashkil etuvchi mazkur muassasalarning xodimlari baʼzan jinoyatchilar bilan til biriktirib, tarkibida giyohvandlik moddalari boʻlgan dorilar va preparatlar bilan gʻayriqonuniy savdo qiladi va buning evaziga jinoyatchilardan katta haq oladi.
Maʼlumki, giyohvandlik vositalarini uzoq vaqt va surunkali isteʼmol qilish natijasida shaxs ham jismoniy, ham maʼnaviy jihatdan tubanlashadi, ijtimoiy foydali mehnat qilishga layoqat va xohish-istakni yoʻqotadi. Giyohvandlik vositasini har qanday yoʻl bilan qoʻlga kiritishga yoʻnaltirilgan jinoiy faoliyat bunday shaxs hayotining asosiy maqsadiga aylanadi. Bunday intilishlarning ijtimoiy xavfliligi yaqqol koʻrinib turadi.
Jinoyat qonunlarida sodir etilgan jinoyatlarning ijtimoiy xavflilik darajasiga koʻra turli jazo choralari belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi Jinoyat va Jinoyat-ijroiya kodeksida bu borada bir qancha imkoniyatlar nazarda tutilgan. Biroq, jinoiy jazoni ijro etish turlarining xilma-xilligi va vaqt oʻtishi bilan ular doirasining tobora kengayib borayotganligiga qaramay, mahkumlarga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlash eng anʼanaviy va ommaviy boʻlib qolayotir.
Maʼlumki, ozodlikdan mahrum etish jazosiga odatda xavfli jinoyatchilar hukm etiladi, ozodlikdan mahrum etish joylarida esa mahkumlarni tarbiyalash va takroriy jinoyatlarning oldini olish maqsadida tarbiyaviy chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Tarbiyaviy chora-tadbirlarning koʻpchiligi jazoni oʻtayotgan shaxslarda ozodlikdagi mikroijtimoiy muhitning salbiy taʼsirida shakllangan gʻayriijtimoiy qarashlar, moyilliklar va odatlarni tubdan yoʻqotishga qaratilgan. «Biroq, jazoni oʻtash joylaridagi boshqa jazoni oʻtayotgan jinoyatchilarning mahkumga taʼsiri yuqorida aytilgan maqsadlarga erishishga jiddiy toʻsiq boʻladi. Qolaversa, bu taʼsir mazkur jinoyatni sodir etishga turtki boʻlgan salbiy omillarning shaxs ongida yanada chuqurroq oʻrnashishiga olib kelishi, shuningdek yangi gʻayriijtimoiy qarashlar va intilishlarning shakllanish manbai boʻlib xizmat qilishi mumkin[1].
Qoʻllanilgan jazo va tarbiyaviy yoʻsindagi majburlov choralarini idrok etishning muhim shaxsga oid tavsiflaridan yana biri mahkumlarning sodir etilgan jinoyatga va uning oqibatlariga munosabati hisoblanadi. Soʻrovga jalb etilgan mahkum ayollarning 24,6% oʻz javoblarida qilmishlaridan pushaymon ekanliklarini bildirgan boʻlsa, 27,7% oʻzini qisman aybdor hisoblagan va qilmishidan qisman afsus chekishini maʼlum qilgan. Oʻz aybini tushunib yetgan, biroq pushaymon chekmaganlar 15,4% ni tashkil qildi. Eʼtiborli tomoni 15,4% oʻzini mutlaqo aybsiz hisoblagan boʻlsa, 16,9% sodir etilgan jinoyat va uning oqibatlariga befarq ekanliklarini bildirdi.
Soʻrov jarayonida mahkum ayollarning tayinlangan jazoga nisbatan munosabatlari oʻrganilganida 12% jazoni adolatli deb hisoblagan boʻlsa, 52,8% adolatli, biroq haddan tashqari qattiq deb biladilar. Biroq 50,8% jazoni adolatsiz deb hisoblaydilar.
Ozodlikdan mahrum etish joylaridagi mikroijtimoiy muhitni tavsiflovchi muhim mezonlardan yana biri bu mahkum ayolning boshqa mahkumlar, kameradoshlari orasidagi oʻz ijtimoiy holatiga munosabatidir (bu yerda mazkur tadqiqot oʻtkazilgan tergov izolyatorlarida saqlangan shaxslar (ayblanuvchilar) ham nazarda tutiladi).
Mazkur masala yuzasidan qoʻyilgan savolga javobida respondentlarning 21,5% jamoada, guruhda peshqadamlik qilishga intilayotganini koʻrsatdi. Peshqadamlikka daʼvo qilmagan holda shaxsiy obroʻ orttirishga intilayotganlar – 18,5% ni, oʻzini yetarli darajada erkin his qiluvchi va obroʻsini mustahkamlashga muhtoj boʻlmaganlar – 26,2% ni tashkil etdi. Soʻralganlarning 15,4% oʻzini nooʻrin kamsitilgan, tushunilmagan, eʼtiborsiz qoldirilganlar qatoriga kiritdi. Boshqa mahkumlar davrasidagi oʻz mavqeiga befarq qaraydigan ayollar 18,4% ni tashkil etdi.
Oilaning buzilishi ayol kishining hayotida erkaknikiga qaraganda muhimroq ahamiyatga ega. Vaholanki, jazoni oʻtash davrida mahkum ayollarning har ikkinchi oilasi (erkaklarda – har uchinchisi) buzilib ketadi.
Bolalardan ajralganlik, ularni tarbiyalashda (ular uch yoshdan katta boʻlgan bolalarni ham) ishtirok etish imkoniyatidan mahrumlik erkaklardan ham koʻra ayollarga kuchli taʼsir qiladi.
Mahkumlarning oilaviy munosabatlari bilan bir qatorda, ularning ozodlikka chiqqandan soʻng mehnat faoliyatiga boʻlgan munosabati oʻrganilganida ayollarning 37,7 % oʻz kuchi, bilimi va kasbiy oʻquviga ishonch hamda qonuniy mehnat faoliyati bilan shugʻullanish niyatini bildirdi. Ozodlikka chiqqandan soʻng ishsiz qolishdan choʻchiyotganlar 35,8 %ni tashkil etdi. Soʻralganlarning 26,9% bu muammoga befarq ekanliklarini bildirdi. Nihoyat, mahkumlarning 20,6% ongli ravishda oʻzini jinoiy faoliyatni davom ettirishga tayyorlayotganini tan oldi.
Ayollarda qonunga zid xulq-atvori shakllanishiga imkoniyat yaratgan shart-sharoitlarning oʻziga xosliklarini oʻrganish: 1) ayollar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlar avvalambor ijtimoiy omillar bilan belgilanishini; 2) faqat ayollar jinoyatchiligiga xos boʻlgan va shuning uchun ham uni barcha jinoyatchilik orasida alohida hodisa sifatida ajratib turadigan maʼlum oʻziga xosliklarni qayd etishning zarurligini; 3) bu oʻziga xosliklar faqat obyektiv tavsiflarni taqqoslashdagina emas, avvalambor jinoiy faoliyat sabablarining yoʻnalishini baholashda aniqlanishini; 4) ayollarning jinoiy faoliyati ijtimoiy voqelikning obyektiv va subyektiv omillarining oʻzaro taʼsiri bilan belgilanishini; 5) hozirgi zamon ayollar jinoyatchiligi jamiyatda sodir boʻluvchi tarixiy, jugʻrofiy-siyosiy, iqtisodiy-huquqiy va demografik oʻzgarishlar bilan belgilanadigan oʻz ijtimoiy xususiyatlariga ega ekanligini; 6) koʻrsatilgan oʻzgarishlar ayollar turmushining mikroijtimoiy muhitida oʻzining eng yorqin ifodasini topishini; 7) mikroijtimoiy muhitning salbiy taʼsiri turmushning har xil bosqichlarida turlicha ekanligi va maʼlum ijtimoiy-demografik oʻziga xosliklar bilan belgilanishini; 8) bunday hodisa mahkum ayollar jazoni oʻtaydigan ozodlikdan mahrum etish joylarida ayniqsa keskin his qilinishini, bu joylardagi ijtimoiy muhit esa faqat oʻzigagina xos xususiyatlarga ega boʻlib, erkaklar koloniyalaridagi muhitdan jiddiy farq qilishini koʻrsatdi.

Download 354.81 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling