Abu Mansur al-Moturudiy hayoti va faolyati. Al-Moturudiyning ustoz va shogirdlari haqida ma’lumotlar. Al-Moturudiyning ilmiy merosi


Abu Mansur Al-Moturidiyning Ilmiy Merosi


Download 49.44 Kb.
bet3/3
Sana27.01.2023
Hajmi49.44 Kb.
#1129722
1   2   3
Bog'liq
sharqshunoslik shokirov

Abu Mansur Al-Moturidiyning Ilmiy Merosi. «Ta’vilotu ahlis-Sunna» yoki «Ta’vilotul-Qur’on». Sakkiz mujalladdan iborat bu asar Qur’oni karimning tafsiri bo‘lib, unda asosan, islomiy aqidaga nisbatan turli qarashlar bayon etilib, moturidiya aqidasi asosida ularga baho berilgan. Tafsirni al-Moturidiyning shoh asari deb atash mumkin. Uning qo‘lyozma nusxalari Misr, Makka, Damashq, Hindiston, Turkiya va Toshkent kutubxonalarida saqlanmoqda. Toshkent nusxalari taqriban 700 yil burun ko’chirilgan. Asarning birinchi jildi Misrda nashr etilgan.
Tafsirga Alouddin Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad as-Samarqandiy sharh yozgan. Bu sharh qo‘lyozmasi hanuz chop etilmagan.
2. «Kitobut-tavhid». Kalom ilmiga oid eng muhim asar. Moturidiya aqidasiga oid barcha asarlarning eng birinchi va asosiy manbasi sanaladi. Asar hozirda o‘zbek tiliga o‘girilmoqda.
3. «Sharhul-fiqhil akbar». Abu Hanifa an-No‘‘mon (Imom A’zam) qalamiga mansub aqida bobida bitilgan ilk asar «Al-Fiqhul-akbar»ning sharhi. Ba’zi olimlar bu sharh Shayx Moturidiyga tegishli emas, balki u Abul-Lays as-Samarqandiyga mansub deydilar.
4. «Risola fil-aqida». 1953 yilda Anqarada chop etilgan.
5. «Risola fil-imon».
6. «Al-maqolot».
7. «Bayonu vahmil-mo‘‘tazila».
8. «Raddu tahzibil-jadal».
9. «Raddu vaidil-fussoq».
10. «Raddu avoilil-adilla».
11. «Raddul-usulul-xamsa».
12. «Arraddu alal-qaromita».
13. «Raddul-imoma».
14 «Ma’xazush-shari’a». 
15. «Kitobul-jadal».
Mazkur kitoblarning oxirgi ikkitasi fiqhga doir, qolganlari aqidaviy masalalarga bag‘ishlangan.
Avvalo, shuni qayd etib o‘tish lozimki, moturidiya aqoidini faqat Abu Mansur Moturidiyning o‘zi ixtiro qilgan emas. Balki aqoidning asoslari, arkonlari va bandlari ungacha ham ma’lum darajada shakllangan edi. Aqida ilmi tobe’inlar davridan boshlab, ya’ni hijratning ikkinchi asrida mustaqil fan sifatida zohir bo‘la boshlagan. Mashhur tobe’inlardan Hasan Basriy (21-110 h.) aqida masalalari bo‘yicha dars aytgani, mo‘‘tazila oqimining boshlanishi ham o‘sha paytda ro‘y bergani tarixiy manbalardan ma’lum. Abu Hanifa (Imom A’zam) yashagan davrda esa islom niqobi ostida turli oqim va firqalarning yuzlab turlari yuzaga kelgandi. Ular bilan kurashish uchun esa aqida mustahkam bo‘lishi zarur edi. Bunday dolzarb masalaga Abu Hanifa befarq qarab tura olmaganlar, balki aqida faniga oid birinchi asar - «Fiqhi akbar», Usmon al-Battiy (al-Bustiy)ga yozgan raddiyasi, beshta vasiyatnomasini yozib qoldirganlar. Demak, mazhabimiz asoschisi Abu Hanifa No‘‘mon ibn Sobit (rahmatullohi alayh) nafaqat fuqaholar peshvosi, balki aqida va ilmi kalomga ham asos solgan buyuk siymolardan bo‘lganlar.
Shayx Abu Mansur hazratlari diniy ta’limni hanafiya ulamolarining ko‘zga ko‘ringan mashhur namoyandalaridan olganlari va diniy fanlar bo‘yicha qanchalik chuqur bilimga ega ekanliklariga yozib qoldirgan asarlari guvohlik beradi.
Shayx yashagan davrda aqida ulamolari ikki asosiy manbaga suyanganlar. Birinchisi — oyat va hadislar hamda sahoba va tobe’inlarning ijmo va ijtihodlari, ya’ni naqliy dalillar. Ikkinchisi — aqliy dalillar. Shayx Abu Mansur esa boshqalarga taqlid qilmadilar, balki naqliy dalillar bilan aqliy dalillarni uyg‘unlashtirib, undan so‘ng xulosa chiqardilar. Aqliy dalil deganda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar ko‘zda tutiladi. Vaholanki, salaf ulamolarining ko‘pchiligi bu dalillarni tan olmas edilar, balki naqliy dalillarning o‘zi bilan kifoyalanardilar. Shayximiz esa, bu ikkisidan ham munosib ravishda istifoda etib, o‘rtahollikni ixtiyor qilgan ekanlar. Darhaqiqat, naqliy dalillarni yaxshi anglash uchun aqliy dalillarni ham puxta bilish shartligini hech kim inkor eta olmaydi. Aql imkoniyatining ham chegarasi borligini e’tiborga olib, Shayx ko‘p joylarda inson aqli juda ko‘p haqiqatlarni idrok etishga qodir emasligini uqdirib o‘tadilar. Shu bilan birga, aqlning Alloh tomonidan ato etilgan eng buyuk mislsiz ne’mat ekani, undan oqilona foydalanish zarurligini ham ta’kidlab o‘tadilar.
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ogohlantirib aytganlarki: «Yahudiylar 71 firqaga, nasroniylar 72 firqaga bo‘linib ketgan edilar. Mening ummatim 73 firqaga bo‘lingaylar. Ulardan bittasigina najot topib omon qolur, qolganlari esa do‘zax ahlidirlar» (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari).
Rasululloh (s.a.v.)ning bu mo‘‘jizaviy bashoratlari vafotlaridan keyin o‘z tasdig‘ini topdi. U firqalardan qadariya, murjia va xavorijlarni o‘z hadisi shariflarida nomma-nom keltirib, ulardan hazarda bo‘lishni vasiyat ham qilganlar.
Xulafoi roshidinlar zamonidan to Imom Moturidiy zamonasigacha, asosan, quyidagi firqa yoki oqimlar paydo bo‘lib, ummati muhammadiya o‘rtasiga tafriqa solish va ruhiy hayotlarini fitna va fasod bilan to‘ldirishga harakat qilgan edilar.
Ular — qadariya, murjia, xavorij, shia, mo‘‘tazila, ravofiz (rofiziylar), sabaiya, ziroriya, jahmiya, botiniya, qaromita, xurramiya, karromiya (mujassima), jorudiya, sulaymoniya (jaririya), butriya, bayoniya, mug‘iriya, janohiya, mansuriya, xattobiya, hululiya, azoriqa, najadot, sufriya, ajorida, xozimiya, shahbiya, ma’lumiya, majhuliya, ma’badiya, rashidiya, mukarramiya, hamziya, ibrohimiya, voqifa, hafsiya, horisiya, yazidiya, maymuniya, mo‘‘tazila firqalaridan — vasiliya, amriya, huzaliya, nazzomiya, murdoriya, ma’mariya, samomiya, johiziya, xobitiya, himoriya, xatotiya, shaxlamiya, ashobi Solih qubba, marisiya, ka’biya, jubboiya, bahshamiya, murjia firqalaridan — Abu Shimr, Muhammad ibn Shabib va Xolidiy firqalari, yana murjiaga — yunusiya, g‘assoniya, savboniya, sumaniya, marisiya, najjoriyalardan — burg‘usiya, za’faroniya, mustadrika, karromiylardan — haqoiqiya,taroiqiya,ishoqiya. Demak, zikr etilganlardan 20 firqa rofiziylar, 20 firqa xavorijlar, 20 firqa qadariy va murjialar, 12 firqa qolgan najjoriya, bakriya, ziroriya, jahmiya, karromiya kabi oqimlarga taqsimlab chiqilsa, umumiy soni hadisi sharifda aytilgan 72 ta adashgan firqalarning adadiga to‘g‘ri kelib qoladi.
73-firqa esa, Ahli Sunna val-Jamoa deya ataluvchi mazkur hadisi sharifda qayd etilgan nojiya (najot topuvchi) firqadirkim, Abu Hanifa (Imom A’zam), Imom Molik, Imom Shofe’iy, Imom Ahmad, Avzoiy, Savriy kabi buyuk mujtahid allomalar va ularning izdosh va maslakdoshlari unga mansubdirlar. Kengroq qilib aytadigan bo‘lsak, bu saodatmand jamoaga Janob Rasuli akram (s.a.v.) dan tortib, sahobai kiromlar, tobe’inlar, tabaa tobe’inlar, fiqhiy mazhablarning asoschilari kabi mujtahidlar, muhaddislar, arab tili nahvi va adabiyoti namoyandalari, qiroat va tajvid roviylari, tasavvuf shayxlari, ahli tariqatlar, shuhadoyu, solihu zohid bandalar hamda turli buzuq oqimlarga ergashib, og‘ib ketmagan musulmonlar kirurlar.
Yuqorida zikr etganimizdek, moturidiya aqidasiga doir masalalarni shayx Moturidiyning yakka o‘zlari tuzib, tartibga solgan emaslar, balki ul zotga qadar ham Ahli Sunna val-Jamoa aqidasi shakllanib ulgurgan edi. Moturidiy hazratlarining xizmatlari shundan iborat bo‘lganki, o‘sha davrdagi aqidaviy oqimlarning ta’sirini qirqish, ularning iddaolariga raddiya berish, kuchli va asosli dalillar bilan haqiqiy islom aqidasini himoya qilish, ilmi kalom, mantiq va munozara qoidalariga rioya qilgan holda xasmlar jaholatiga ilmu ma’rifat bilan javob qaytarib, chin ixlosli musulmonlar uchun aqidaga doir muhim qo‘llanmalar tayyorlab berishni niyat qilgan,edilar. Ma’lumki, Ahli Sunna val-Jamoa aqidasi o‘sha davrda uchta buyuk shaxs tomonidan himoya qilingan va asosiy ruknlari ishlab chiqilib, shogirdlari va kitoblari orqali musulmonlarga taqdim etilgan edi. Ulardan birinchisi — Abul Hasan Ash’ariy (260— 331 h.) Bag‘dodda, ikkinchisi — Abu Ja’far Tahoviy Misrda va Abu Mansur Moturidiy Movarounnahrda sunniy aqidaning himoyachilari sifatida islom tarixida chuqur iz qoldirdilar. Biz — moturidiylar uchun yaxshi bilib, doimo nazarda tutib yurish zarur bo‘lgan bir necha muhim masalalar bor. Ular quyidagilardan,iborat:
1. Moturidiya aqidasi bilan Ash’ariya aqidasi o‘rtasida bir necha masalalarda qarama-qarshiliklar bor. Ularni ba’zi olimlar 15 ta, boshqalari 40 ta, hatto, 50 tagacha sanab yetkazganlar. Ulardan asosiylari — Allohning sifatlarini zotiy va fe’liy sifatlarga bo‘lish, sifatlari ayni zotmi yoki g‘ayri zotligi, Muso (a.s.) Allohning kalomini bevosita eshitganmi yoki bilvositami, iroda bilan rizo birmi yoki tafovutlimi, Allohni ko‘rish joizligiga Ash’ariy aqliy dalil keltirgan, Moturidiy naqliy, qabih ishning sodir etilishi bandadanmi yoki u ham Allohdanmi — bunga Moturidiy husnu qubh hammasi Allohdan, faqat behikmat emas, deydilar. Inson o‘z toqatidan tashqari ishga taklif etilishi mumkin, deb Ash’ariy, mumkin emas, deb Moturidiy aytadilar. Shuningdek, Allohni aql bilan tanish vojibmi yoki naql bilanmi degan masalada Moturidiy aql bilan deganlar. Imon bilan islom bir narsa ekani, baxtli va baxtsiz insonlar oxir-oqibatda o‘zgarib-almashib qolishlari mumkinligi, qilinadigan yaxshi va yomon amallar bandaning kasbi va Allohning yaratishi bilan hosil bo‘lishi, muqallidning imoni maqbul ekani, imonning o‘zi emas, balki uning nuri, quvvati ortib yoki kamayib turishi, imonning ruknlari ikkita, ya’ni iqror va tasdiqdan iborat ekani, amallar imon tarkibiga kirmasligi, balki savoblar va gunohlar alohida hisobga olinishi kabi masalalarda Imom Ash’ariy bizning moturidiya aqidamizningxilofini taqrir etganlar.
2. Moturidiyaning mo‘tazila aqidasidan farqlari. Avvalo, bilmoq kerakkim, diniy fanlar qatoriga kalom ilmining kirishiga asosiy sabab shu mo‘‘tazila toifasining aqliy munozaralari va qarshiliklari bo‘lgan. Ular ash’ariya yoki moturidiya kabi aqlni naqliy dalillardan keyinga emas, balki birinchi o‘ringa qo‘yganlar. Aql va fikrni asosiy manba qilib olib, unga to‘g‘ri kelmasa, hatto, oyat va hadislarni inobatga olmay, balki nususni aqlga bo‘ysundirmoqchi bo‘lganlar. Shuning uchun ham Shayx Moturidiy hazratlari boshqa oqimlarga qaraganda ko‘proq mo‘‘tazila firqasining fikrlariga qarshi raddiyalar bilan chiqqanlar. Ularning aqliy va fikriy dalillarini rad qilish uchun buyuk hamyurtimiz kalom ilmi bilan shug‘ullanishga to‘g‘ri kelgan va u zot shu uslub bilan Ahli Sunna aqidasini himoya qilishga muyassar bo‘lganlar. Mo‘tazila firqalarining moturidiya aqidasiga zid qarashlari, asosan, quyidagi nuqtalarda o‘z aksini topadi. Ular aytadilar:
1. Allohning ismi va sifatlari azaliy emas, ular hech qanday ma’no va mazmunga ega emas. Allohning ismi bilan sifatlari bir narsa.
2. Allohni bu dunyoda ham, oxiratda ham ko‘rish mumkin emas.
3. Qur’on — mahluq. U azaliy emas.
4. Bandaning foydasini ko‘zlab ish qilish Allohning zimmasiga vojib.
5. Bandaning qudrati va toqati Allohga bog‘liq emas. Fe’llarni bandaning o‘zi yaratadi.
6. Qatl etilgan kishi ajalidan oldin o‘lgan bo‘lur.
7. Halol — rizq, lekin harom — rizq emas.
8. Allohning irodasi hodisdir, qadim emas.
9. Alloh faqat yaxshilikni iroda qilur. Yomonlik uning irodasidan tashqaridir.
10. Amallar imonning tarkibiga kirur. Balki amal imonning asosiy ruknidir.
11.Imon ozayib, ko‘payib turuvchi narsadir.
12.Gunohi kabira qilgan musulmon imon bilan kufr o‘rtasida qolur.
13. Kabira egalari do‘zaxda abadiy qolurlar.
14. Shafoat faqat yaxshi odamlarga nisbatan qilinur. Gunohlarni hech kim shafoat etmas.
15. Jannat bilan do‘zax hanuz yaratilmagan.
16. Qabrdagi azob yoki rohat, qiyomat tarozusi, Pulsirot, Havzi Kavsar kabilarning hammasi yo‘q narsa.
17. Avliyolarda hech qanday karomat bo‘lmaydi.
18. Muqallid (boshqalarga taqlidan musulmonman deb yuruvchi odam) ning imoni qabul qilinmaydi.
Zikr etilgan nuqtalardan ko‘rinib turibdiki, mo‘‘tazila firqasi bizning moturidiya aqidamizga xilof ravishda alohida nazariyaga asos solganlar. Nozik va qaltis joyi shu yerdaki, mazkur 18 bandda aytib o‘tilgan narsalarda ancha-muncha aqlli, ziyolilar, hatto, ulamolar ham chalg‘ib ketishlari hech gap emas. Shuning uchun ham o‘zimizning sunniy, hanafiy, moturidiy aqidamizga oid kitoblarni ko‘p mutolaa qilish va dilga jo etish eng zarur ishlardandir.
3. Sunniy-hanafiy musulmonlar yana shuni yaxshi bilib olishlari kerakki, hanafiy mazhabimizga hasad qilganlaridek, moturidiya aqidamizga ham hasad ko‘zi bilan qarash, uning sha’niga tuhmat-bo‘hton yog‘dirish jarayoni hali hanuz to‘xtagan emas. Aqida faniga oid yozib kelinayotgan asarlarni mutolaa qilib ko‘rsangiz, buning guvohi bo‘lasiz. Ayniqsa, arab dunyosida nashr qilinayotgan asarlarning deyarli 90 foizida moturidiya aqidasini buzib ko‘rsatishlar, hatto, uni Ahli Sunna jamoatiga qo‘shmagan holda zikr qilishlar, ash’ariya aqidasini esa, mutlaqo kamchiliklarini ko‘rsatmaslik, balki uni yagona to‘g‘ri aqida deb talqin qilishlar uchrab turibdi. Bunga misol qilib Riyozlik arab yozuvchisi Ahmad ibn Avazulloh ibn Doxil al-Luhaybiyning «Al-Moturidiya dirosatan va taqviman» nomli kitobi, Doktor Mahmud Qosimning «Muqaddimat Ibnir-Rushd» kitobi, Vahiduddinxon, Abdulhalim Qunbus, Fathiy Yakan, Abduljabbor («Al-Mug‘niy» muallifi) kabi yozuvchilarning asarlari, «Sharhul-usulil-xamsa» kitobi va boshqalarni keltirish mumkin.
Lekin o‘zlari arab yoki g‘arb yozuvchilari bo‘la turib, moturidiya haqida insof bilan haqiqatni yozgan olimlar ham mavjudligi kishini quvontiradi. Bunga Shayx Moturidiy va uning ilmi kalomga oid fikrlari to‘g‘risida kattagina bir kitob yozgan arab olimi Doktor Ali Abdulfattoh al-Mag‘ribiyni, Abu Mansur qalamiga mansub «at-Tavhid» kitobini tahqiq etib, nashrga tayyorlagan olim Doktor Fathulloh Xulayf va nemis olimi Ulrix Rudolfni misol qilib keltirsa bo‘ladi. Ular shayx Abu Mansur Moturidiy va uning merosini xolisona baholaganlar.
Mamlakatimizda Moturidiy merosini oʻrganishga faqat mustaqillikdan keyingina kirishildi. OʻzR Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan 2000-yilda Moturidiy tavalludining 1130-yilligi Oʻzbekistonda keng nishonlandi. Prezident I. Karimov tashabbusi bilan Samarqandda alloma xotirasiga yodgorlik majmui bunyod etildi (qarang Moturidiy yodgorlik majmui). Toshkent va Samarqandda Moturidiy taʼlimoti va uning islom olamida tutgan mavqeiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy anjumanlar oʻtkazildi. Moturidiy hayotining turli qirralarini yorituvchi maqolalar, risolalar va tadqiqotlar chop etildi. Moturidiy merosini oʻrgangan xorijlik olimlar bilan samarali hamkorlik aloqalari oʻrnatildi. 2001-yilda Gyottin-gen (GFR) untining prof. Ulrix Rudolf qalamiga mansub "Al-Moturidiy va Samarqand sunniylik ilohiyoti" kitobi oʻzbek tilida nashr etildi.
2002-yilda mazkur kitobning keng ommaga, jumladan, oliy oʻquv yurtlarining talabalari va oʻrta maktablarning yuqori sinf oʻquvchilariga moʻljallangan nashri amalga oshirildi. Endilikda xalqimiz Moturidiy merosi bilan oʻz ona tilida tanishish imkoniga ega boʻldi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:

  1. Karomov I.A. “Yuksak manaviyat-yengilmas kuch”.Toshkent.Ma’naviyat.2008.

  2. Islom ensklopediya.”O’zbekiston milliy ensklopediyasi”.Davlat ilmiy nashriyoti.Toshkent 2004.

  3. Komilov.N. “Tafakkur karvonlari”.1999.

  4. www.ziyo.uz

Download 49.44 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling