Abu Hafsi Kabir


-yilda “Buxoro – Islom madaniyati poytaxti”


Download 31.23 Kb.
bet3/3
Sana14.05.2023
Hajmi31.23 Kb.
#1459946
1   2   3
Bog'liq
Abu Hafsi Kabir

2020-yilda “Buxoro – Islom madaniyati poytaxti”


Milodning IX asri boshlaridayoq “Qubbat ul-islom” – “Islom dinining gumbazi” nomi bilan mashhur boʻlgan Buxoro, tarixchi Narshaxiyning guvohlik berishicha, mashhur fiqhshunos olim Abu Xafsi Kabir Buxoriy (767–832) tufayli shu nomga sazovor boʻlgan. Buxoroning shonli tarixida shayx Sayfiddin Boharziy (1190–1261) faoliyati tufayli shaharning shuhrati islom olamida yanada yuksaldi. Shu sababli oradan toʻrt asr oʻtgach, XIII asrdan boshlab unga yangi sifat – “sharif” soʻzi qoʻyilib, u Buxoroyi sharif, yaʼni Sharofatli Buxoro nomi bilan yuritiladigan boʻldi. Xoʻsh, Buxoroning bunday nom qozonishiga sabab boʻlgan shayx Sayfiddin Boharziy aslida kim?


Shahidlar shohining shogirdi


Damashqlik mashhur tarixchi va muhaddis Shamsuddin Zahabiy (1274–1348) oʻzining “Mashhur daholar siyrati” asarida Sayfiddin Boharziy haqida qimmatli maʼlumotlar keltiradi. Alloma haqida soʻz boshlagan Zahabiy uni: “Nomlari toʻrt iqlimga mashhur. Qalblardan oʻrin olgan benazir olim”, deb taʼriflaydi. Shu soʻzlardanoq shayxning shavkatiga baho berish mumkin.


Kubroviylik tariqatining yirik namoyondasi, mutasavvuf va shayx Sayfiddin Boharziy 1190-yilda Xurosonning Boharz qishlogʻida tavallud topgan. U Hirot va Nishopur shaharlaridagi madrasalarda tahsil olgan. Yoshligida Makka va Madina shaharlariga safar qilgan. Soʻngra, rivoyatlarga koʻra, oʻn bir yoshida Arab xalifaligi poytaxti Bagʻdod shahriga kelgan.


Keyinchalik yana Xurosonda ilm olgan. Hattoki, buyuk faqih, shayxulislom Burhoniddin Margʻinoniyning (1123–1197) “Al-Hidoya” kitobi yuzasidan u kishining oʻgʻli Jamoliddindan dars olgan. Soʻngra Xorazmga kelgan. Umrining oxirigacha Xorazm va Buxoroda muqim yashagan.


Sayfiddin Boharziy Xorazmshohlar davlatining poytaxti Koʻhna Urganchda Najmiddin Kubro taxallusi bilan tanilgan ulugʻ shayx, kubroviylik tariqatining asoschisi Ahmad ibn Umar Xivaqiydan tasavvuf taʼlimotini oʻrgangandi. Oradan yillar oʻtgach, uning shogirdi sifatida kubroviylik tariqatini rivojlantirgan. Undan kubroviylikning hind shohobchasi – Firdavsiya boshlanadi. U Movarounnahr va Turkistonda hadis ilmini yoygan va uni rivojlantirgan.


Abdurahmon Jomiyning qayd etishicha, Najmiddin Kubro shogirdlariga: “Endi yurtingizga boring. Sharqdan fitna olovi kelmoqda, koʻp oʻtmay u hamma yoqni kuydirib kul qiladi”, deydi. Shogirdlari: “Ustod, duo qiling, bu ofat musulmon olamidan daf boʻlsin, axir Sizning duoyingiz har doim ijobat boʻlgʻayku”, deyishadi. Bunga javoban hazrat: “Bu qazoyi mubram (oʻzgarmas)dir. Uni duo bilan qaytarib boʻlmaydi”. “Unday boʻlsa sizni ham olib ketaylik”, deya iltijo qilgan shogirdlarga hazrat qatʼiy qilib: “Men bu jangda shahid boʻlaman, menga kindik qonim toʻkilgan tuproqni, Xorazmni tark etishga ruxsat yoʻq”, deydi.


Buyuk shayx buxoroda


Bashorat qilingan ofat mashriqdan moʻgʻul bosqinchilari qiyofasida bostirib kelib, gullagan oʻlkani vayronaga aylantirdi. Najmiddin Kubro oʻz shogirdlarini bu yerlardan Xuroson tomonlarga yubordi. Boharziyni Movarounnahr tomon yoʻlladi. Oʻsha kunlarda hatto xorazmshoh Alovuddin Muhammad (1200–1220-yillari hukmronlik qilgan) ham mamlakatni tashlab qochib ketgandi.


Chingizxon 1220-yilning fevralida Buxoroni egallab, uning amri bilan shahar yoqib yuborilgan edi. Sayfiddin Boharziy Buxoroga yetib kelganida shahar batamom yonib boʻlgan, istiqomat qiladigan joy ham qolmagandi. Boharziy odamlarni yigʻib, ularga “Sahihi Buxoriy”ni oʻqib beradi. Jomiyning yozishicha, Kubro tomonidan Buxoroga yuborilgan Boharziy bu yerda qirq yildan ortiq yashaydi. Hattoki, Sayfiddin Boharziyning xalq oʻrtasidagi kuchli nufuzidan choʻchigan moʻgʻul hukmdorlari u bilan hisoblashishga majbur boʻlishadi.


Chingizxon nomidan Movarounnahrni idora qilgan Mahmud Yalavoch Buxoroga “qilon” toʻlovini yigʻish uchun keladi. Qilon – har bir odam boshiga solinadigan bir dirhamlik xiroj (yer soligʻi), savdogarlarga esa ushr (idora ishlari uchun olinadigan soliq) qoʻyish edi. Zahabiyning qayd etishicha, asli xorazmlik boʻlgan Mahmud Yalavoch Sayfiddin Boharziy huzuriga kiradi. Boharziyning yuzlari toʻlin oy kabi yorishib turgan edi. Boharziyga Yalavochning mehri tushib, unga ming dirham hadya qiladi. Boharziy bunga qiyo ham boqmaydi.


Shayxning panohida omon qolganlar


1238-yilda Buxorodan 20 kilometr gʻarbdagi Torob qishlogʻidan boʻlgan gʻalvirchi Mahmud Torobiy Buxoroda moʻgʻullar zulmiga qarshi qoʻzgʻolon koʻtaradi. Manbalarda qayd etilishicha, u odamlarni toʻplab ularga: “Men jangda jinlarni chaqiraman. Ular bizga yordam berishadi”, – deb aytadi. Torobiyning odamlarida yetarlicha qurol-aslaha yoʻq edi. Oqibatda moʻgʻullar bir hujumning oʻzidayoq yetti ming kishini, shu jumladan, Torobiyning oʻzini ham oʻldiradi.


Torobiyga yaqin kishilar uni uchib ketdi, deb oʻylashadi. Moʻgʻullar qolgan isyonchilarning ham koʻpini qirgʻin qiladilar. Faqat Boharziyning panohiga kirganlargina omon qoladi. Biroq omon qolganlar peshonasiga moʻgʻullar qizigan temir bilan tamgʻa bosishadi. Moʻgʻullar Boharziydan qoʻrqib qolgan edilar. Hech kim unga qarshi chiqishga jurʼat etolmasdi.


Boharziyning bashorati


Ulugʻ xon (qoon)ning akasi Boyqu nihoyatda zolim, qonxoʻr va yolgʻonchi kishi edi. U Termiz ahlini qirgʻin qildi. Bu bilan cheklanmasdan bu yerdagi boshqa jonzotlarni ham qirib tashladi.


Shayxning dushmanlari “Boharziy xalifa, podshoh boʻlishni istaydi”, degan soʻzlar bilan Boyquni Boharziyga qarshi qayrashadi. Natijada, Boyqu Boharziyni zanjirband qilib Samarqandga olib kelishni buyuradi. Ulugʻ shayxni Buxorodan Samarqand tomon eltadilar.


Boharziy Samarqandga borayotib: “Men bu xorlikdan keyin bir izzat kelishini koʻrmoqdaman”, – deya bashorat qiladi. Boharziy shaharga yaqinlashganda Boyqu oʻladi. Shayxni qoʻyib yuboradilar. Uning qoʻllarida koʻplar musulmon boʻla boshlaydi.


Qaytib kelayotganida, Sayfiddin Boharziy Samarqand shahri yaqinidagi Xartang qishlogʻida muhaddislar imomi, hadis ilmining sultoni Imom al-Buxoriy (810–870) ning qabrini ziyorat qiladi. Uning qubbasi (gumbazi)ni yangilaydi, pardalar osadi, qandillarini almashtiradi. Samarqandliklar Boharziyga shu yerda qolishni taklif etishadi. Shayx bir necha kun Samarqandda turadi. Biroq keyin yana Buxoroga qaytadi.


Moʻgʻullarni musulmon qilgan shayx


“Tarixi Banokatiy” asarida keltirilishicha, moʻgʻul xoqonlari Munke, Xuloku, Xubilaylarning onasi, Chingizxonning kelini, uning toʻngʻich oʻgʻli Tuluning bevasi Suyurkoʻktani beka (taxminan 1190–1252) nomi ham Boharziy bilan bogʻliq.


Asli xristian dinida boʻlgan kerayitlar malikasi Suyurkoʻktani beka Buxoroda Xoniya madrasasi va xonaqoh qurdirib, unga juda koʻp qishloqlarni vaqf qilgan hamda Sayfiddin Boharziyni mudarris va mutavalli qilib tayinlagan.


Turkistondagi ijtimoiy-siyosiy hayotda shayxning oʻrni katta boʻlgan. Chingizxonning nabirasi, Oltin Oʻrda xoni Berkaxon (1209–1266) ham unga eʼtiqod qilib, XIII asrning 50 yillarida Buxoroga kelgan va pirga murid tushib, islom dinini qabul qilgan. U moʻgʻul hukmdorlari orasida birinchilardan boʻlib islom dinini qabul qildi. Zahabiyning qayd etishicha, Berkaxonning oltmishta xotini bor edi. Shayx unga toʻrttasini qoldirib, qolganlaridan ajralish kerakligini aytdi. Berkaxon bu ishni soʻzsiz bajardi.


Berkaxon musulmon boʻlgach, oʻziga Barakaxon nomini olgan va Shimoliy Kavkazdan to Sibirgacha choʻzilgan ulkan davlati hududida islom dinini joriy qilib, masjid va madrasalar qurdirgan. Uning qoʻlida koʻpchilik musulmon boʻlgan. Bu voqeadan soʻng Sayfiddin Boharziyga “Shayx ul-olam” (Olam shayxi) unvoni, Buxoro shahriga esa sharif maqomi berilgan.


Tengsiz tuhfalar


Abbosiylar xalifaligining soʻnggi xalifasi Mustasim (1242–1258-yillari hukronlik qilgan) Bagʻdoddan Boharziyga tuhfa yuborib turar edi. Shu tuhfalardan biri Muhammad (s.a.v.)ning amakivachchasi va kuyovi Ali (r.a.)ning qoʻllari bilan yozilgan Qurʼoni karim edi.


Bundan tashqari, Sheroz voliysi Muzaffariddin Abu Bakr ibn Saʼd har yili ming dinor, Mavsil voliysi ham har yili shayxga hadya joʻnatardi. Boharziyga Ozarbayjon voliysi Malika binti Oʻzbek ibn Pahlavon hazrat paygʻambar s.a.v.ning Uhud (Madina shahri yonidagi tepalik)da singan tishlarini hadya sifatida joʻnatgan.


Shayx moʻgʻullarning Iroqqa – Abbosiylar xalifaligiga hujumlariga toʻsqinlik qilgan. Xalifani hurmatlab, shaʼnini ulugʻlagan. Uning hind sultoni Nosiriddin Mahmudshoh I ( 1246–1266-yillari hukmronlik qilgan) bilan Sind va Moʻlton sultoni Gʻiyosiddin Balbon (1200–1287)ning elchilik munosabatlari va xat yozishmalari boʻlgan.


Moʻgʻullar imperiyasining toʻrtinchi buyuk qooni Manguqoon – Munke (1251–1259-yillari hukmronlik qilgan) saltanat taxtiga oʻtirganda Boharziyga hadyalar joʻnatgan. Uning vaziri, Mahmud Yalavochning oʻgʻli Maʼsudbek ham xuddi shunday ehsonlar yuborib turgan.


Masʼud Yalavoch ustozining oldiga kelganda ostonani oʻpib, izn berilguncha kutib turgan va: “Otam ham xuddi shunday qilardilar. Chunki shayxning podshohlar qalblaridan oʻrin olgan katta salobatlari bor edi. Agar ularga mendek yaqin vazirini oʻldirib yuborishni buyursalar, ikkilanmay oʻldirib yuborishadi”, – degan edi.


Ulugʻ shayxning soʻnggi vasiyati


Boharziy fiqhiy ixtiloflarning, hadis va oyatlardagi goʻzal soʻz va iboralarning bilimdoni edi. U Buxoro shahri yaqinidagi Kalobodda madrasa qurdirgan. Arab va fors tillarida “Allohning goʻzal ismlari sharhi”, “Ishq haqida risola”, “Xilvatdagi voqea”, “Ruboiyot”, “Roʻznoma”, “Vasiyatnoma” va boshqa asarlar hamda toʻrtliklar yozgan. Boharziy bir necha zamondosh olimlarga oʻz nomidan dars berishga ijozat bergan.


Ulugʻ shayx 1261-yilda Buxoroda vafot etdi. Zahabiy bergan maʼlumotlarga koʻra, uning janozasida toʻrt yuz ming atrofida odam qatnashgan. U kishi shayxlari Najmiddin Kubroning hirqalari (darvishlar kiyimi)ga kafanlashlarini, tobutlarining oldida hech kim yurmasligini va ovoz chiqarib yigʻlamasliklarini vasiyat qilgan ekanlar.


Amir Temur ixlos qoʻygan pir


Sayfiddin Boharziy Buxoroning sharqiy qismi – Fathobod mavzeyidagi Qarshi darvozasi roʻparasida dafn etilgan. Qabri ustiga maqbara qurilgan. Sayfiddin Boharziy maqbarasining kichik goʻrxonasi XIII asrning 2-yarmida, ziyoratxonasi esa XIV asrning 2-yarmida bunyod etilgan. Maqbaraga Sayfiddin Boharziy, uning ikki oʻgʻli, shuningdek, nevarasi va evaralari dafn etilgan.


Sohibqiron Amir Temur Buxoroga tashrif buyurganda shayxning qabrini albatta ziyorat qilgan. Hattoki, uning farmoni bilan maqbara obod qilinib, ziyoratxona va sharqiy peshtoq bunyod etgan. Shayx qabri ustidagi yogʻoch sagʻananing yasalish uslubi, zarhal bezaklari, Amir Temur davri yogʻoch oʻymakorligi sanʼatining noyob yodgorligi hisoblanadi.


Buxoro ana shunday buyuklarga soʻnggi manzil boʻlgan joy. Uning har qarichida ulugʻ allomalaru avliyolarning izi bor. Ana shunday buyuklardan biri Boharziy ham Buxoroni oʻziga makon tutdi. Dunyo kezgan shayx umrining yarmidan koʻprogʻini shu muazzam shaharda oʻtkazdi. Uning Buxoroga boʻlgan muhabbati boqiy shaharni “sharif” nomiga muyassar etdi. U islom dini ravnaqi yoʻlida ulugʻ ishlar qildi. Keksayganda ham karomatgoʻy ustoziga mehri soʻnmagan shogird soʻnggi yoʻlga shayxining darvishona kiyimida ketdi.
Download 31.23 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling