Abu zakariyo yahyo ibn sharaf navaviy riyozus-solihiyn


Download 5.07 Kb.
Pdf ko'rish
bet9/53
Sana30.08.2017
Hajmi5.07 Kb.
#14625
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   53

www.ziyouz.com kutubxonasi 
50
afzali zolim podshoh huzurida aytilgan odil (haq) so‘zdir», dedilar. Abu Dovud va 
Termiziylar rivoyati. 
196/12. Abu Abdulloh Toriq ibn Shihob al-Bujaliy al-Ahmasiydan (r.a.) rivoyat 
qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) (otlari) uzangiga oyoqlarini qo‘yib turganlarida, bir kishi 
(kelib): «Jihodlarning qaysi biri afzal?» dedi. Shunda u zot: «Zolim podshoh huzurida 
aytilgan haq so‘z», dedilar. Nasaiy sahih isnod bilan rivoyat qilganlar. 
197/13. Ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Bani Isroilga putur 
yetib buzilishining birinchi sababi bir odam boshqa bir (yomon) kishiga yo‘liqib: «Ey 
odam! Allohdan qo‘rq! Bu qilayotgan (yomon) ishingni tashlagin. Chunki bu halol 
emasdir», deydi. Keyin ertasiga yana yo‘liqsa, u o‘sha (yomon) holatida bo‘ladi. Lekin u 
bilan yemoq, ichmoq va o‘tirmoqdan o‘zini man qilmas edi (ya’ni, muomala qilib 
yuraverar edi). Mana shunday qilib yuraverishganidan keyin Alloh taolo ularning 
qalblarini bir-biriga urib (bir xil qilib) qo‘ydi. Bu haqda Alloh taolo: 
«Bani Isroil orasidan kofir bo‘lgan kimsalar Dovud va Iso ibn Maryam tilida 
la’natlangandirlar. Bunga sabab ularning qilgan isyonlari va tajovuzkor 
bo‘lganlaridir. Ular bir-birlarini qilgan noloyiq ishlaridan qaytarmas edilar. Bu 
qilmishlari naqadar yomon ish! Ulardan ko‘plari kofir bo‘lgan kimsalarni do‘st 
tutganlarini ko‘rasiz. Ularga nafsi-havolari naqadar yomon narsani - Allohning 
g‘azabini keltirdi. Endi ular abadiy azobda qolguvchidirlar. Agar Allohga, 
payg‘ambarga va unga nozil qilingan kitobga imon keltirganlarida edi, ularni -
kofirlarni do‘st tutmagan bo‘lur edilar. Lekin ulardan ko‘plari itoatsiz 
kimsalardir»  (Moida surasi, 78-81-oyatlar), deb aytgan. Sizlarda bunday bo‘lmasin, 
sizlar yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytaringlar. Hamda zolimning qo‘lidan tutib, uni 
haqqa egib turinglar va haqning ustida ularni mahkam to‘xtatib turinglar. Agar shunday 
qilmasangizlar, Alloh qalblaringizni bir-biriga urib, bir xil qilib qo‘yadi. Va Bani Isroilni 
la’natlanganidek sizlarni ham la’natlaydi», dedilar. Abu Dovud va Termiziylar rivoyati. 
Bu hasan isnodli bo‘lib, lafzi Abu Dovudnikidir. Termiziyning rivoyatlari lafzida 
quyidagicha kelgan: «Rasululloh (s.a.v.): «Bani Isroil gunohlarga ko‘milib ketganida 
ulamolari ularni gunoh qilishdan qaytardi. Lekin ular bundan o‘zlarini to‘xtatishmadi. 
Qavm to‘xtamaganidan keyin ulamolari ham ular bilan bir majlisda o‘tirib, birga 
ovqatlanib, ichib (aloqani uzmasdan aralishib) yuraverishdi. Alloh taolo ham ularning 
qalblarini bir-biriga urib (bir xil qilib) qo‘ydi, ular isyon va haddan oshganliklari sababli 
Dovud va Iso ibn Maryam payg‘ambarlar tilidan ularni la’natladi. Rasululloh (s.a.v.) 
suyanib o‘tirgan holda, yo‘q, bunday bo‘lmang! Mening jonim Uning qo‘lida bo‘lgan 
Zotga qasamki, zolimlarni haqqa moyil qilib, unga ularni mahkam eginglar», deb 
aytdilar». 
198/14. Abu Bakr Siddiqdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot: «Ey insonlar, sizlar 
quyidagi oyatni o‘qiganmisizlar? «Ey mo‘minlar, o‘zingizni biling! (Ya’ni, gunohlardan 
saqlaning!)  Modomiki, haq yo‘lni tutgan ekansiz, adashgan kimsalar sizlarga 
zarar yetkaza olmas» (Moida surasi, 105-oyat). Chunki men Rasululloh (s.a.v.)ning: 
«Albatta kishilarda zolimlikni ko‘rsanglar-u, uning qo‘lidan tutib, (bu ishidan 
qaytarmasanglar) tez fursatda Alloh taolo barchalaringni umumiy bir azobga giriftor 
qiladi», deb aytganlarini eshitdim», dedilar. Abu Dovud, Termiziy va Nasaiylar rivoyati. 
 
24-BOB 
Yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarib, o‘zi buning 
xilofini qilgan kishiga qattiq azob bo‘lishi bayoni 
 
Alloh taolo: 

Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
51
«Odamlarni yaxshilikka chorlab, o‘zlaringizni 
unutasizlarmi? Holbuki, o‘zlaringiz kitob tilovat qilasizlar. Aqlingizni 
yurgizmaysizlarmi?» (Baqara surasi, 44-oyat); 
«Ey mo‘minlar, sizlar nega o‘zlaringiz qilmaydigan narsani (qilamiz, deb) 
aytursizlar?! Sizlarning o‘zlaringiz qilmaydigan ishni (qilamiz, deb) aytishlaringiz 
Alloh nazdida o‘ta manfur (ishdir)» (Sof surasi, 2-3-oyatlar), deb aytdi. Shu’ayb 
alayhissalom tillaridan xabar berib: 
«Men sizlarga xilof qilib, sizlarni qaytarayotgan narsani o‘zim qilishni 
istamayman» (Hud surasi, 88-oyat), degan. 
199/1. Abu Zayd Usoma ibn Zayd ibn Horisadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh 
(s.a.v.): «Qiyomat kuni bir kishi olib kelinib do‘zaxga tashlanadi. U kishining qornidan 
ichak-chavoqlari chiqib, xuddi eshak tegirmon atrofida aylangani kabi aylantiriladi. Keyin 
do‘zax ahllari uning oldida to‘planib: «Ey falonchi, senga nima bo‘ldi, sen yaxshilikka 
buyurib, yomonlikdan qaytarar eding-ku?» deyishsa, u kishi: «Ha, to‘g‘ri! Yaxshilikka 
buyurib, o‘zim bajarmas edim. Yomonlikdan qaytarib, o‘zim qilar edim», deydi», deb 
aytdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
 
25-BOB  
Omonatni ado etishga buyruq 
 
Alloh taolo: 
«Albatta, Alloh sizlarni omonatlarini o‘z egalariga topshirishga buyuradi» 
(Niso surasi, 58-oyat); 
«Albatta Biz bu omonatni (ya’ni, Islom shariatidagi toat-ibodatlarni) osmonlarga, 
yerga va tog‘u toshlarga ro‘baro‘ qilgan edik, ular uni ko‘tarishdan bosh 
tortdilar va undan qo‘rqdilar. Inson esa uni o‘z zimmasiga oldi. Darhaqiqat u 
(o‘ziga) zulm qilguvchi va nodon edi» (Ahzob surasi, 72-oyat), deb aytgan. 
200/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.)  «Munofiqning 
alomati uchtadir. Agar so‘zlasa, yolg‘on gapiradi. Agar va’da bersa, unga xilof qiladi. 
Agar omonat qo‘yilsa, xiyonat qiladi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
Boshqa rivoyatda: «Agar ro‘za tutib, namoz o‘qib, uning musulmon ekanini gumon 
qilinsa ham...» deyilgan. 
201/2. Huzayfa ibn Yamondan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh (s.a.v.) ikkita gap 
aytdilar. Ularning birini ko‘rdim. Ikkinchisini (qachon bo‘lar ekan, deb) kutib turibman. 
Avvalgisi - imon kishilar qalbining tubiga tushadi. Keyin Qur’on tushadi. Ular Qur’on va 
sunnatni o‘rganadilar. Ikkinchisi - kishilardan imon ko‘tariladi. Odam biroz uxlaganida, 
uning qalbidan imon ko‘tarilib, ozgina izi qoladi, xolos. So‘ngra yana biroz uxlasa, uning 
qalbidan imon ko‘tarilib, uning izi qavarib ketganga o‘xshaydi. Buning misoli xuddi 
oyog‘ingni cho‘qqa solsang, u shishib ko‘tarilganini ko‘rasan-u, lekin unda biror narsa 
bo‘lmaganga o‘xshaydi. Keyin Rasululloh (s.a.v.) oyoqlariga toshlarni misol uchun 
tashladilar-da, so‘ngra quyidagilarni aytdilar: «Odamlar subhda turib, bir-birlari bilan 
oldi-sotti qilishadi. Va omonatni ado qiladigan biror kishi topisha olmaydi. Hattoki, 
ishonchli kishi qolmaganidan ahvol shu darajaga yetadiki, falon mahallada ishonchli kishi 
bor yoki falon kishi aqlli, o‘tkir fikrli, subutli, deyiladi. Uning qalbida esa xantal urug‘i 
misqolicha ham imon yo‘qdir». Huzayfa: «Mening ustimga shunday zamon keldiki, men 
kim bilan oldi-sotti qilsam, parvo qilmas edim. Agar musulmon bo‘lsa, menga xiyonat 
etishidan uning dini to‘sardi. Agar nasroniy yoki yahudiy bo‘lsa, menga xiyonat qilishidan 
uning boshlig‘i to‘sardi. Ammo bugungi kunda falonchi va falonchidan tashqari boshqa 
hech kim bilan oldi-sotti qila olmayman», dedilar». Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 

Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
52
202/3. Huzayfa va Abu Hurayralardan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh (s.a.v.) 
«Alloh taolo mahshargohda kishilarni jamlaydi. Mo‘minlar tik turishganida jannat ularga 
yaqinlashtiriladi. Bular Odam alayhissalom huzurlariga kelib: «Ey otajon, siz bizlarga 
jannatni ochdirib bering», deyishadi. Odam alayhissalom: «Axir jannatdan otalaringizni 
xatosi chiqarib yubordi-ku! Men bu martabaning ahli emasman. Sizlar o‘g‘lim Ibrohim 
xalilulloh huzuriga boringlar», deb aytadilar. Ular Ibrohim alayhissalom huzurlariga borib 
(yuqoridagi taklifni aytishganida) bu zot: «Men sizlar aytgan narsaning ahli emasman. 
Mening Allohga xalil (do‘st) bo‘lishim vositachi (Jabroil) orqalidir. Sizlar Muso 
alayhissalom huzuriga boringlar. Chunki u zot Alloh bilan so‘zlashgandirlar», deydilar. 
Ular Muso alayhissalom huzurlariga borib, (yuqoridagi taklifni aytishganida) bu zot ham: 
«Men sizlar aytgan narsaning ahli emasman. Sizlar Allohning kalimasi va ruhi Iso 
alayhissalom huzuriga boringlar», deydilar. Ular Iso alayhissalom huzurlariga borishsa, 
bu zot ham: «U narsaning ahli emasman», deganlaridan keyin ular Mening huzurimga 
borishadi. Menga izn berilganida o‘rnimdan turaman. Imon va qarindoshlik yuboriladi. 
Bu ikkovi Sirot ko‘prigining ikki tomonida - o‘ng va chapida turg‘iziladi. Keyin avvalgi 
jamoatlaringiz chaqmoq kabi Sirotdan o‘tishadi», deganlarida, men: «Ota-onam fido 
bo‘lsin, qaysi narsa chaqmoq kabi o‘tadi?» desam, u zot: «Ko‘rmaysizlarmi, qanchalik 
tez o‘tib, ko‘z ochib-yumgunicha qaytib keladi», dedilar, so‘ngra: «Shamol kabi o‘tadi. 
So‘ngra qush kabi o‘tadi. Ko‘p kishilarni ko‘prikdan amallari olib o‘tadi. Nabiylaringiz esa 
Sirot ko‘prigi ustida turib: «Ey Rabbim, omonda qil, omonda qil», deb turadilar. Hatto, 
bandalarni amallari ko‘prikdan olib o‘tishga ojiz bo‘lib qoladigan darajaga yetadi. Kishi 
yurib o‘tishga qurbi yetmay, sudralib o‘tadi. Ko‘prikning ikki tomonida tikonli ilgich 
osilgan bo‘lib, buyurilgan kishini ilib olishga amr qilingandir. Tirnalangan kishi omonda 
qolur. Ilinib qolgan kishi esa do‘zaxga ravona bo‘lur», dedilar. Abu Hurayraning joni 
Uning qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, jahannamning chuqurligi yetmish yillik yo‘ldir ». 
Imom Muslim rivoyatlari. 
203/4. Abu Xubayb Abdulloh ibn Zubayrdan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Otam Zubayr ibn 
Avvom Jamal (voqeasi) kuni to‘xtab meni chaqirdilar. Men yonlariga borib turdim. «Ey 
o‘g‘ilcham, bugun zolim yoki mazlumlargina o‘ldirilur. Men esa bugun mazlum holdagina 
o‘ldirilmog‘imni afzal ko‘raman. Mening eng katta g‘amim qarzim ustidadir. Sen qanday 
qaraysan? Qarzimizdan molimiz ortadimi?» deb, so‘ngra yana: «Ey o‘g‘ilcham, molimizni 
sotib, qarzimizni uzgin», dedilar. Va uchdan bir qismini vasiyat qildilar. Ya’ni, (bosh 
o‘g‘illari) Abdullohning bolalariga uchdan birini vasiyat qildilar. «Agar qarzni uzganingdan 
keyin ortsa, ana shunday qilgin», dedilar». Hishomning aytishlaricha, Abdullohning 
farzandlari, otalari Zubayrning bolalari Hubayb, Abbodlar bilan tengqur edi. Ana shu 
paytda Zubayrning to‘qqiz o‘g‘il va to‘qqiz qizlari bor edi. Abdulloh aytdilar: «Otam 
menga qarzlarini vasiyat qilaturib: «Ey o‘g‘ilcham, agar qarzni uzishda ojiz bo‘lib 
qolsang, mavloimdan yordam so‘ragin», dedilar. Allohga qasamki, otam mavloim, deyish 
bilan nimani iroda qilganlarini bilmasdan: «Ey otajon! Mavloingiz kim?» desam, otam: 
«U Allohdir», dedilar. Men, qachonki, qarzni uzishda qiyinchilikka yo‘liqsam: «Ey 
Zubayrning mavlosi, uning qarzidan najot bergil», desam, bas, U zot unga najot berar 
edi. Otam Zubayr o‘sha urushda o‘ldirildilar. Va Madinada bir daraxtzor hamda o‘n bir 
hovli, Basrada ikki hovli, Ko‘fada bir hovli, Misrda ham bir hovlidan tashqari biror dinor 
ham va dirham ham qoldirmadilar. Bu zotning qarzdor bo‘lib qolishlariga sabab kishilar 
biror omonatni huzurlariga olib kelishsa, uni qarz shaklida qabul qilib olardilar. «Agar 
omonat deb qabul qilsam, uning (vaqt o‘tishi bilan) o‘z qiymatini yo‘qotishidan 
qo‘rqaman», deb aytardilar. Zubayr (r.a.) biror yerga voliy bo‘lishga yoki soliq yig‘uvchi 
bo‘lishga intilmadilar. Faqatgina Rasululloh Sh, Umar, Usmonlar (r.a.) bilan birga g‘azot 
qilishga oshiqar edilar. Men otamning barcha qarzlarini hisoblasam, ikki million ikki yuz 

Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
53
ming bo‘ldi. (O’sha kunlarda) Hakim ibn Hizom yo‘liqib: «Ey jiyanim, akamning qarzi 
qancha ekan?» dedi. Men uni yashirib (kamaytirgan holda) «Yuz ming», dedim. Shunda 
Hakim: «Allohga qasamki, mollaringiz bu miqdordagi qarzni qoplay olmaydi», dedi. Men: 
«Ikki million ikki yuz ming bo‘lsa-chi?» desam, Hakim: «Bunday miqdordagi qarzni to‘lay 
olmaysizlar. Agar to‘lashda ojiz bo‘lib qolsangiz, mendan yordam so‘ranglar», dedi». 
Zubayr (yuqorida aytilgan) daraxtzorni ikki yuz yetmish mingga sotib olgan edilar. 
Abdulloh esa uni bir million olti yuz mingga sotib yubordi. So‘ngra Abdulloh o‘rinlaridan 
turib, «Kimning otam Zubayrda haqqi bo‘lsa, bizni daraxtzordan topsin», deb e’lon qildi. 
(Birinchi bo‘lib) Abdulloh ibn Ja’far keldi. Zubayr undan to‘rt yuz ming qarz edi. Abdulloh 
ibn Ja’far Abdulloh ibn Zubayrga: «Agar xohlasang, qarzimdan kechaman», degandi, 
Abdulloh ibn Zubayr: «Yo‘q», dedi. U: «Agar istasangizlar, muhlatini o‘zlaringiz 
xohlaganingizcha uzaytiraman», deganida, Abdulloh ibn Zubayr yana: «Yo‘q», dedilar. 
Shunda u: «Unday bo‘lsa, daraxtzordan bir bo‘lak yer ajratib beringlar», dedi. Abdulloh 
ibn Zubayr: «Manavi yerdan anavi yergacha sizniki», dedi. (Shu alfozda) Abdulloh ibn 
Zubayr o‘sha daraxtzordan sotib-sotib, otalarining qarzlarini uza boshladilar. Nihoyat, 
to‘rt yarim ulush qoldi. So‘ngra Abdulloh ibn Zubayr Muoviyaning huzuriga bordilar. U 
zotning huzurida Amr ibn Usmon, Munzir ibn Zubayr va Ibn Zam’alar bor edi. Muoviya 
Abdulloh ibn Zubayrga: «Daraxtzorni qanchaga narxlading?» dedi. Abdulloh ibn Zubayr: 
«Har bir ulushini yuz mingdan», dedi. Muoviya: «Necha ulush qoldi?» dedi. Abdulloh ibn 
Zubayr: «To‘rt yarim ulush», dedi. Shunda Munzir ibn Zubayr: «Uning bir ulushini yuz 
mingga oldim», dedi. Amr ibn Usmon: «Men ham bir ulushini yuz mingga oldim», dedi. 
Ibn Zam’a: «Men ham bir ulushini yuz mingga oldim», dedi. Muoviya: «Qanchasi qoldi?» 
dedi. Abdulloh ibn Zubayr: «Bir yarim ulush», dedi. Muoviya: «O’sha bir yarim ulushni 
bir yuz ellik mingga men oldim», dedi. (Shu bilan daraxtzor bir million olti yuz mingga 
sotildi. Lekin Zubayrning qarzlarini to‘la to‘kis uzish uchun yana olti yuz ming yetmas 
edi. Shu boisdan) Abdulloh ibn Ja’far ham o‘z hissalarini Muoviyaga olti yuz mingga 
sotdilar. Abdulloh ibn Zubayr otalarining qarzlarini uzib bo‘lganlaridan keyin Zubayrning 
avlodlari kelib: «Endi bizlarning merosimizni taqsim qilib bering», deyishdi. Abdulloh ibn 
Zubayr: «Allohga qasamki, men to‘rt yilgacha (haj mavsumida) «Kimning Zubayrda 
qarzi bo‘lsa, kelsin, biz uni beramiz», deb jarchi qo‘ymagunimcha, sizlarga 
meroslaringizni taqsim qilib bermayman», dedilar. Keyin Abdulloh ibn Zubayr har yili 
xaloyiqqa ovoza qildilar. (Hech kim kelmaganidan keyin) to‘rt yil o‘tgach, meroslarni 
taqsimlab berdilar. Lekin uchdan birini olib qo‘ydilar. Zubayrning (r.a.) to‘rtta xotini bor 
edi. Har bir xotinga bir million ikki yuz mingdan ulush tegdi. Zubayrning barcha mol-
mulki ellik million ikki yuz ming edi. Imom Buxoriy rivoyatlari. 
 
26-BOB  
Zulm qilish haromligi hamda haqni haqdorga qaytarishga buyruq 
 
Alloh taolo: 
«Zolim kofir kimsalar uchun (u Kunda) na bir do‘st va na itoat qilinadigan 
(ya’ni, shafoati qabul qilinadigan) oqlovchi bo‘lmas» (G’ofir surasi, 18-oyat); 
«Zolimlar uchun biron yordamchi yo‘qdir» (Haj surasi, 71-oyat), deb aytgan. 
Bu mavzuimizga 11-bobdagi Abu Zardan (r.a.) rivoyat qilingan 111-raqamli hadis ham 
dalil bo‘ladi. 
204/1. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.)  «Zulmdan chetlaninglar. 
Chunki u Qiyomat kunida zulumat bo‘ladi. Va yana baxillik va xasislikdan saqlaninglar. 
Chunki u sizlardan avvalgi ummatlarning halokatga uchrashiga va qon to‘kishlariga 
hamda harom narsalarni halol qilib olishlariga sabab bo‘lgan edi», dedilar. Imom Muslim 

Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
54
rivoyatlari. 
205/2. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.)  «Qiyomat kuni 
bo‘lganida haqlar o‘z egasiga qaytariladi (ya’ni, zolimdan mazlumning haqqi olib 
beriladi). Hattoki, shoxli qo‘ydan shoxsiz qo‘yning qasosi olib beriladi», dedilar. Imom 
Muslim rivoyatlari. 
206/3. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Bizlar vidolashuv haji nima ekanini 
bilmasdan, u haqda gaplashib turganimizda, Rasululloh (s.a.v.) bizning oldimizda edilar. 
Bu zot Allohga hamd va sano aytib, keyin Masih ud-Dajjolni mubolag‘a ila zikr qildilar. 
Va: «Alloh biror payg‘ambar yuboradigan bo‘lsa, albatta bu payg‘ambar o‘z ummatini 
Dajjoldan ogohlantirgan. Nuh va undan keyingi payg‘ambarlar ham undan 
ogohlantirishgan. Agar Dajjol chiqadigan bo‘lsa, uning ba’zi holatlari maxfiy bo‘lishi 
mumkin. Ammo bu haqiqat sizlardan maxfiy emaski, albatta Rabbingiz bir ko‘zli emas. 
Lekin Dajjol bir ko‘zli bo‘lib, o‘ng ko‘zi ko‘rmaydi. Go‘yoki uning ko‘zi suvda qalqib turgan 
uzumga o‘xshaydi. Ogoh bo‘ling! Albatta, Alloh taolo sizlarga bu kun va bu oyingizda 
(qon to‘kishni) harom qilgani kabi qonlaringiz va mollaringizga tajovuz qilishni ham 
harom qildi. Ogoh bo‘linglar. Omonatni sizlarga yetkazdimmi?» deganlarida, sahobalar: 
«Ha», deyishdi. Shunda Rasululloh (s.a.v.)  «Allohim, guvoh bo‘l», deb uch marta 
aytdilar. Va yana u zot: «Sizlarning holingizga voy bo‘lsin. Yana sizlar mendan keyin 
kofir bo‘lib, bir-biringizning gardaningizga (qilich) urib yurmanglar», dedilar». Imom 
Buxoriy rivoyatlari. Ba’zi lafzlar Imom Muslimniki. 
207/4. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.)  «Kimki bir qarich yerga 
egalik qilish bilan zulm qilsa, yetti (qavat) yer bo‘yniga o‘rab qo‘yiladi», dedilar. Imom 
Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
208/5. Abu Musodan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.)  «Alloh taolo zolimga 
(zulmdan to‘xtashi uchun) muhlat beradi. Agar endi jazolaydigan bo‘lsa, uni jazodan 
xalos etmaydi», deb quyidagi oyatni o‘qidilar: 
«Parvardigoringiz  (ahli)  zolim bo‘lgan shaharlarni ushlaganida, mana 
shunday ushlar. Uning ushlashi - azobi alamli va qattiqdir» (Hud surasi, 102-
oyat). Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
209/6. Muozdan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh (s.a.v.) meni bir joyga 
yuborayotib: «Sen ahli kitob bo‘lgan qavmning huzuriga ketyapsan. Agar borsang, ularni 
«La ilaha illalloh Muhammadun rasululloh» shahodatiga chaqir. Agar bunga itoat 
qilishsa, Alloh ularga har kecha va kunduzda besh vaqt namozni farz qilganini bildirgin. 
Agar bunga ham itoat qilishsa, Alloh ularga boylaridan olib, kambag‘allariga beriladigan 
sadaqani farz qilganini bildir. Agar bunga ham itoat qilishsa, zakot olayotganingda 
ularning yaxshi mollarini axtarib olishdan saqlangin. Hamda mazlumning duosidan 
qo‘rqqin. Chunki u bilan Alloh o‘rtasida parda bo‘lmaydi», dedilar». Imom Buxoriy va 
Muslim rivoyatlari. 
210/7. Abu Humayd Abdurahmon ibn Sa’d as-So’idiydan (r.a.) rivoyat qilinadi. 
Rasululloh (s.a.v.) Azd qabilasidan bo‘lgan Ibn Lutbiyya ismli bir kishini sadaqalarni 
yig‘ib kelish uchun boshliq qilib tayinladilar. Bu kishi qaytib kelib: «Bu sizlarga atalgan 
sadaqadir. Mana bunisi esa menga hadya qilindi», dedi. Buni eshitgan Rasululloh (s.a.v.) 
minbarga chiqib Allohga hamdu sano aytib, so‘ngra: «Men sizlardan bir kishini Alloh 
meni boshliq qilgan 
narsaga tayinlasam, u kishi kelib: «Bu sizlarga, mana bunisi menga hadya qilindi», deb 
aytyapti. Agar rostgo‘y bo‘lsa, ota-onasining uyida o‘tirsin-chi, hadya kelarmikin?! 
Allohga qasamki, birortangiz biror narsani nohaq olmasin. Agar oladigan bo‘lsa, Qiyomat 
kuni o‘sha narsani ko‘targan holda Alloh taologa yo‘liqadi. Yana sizlarni baqirayotgan 
tuyani yoki bo‘kirayotgan molni yoki ma’rayotgan qo‘yni ko‘tarib Allohga 

Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
55
yo‘liqayotganingizda ko‘rmayin», deb qo‘llarini ko‘targan edilar, qo‘ltiqlarining oqi 
ko‘rinib ketdi. Va yana: «Allohim, yetkazdimmi?» dedilar. Imom Buxoriy va Muslim 
rivoyatlari. 
211/8. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kimki birodarining 
obro‘si yoki boshqa biror narsasiga zulm qilsa, dinor va dirhamlar (foyda) bo‘lmaydigan 
Kun kelishidan oldin mana shu kunda rozi qilsin. (Agar bunday qilmaydigan bo‘lsa, 
Qiyomat kuni) zolimning yaxshi amali bo‘lsa, zulmining miqdoricha mazlumga olib 
beriladi. Agar yaxshiligi bo‘lmasa, mazlumning yomonligidan olib, zolimga yuklanadi», 
dedilar. Imom Buxoriy rivoyatlari. 
212/9. Abdulloh ibn Amr ibn Ossdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) 
«Qo‘lidan va tilidan musulmonlar omonda bo‘lgan kishi musulmon, deb aytiladi. Alloh 
man qilgan narsadan chetlangan kishi muhojir, deb aytiladi», dedilar. Imom Buxoriy va 
Muslim rivoyatlari. 
213/10. Va yana o‘sha zotdan rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.)ning yuklarini 
ko‘tarib yuruvchi Kirkira ismli bir kishi vafot etganida Rasululloh (s.a.v.)  «U 
do‘zaxdadir», dedilar. Sahobalar (u vafot etganida) oldiga borishsa, unda o‘lja 
taqsimlanmasidan oldin o‘g‘irlab olingan bir kiyimni ko‘rishdi. Imom Buxoriy rivoyatlari. 
214/11. Abu Bakra Nufay’ ibn Horisdan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh (s.a.v.) 
«Albatta yil Alloh yer va osmonlarni yaratgan kundagi shaklidek aylanib turibdi. Bir yil 
o‘n ikki oydir. Undan to‘rttasi (urush) harom qilingan oydir. Ular Zulqa’da, Zulhijja, 
Muharram, Rajab oylaridir. Bularning uchtasi ketma-ket kelib, to‘rtinchisi Jumodissoniy 
bilan Sha’bon orasida keluvchi Rajabi-Muzar oyidir», deb so‘ngra: «Hozir qaysi oy?» 
dedilar. Biz: «Alloh va Uning rasuli biluvchiroq», dedik. Rasululloh (s.a.v.) sukut qilib, 
jim bo‘lib qoldilar. Hattoki, biz u zot uni o‘zining ismidan boshqasi ila nomlasalar kerak
deb o‘yladik. «Hozir Zulhijja oyi emasmi?» degandilar, biz: «Ha», dedik. Keyin 
Rasululloh (s.a.v.) «Bu qaysi shahar?» dedilar. Biz: «Alloh va Uning rasuli biluvchiroq», 
dedik. Rasululloh (s.a.v.) sukut qilib, jim bo‘lib qoldilar. Hattoki, biz u zot uni o‘zining 
ismidan boshqasi ila nomlasalar kerak, deb o‘yladik. «Bu Balad ul-harom (Makka) shahri 
emasmi?» degandilar, biz: «Ha», dedik. Keyin Rasululloh (s.a.v.)  «Bu qaysi kun?» 
dedilar. Biz: «Alloh va rasuli biluvchiroq», dedik. Rasululloh (s.a.v.) sukut qilib, jim bo‘lib 
qoldilar. Hattoki, biz u zot uni o‘zining ismidan boshqasi ila nomlasalar kerak, deb 
o‘yladik. «Bu kun Qurbonlik kuni emasmi?» degandilar, biz: «Ha», dedik. Shunda 
Rasululloh (s.a.v.)  «Bu kun, bu shahar va bu oyda (qon to‘kishni) harom qilgani kabi 
qonlaringiz va mollaringiz hamda obro‘laringizga tajovuz qilishni harom qildi. Sizlar tez 
kunda Rabbingizga yo‘liqib, (bu dunyoda) qilgan amallaringiz haqida so‘ralasiz. Ogoh 
bo‘linglar, yana mendan keyin ba’zilaringiz ba’zilaringizning gardaniga (qilich bilan) urib 
kofir bo‘lib ketmasin. Ogoh bo‘linglar! Bu joyda hozir bo‘lganlar bo‘lmaganlarga bu 
so‘zlarimni yetkazsin. Shoyadki, yetkazilgan kishilardan ba’zilari o‘zlari eshitgan 
kishilaridan ko‘ra xotirasida saqlovchiroqdir», deb, so‘ngra: «Yetkazdimmi?» degandilar, 
biz: «Ha, yetkazdingiz», dedik. Shunda u zot: «Alloh, O’zing guvoh bo‘l», deb aytdilar». 
Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 
215/12. Abu Umoma Ibos ibn Sa’laba al-Horisiydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh 
(s.a.v.)  «Kimki musulmon kishining haqqini qasam ichib yeb ketsa, Alloh taolo unga 
do‘zaxni vojib qilib, jannatni harom qiladi», dedilar. Shunda bir kishi: «Ey Allohning 
rasuli, ozgina narsa bo‘lsa hammi?» deganida, Rasululloh (s.a.v.) «Agar (misvok uchun 
ishlatiladigan) arok daraxtining shoxi bo‘lsa ham», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari. 
216/13. Adiy ibn Umayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.)  «Kimki biror 
ishga boshliq bo‘lsa-da, u kishi ninadek yoki kattaroq narsani yashirsa, o‘sha olgan 
narsasi bilan Qiyomat kuni keladi», deganlarida, ansoriylardan bo‘lgan bir qora kishi 

Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy 
 
 
Download 5.07 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   53




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling